KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:
“Yeb-ichingiz, lekin isrof qilmangiz! Zero Alloh isrof qiluvchilarni sevmagay!” (Aʼrof surasi 7/31 oyat);
“Isrof qilmangiz! Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (Anʼom surasi 6/141 oyat);
“Yana Rabbingiz eʼlon qilgan bu soʻzlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 14/7 oyat).
Alloh taolo: “Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingizda qorni och bechoralarni ham esingizda tuting! Shunda siz Allohning bergan neʼmatlariga shukr qilishingiz osonroq boʻladi” (muborak hadisi qudsiy).
JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM MEHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
- Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va toʻsatdan koʻzlari toʻkilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. Soʻngra: “Alloh taolo bergan neʼmatlarni qadrlagin! Zero u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” – dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
- “Nonni eʼzozlanglar, chunki Alloh taolo uni ulugʻlagan. Kim nonni ulugʻlasa, Alloh taolo u kishini ulugʻlaydi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
- “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”;
- “Kim bir birodarini to toʻygunicha non bilan siylasa, to qongunicha suv bilan sugʻorsa, Alloh taolo uni doʻzaxdan yetti xandaq uzoq qiladi. Har bir xandaq yetti yuz yillik yoʻldir” (Imom Nasoiy va Imom Hokim rivoyatlari);
- “Tejamkor kishi aslo faqir boʻlmaydi”;
- “Kim hayotda tejamli boʻlsa, qashshoqlik koʻrmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari);
“Taom suzilgan laganning atrofidan yenglar, oʻrtasidan yemanglar! Zero oʻrtasiga baraka yogʻilib turadi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
- “Moʻminlarning imoni eng mukammali – xulqi goʻzal boʻlganlaridir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
- “Nonni eʼzozlanglar, unga qoʻshib yeyiladigan nonxurush yoki taomni kutmaslik uni eʼzozlashdandir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa – yerdilar. Koʻngillari tusamasa – tark qilar edilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qoʻllarini artishdan oldin ularni yalar edilar” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyatlari);
- “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
- “Nonni ehtirom qilinglar!”;
- «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Ul Zotga aytdilar: “Biz ovqatlanamiz, lekin toʻymaymiz». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar yakka-yakka ovqatlanasizlarmi?” – dedilar. Ular: “Ha, shunday”, – deyishdi. U Zot sollallohu alayhi vasallam: “Ovqatning ustida jam boʻlinglar va Allohning ismini aytinglar, sizlarga baraka beradi”, – dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
- “Kim tilla yoki kumush idishda ichsa, albatta, jahannam olovi uning qornida qaynaydi” (Imom Muslim rivoyatlari);
- “Taomlarning eng yomoni – boylar xoslab chaqirilib, faqirlar taklif qilinmay qolganidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);
- “Bir kishining taomi ikki kishiga yetgaydir” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
- “Dasturxonga toʻkilgan taom va ushoqlarni terib yeydigan odamning gunohlari toʻkiladi”;
- “Qoʻllarida ovqatdan qolgan yogʻ qoldiqlari bilan yotib uxlagan odamga biror kasallik yopishsa, oʻzidan koʻrsin;
- “Albatta, odamlarga goʻzal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
- “Allohning neʼmatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;
- “Albatta, men – Allohning quliman. Qullardek oʻtiraman va qullardek ovqatlanaman”;
- “Odamlardan boʻlgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam – Xudoga ham shukr qilaolmaydi”;
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin!” – dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka boʻlishini bilmaysiz”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari);
- “Albatta banda qilgan gunohlari sababli rizqdan mahrum boʻladi”;
- “Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni oʻz hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yoʻl qoʻymang”;
- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Saʼad raziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida: “Ey, Saʼad, bu isrof nimasi?” – dedilar. Saʼad raziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?” – deb soʻradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning boʻyida turgan boʻlsangiz ham!” – dedilar (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyatlari);
- “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlikka yoʻl qoʻymanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari);
- “Nafaqada oʻrtacha boʻlgan kishi hech ham kambagʻal boʻlmaydi” (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyatlari);
- “Nafsning koʻzi toʻymaydi. Bir paqir oltini bor kishi “oh, yana shunday bir paqir oltinim boʻlsaydi”, deydi”;
- “Inson qornidan yomonroq idishni toʻldirmaydi. Odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri – taom, uchdan biri – suv va qolgan uchdan biri – nafas uchundir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
- “Jam boʻlib ovqat yenglar! Tarqoq boʻlib yemanglar! Chunki baraka toʻplanib yeganlar bilan birgadir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
- “Iqtisod qilgan kimsa faqirlik koʻrmas, isrof qilish bilan koʻp mol ham qolmas” (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyatlari);
- Anas ibn Molik raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir soʼdan besh muddgacha boʻlgan suv bilan gʻusl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Yaʼni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar;
- “Qaysi biringiz tongda uyqudan uygʻonganda oilasi tinch, tani sogʻ va uyida bir kunlik yegulik boʻlsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha neʼmatlar mujassam ekan”;
- “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir neʼmat bersa va banda uning shukronasi uchun “Xudoga shukr!” desa, shunda u oʻsha neʼmatlardan afzalroq narsaga erishgan boʻladi”;
- Bir kuni Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridan bir tilanchi oʻtdi. Unga bir dona xurmo hadya qildilar. Tilanchining gʻazabi kelib, qabul qilmadi… Soʻngra boshqa bir tilanchi keldi… Unga ham bir dona xurmo hadya qildilar. U bir dona xurmoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan deb, muhabbatu shukrona bilan qabul qildi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir joriyaga Ummu Salama raziyallohu anho huzuridagi qirq tangani shu tilanchiga berishlikni buyurdilar;
