Home / ALLOMALAR / ALLOMA ABU BAKR JASSOS HAYOTI VA ILMIY UNVONLARI

ALLOMA ABU BAKR JASSOS HAYOTI VA ILMIY UNVONLARI

Olimning kunyasi Abu Bakr, ismi Ahmad, otasining ismi esa Ali bo‘lgan. Roziy uning nisbasi bo‘lib, Ray shahrida tug‘ilganini anglatadi. Ahmad ibn Ali “Jassos” (ohak bilan ishlash va devorni oqlashga nisbat berilgan) laqabi bilan mashhur imom faqih bo‘lib, tarixchilar uning ismi, kunyasi va laqabi borasida yagona fikrga kela olmagan. Hanafiy mazhabiga doir manbalarda olimning ismi, kunya va laqabi turlicha qo‘llaniladi. Jumladan, “Al-Xulosa” asari muallifi “Diyalar va shirkat” bobida hamda “Al-Hidoya” muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy “Qismat” bobida, Shayx Jaloluddin o‘zining “Al-Mug‘niy” asarida, shuningdek, Saraxsiy, Dabusiy va Pazdaviy o‘z asarlarida olimni “Jassos” laqabi bilan tilga olgan. “Al-Miyzan” asari muallifi “Abu Bakr Jassos” tarzida, ya’ni kunya va laqabini birgalikda aks ettirgan. Shuningdek, ayrim hanafiy olimlar “Roziy Jassos” tarzida ham zikr etadi. “Al-Qunya” asari muallifi esa olimning kunyasi, ism va laqabini birgalikda ifodalagan.

Shamsulaimma Saraxsiy boshqa bir o‘rinda “Abu Bakr Jassos” so‘zlarini ishlatgan. Ibn Najjor ham o‘zining “At-Tarix” asarida olim haqida shunday degan: “Uni Jassos deb atashadi” [12]. Bu ma’lumotlarning barchasi “Al-Javahir al-muziya” asarida batafsil keltirilgan. Muallif bularni zikr qilishidan asosiy maqsadini quyidagicha izohlaydi: “Bularni keltirishimdan maqsad shuki, hanafiy olimlardan biri men bilan shu mavzuda bir necha bor bahslashdi. Uning ta’kidlashicha, Jassos va Abu Bakr Jassos ikkisi boshqa shaxslar. U hanafiy mazhabiga doir ba’zi kitoblarda “Bu Abu Bakr Jassos va Jassosning gapi”, degan, ya’ni Abu Bakr Jassos bilan Jassos so‘zlari “va” bog‘lovchisi bilan ajratilib, zikr qilingan iborani uchratganini aytgan. Uning dalili shu edi. Lekin bu kotibning nusxa ko‘chirishdagi xatosi yoki mazkur shaxs asarni o‘qishdagi yanglishishi xatosi ekani aniq. Bu bordagi to‘g‘ri so‘z men yuqorida zikr qilgan ma’lumotlardir” [1].

Shuningdek, Muhammad ibn Abdulboqiy Zurqoniy “Sharh al-Mavahib al-ladunniya” asari ikkinchi faslining yettinchi bo‘limida olimning bobosini Husayn ismi bilan yodga olgan [1]. Manbalarda olimning otasi va bobosi hamda farzandlari haqida ma’lumotlar uchramaydi.

Abu Bakr Jassosning ismi borasida ayrim olimlar turli fikrlar bildirgan. Jumladan, “Kashf az-zunun” asarida “Ahkom al-Qur’on” asari muallifi Muhammad ibn Ahmad Jassos Roziy tarzida bayon qilingan. Shuningdek, Karxiyning “Al-Muxtasar”iga yozgan sharhlarni sanaganda Abu Bakr Muhammad ibn Ali Jassos iboralarini qo‘llaydi. Hoji Xalifa Jassosning “Usul al-fiqh” asari haqida ma’lumot berayotganda esa olimni Imom Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassos deb zikr qiladi. Abdulhay Laknaviy bu holga izoh berib, shunday deydi: “Bu xilma-xillikka qarang. Hoji Xalifa o‘z asarida Abu Bakr Jassosni gohida Ahmad ibn Ali, ba’zan Muhammad ibn Ali va ba’zan esa Muhammad ibn Ahmad ismlari bilan zikr qilgan. To‘g‘risi birinchisi (ya’ni Ahmad ibn Ali)dir” [1].

O‘zbek olimlaridan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf esa, “Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassos” deb zikr qilib o‘tgan  [16].

