Home / MAQOLALAR / Umrboqiy merosdan – yangi yuksalishga

Umrboqiy merosdan – yangi yuksalishga

Mamlakatimiz azal-azaldan jahon tamadduni taraqqiyotiga beqiyos taʼsir koʻrsatgan, unga yangi ruh, yangi mazmun bagʻishlagan muqaddas makon sifatida eʼtirof etib kelinadi. Bu zaminda shakllangan ilmiy va maʼnaviy meros asrlar davomida insoniyat tafakkuriga yoʻl koʻrsatib kelgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda esa dunyo hamjamiyati yurtimizning mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgan taraqqiyotini diqqat bilan kuzatmoqda, uni chuqur tahlil etmoqda va erishilayotgan yutuqlarni yuksak baholamoqda. Ana shu izchillik, shijoat va qatʼiyat samarasi oʻlaroq, yurtimiz yangi marralarni ishonch bilan zabt etmoqda. Bu yuksalishning mustahkam poydevori esa, shubhasiz, chuqur ilm, yuksak maʼrifat va boy maʼnaviy merosga tayanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini teran ochib berishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda, buyuk allomalarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy merosni qayta tiklash, uni zamonaviy yondashuvlar asosida oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish ustuvor vazifaga aylandi. Xususan, insonni maʼnaviy kamolot sari yetaklovchi muhim taʼlimot – tasavvuf ilmiga boʻlgan qiziqish va eʼtibor izchil ortib bormoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar – UNESCO, ISESSO, IRCISA hamda Organization of Turkic States tomonidan yuksak eʼtirof etilmoqda.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi ilmiy dargohlar “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Ular yosh avlodni zamonaviy fikrlaydigan, shu bilan birga, buyuk ajdodlarimizga munosib boʻlib voyaga yetishini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Shuningdek, buyuk allomalar merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarni ilmiy-izohli tarjima qilish va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali bu bebaho maʼnaviy boylik nafaqat xalqimiz, balki butun jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etilmoqda.

Qurʼon, hadis, fiqh va kalom ilmlariga oid nodir asarlar ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilikka taqdim etildi. Ayni paytda, tasavvuf taʼlimoti tarixi hamda tariqat namoyandalari merosini oʻrganish va tarjima qilish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida tasavvuf tarixi va falsafasi, mutasavviflar ilmiy merosiga bagʻishlangan fundamental tadqiqotlar izchil olib borilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizning qator nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tasavvuf alohida fan sifatida oʻqitilib, talabalarga nazariy bilimlar berilmoqda.

Ana shu asosda tasavvufning naqshbandiya, yassaviya va kubroviya kabi mumtoz tariqatlari, shuningdek, ular bilan bogʻliq muqaddas ziyoratgohlarning obod etilishi xalqaro ziyorat turizmining izchil oʻsib borayotganidan dalolat beradi. Zero, tasavvufga boʻlgan eʼtibor shunchaki oʻtmishni yodga olish emas, balki jamiyatda bagʻrikenglik, maʼnaviy poklik va ruhiy barqarorlikni qaror toptirishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar ifodasidir. Bu jarayon, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosning asl mohiyatini keng ommaga yetkazishga xizmat qiladi. Shu orqali allomalarimizning ilm-fan yutuqlarini zamon bilan uygʻunlashtirish imkoniyati kengayadi.

Diyorimizda shakllanib, kamol topgan naqshbandiya, yassaviya va kubroviya kabi tasavvuf tariqatlari oʻzining yuksak maʼnaviy-axloqiy gʻoyalari, ayniqsa, vatanparvarlik ruhi bilan minglab insonlar qalbidan chuqur joy olgan. Bu taʼlimotlar Qurʼon va hadisga tayangan holda shakllangan boʻlib, tariqat pirlarining bosh maqsadi Paygʻambar alayhissalom sunnatlarini mustahkamlash, asosiy vazifasi esa bidʼat va xurofotga qarshi kurashishdan iborat boʻlgan.

Naqshbandiylik taʼlimoti, ayniqsa, mehnatsevarlik gʻoyasini ilgari surgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Unda inson qalbi Alloh bilan, qoʻli esa mehnat bilan band boʻlishi lozimligi xususidagi bosh gʻoya bugun bashariyat ahlini ogohlikka chaqiradigan oʻziga xos shior darajasiga yetdi. Bu tamoyil insonning halol mehnat orqali yashab, ayni paytda maʼnaviy kamolotga intilishi mumkinligini isbotlaydi. Bunday yondashuv jamiyatda ijtimoiy adolat qaror topishiga xizmat qiladi.

Yassaviylik taʼlimoti esa insonni nafsini tiygan, ruhan va qalban pok, fikran barkamol boʻlishga undaydi. Unda shariat zohiriy amallar orqali, tariqat qalb orqali, haqiqat esa insonning botiniy dunyosi – koʻngli orqali anglanishi taʼkidlanadi. Maʼrifat esa ana shu uygʻunlikni hikmatlar vositasida targʻib etadi.