- “Isrofga yoʻl qoʻymay va takabburlik qilmagan holda yeng, iching, kiyining va sadaqa qiling!” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari);
- “Odamlarning yaxshisi – odamlarga koʻproq foyda keltiradiganidir”;
- “Birortangizning luqmasi yerga tushib ketsa, uni olib, yopishgan zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha, qoʻlini sochiqqa artmasin. Chunki u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari);
- “Nonni eʼzozlanglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotlaridan biri qilib tushirgandir”;
- “Nonni hurmat qilinglar, Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun boʻysundirib qoʻydi” (Imom Tabaroniy va Imom Bazzoz rivoyatlari);
- “Tejamkor kishi nochor boʻlmas”;
- “Ey, Oisha, Allohning neʼmatlariga yaxshi munosabatda boʻlgin! Agar u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
- Qurʼoni karim oyati karimalari,
- Janobi Paygʻambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari,
- dinimiz asoslari,
- shariatimiz hukmlari,
- sharqona odoblarimiz,
- mazhabimiz meʼyorlari,
- jamiyatshunoslik aloqalari,
- odamgarchilik munosabatlari,
- insoniy tuygʻular,
- ruhshunoslik sir-asrorlari,
- yurtimiz urf-odatlari,
- oʻzbekchilik qoidalari,
- madaniyatimiz axloqlari,
- insoniy aql va axloqiy normalar,
- dono maqollarimiz,
- milliy anʼanalarimiz,
- diniy qadriyatlarimiz,
- xalqimiz ong-tafakkuri,
- millatimiz mentaliteti,
- dono xalqimiz dunyoqarashi,
- musulmonchiligimiz koʻrsatmalari
asos va negizlarida
- ulugʻ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari va noyob hikmatlari,
- buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari,
- mehribon ota-onalarimizdan oʻrganib kelayotgan gavhar oʻgitlari va mislsiz soʻzlari,
- elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan taʼlim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
- jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz taʼlim maskanlarida taralayotgan durdan aʼlo fanlar va beqiyos bilimlar,
- zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining ajoyib kashfiyotlari,
- bugungi kunda va doim kerak boʻladigan hayotiy masalalar, dolzarb mavzular, qiziqarli maʼlumotlar hamda xalqimiz orasida eʼtirof etilgan mezonlardan ulugʻ ustozlarimiz – tabarruk ulamolarimiz keng, chuqur va unumli isteʼfoda etib, batafsil taqdim etgan ulugʻ ustozlarimiz – tabarruk ulamolarimiz keng, chuqur va unumli isteʼfoda etib, batafsil taqdim etgan “ISROF MASALASI”ga doir nihoyatda foydali maslahat, kerakli tavsiya hamda eng muhim jihatlaridan namunalar:
ULUGʻLARDAN HIKMATLAR:
- Ota-onasidan chiroyli tarbiya koʻrgan insonlar non qoʻldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta oʻpib, peshonalariga suradilar. Non ushogʻi dasturxonga tushganda, ulugʻ ustozlar barmoqni hoʻllab, ushoq ustiga bosib olib, ogʻizga solishni oʻrgatishgan.
- Ulugʻ mutafakkir, falakiyot olimi, odil maʼrifatparvar, sulton Mirzo Ulugʻbek mulozimlari bilan ketayotganida, yoʻl yoqasida yotgan bir burda nonni koʻrib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qoʻyniga soladi. Mulozimlardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb soʻraganida: “Nonni birinchi boʻlib men koʻrdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim boʻlar edi. Nonning ulugʻligi oldida mening podshohligim nima boʻlibdi?!” deb javob qaytargan ekan.
- “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, neʼmatlarni inkor qilib, oʻziga jafo qilganlardan boʻladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar neʼmatga jafo qilsa, katta neʼmatlar nafratga aylanadi. Neʼmat ketgandan soʻng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, –
- Asarlarda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan boʻlgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non boʻlagiga koʻzlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. Soʻngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib boʻlganimdan soʻng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non boʻlagini soʻradilar. U esa: “Men uni yeb qoʻydim…” – dedi. “Unday boʻlsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini soʻradi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir boʻlak nonni olib, tozalab yesa, non hazm boʻlib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli boʻlgan kishini xizmat qildira olmayman…» – dedilar (Imom Abu Yaʼlo rivoyatlari).
- “Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi”.
- Ulugʻ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid oʻz boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: «Bir kuni men Amirul moʻminin Maʼmunning majlislaridan birida hozir boʻlgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi.
Ziyofat tugaganidan soʻng dasturxon yigʻib olindi.
Ayni shu paytda mening koʻzim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim.
Shunda Maʼmun menga qarata: “Toʻymadingizmi?” – deb savol qildi.
Men: “Toʻydim, lekin dasturxondan toʻkilgan non burdasini koʻrib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif koʻnglimdan oʻtdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda boʻladi” degan ekanlar”, – dedim.
Shunda mening hadisi sharifga boʻlgan eʼtiborim yoki odob axloqqa amal qilganimdan xursand boʻlib, Maʼmun menga 1000 dinor sovgʻa qildi.
- Hazrat Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Bir necha kunga yetishi mumkin boʻlgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, – deganlar.
- Asarlarda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan boʻlgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non boʻlagiga koʻzlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. Soʻngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib boʻlganimdan soʻng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non boʻlagini soʻradilar. U esa: “Men uni yeb qoʻydim…” – dedi. “Unday boʻlsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini soʻradi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir boʻlak nonni olib, tozalab yesa, non hazm boʻlib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli boʻlgan kishini xizmat qildira olmayman…» – dedilar (Imom Abu Yaʼlo rivoyatlari).