Xatib Bag‘dodiyning Saymariydan, u esa Abu Bakr Muhammad ibn Muso Xorazmiydan qilgan rivoyatiga ko‘ra, Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassos Roziy 917/305-yilda o‘zi nisbat beriladigan Ray shahrida tug‘ilgan, 937/325-yilgacha, ya’ni 20 yoshigacha shu yerda istiqomat qilgan, so‘ng Bag‘dodga ko‘chib kelgan [18].

Abu Bakr Jassos haqida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u Xurosonning Ray shahridan bo‘lib, hayotining asosiy qismini Bag‘dodda o‘tkazgani sababli unga Roziy Bag‘dodiy nisbalari berilgan. Shu bois, olimning ona shahri haqida ham to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Tarixiy ma’lumotlarning guvohlik berishicha, qadimiy Ray shahri hozirgi Eronning Tehron shahri yaqinida joylashgan. Bugungi kunda mazkur shahar yo‘qolib ketgan bo‘lib, Tehrondan sakkiz km janubi-sharqda uning ayrim yodgorliklari saqlanib qolgan. Bu shaharga xalifa Umar ibn Xattob davrida islom dini kirib kelgan bo‘lib, Abbosiylar davrida Ray musulmon olamining ilmiy, savdo va sanoat markazlaridan biri hisoblangan. Umroniy bu shahar aholisi haqida shunday degan: “Aholi uch toifadan iborat: shofeiylar, ular ozchilikni tashkil qiladi, hanafiylar, ular nisbatan ko‘proq va uchinchisi shialar. Shahar aholisining asosiy qismi shialardan iborat. Qishloqlarda esa, asosan, shialar hamda oz miqdorda hanafiylar yashaydi, lekin shofeiylarni qishloqlarda uchratish mushkul. Sunniylar va shialar orasida janglar bo‘lib o‘tgan va bu janglar sunniylarning g‘alabasi bilan tugagan” [17].

Islom tarixida mazkur shahardan ko‘plab mashhur ilm namoyandalari yetishib chiqqan. Jumladan, tabib Abu Bakr Jassos (vaf. 912 y.), mutakallim Faxruddin Roziy (vaf.1209 y.)larni sanab o‘tish mumkin. Abu Sa’d Sam’oniy o‘z davrida Ray shahrida qirq kun safarda bo‘lib, o‘ttizga yaqin kishidan ma’lumot olganini aytadi va ulardan Abu Abdulloh Jarir ibn Abdulhamid Roziy (vaf. 804 y.), Abu Zar’a Ubaydulloh ibn Abdulkarim Roziy (vaf. 878 y.), Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad Roziy (vaf. 932 y.) nomlarini sanaydi [5]. Arab tarixchilari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 314/927-yilda Somoniylar Rayni egallaydi [13]. Shundan so‘ng shaharning Movarounnahr bilan har tomonlama aloqalari kengayadi.

O‘rta asr musulmon madaniyati Abbosiylar hukmronligining dastlabki uch asri mobaynida har jihatdan rivoj topdi. Ayniqsa, bu vaqtga kelib, adabiyot, falsafa, diniy ilmlar va tabiiy fanlar gullab-yashnadi. Iqtisodiyot va savdo birinchi navbatda, Eron, Iroq, O‘rta Osiyo va Misrga o‘xshash ko‘pdan beri aholi yashaydigan qadimiy mamlakatlarda keng rivojlandi. Bu davrda xalifalik hududidan tashqaridagi viloyatlar – Sharqiy Yevropaning olis o‘lkalari, Uzoq Sharq, Hindiston va Habashiston bilan savdo aloqalari o‘rnatildi. X asrda bu mamlakatlardagi siyosiy tushkunlik va ichki holatning barqaror emasligiga qaramay, moddiy va madaniy rivojlanish to‘xtab qolmadi. Bu jihatdan olganda shveysariyalik sharqshunos olim Adam Mes bu davrni “Musulmon uyg‘onishi” deb ataganiga qo‘shilish mumkin. XI asr va undan keyingi davrdagi turkiy sulolalar musulmon madaniyatining faol ta’sirini boshidan kechirdi. Musulmon madaniyatiga chinakam jiddiy zarba bergan mo‘g‘ullar bir necha o‘n yilliklar mobaynida islom bilan ashaddiy yovlashdi va u bilan bog‘liq hamma narsaga qarshi turdi [7].