Kubroviylik taʼlimoti inson kamolotini eng oliy maqsad sifatida talqin etib, bagʻrikenglik va maʼnaviy hushyorlikka asoslangan chin insoniylik tamoyillarini ilgari suradi. Mazkur taʼlimot asoschisi Najmiddin Kubro shariatni kemaga, tariqatni dengizga, haqiqatni esa inju-marvaridga qiyoslaydi. Yaʼni inson haqiqatga yetishish uchun, avvalo, shariat va ilm asoslarini puxta egallashi, soʻngra hayot sinovlariga matonat bilan bardosh berib, maʼnaviy kamolot sari intilishi lozim. Ana shundagina u haqiqat durini qoʻlga kiritishi mumkin boʻladi.

Tariqatlar, avvalo, inson nafsini jilovlay olish, bor kuch va imkoniyatlarni ilohiy muhabbat yoʻlida safarbar etish, butun vujudni ruhiy kamolot sari yoʻnaltirish zarurligini uqtiradi. Yerdan unumli hosil olish uchun uni begona oʻtlardan tozalab, soʻng urugʻ sepilgani kabi, inson ham avvalo botinini poklab, keyin maʼnaviy zikr urugʻini qalbiga joylashi lozimligi taʼkidlanadi. Shu bilan birga, maʼrifat sari intilishda nafsga qarshi sabr-toqatli boʻlish, halol rizqqa rioya qilish, hushyorlikni saqlash va halol mehnatni hayot tarziga aylantirish muhim omil sifatida qayd etiladi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro kabi tasavvuf allomalarining tavallud sanalari, asosan, tor doiralarda nishonlangan boʻlsa, bugungi kunda tasavvufga, xususan, naqshbandiylik, yassaviylik va kubroviylik taʼlimotlariga boʻlgan eʼtibor mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Yetti Pir, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Maxdumi Aʼzam majmuasi kabi yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu ilmiy maktab yoshlarni turli buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan asrash, ularni Vatanga muhabbat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, buyuk allomalar merosini chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, yot gʻoyalarga qarshi ilmiy asoslangan munosabat bildirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari 2024-yil 30-may kuni Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Bahouddin Naqshband ziyoratgohida boʻldi. Tashrif chogʻida naqshbandiya tariqati namoyandalari taʼlimotini chuqur oʻrganish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ajdodlarimizning insoniyat merosi hisoblangan asarlarini tadqiq etish, muqaddas qadamjolarni obod etish, jumladan, majmua hududini yanada takomillashtirish, Doniyolbiy madrasasini qayta tiklash, alloma hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan muzey tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab berildi. Bu saʼy-harakatlar natijasida majmua yangi qiyofa kasb etib, yanada obod va fayzli maskanga aylandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasini yirik maʼnaviyat va maʼrifat maskaniga aylantirish ishlari izchil davom etmoqda. Bu orqali mazkur maskan, avvalo, naqshbandiya taʼlimotining asl mohiyatini ilmiy asosda yoritish, aholi va xorijlik sayyohlarni Yetti Pir ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarni milliy va diniy bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, shuningdek, Oʻzbekistonning tinchlikparvar va bagʻrikeng siyosati mazmun-mohiyatini namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2025-yil 21-apreldagi Farmoniga muvofiq Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Mazkur markaz qisqa vaqt ichida maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda salmoqli natijalarga erishdi. Jumladan, “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor”, “Aqidaparastlik va radikalizmga qarshi kurashishning maʼnaviy asoslari”, “Radikalizm va mutaassiblikning salbiy oqibatlari” kabi dolzarb mavzularda 20 dan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Ilmiy yoʻnalishda esa 8 ta kitob va yigirmadan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar nashr etildi. Shuningdek, markazning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda faoliyatiga doir 600 dan ortiq material eʼlon qilindi.

Madaniy merosni asrab-avaylash va tiklash borasidagi bunyodkorlik ishlari Maxdumi Aʼzam majmuasida ham izchil amalga oshirildi. Mazkur majmua ilk bor 1618-yilda Samarqand hukmdori Yalangtoʻsh Bahodir tomonidan masjid va daxmadan iborat meʼmoriy inshoot sifatida barpo etilgan. Keyinchalik Buxoro hukmdori Amir Haydar ustozi Muhammad Amin Dahbediy qabri ustiga sufadaxma qurdirgan.