- “Moʻmin kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir moʻmin uchun aniq shifodir. Chunki undan ortib kolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir”.
- Agar kerakli-keraksiz narsalarga pala-partish pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib ketadi.
- Isrof bor yerda hech qachon baraka boʻlmaydi.
- Barcha dinlarda yaxshi odob-axloqli boʻlish – savob, unga teskari ishlar esa – gunoh hisoblanadi. Binobarin, odob va tarbiya dinimizning magʻzini tashkil etadi.
- Axloq-odobga doir manbalarda aytilishicha, jamiyat aʼzolari dabdabalarga berilmasligi uchun ularga odobu tarbiya suv hamda havodek zarur, deyiladi. Dabdabaga berilish – odamni toʻgʻri yoʻldan ozdiradi.
- Aql-idrokli kishi barcha ishda oʻrtahollik, moʻtadillik va meʼyorni maʼqullaydi. Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq boʻlishga harakat qiladi.
- Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Yegan taomingizni zikr va namoz oʻqish bilan eritinglar!”.
- Halol boylik topish – katta bir toshni togʻ tepasiga olib chiqish. Oʻrinsiz sarflash esa – uni pastga osongina yumalatib yuborishga oʻxshaydi.
- Maʼnaviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim boʻlsa, moddiy ehtiyojlarning meʼyor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.
- Isrof illati ham oilada paydo boʻladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada masʼul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni oʻrni-oʻrniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat boʻlishlari zarur.
- Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni oʻz hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yoʻl qoʻymang!
- “Ogʻziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qoʻyganni yemoq – hayvonning ishi”.
- Dovud paygʻambarning oʻttizta oʻgʻillari boʻlibdi…
Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud paygʻambar orqalariga qarasalar, oʻng tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari, chap tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari oʻtiribdi ekan.
Shunda sal maqtanchoqlikka boʻy oldirib:
– Oʻzimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz… Xudo xohlasa, oʻttiz oʻgʻlim bor, haq dinni butun elga oʻzim yetkazaman, degan oʻy kelib, namozni boshlab ketibdilar.
…Xudoga Dovud paygʻambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud paygʻambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, oʻng tomonga salom berganlarida oʻn beshta oʻgʻillari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan oʻn beshta oʻgʻillari bandalikni bajo keltirdi.
Xatosini uqqan Dovud paygʻambar alayhissalom koʻz yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim soʻradilar…
Rahmi cheksiz Alloh taolo:
– Oʻttizta oʻgʻlingizni qaytarib beraymi yo oʻttizini oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil beraymi? – deb soʻradi.
– Sening amring ikki boʻlmaydi… Oʻttiz oʻgʻlimning jonlari jannatda boʻlsin… Menga ularning oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil bersang bas…
– Aytganingiz boʻlsin! Lekin bolaning umri qisqa boʻladi. Men unga faqat toʻqqiz yil umr beraman.
– Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud paygʻambar kelasi yil oʻgʻil koʻradilar.
U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud paygʻambar uning qoʻliga qumgʻon (obdasta), yelkasiga sochiq osib:
– Oʻgʻlim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qoʻliga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. Toʻrtinchi marta, agar mehmon soʻrasa, quyasan.
– Ota, nega uzib quyishim kerak?
– Sababi: oʻlikni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, oʻgʻlim… Ikkisini farqi bor – dedilar.
Dovud paygʻambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”, “Qoʻling dard koʻrmasin!”, “Katta olim boʻlgin!”, “Podsho boʻlgin!”, “Ulugʻ inson boʻlgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun boʻlsin!”, deb rahmatlar aytardi.
Bir kuni Sulaymon toʻqqiz yoshga toʻldi.
U paytlarda bolasi toʻqqizga toʻlgach, uni bir qizga unashtirib qoʻyish lozim edi. …Lekin Allohning “bolaga faqat toʻqqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.
Bir kuni Dovud paygʻambar saharda Allohni zikr qilib oʻtirar edilar… Sulaymonning yoshi toʻqqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini soʻradi va agar jonini olmaydigan boʻlsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi…
Shunda Haq Taolo:
– Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman… Sulaymon uzoq umr koʻradi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan boʻladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.
Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, toʻy-marosimlarda ularga suv quydirib qoʻyadigan betakror va beqiyos goʻzal urf-odat paydo boʻlibdi…
- Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi.
- Oila aʼzolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida oʻzaro yaxshi muloqotda boʻlish, oʻrni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qoʻyish – kattalarning burchidir. Xususan, non va oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni oʻrgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
- Bir luqmaning 360 xizmatchisi bordir. Bu xizmatchilarning birinchisi – Mikoil alayxissalom boʻlsalar, oxirgisi – oʻsha nonni pishirgan odamdir.
- Bir burda non uchun Alloh taoloning 360 ta maxluqotlari farmonbardor boʻlar ekan. Avval Alloh taoloning Rahmat konidan Mikoil alayhissalom suv olib chiqar, soʻngra bulutlar, Quyosh va Oy, osmondagi boshqa farishtalar, yerda esa dexqonlar, oxiri nonvoylar xizmatda boʻlar ekan.
- Nonni eʼzozlash, xor qilmaslik, nonga tahqir nazari bilan boqmaslik, nonning ustiga goʻsht, nonxurush va pishiriqlarni qoʻymaslik, isrof etmaslik odobini dono ota-onalarimiz farzandlari ongiga singdirganlar.
- Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nonni eʼzozlanglar!”deb marhamat qilganlar. Bu hadisi sharifga binoan, ulamolarimiz nonni qadrlab oʻpish, izzat-ikromini ijro etish lozim deb sanashgan.
- Adab kitoblarida nonlar qaysi shaklda pishirilgan boʻlmasin, isteʼmol qiluvchi undan oʻziga maqbul joyi (oʻrtasi yoki atrofi)ni yeb, qolganini tashlashi mumkin emasligi taʼkidlanadi.
- Toʻy va ziyofatlarda dasturxonga tortilgan noz-neʼmatlar ichida non mahsulotini yetarlidan ziyoda qilish isrof deyilgan. Aytish joizki, non neʼmatini qaysi holatda boʻlsa ham isteʼmol qilish mumkinligi isrofning oldini oladi.
- Inson olamiga qut-baraka boʻlgan non neʼmatining yana ham barakotli boʻlishi uchun izzat-ikrom qilish – odam farzandi zimmasidagi burchdir. Zero uni izzat qilish mohiyatida mavjud rizqqa rozi boʻlish ifodasi yotadi.
- Hadisi shariflarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi” Bu hadisi sharif sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, neʼmatlarni inkor qilib, oʻziga jafo qilganlardan boʻladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar neʼmatga jafo qilsa, katta neʼmatlar nafratga aylanadi. Neʼmat ketgandan soʻng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, deyilgan.
- Boshqa fiqhiy kitoblarda ham nonga oyoq bosish, uni asbob qilib ishlatish, xamir va nondan har xil shakllarni yasash, non ustida oʻtirish, uni nopok joylarga tashlash, xususan, chiqindi hisobida uloqtirish mumkin emasligi toʻgʻrisida aniq va batafsil taʼkidlanadi.
- Alloh taolo insonlarni isrofning barcha koʻrinishidan qaytarib, uning yomon oqibatlarini ham bayon qilib berdi. Neʼmatga xiyonat qilish va notoʻgʻri joylarga ishlatishni “gunoh” deb baholadi.
- Aql-idroklari bilan boshqa ayollarga ham namuna boʻla olgan, tarbiya va zakovati bilan, oʻz nasihati bilan oila, roʻzgʻor odob-axloqini tarqata oladigan dono ayollar roʻzgʻorlarini juda ustalik bilan, mohirona, tejamkorlik ila olib boradilar. Bunday ajoyib fazilat har bir oilaga yoqadi.
- Aslida tejamli boʻlish va isrofdan saqlanish – har bir ayolning kundalik vazifasidir.
- Ishbilarmon uy bekasi kundalik hayotda sabzavot-mevalarning aynib, chirishiga yoʻl qoʻymaydi, oziq-ovqatlarni isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolishdan saqlaydi, ovqatlarni pazandalik mahorati bilan mazali, totli qilib tayyorlaydi, oila dasturxonidan ortgan nonlarni tashlab yubormasdan, ulardan pishiriq va taomlar tayyorlab, isteʼmol qilish chorasini koʻradi.
- Agar nazar solsangiz, oila va roʻzgʻor yuritishda har bir xonadonning dinimiz hamda milliy udumlarimizga mos boʻlgan oʻz nizom va tizimi boʻladi. Bu tartiblarning bajarilishi asosan oiladagi kattalar tomonidan nazorat qilib turiladi. Xususan, bu tartib-qoidalar uy-joyni ozoda va pokiza saqlash, anjomlar, libos va kiyimlarni asrab-avaylash, isrof qilishdan saqlanishga ham taalluqlidir. Roʻzgʻorga kelgan oziq-ovqat, xom ashyo, meva-sabzavot, shirinlik va non mahsulotlarini toʻgʻri saqlay bilish ham – oila bekasining zimmasida. Sifati tez oʻzgaruvchi oziq-ovqatlar ichida non mahsuloti ham suvi qochib, qattiq nonga aylanishi tez-tez uchrab turadigan voqealardan. Uy bekasi avvalo bunga yoʻl qoʻymasligi, kundalik isteʼmolga yetadigan non olinishini nazorat qilishi, agar ortib qoladigan boʻlsa, uni qotirib qoʻyishi zarur.
- Baʼzi oilalarda oʻynab yurgan bolalarning qoʻllariga ham non berishadi. U bolalarcha ish tutadi, yosh bolaligiga borib, nonni u yer-bu yerga qoʻyadi yoki ushogʻini toʻkadi. Natijada kattalar “yoshlarni non qadrini bilmaslikda” ayblaydilar. Shunda savol tugʻiladi: “Ota-onasi bolaga nonning qadr-qimmatini, uni hurmat qilish kerakligini yoshligida tushuntirganmikan?”, “Bola nonning ushogʻini ham isrof qilmaslik kerakligini bilarmikan?”, “Non qadrini anglamagan, isrofning zararlarini his qilmagan odam oʻz farzandiga bu borada qanday nasihat qilishi mumkin?”
- Gohida “Non isrofi noshukrlikdan kelib chiqayotgan emasmikan?” degan savol tugʻiladi. Sababi – shukronalik doimo insonni itoatga, mehnatsevarlikka, bor neʼmatni qadrlashga undaydi.
- Yerdagi non ushoqlarini terib yeyishlik – berilgan neʼmatga shukronaning ifodasi boʻladi. Hadisi shariflarda: “Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi”deya marhamat qilingan.