Ilm izlash maqsadida safar qilish olim yashagan davrning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lgan. Oliy himmat egalari bo‘lgan yetuk va mashhur olimlar ham shu sifat bilan ajralib turgan. X-XII asrlarda yashab ijod qilgan atoqli olimlarning hayot tarzini kuzatar ekanmiz, ularning ilmiy safar uyushtirganiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur davrda yashagan olimlar o‘z yurtidagi barcha ulamolardan ilm o‘rganish bilan cheklanmasdan, boshqa davlatlardagi taniqli shaxslarga shogird tushgan. Ular uzoq o‘lkalarga ilmiy safarlar uyushtirib, yangi ilmlar, olimlarning turli qo‘lyozma nusxalaridan istifoda etishga harakat qilgan. Odatda, bu kabi safarlar bir necha yil davom etgan.

Abu Bakr Jassos ham o‘z ilmini oshirish va zamonasining yetuk olimlaridan ta’lim olish maqsadida ilmiy markaz bo‘lgan bir qator shaharlarga safar qilgan. Olimning ilk safari 325/937-yili amalga oshgan. U ona yurti Ray shahridan islom dinining ilmiy-madaniy poytaxtlaridan biri bo‘lgan Bag‘dod shahriga safar qilgan. Bu davrda Bag‘dod mufassir, muhaddis, faqih va shu kabi ko‘plab olimlarni o‘z bag‘riga olgan edi. Abu Bakr Jassos ham bu olimlarning ilmidan foydalanishga astoydil bel bog‘laydi. Xususan, hanafiy olimlarning eng ulug‘laridan fiqh ilmini puxta o‘zlashtiradi. Bag‘dodda ocharchilik va qimmatchilik boshlangan 335/947-yilda olim Ahvozga safar qiladi. Keyinchalik vaziyat iziga tushgach, yana Bag‘dodga qaytib keladi [9].

Abu Bakr Jassos Bag‘dodga qaytib kelgach, ustozi Abul Hasan Karxiyning ilmiy majlislarida qatnasha boshlaydi. U ustozidan hanafiy fiqhini mukammal egallab, taqvo va zohidlik borasida ham puxta ilm egallaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ustoz-shogird orasidagi muhabbat va hurmatni yanada oshiradi. Abu Bakr Jassosning ilmiy ijodini kuzatar ekanmiz, uning o‘z ustozi Karxiyga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromini ko‘ramiz. Olimning asarlarida Abul Hasan Karxiyning ta’siri yaqqol sezilib turadi. Karxiy shogirdining kelajagi porloq ekanini tushunib yetgach, uni ilm markazlaridan biri bo‘lgan Nishopur shahriga yuboradi.

Abu Bakr Jassos ustozi Karxiyning maslahati bilan buyuk muhaddis Hokim Naysaburiy bilan birgalikda Nishopur shahriga yo‘l oladi. Abu Bakr Jassos Nishopurdalik paytida 340/951-yili ustozi Karxiy vafot etadi. 344/955-yilda Abu Bakr Jassos Bag‘dodga qaytib kelib, ustozining ilmiy majlislarini davom ettiradi. Karxiy vafotidan so‘ng uning ishlarini Abu Ali Shoshiy vaqtincha davom ettirib turgan edi. Abu Bakr Jassos Bag‘dodga kelgach, Abu Ali Shoshiy unga ustozining ishlarini topshiradi [9].

Shuningdek, Hofiz Imom Zahabiy Abu Bakr Jassosning Isfahon shahriga ham safar qilganini aytgan: “Abu Bakr Jassos muhaddislardan bo‘lib, bir qator shaharlarga ilmiy safarlar uyushtirgan. U Nishopurda Abul Abbos Asom va uning tabaqasidagi olimlar, Bag‘dodda Abdulboqiy ibn Qoni’ va Da’laj ibn Ahmad va ularning darajasidagi olimlar, Isfahonda esa Tabaroniy va boshqa bir qator olimlar bilan uchrashgan” [15]. Lekin uning Isfahon shahriga qilgan safarining aniq sanasi manbalarda ko‘rsatilmagan.

