Home / FOTO LAVHALAR / Buxorolik jurnalistlar – maʼrifat maskanida

Buxorolik jurnalistlar – maʼrifat maskanida

Samarqand va Buxoro – asrlar davomida islom tamaddunining ikki yirik markazi, ilm-fan va maʼrifat beshigi boʻlib kelgan. Bugun ushbu tarixiy va maʼnaviy rishtalar yangicha mazmun kasb etib, ikki qadimiy shahar oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Buxoro viloyati OAV vakillari, taniqli jurnalistlar va blogerlar ishtirokida tashkil etilgan navbatdagi media-tur ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi. Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati boʻlimi raisi Gulshoda Ibrohimova boshchiligidagi qariyb 40 nafar ijodkordan iborat delegatsiya Markazning 9 yillik faoliyati davomida bosib oʻtgan yoʻli, boy ilmiy merosi va erishgan natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Media-tur davomida mehmonlar Markaz muzeyi va boy kutubxona xazinasini koʻzdan kechirib, ayniqsa qoʻlyozmalarni tadqiq etish jarayonlariga yuqori baho berdi. Ayniqsa, Buxoro va Samarqand ilmiy muhitida shakllangan va butun islom olamida eʼtirof etilgan allomalarning asarlarini bugungi kun tiliga moslashtirish, ularning mazmun-mohiyatini xalqimizga sodda va tushunarli shaklda yetkazish borasidagi izlanishlar mehmonlarda alohida qiziqish uygʻotdi.

Safarning eng mazmunli qismi esa Markaz direktori Shovosil Ziyodov bilan kechgan samimiy va jonli muloqot boʻldi. Bu uchrashuvda shunchaki rasmiy hisobotlar emas, balki bugungi shiddatli axborot davrida ilmiy merosni qanday qilib xalqchil, tushunarli va taʼsirchan tilda keng jamoatchilikka yetkazish mumkinligi haqida atroflicha fikr almashildi.

Muloqot chogʻida nafaqat manbashunoslik masalalari, balki ijtimoiy ongda intellektual teranlikni oshirish, murakkab ilmiy izlanishlardan hayotiy va ibratli xulosalar chiqarish strategiyalari muhokama markazida boʻldi. Buxorolik jurnalistlar Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan nashr ishlari va raqamli kontentlarni hududlarda keng targʻib qilish borasida oʻz takliflarini bildirdi.

Tadbir yakunida Samarqand va Buxoro ilmiy maktablari oʻrtasidagi vorislikni OAV orqali yangi bosqichga olib chiqish, ikki viloyat ijodkorlari oʻrtasida doimiy axborot almashuvini yoʻlga qoʻyish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmashunoslik sohasidagi xalqaro seminar oʻz ishini boshladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 16-aprel kuni “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida navbatdagi oʻquv …