- Kitoblarimizda “isrof”– (garchi infoq moddiy xarajatda mashhurroq boʻlsa-da), u “inson qiladigan har bir amal va har bir soʻzida haddan oshishdir”
- Alloh taolo bergan ulugʻ neʼmatlarni uzrsiz, sababsiz isrof qilganlar – Alloh taoloning buyrugʻi va Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarmagan kishilar hisoblanadi.
- “Isrof” soʻzi asli arabcha boʻlib, lugʻatda “hisobsiz tarzda ishlatish”, “meʼyordan oshib ketish”, “haddidan oshish”, “chegaradan chiqish”kabi maʼnolarni bildiradi.
- Istilohda esa moddiy va maʼnaviy maʼnoda ishlatilsa-da, koʻproq moddiy sarf xarajatlarda oʻz ifodasini topadi.
- Har qanday ishda chegaradan chiqish– isrof
- Inson qiladigan har bir amal va har bir soʻzida haddan oshish– isrof
- Isrofga yoʻl qoʻygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning neʼmatlarini oʻrniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan boʻladi. Tilimizda ushbu soʻz “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “neʼmatni qadrlamaslik” kabi maʼnolarni anglatadi.
- Har bir narsa zaruratdan tashqari yoki notoʻgʻri maqsadga ishlatilsa, buning natijasi parokandalikka olib borishi – isbot talabqilmaydigan haqiqatdir.
- Shuning uchun ham Qurʼoni karim oyatlarida alohida eʼtibor qaratilib, Alloh taolo bergan neʼmatlarni isrof qilmaslik lozimligi toʻgʻrisida koʻp aytib oʻtilgan.
- Isrof– pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan neʼmatlarni nojoʻya sarflashdir.
Ulamolarning aytishlaricha, ISROF:
- faqirlikka yetaklaydi,
- jannatdan uzoqlashtirib,
- doʻzaxga yaqinlashtiradi,
- Alloh taoloning gʻazabiga sabab boʻladi.
- Yoshlari kattalar darrov oʻtgan kunlarni eslashadi va isrofli toʻy toʻgʻrisida “toʻqlikka shoʻxlik” degan xalq maqolini beixtiyor tilga olishadi.
- Ulamolar yangi kelgan har bir mehmon uchun non neʼmatining “issiq non” bahonasida ushatilishini ham isrofdan deb baholaydilar.
- Toʻylarda xursandchilik sifatida pul sochish, ularning oyoq ostilarida qolishi – nooʻrindir. Zero pul birligi davlat ramzi boʻlishi bilan birga, milliy qadriyat hamdir.
- Islom dinida mol-dunyo (tilla, kumush, pul birliklari) ni oyoqosti qilishlik, chiqindi joylarga tashlashlik, pulga tuflashlik, aqli noqislarga berishlik kabi nojoʻya amallardan qaytarilgan.
- “Fayzul Qadir” kitobida hukamolar “Non oʻpiladi, bosilmaydi!”degan masalani taʼkidlab keltirganlar.
- Darhaqiqat, har bir zamon dahosi, donosi, olimi, fozili, hoziqu hakimi yoki faqiru fuqarosi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, nonni eʼzoz etishga undaydi va bunga avvalo oʻzi amal qilishga intiladi. Hech bir zamon ahli qiyinchilik, qimmatchilik, qahatchilik, qurgʻoqchilik kabi inson uchun ogʻir va zararli boʻlgan kun kelishini xohlamaydi. Balki kundalik hayotida doimo rizq-nasibasi keng, umri uzoq, hayoti farovon boʻlishini istab Yaratganga iltijo qiladi.
- Qanoatning ikkinchi sharti – neʼmatlarni rejali xarjlash. Hayotda tadbirli kimsalar birovlarga xushomad qilmaydi, yolgʻon gapirmaydi, hirs va tama balosiga duchor boʻlmaydi.
- “Non ham non, uvogʻi ham non”– xalqona hikmat. Uning mazmunida gunoh, zoye, isrof xavfi bor. Qayerdaki, kimdaki bu xususga andisha boʻlmasa, bir jazosi bor. Bu oʻgit shu sababdin koʻp takror boʻlgan.
- Taomdan soʻng berilgan neʼmatlarga shukrona keltirish, hamd-sano aytib, taom tayyorlagan va taqdim etganlarga duo qilish – dinimizning asosiy taʼlimotlaridan biridir.
- “Xayr va ehsonda isrof boʻlmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yoʻqdir”(Imom Aʼzam rahmatullohi alayh).
XALQ MAQOLLARI:
- Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan.
- Boylik ushoqdan yigʻilar.
- Donni yiqqan donodir.
- Tejamkorlik – yarim rizq.
- Yaxshi oʻgʻil biylar ota molini,
Yomon oʻgʻil sochar ota molini.
- Tejam bilan ishlatsang – uy-roʻzgʻoring but.
Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut!
- Mozoring yaqin boʻlsa ham,
Bozoring yaqin boʻlmasin.
- Oʻtin yigʻsang – pul boʻlar,
Oʻtga yoqsang – kul boʻlar.
- Erta turgan kishini
Xudo oʻnglar ishini.
- Keksalar bor uyda baraka bor!
- Yaxshiga qilsang yaxshilik –
Ham aytadi, ham qaytadi.
Yomonga qilsang yaxshilik –
Na aytadi, na qaytadi.
- Bugun yedim – yetdim.
Erta yedim – oʻtdim.
Hamma hayitga chiqqanda,
Xumga kirib yotdim.
- Qirib yesang – qirq kunga yetar,
Oʻyib yesang – oʻn kunga.
- Tiyin qadrini bilmagan soʻm qadrini bilmas.
- Tovuq yesang – bir yeysan,
Tuxumini yesang – ming yeysan.