Tahlil va natijalar. Tahlil natijasida shuni aytish mumkinki, Abu Bakr Jassos ilmiy safarlardan unumli foydalangan. Uzoq o‘lkalarga uyushtirgan bir necha yillik ilmiy safarlari olimning hanafiy mazhabiyning yetuk faqihi sifatida tanilishiga sabab bo‘ldi. Tarixchilar Abu Bakr Jassosning sifatlari va shaxsiy xislatlari hamda ilmiy darajalari haqida ba’zi ma’lumotlarni qayd etgan. Ular Abu Bakr Jassosni quyidagi mansab va sifatlar bilan zikr qilgan:

Imom. Bu unvon ilm va taqvoda peshqadam bo‘lgan allomalar uchun berilgan. Barcha muarrix va olimlar Abu Bakr Jassosning imom ekanini bir ovozdan ta’kidlagan. Jumladan, Ibn Kasir ham Jassosning imom darajasidagi olim ekanini ta’kidlaydi: “Ahmad ibn Ali Abu Bakr Jassos hanafiy mazhabi faqihi bo‘lib, Abu Hanifa as’hoblarining imomlaridan biri sanaladi” [19:221].

Tarixchilardan Xatib Bag‘dodiy o‘z asarida Abu Bakr Jassos haqida shunday degan: “U o‘z vaqtida as’hobi ra’yning imomi bo‘lgan” [20:72].

Mutaaxxir olimlar Abu Bakr Jassosni ulug‘ imom sifatida tilga oladi. Jumladan, Taqiyuddin Izziy Hanafiy olim haqida “Jassos laqabi bilan tanilgan sha’ni ulug‘ imom bo‘lib, hanafiy mazhabi hamda tarixga oid kitoblarda uning nomi ko‘p tilga olinadi”, deya zikr etgan [21:412]. Abdulhay Laknaviy olimni tanishtirar ekan, uni quyidagicha ta’riflagan: “U Jassos nomi bilan mashhur bo‘lib, o‘z asrining sha’ni, ulug‘ imomidir” [1:28].

Hujjatul islom. Abu Bakr Kosoniy o‘zining “Badoi’ as-sanoi’” asarida Abu Bakr Jassosni hujjatul islom (islom dini hujjati) deya e’tirof etgan [22:77]. Bu atama noyob laqablardan bo‘lib, kamdan-kam olimlarga nasib etgan. Mazkur laqab so‘zlari va fatvolari dinda hujjat darajasida qabul qilinadigan olimga nisbatan qo‘llangan. Shubhasiz, hanafiy mazhabiga oid mo‘tabar manbalarda Abu Bakr Jassosning so‘zlari hujjat, ya’ni so‘nggi xulosa sifatida keltiriladi.

Mufassir. Abu Bakr Jassosni mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqqan asari, shubhasiz, “Ahkom al-Qur’on” kitobidir. Bu asar fiqhiy yo‘nalishda yozilgan tafsirlar sirasiga kiradi. Ahmad ibn Muhammad Adanaviy o‘zining “Tabaqot al-mufassiriyn” asarida Abu Bakr Jassosni III/IX asrda yashagan mufassirlar tabaqasida sanab o‘tgan [3:84]. Shuningdek, Doktor Muhammad Husayn Zahabiy ham Abu Bakr Jassosni faqih mufassir sifatida zikr etgan [23:295-296/297-301].

Hofiz. Ma’lumki, hadis ilmida yetuk muhaddislarga nisbatan hofiz atamasi qo‘llaniladi. Hofiz deganda yuz mingta hadisni matn va isnod jihatdan to‘liq egallagan hamda roviylarning holati, ya’ni jarh-ta’dil va tarixini bilgan muhaddis tushuniladi. Muhammad ibn Abdulboqiy Zurqoniy “Sharh al-Mavahib al-ladunniya” asari ikkinchi faslining yettinchi maqsad (bo‘lim)ida Abu Bakr Jassosni ta’riflab, shunday degan: “Imom va hofiz Abu Bakr Jassos Ahmad ibn Ali ibn Husayn hanafiy mazhabi imomlaridan bo‘lib, Naysabur muhaddisi hisoblanadi. Ibn Uqda ham uni hofizlar qatorida sanagan” [1:28].

Muhaddis. Hadis ilmida muhaddis unvoni faqat hadis tinglash bilan cheklanmasdan, uni isbot qilish yo‘llarini hamda roviylarning adolati va jarh (nuqson)ini yaxshi bilgan kimsaga nisbatan ishlatiladi. Bu unvon hofiz unvonidan bir pog‘ona pastda turadi. Ya’ni hofiz muhaddis hisoblanadi, lekin muhaddis hofiz bo‘lmasligi mumkin. Zurqoniyning Abu Bakr Jassosni muhaddis sifatida zikr qilganini yuqorida qayd etdik. Darhaqiqat, Abu Bakr Jassos nafaqat fiqh va tafsir ilmida, balki hadis borasida ham o‘ziga yarasha mavqega ega bo‘lgan. “Al-favoid al-bahiyya” asarida yozilishicha, Abu Bakr Jassos Abdulboqiy ibn Qoni’ (265/878-351/962)dan hadis rivoyat qilgan [24:3744].