Majmuada 1991, 1998 va 2014-yillarda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, keyingi yillarda bu jarayon yanada keng qamrov kasb etdi. Jumladan, Prezidentimiz 2025-yil mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur majmuani obod qilish loyihasi bilan tanishib, tegishli koʻrsatmalar berdi. Shu asosda keng koʻlamli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Davlat rahbarining 2025-yil 25-noyabrdagi tashrifi davomida Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan majmuada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Uning tashabbusi bilan ziyoratgoh tubdan qayta tiklanib, hududi kengaytirildi va milliy-maʼnaviy merosimizning yorqin namunasi sifatida zamonaviy qiyofa kasb etdi. Qariyb toʻrt asrdan soʻng majmua tarixiy koʻrinishiga yaqin holda qayta tiklanib, zamonaviy va sharqona uslub uygʻunligida yangi inshootlar barpo etildi.

Oʻzbekistonlik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida majmua tarixi va u yerda dafn etilgan shaxslar haqida qimmatli maʼlumotlar tiklandi. Xususan, Mirzo Maqsud Dahbediyning 1840-1848-yillarda yozgan “Mirʼotus solikin” (”Soliklar oynasi”) asari asosida majmua xaritasi qayta tiklandi. Shuningdek, Maxdumi Aʼzam Dahbediy, Xoja Muhammad Hoshim, Musoxonxoja Dahbediy, Yalangtoʻsh Bahodir kabi tarixiy shaxslarga oid ellikdan ortiq qabrtosh bitiklari oʻrganildi. Ilgari yoʻq qilingan ayrim qabrlar qayta tiklanib, ularga yangi qabrtoshlar oʻrnatildi.

Majmua hududida ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi: ikkita ulkan ravoqli darvoza, ochiq va yopiq koʻp qavatli avtoturargoh, favvora, dam olish ayvonlari, ayollar va erkaklar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan tahoratxonalar barpo etildi. Qariyb 400 yillik masjid toʻliq taʼmirlanib, kengaytirildi, ayvon qismiga naqshinkor ustunlar oʻrnatildi. Ayollar uchun alohida namozxona qurildi. Daxma qismida Qurʼon tilovati uchun moʻljallangan ayvon devorlari nafis naqshlar bilan bezatilib, shift qismida sharqona uslubdagi yogʻoch bezaklar qoʻllanildi.

Bugungi kunda Maxdumi Aʼzam majmuasida keng koʻlamli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Qariyb 5 gektar maydonni egallagan majmuada ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda: maqbara atrofida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, ikkita muhtasham kirish darvozasi, kushxona va maʼmuriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid hamda qoʻshimcha ayvonlar barpo etildi. Buning natijasida majmua bir vaqtning oʻzida 35 ming nafargacha ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Holbuki, ilgari bu koʻrsatkich atigi 5 ming nafar atrofida edi.

Majmua qayta tiklanar ekan, uning tarixiy qiyofasi asrab qolindi va zamonaviy meʼmorchilik yechimlari bilan uygʻunlashtirildi. Hududga turli manzarali daraxtlar, koʻchatlar, gullar ekilib, yashil maydonlar barpo etildi. Bu esa ziyoratgohni nafaqat muqaddas, balki koʻngilga orom baxsh etuvchi goʻzal maskanga aylantirdi.

Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan majmuaga olib boradigan yoʻllar va yoʻlboʻyi infratuzilmasi ham tubdan yaxshilandi. Ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida piyodalar uchun yer osti yoʻli qurildi, atrof-hududlar tartibga keltirilib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Barchasi inson qadrini ulugʻlash, ziyorat madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

Bunday ulkan oʻzgarishlar zamirida, shubhasiz, mamlakatimiz rahbarining ilm-fan, maʼnaviyat va milliy merosga boʻlgan yuksak eʼtibori va gʻamxoʻr siyosati mujassam. Diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham tinchlik, bagʻrikenglik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Majmuaning qayta qad rostlashi, bu faqat binolarning yangilanishi emas. Bu Mahdumi Aʼzam Dahbediyning “Inson mehnati va xizmatini qadrla, zero insonga noshukrlik – Yaratganga noshukrlik” degan hikmatini xalq qalbiga yana bir bor jo etish demakdir. Shu maʼnoda, bu maskan bugun nafaqat ziyoratgoh, balki yuksak maʼnaviy tarbiya va maʼrifat oʻchogʻiga aylandi.

Tasavvuf allomalarining ibratli hayoti, ularning din va dunyo, inson va olam, ilm va muhabbat haqidagi teran qarashlari insoniyatga islom tafakkurining pok va mumtoz yoʻllarini namoyon etadi. Ularning ilmiy-maʼrifiy merosi inson qalbida mustahkam eʼtiqod, sogʻlom fikr va maʼnaviy immunitetni shakllantiradi. Zero, dono xalqimiz aytganidek: “Ogʻizga tushgan luqma qalbga ekilgan urugʻ kabidir: inson nimani eksa, albatta, oʻshani oʻradi”.

Mexrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

ZAIF VA TOʻQIMA HADISLARGA NAZAR

Hayotda oʻrnini topmagan, odamlardan norozi, xorijdan “panoh tilagan” ayrim shaxslar “chetga chiqib bildimki, yurtimizda amal …