- Otni ayagan ot minar,
Toʻnni ayagan toʻn kiyar.
- Chaqirilgan yerga bor,
Chaqirilmagan yerda senga nima bor?
- Nafsini tiygan kishi sulton boʻlur,
Nafsini tiymagan kishi ulton boʻlur.
- Non ham non, uvogʻi ham non.
- Nafsini tiygan – valiy.
- Ikki yarim – bir butun.
- Kallaklab yoqsang, qirq yilga yetar,
Qoʻporib yoqsang – bir yilga.
- Soqoling chiqmay pul topsang,
Otang berganday boʻlar.
- Ota mulki boʻlsa ham, ayab yegin.
- Oshni ayasang – oshga,
Nonni ayasang – nonga.
- Oq tangang ortiq boʻlsa,
Qora kuningga saqla.
- Pulni topish oson – saqlash qiyin.
- Pul toʻplasang – kul boʻlar.
Somon toʻplasang – pul boʻlar.
- Bir boshoq don –
Bir savat non.
- Pulning onasi – tiyin.
- Sanoqli mol yoʻqolmas.
- Sogʻib ichsang – ming kunlik.
Sotib yesang – bir kunlik.
- Toma-toma koʻl boʻlar,
Tommay qolsa, choʻl boʻlar.
- Er topuvchan boʻlsa,
Xotin taquvchan boʻlar.
- Oʻtin yormaganga oʻtin yoqtirma.
- Qarovsiz uy – tashlandiq oʻra.
- Don ayagan donga yetar,
Non ayagan – nonga.
- Non ham – non, ushogʻi ham – non.
- Non bolasi – nonushoq.
- Yaxshi oʻgʻil ota molini biylar,
Yomon oʻgʻil ota molini sochar.
- Beli ogʻrimaganning non yeyishini koʻr.
- Yeyishing – kepak,
Kiyishing – ipak.
- Toʻqlikda ochlikni oʻyla,
Boyiganda – muhtojlikni!
- Yigʻsang – yetasan,
Sovursang – ketasan.
- Kam-kam yesang – doim yersan.
Koʻp-koʻp yesang – neni yersan?
- Olaversang – yengil boʻlar,
Solaversang – ogʻir.
- Nokasning oʻzi toʻysa ham, koʻzi toʻymas.
- Olgʻirlik ofat keltirar,
Badnafslik – halokat.
- Nonga hurmat – elga hurmat.
- Nonning uch kunligini, goʻshtning bir kunligini yegin.
- Non hidida hayot bor, har magʻzida mamot bor.
- Non boʻlsa – bas, oʻzgasi – havas.
- Birni koʻrib – shukr qil, birni koʻrib – fikr qil.
- Nonsiz yashab boʻlmas, gapni oshab boʻlmas.
- Har kuni yema palovni,
Har kuni yoqqin olovni.
- Hisobini bilgan – bir yil yetim,
Hisobini bilmagan – oʻlguncha yetim.
- Hamyonini qadrlagan
Hisobini puxta qilar.
- Tejab yegan – darmonda,
Tejamagan – armonda.
- Otangga ne qilsang,
Oldingga shu kelar.
- Erta turgan yigitning bir rizqi ortiq,
Erta turgan ayolning bir ishi ortiq.
- Qanoat toʻrga eltar,
Ochkoʻzlik – goʻrga.
TIBBIYOT OLIMLARINING TADQIQOT NATIJALARI:
- Inson koʻp yeganda:
- yurak qisilib, tiniq ishlamaydi;
- miya faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi;
- oshqozon zoʻriqib ishlaydi;
- odamning tanballigi ortadi;
- kamhafsala va seruyqu boʻlib qoladi.
- Koʻp ovqat yeyish – inson tabiatiga yot narsa:
- shifokorlar hamisha koʻp taom yeyishdan qaytarishgan,
- kam taomlanishning koʻplab foydalarini aytib oʻtishgan.
- Qirq kundan ziyod umuman goʻsht yemaslikning zarari bor.
- Muntazam ravishda koʻp goʻsht isteʼmol qilish sogʻliqqa zararlidir.
- Sut yoki sutli taom bilan baliq, tuxum va nordon narsani,
- qovurilgan goʻsht bilan qaynatilganini,
- eski goʻsht bilan yangisini,
- mijozi turlicha boʻlgan ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeyish,
- hidlangan taomni isteʼmol qilish yaramaydi.
- Ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeb boʻlmaydi;
- masalan, qatiqdan soʻng gʻoʻr uzumni,
- barcha turdagi ovqatlardan keyin oʻrik va shaftoli yeb boʻlmaydi;
- gʻoʻr uzum bilan baliqni,
- sirka bilan sarimsoqni,
- piyoz bilan sarimsoq piyozni ham aralashtirib isteʼmol qilish yaramaydi.
- Asal bilan qovunni,
- tovuq goʻshti bilan baliqni,
- sarimsoq, boqila, ayron va qatiqni ham aralashtirib boʻlmaydi.
- Ovqatlanishda tez va shitob bilan yeyish sogʻliqqa zarar qiladi.
- Zamonaviy tibbiyot ham tik turgan holda shoshilib ovqatlanish taomning yaxshi hazm boʻlmasligi va semirib ketish sabablaridan ekanini aniqladi.
- Zamonaviy fan barmoqlar uchlarida ishtaha qoʻzgʻashga va ovqat hazmiga yordamlashadigan nuqtalar borligini kashf etdi.
- Kishi och qolganda ovqatga qoʻl uzatsa, juda ham toʻyib ketmasdan oldin yeyishni toʻxtatsa, hech qachon betob boʻlmaydi.