Fozil. Bu atama ham olimlarga berilgan eng ulug‘ unvonlardan bo‘lib, fazilatli va oliyjanob ma’nolarini beradi. Xayriddin Zirikliy Abu Bakr Jassos haqida yozar ekan, uni shunday ta’riflaydi: “Abu Bakr Jassos Ray ahlining fozil kishisidir” [18:171].

Faqih. Shubhasiz, Abu Bakr Jassos ham usul al-fiqh, ham furu’ al-fiqhni mukammal egallagan yetuk olim bo‘lgan. Shu bois u manbalarda faqih sifatida tilga olinadi. Jumladan, Ibn Kasir ham Jassosning imom darajasidagi olim ekanini ta’kidlab, uning hanafiy mazhabi faqihi ekanini “Hanafiy mazhabi faqihi Ahmad ibn Ali Abu Bakr Jassos” iborasi bilan ifodalagan [19:221]. Abu Bakr Jassos fiqh ilmida ko‘proq shuhrat qozongan. Buni Xatib Bag‘dodiyning Jassosni faqih olim sifatida tanishtirib aytgan quyidagi so‘zlaridan ham bilib olishimiz mumkin: “U fiqhni Abul Hasan Karxiydan o‘rgandi va fiqh ilmi bilan muntazam shug‘ullanib, bu borada rayosat – yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Hatto faqihlar fiqh ilmini o‘rganish maqsadida uning huzuriga oqib kela boshladilar” [20:72]. Shuningdek, Saymariy Abul Hasan Karxiy haqida shunday deydi: “Undan keyin Bag‘dodda mudarrislik Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassosga o‘tdi va undan dars olishga turli davlatlardan talabalar oqib kela boshladi” [2:166; 1:28].  “Tarixi Bag‘dod” asarida: “O‘z vaqtida as’hobi ra’yning imomi, zuhd va taqvo bilan mashhur bo‘lgan” [20:72] deyilgan. Ibn Kasir: “U o‘z davrida hanafiy mazhabining ulug‘i bo‘lgan va turli taraflardan talabalar undan fiqh o‘rganish uchun Bag‘dodga safar qilib kelar edilar” [19:221], deb aytgan. Abdulhay Laknaviy shunday degan: “Bag‘dod faqihlari fiqhni Abu Bakr Jassosdan olishar edi” [1:28].

