Home / FOTO LAVHALAR / Islom sivilizatsiyasi tadqiqida yangi bosqich xalqaro konferensiyaning dastlabki natijalari

Islom sivilizatsiyasi tadqiqida yangi bosqich xalqaro konferensiyaning dastlabki natijalari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 23-aprel kuni “Movarounnahrda islom sivilizatsiyasining shakllanishi” mavzusidagi ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi. Mazkur nufuzli tadbir Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Malayziya Xalqaro islom universiteti va Jazoir Islom ilmlari va sivilizatsiyasi markazi hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, unda islom dunyosining yetakchi olimlari va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, profyessor Shovosil Ziyodov, Jazoir Islom ilmlari va sivilizatsiyasi markazi direktori dr. Ahmad Sagʻir, Malayziya Xalqaro islom universiteti dotsenti dr. Xayril Husayniy bin Jamil va boshqalar soʻzga chiqib, Movarounnahr zamini asrlar davomida ilm-fan va maʼnaviyat oʻchogʻi boʻlib kelganini, bugungi kunda ushbu boy merosni chuqur oʻrganish va xalqaro miqyosda targʻib qilish har qachongidan ham muhim ekanini alohida qayd etdi.

Anjumanning birinchi kunidagi ilmiy muhokamalar doirasida Movarounnahr allomalari intellektual merosining global miqyosda, xususan, Janubi-sharqiy Osiyo va Shimoliy Afrika mintaqalaridagi ilmiy maktablar rivojiga koʻrsatgan taʼsiri atroflicha tahlil qilindi. Dr. Xayril Husayniy bin Jamil oʻz maʼruzasida Termiziy va Marbaviy kabi olimlar misolida Movarounnahr va Malay arxipelagi oʻrtasidagi uzviy intellektual bogʻliqlikni ochib bergan boʻlsa, jazoirlik mutaxassislar oʻz mamlakatidagi shaxsiy xazinalarda Movarounnahr diyoriga oid nodir qoʻlyozmalar saqlanayotgani haqidagi muhim maʼlumotlarni taqdim etdi.

Shuningdek, tadbirda islom axloqi va ruhiy tarbiya masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, tasavvuf taʼlimotining, xususan, Naqshbandiya va Hakim Termiziy merosining yoshlar maʼnaviy-axloqiy kamolotidagi oʻrni, insoniy qadriyatlarni qaror toptirishdagi ahamiyati oʻzbekistonlik va xorijlik olimlar tomonidan keng muhokama qilindi.

Muhokamalarning yana bir muhim yoʻnalishini moturidiylik taʼlimoti va hadis ilmi tadqiqi tashkil etdi. Ishtirokchilar Imom Abu Mansur Moturidiyning tafsir ilmidagi aql va naql muvozanatiga asoslangan metodologik yondashuvlarini, shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarning hadis ilmi asoslarini yaratishdagi tarixiy xizmatlarini zamonaviy tadqiqotlar nuqtayi nazaridan koʻrib chiqdi.

Anjuman 24-aprel kuni oʻz ishini davom ettiradi. Uning kun tartibidan islom sivilizatsiyasi tadqiqotlarida sunʼiy intellekt ikmoniyatlari va boshqa dolzarb metodologik yondashuvlar oʻrin olgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Fransiyalik ekspertlar navbatdagi guruh bilan ish boshladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 20-aprel kuni “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi xalqaro seminar-treningning …