- Suvni terlab turganda ichish yaxshi emas.
- Uyqudan uygʻonar-uygʻonmas darhol suv ichish toʻgʻri emas.
- Qishda quvvatliroq, yozda esa yengil hazm boʻladigan taom va meva-sabzavotlarni tanovul qilish.
- Dasturxondan asal, uzum, xurmo, zaytunni uzmaslik.
- Charchaganda shirinlik yeyish.
- Bir oyda bir kun boʻlsa ham roʻza tutib, tanaga dam berish.
- Ovqat tez yeyilmaydi.
- Ovqat shoshilmasdan, yaxshi chaynab yeyiladi.
- Taomni yaxshilab chaynamay yutmaslik.
- Taom bilan ichimlik oʻtirib tanovul qilinadi.
- Olingan luqmalar yaxshilab chaynab, soʻng yutiladi.
- Iloji boricha oʻng tarafda chaynagan maʼqul.
- Ovqatlanish meʼyorida boʻlgani maʼqul.
- Taom issiq yoki juda sovuq holda yeyilmaydi.
- Sarxil ovqatlar, muntazam quyuq ziyofatlarni yaxshi koʻrish odamni yalqov qilib qoʻyadi, sogʻligiga putur yetkazadi, toatdan chalgʻitadi.
- Goʻshtli taomlar muntazam yeyilmaydi, tark ham qilinmaydi.
- Nonning qotgani yoki eskirganini isteʼmol qilish zararli emasligi, hatto ayrim kishilarning salomatligi uchun foydali ekanligi turli yoʻllar bilan isbotlangan.
- Taomlanish paytida kitob-gazeta oʻqish, televizor koʻrish, telefon va boshqa mashgʻulotlar bilan band boʻlish salomatlik uchun zararli.
- Qorin toʻyguncha yeyish ham durust emas.
- Taomdan keyin aslo sovuq suv ichmaslik.
- Zamonaviy fan ham tik turib suv ichish zararligini isbotlagan.
- Tishlarni ovqatlangandan soʻng tozalab, yuvib yurishga odatlangan odam aslo tish ogʻrigʻiga uchramaydi. Bunday kishining milklari sogʻlom boʻlur.
- Buyuk Britaniyaning Aston davlat ilmiy-tadqiqot universiteti olib borgan tadqiqot natijalariga koʻra, yerga tushib ketgan yegulikni 5 soniya ichida yerdan olib isteʼmol qilish sogʻliq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmas ekan.
- Oilaviy kechki ovqat foydali. Birgalikda ovqatlanish anʼanasi nafaqat oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki sogʻlom ovqatlanish odatlarining shakllanishiga ham hissa qoʻshadi.
- Bu ayniqsa bolalar uchun juda muhimdir – bolalarda yolgʻiz ovqatlanish kelajakda ovqatlanish qoidalarini buzilishi xavfini oshiradi.
- Shunday qilib, kuniga kamida ikki marta ota-onasidan alohida ovqatlanadigan bolalarda semirish xavfi 40 % yuqori.
- Oilasi bilan haftasiga 5-martadan koʻproq ovqatlanadigan bolalarda ovqatlanish buzilishi xavfi past boʻladi, sogʻlom ovqat isteʼmol qiladi va yaxshi oʻqiydi.
- Oilaviy kechki ovqat qancha koʻp boʻlsa, odamlar shunchalik koʻp sabzavot isteʼmol qiladilar.
- Insondagi ichak va miya bogʻlangan. Oziq-ovqat yordamida biz kayfiyatimizni koʻtarib, energiya darajasini oshirishimiz mumkin.
- Mazali taom va idishlarning chiroyli taqdimoti hazm qilish jarayonini ragʻbatlantiradi; ammo bunda xavf ham bor – biz ularga berilib, psixologik muammolarni muvaffaqiyatsiz “yutishimiz” mumkin.
- Osh tuzi – salomatlik va nozik qomatning dushmani.
- Yogʻlardan saqlanish – sogʻliq uchun zararli.
- Fan barmoq uchlarida ishtaha qoʻzgʻashga va ovqatning yaxshi hazm etilishiga yordamlashadigan nuqtalar borligini aniqladi.
- Baland musiqa sizni koʻproq va tez-tez ichishga majbur qiladi. Yeyishga ham.
- Taomni kayfiyatsiz holda tanovul qilmagan maʼqul.
- Ovqatlanayotgan paytda yaxshi kayfiyatda boʻling!
- Insonning barcha sezgi organlari bosh miya nazorati ostida. Miya oshqozondan uning boʻshligi haqida signal olishi bilanoq, odam ochlikni his qiladi va aksincha. Toʻyganlik hissi paydo boʻlishi uchun oʻrtacha 20 daqiqa kerak boʻladi.
- Demak, shoshqaloqlik bilan koʻp yeb qoʻymaslik uchun, har bir taomlanishga kamida 20 daqiqa ajratish kerak.
- Shu bilan birga yaxshilab chaynab, kichik boʻlaklarga boʻlib ovqatlanish darkor. Taomni tez yeyish ortiqcha isteʼmol qilishga olib keladi. Natijada tanada ortiqcha vazn paydo boʻladi.
ZAMONAVIY FAN TADQIQOTLARI va AJOYIB MAʼLUMOTLAR:
Bashariyat mavjudligi tarixi davomida odamlar har doim 3 narsani qilishgan – turmush qurishgan, vafot etishgan va ovqatlanishgan…
Bu vaqt ichida oziq-ovqat haqida juda ham koʻp qiziqarli faktlar mavjud.