Mujtahid. Shamsuddin Zahabiy Abu Bakr Jassosni mujtahid alloma sifatida zikr qilgan [15:344]. Bu yerda mazhab ichidagi mujtahid nazarda tutilgan. Mazhabda ijtihod qiladigan olimlar tabaqasiga Abu Yusuf, Imom Muhammad va Abu Hanifaning boshqa shogirdlari kiradi. Ular ustozlari Abu Hanifa tuzib bergan qoidalar asosida dalillardan hukmlarni chiqarib olishga qodir bo‘lgan olimlar sanaladi. Mazkur tabaqa vakillari Abu Hanifaga ba’zi far’iy hukmlarda ixtilof qilsalar-da, lekin asos qoidalarda unga taqlid qiladi. Darhaqiqat, Abu Bakr Jassosning ilmiy merosi uning mazhab mujtahidlari guruhidan ekaniga dalolat qiladi. Doktor Abdulloh Nazir Ahmad o‘z tadqiqotida Abdulhay Laknaviyning “Sharh al-Jami’ as-sag‘ir”ga yozgan “An-nafi’ al-kabir” nomli asarining muqaddimasidan iqtibos keltirib, shunday xulosa beradi: “Shuning uchun ham munaqqid (tanqidiy yondashuvchi) hanafiy olimlar Ibn Kamol Poshsho Hanafiyning xulosalarini qattiq tanqid ostiga oladi. Chunki u Abu Bakr Jassosni to‘rtinchi tabaqadagi olimlar qatorida sanab, shunday degan: “Bu tabaqa Abu Bakr Jassos va boshqa shu kabi muqallidlardan bo‘lgan taxrij sohiblari tabaqasidir. Chunki bu tabaqa olimlari ijtihod qilishga aslo qodir emaslar, ammo ular usulni yaxshi o‘zlashtirgani va manbalarni to‘liq zabt etgani bois mazhab sohibi (Abu Hanifa) yoki uning as’hoblaridan rivoyat qilingan ikki ehtimolli so‘zlarni o‘z usulidagi o‘z qarashlari va fikrlari bilan hamda furu’dagi shunga o‘xshash masalalarga qiyos qilish orqali bayon qilish va bu borada hukm chiqarishga qodirdirlar”. Ba’zi mutaaxxir hanafiy olimlar mazkur taqsimotni zaif deb hisoblaydi. Jumladan, Abdulhay Laknaviy “Al-Favaid al-bahiyya” muallifi “At-Ta’liqot as-sunniyyaala al-favaid al-bahiyya” deb nomlangan asar hoshiyasida ushbu masalaga tanqidiy yondashgan. Shuningdek, Shihob Marjoniy mazkur taqsimot olimga nisbatan hurmatsizlik ekanini ta’kidlab, shunday deydi: “Bu – Jassosga qilingan katta zulm. Bu – uni baland martabasidan tushirish, pasaytirish va uning ilmdagi sha’nini naqadar ulug‘ligi, fiqhda qo‘li uzunligi, usulda to‘pig‘i balandligi, qadamining shaxdamligi, nazar va istidlol ma’rakalarida odimining mustahkamligi va zarbasining kuchliligidan ochiq-oydin g‘aflatda qolishdir. Jassosning asarlari va undan naql qilingan so‘zlarni chuqur o‘rgangan inson shunga amin bo‘ladiki, Ibn Kamol mujtahidlar qatorida sanab o‘tgan Shamsulaimma kabi olimlar, shuningdek, ulardan keyingi uchinchi tabaqa olimlarining barchasi Abu Bakr Jassosga muhtojdirlar. Uni shunday ulug‘ martabadan qanday qilib pastga tushirish mumkin?!” [1:27; 22:40-41/75-76].

Yana buni shu narsa ham qo‘llab-quvvatlaydiki, u o‘z asrining olimlari orasida taniqli bo‘lib, hatto o‘z vaqtida ahli ra’y maktabining imomi darajasiga yetib boradi. Uning kitoblari o‘z vaqtida ko‘p ko‘chirilgan. Xususan, fiqh va tafsir bo‘yicha “Ahkom al-Qur’on” kitobining qo‘lyozmalari dunyoning ko‘plab kutubxonalariga yetib borgan. Qolaversa, ustozi Imom Karxiydan so‘ng uning o‘rniga o‘tirib, ilmiy majlislarni boshqarganligi ham Abu Bakr Jassosning ijtihodda mohir bo‘lganligidan darak beradi.

Muftiy. Shubhasiz, mujtahid olimga nisbatan muftiy atamasi ham qo‘llaniladi. Muftiy asosan, fatvo berish bilan shug‘ullanadi. Abu Bakr Jassos ustozi Imom Karxiy vafotidan so‘ng dars berish bilan bir qatorda, muftiylik maqomini ham o‘z qo‘liga oladi. Tarixchilardan Imom Zahabiy uning muftiy ekanini ta’kidlagan [15:344].

Iroq olimi. Shamsuddin Zahabiyning ta’kidlashicha, Abu Bakr Jassos Iroqda juda mashhur bo‘lgan. Shuningdek, Amir Kotib Itqoniy bu haqda shunday degan: “Shayx Abu Bakr Jassos Iroq olimlarining ulug‘laridan sanaladi” [22:77; 15:344].

Abu Bakr Jassosning vafot etgan sanasi haqida Saymariy shunday yozadi: “Shayx Abu Bakr Ahmad ibn Ali Jassos 370 hijriy yili Zulhijja (981 yil iyun) oyida vafot etdi. Unga shayx Abu Bakr Muhammad ibn Muso Xorazmiy janoza namozini o‘qib, o‘z qo‘llari bilan qabrga qo‘ydi” [10]. Bu yakshanba kuni yettinchi zulhijja oyida, ya’ni olimning oltmish besh yoshiga to‘g‘ri kelib, shu sanada vafot etganligiga shubha yo‘qdir. Dafn qilingan joyi ma’lum emas. Fuad Sezgin uni Bag‘dodda vafot etgan, degan.

Shubhasiz, biror olimning tarjimayi holi va ilmiy ijodini o‘rganishda uning ustozlari katta ahamiyat kasb etadi. Zero, shogirdning dunyoqarashi, aqidasi va ilmiy salohiyati ustozning o‘giti bilan hamohang tarzda shakllanib boradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Abu Bakr Jassos turli yurtlarga safar qilib, u yerlardagi olimlardan ta’lim olgan. Natijada, uning ilmiy dunyoqarashi, tafakkuri va ma’naviy ko‘nikmalari kengayib, fiqh, tafsir, hadis va usul kabi fanlar bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida shakllangan.

Olimlarning tarjimayi holi va tarixga oid manbalarda Abu Bakr Jassosning faqat to‘qqizta ustozi tilga olinadi. Lekin Doktor Safvat Mustafo bu borada kengroq tadqiqot olib borganini ko‘rish mumkin. U Abu Bakr Jassosning asarlari, xususan, “Ahkom al-Qur’on” hamda “Al-fusul fi al-usul” nomli kitoblariga tayangan holda olimning o‘n beshta, “Sharh Muxtasar at-Tahoviy” asarida ikkita hamda “Al-Jami’ al-kabir” asarida bitta, jami o‘n sakkizta ustozi zikr qilinganini aniqlagan. Doktor Safvat Mustafo mazkur asarlardagi Abu Bakr Jassosning “Bizga hadis aytib berdi”, “Bizga xabar berdi”, “Bizga hikoya qilib berdi”, “Bizga shunday dedi”, “Bizga zikr qilib berdi” kabi jumlalariga asoslangan holda uning ustozlarini aniqlashga harakat qilgan [9].

Demak, Abu Bakr Jassosning ustozlarini ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchi guruh olimlarning tarjimayi holi va tarix manbalarida ko‘rsatilgan ustozlari bo‘lib ular quyidagilar:

Imom Abul Hasan Ubaydulloh ibn Husayn ibn Dallol ibn Dalham Karxiy (260/873-340/951), Abul Husayn Umaviy (265/878-351/962), Abu Umar Gʻulom Sa’lab, Abul Abbos Asom Naysoburiy (247/861-346/957), Abdulloh ibn Ja’far ibn Foris Asfahoniy (258/871-347/958), Sulaymon ibn Ahmad Tabaroniy (260/873-360/970), Hokim Naysaburiy, Da’laj ibn Ahmad Da’laj Sijistoniy Bag‘dodiy, Abu Sahl Zujojiy, Abu Bakr Ali Forisiy, Muhammad ibn Bakr Basriy, Abdurahmon ibn Siymo, Ja’far ibn Muhammad ibn Ahmad Vositiy, Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad ibn Is’hoq Marvaziy, Abu Bakr Mukram ibn Ahmad Qoziy, Qozi Abu Ja’far Nasafiy, Abu Ja’far Ustrushaniy kabi ko‘plab ustozlardan ta’lim olgani haqida o‘z asarlarida ma’lumot bergan.

Ibn Abulvafo Abu Bakr Jassosning shogirdlari to‘g‘risida shunday fikrni bildiradi: “Abu Bakr Ahmad ibn Muso Xorazmiy (vaf.1012/403 y.), Quduriy (vaf. 1037/428 y.) ustozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yahyo ibn Mahdiy Jurjoniy (vaf.1007/398 y.), Ibn Maslama nomi bilan mashhur Abulfaraj Ahmad ibn Muhammad ibn Umar (vaf. 1024/415 y.), Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad Nasafiy(vaf. 1023/414 y.), Abul Husayn Muhammad ibn Ahmad Za’faroniy (vaf. 1002/393 y.) va Vosit qozisi Ismoilning otasi Abul Husayn Muhammad ibn Ahmad ibn Toyyib Kamoriy (vaf. 1023 /417 y.) kabi mashhur olimlar undan fiqhni o‘rgangan. Shuningdek, u kishining manbalarda qayd etilmagan  bundan boshqa shogirdlari ham bor [2].

Abu Bakr Jassosning hayoti va asarlari haqidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda muxtasar tarzda keltiriladi. Masalan, Abu Sa’d Sam’oniy [4], Ibn Qutlubug‘o [14], Laknaviy [1], Qurashiy [3] va Hoja Xalifa [11], Zahabiy [15], Zirikliy [18], Alouddin Samarqandiyning “Tuhfat al-fuqaho”, Shamsuddin Zahabiyning “Tazkirat al-huffoz”, Ibn Kasirning “Al-Bidoya”, Manno Qattonning “Mabohis fi ulum al-Qur’on”, Istanbulda nashr etilgan “Islom ensiklopediyasi” kabi manbalar shular jumlasidan.  Shuningdek, Abu Bakr Jassosning Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 804/189 y.), Tahoviy (vaf. 933/321 y.) kabi hanafiy mazhabiga mansub mujtahid olimlarga sharh va muxtasar tarzida bitilgan bir qancha asarlari mavjud.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Abdulhay Laknaviy. Al-Favaid al-bahiyya fi tarojim al-hanafiyya. – Misr: Dar as-sa’ada, 1906.
  2. Abu Abdulloh Saymariy. Axbor Abi Hanifa va asxabuhu. – Bayrut: Dor al-kitab al-arabiy, 1976.
  3. Abu Muhammad Abdul Qodir ibn Abulvafo Muhammad ibn Muhammad Misriy Qurashiy. Al-Javohirul muziya fi tabaqotil J.1. – Haydarobod: 1913.
  4. Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy. Kitobul J.5. /Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. – Bayrut: Dorul fikr, 1998.
  5. Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy. Al-Ansob / Hoshiya: Muhammad. Abdulqodir. J. 3. – Bayrut: Dorul kutub al-ilmiya, 1998.
  6. Badruddin Ayniy. Al-banaya – Sharh al-Hidaya. J.11. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2000.
  7. Bosvort K.E. Musulmon sulolalari. –T.: Fan, 2007.
  8. Burhonuddin Marg‘inoniy. Al-Hidoya. J.2. – Makka: Al-maktaba at-tijariya – Mustafo Ahmad al-Boz, 1994.
  9. Doktor Safvat Mustafo. Al-Imam Abu Bakr Jassos Jassos va manhajuh fi at-tafsir. – Qohira: Dar as-salom, 2008.
  10. Fuad Sezgin. J.2. Tarix at-turos al-arabiy.
  11. Hoji Xalifa. Kashfuz J.2. – Istanbul: 1941-43.
  12. Ibn Abulvafo. Al-Javahir al-mudiyya fi tobaqot al-hanafiyya. J.1 – Haydarobod: Dirayat al-ma’arif an-nizomiyya, yili ko‘rsatilmagan.
  13. Ibn Asir. Al-Komil fit-tarix. J.7. – Bayrut: Dorul kutub al-ilmiya, 1998.
  14. Qosim ibn Qutlubug‘o. Tojut tarojim fi tabaqot al-hanafiya. 1862.
  15. Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. J.7. – Bayrut: Muassasatur risola, 1992.
  16. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Usul fiqh. – T.: Sharq. 2010.
  17. Shihabuddin Yoqut Hamaviy. Mu’jamul buldon. J.3. – Bayrut: Dor Bayrut, 1984.
  18. Xayriddin Zirikliy. Al-a’lam – Qomus tarojim li ashhur ar-rijal va an-nisa min al-arab va al-musta’ribin va al-mustashri J.1. – Bayrut: Dor al-ilm li al-malayin, 1998.
  19. Imoduddin Abul Fido Ismoil ibn Kasir al-Qurashiy ad-Dimashqiy. Al-bidayava an-nihaya. J.11. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 1997.
  20. Hofiz Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Bag‘dodiy. Tarix Bag‘dod. J.5. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2011.
  21. Taqiyyuddin ibn Abdulqodir Tamimiy Doriy Izziy Misriy Hanafiy. At-tabaqot as-saniya fi tarojim al-hanafiyya. J.1. – Ar-Riyod: Dar ar-rifoiy, 1983.
  22. Abu Bakr Jassos. Muxtasar Ixtilaf al-ulama. J.1. – Bayrut: Dor al-bashair al-islamiya, 1995.
  23. Doktor Muhammad Husayn Zahabiy. At-tafsir va al-mufassirun. J.2. – Qohira: Ovand donesh, 2005.
  24. Doktor Vahba Zuhayliy. Al-fiqh al-islamiy va adillatuh. J.5. – Damashq: Dor al-fikr, 1997.

Burxon AXMEDOV
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish
ICESCO kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD

Check Also

YASSAVIYA TARIQATI: AZIZON VA IQONIYA

Movarounnahr tasavvuf taʼlimotida yassaviya tariqati muhim oʻrin tutadi. U dastlab Turkistonda shakllangan boʻlsa, keyinchalik Toshkent, …