Mana ulardan baʼzilari:
- Ovqat pishirishga ayollar erkaklardan ikki baravar koʻp vaqt sarflashadi.
- 2015-yildan beri Sietl (Avstraliya)da ovqatni tashlash taqiqlangan. Qoldiqlarni uysizlarga, hayvonlarga tarqatish yoki oʻgʻitga aylantirish kerak. Qonunni buzgan korxonalar 50 dollar va jismoniy shaxslar – 1 dollardan jarimaga tortiladi.
- Oziq-ovqatlar ichida asal – buzilmaydigan yagona mahsulotdir.
- Kosmik non 1 tishlash uchun yetarli boʻlgan paketlarga qadoqlangan. Bunday qadoqlash kosmonavtlarni nafas olish yoʻllariga tushishi mumkin boʻlgan nol tortishish kuchida uchadigan ushoqlar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalardan himoya qilishga imkon beradi.
- Oʻrtacha odam hayoti davomida taxminan besh yilni oziq-ovqatga sarflar ekan.
- Ovqatning taʼmi odam ovqatlanadigan balandlikka ham bogʻliq.
- London (Buyuk Britaniya) dagi hind restoranlari soni Hindistonning Dehli yoki Mumbaydagi hind taomlarini taklif qiladigan restoranlar sonidan koʻp.
- Dunyoga mashhur Chitos chiplari 1976-yilda farrosh Richard Montanez tomonidan ixtiro qilingan.
- McDonaldʻs har yili 2,5 milliard burger sotadi. Yaʼni har soniyada 75 ta, har kuni 6,5 million burger sotiladi.
- Meksika va Janubiy Amerika sivilizatsiyalari shokoladni valyuta sifatida ishlatgan.
- Guruch – dunyo aholisining yarmidan koʻpining asosiy oziq-ovqatidir.
- Napoleon Bonapart kechki ovqatga 12, tushlikka 8 daqiqa sarflagan ekan.
- Inson hayotining 5 foizini ovqatlanish bilan oʻtkazadi.
- Bir taomlanish 20 daqiqa atrofida davom etadi.
- Odatda odam kuniga 3-marta ovqatlanadi.
- Inson hayotida ovqat tayyorlashga taxminan 1064 kun yoki 2,9-yil sarflanadi.
- Tayyorlangan oziq-ovqatni yeyish uchun bizga 3,66-yil kerak boʻladi, bu har kuni taxminan 67 daqiqaga teng.
- Biz butun hayotimiz davomida taxminan oʻrtacha 35 tonna oziq-ovqat isteʼmol qilamiz.
BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) MAʼLUMOTI:
- 2022-yil 14-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oʻzining 77-sessiyasida 30-mart sanasini har yili nishonlanadigan «CHIQINDISIZ DUNYO UCHUN XALQARO KUN» deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi A/RES/77/161-sonli Rezolyutsiyani qabul qildi.
Non… oddiygina soʻz. Ammo uning zamirida qanday ulkan maʼno, qanday qadr, qanday mehnat mujassam ekanini har doim ham his qilib yetmaymiz.
Har bir burda non – yerning bagʻridan boshlangan, dehqonning peshona teri bilan sugʻorilgan, quyosh haroratida pishgan va minglab qoʻllar mehnati bilan dasturxonimizga yetib kelgan buyuk, bebaho, beqiyos, mislsiz neʼmatdir.
Tasavvur qiling: bahorda yer haydaladi, urugʻ sochiladi. Dehqon tunlarini bedor oʻtkazib, har bir niholni asraydi. Yozning jazirama issigʻida u daladan chiqmaydi. Kuzda esa hosil yigʻiladi – ammo bu hali yoʻlning yarmi, xolos. Don tegirmonga boradi, unga aylanadi, soʻngra nonvoyning qoʻlida mehr bilan qorilib, tandirda pishadi. Ana shundan keyingina u bizning dasturxonimizga keladi.
Shu qadar mashaqqat, shu qadar sabr va ogʻir mehnat bilan tayyorlangan neʼmatni biz baʼzan bir lahzada qadrsiz qilamiz. Bir burdasini yeymiz-u, qolganini tashlab yuborishdan uyalmaymiz. Ammo har bir isrof qilingan non – bu faqat oziq-ovqat emas, bu mehnatning, barakaning, hatto insoniylikning qadrini yoʻqotishdir.
Kattalarimiz bejizga: “Nonning uvoli bor”, – demagan. Bu soʻzlarda chuqur maʼno bor. Uvol – bu faqat jazo emas, balki insonning oʻz qilmishiga nisbatan ruhiy qarzi, maʼnaviy ogʻirligidir.
Nonni isrof qilgan inson barakadan mahrum boʻlishi, qilgan ishida omadsizlikka uchrashi mumkinligi haqidagi ogohlantirishdir bu!
Eng achinarlisi – bugungi kunda ayrim xonadonlarda non oddiy narsadek qabul qilinadi. Dasturxonda qolgan nonlar tashlanib yuboriladi, yerga tushgan burdalarga eʼtibor berilmaydi. Bu esa nafaqat qadrsizlik, balki oʻz ildizlarimizdan uzoqlashishdir. Chunki xalqimiz azaldan nonni muqaddas deb bilgan, uni hurmat qilgan, hatto yerga tushsa, olib koʻzga surtib, baland joyga qoʻygan.
Non – bu faqat qorin toʻydiruvchi ozuqa emas. U – tinchlik ramzi, mehr ramzi, hayot ramzi. Non bor joyda baraka bor, non qadrlangan xonadonda fayz bor. Shuning uchun har birimiz oʻzimizdan boshlashimiz kerak: nonni ehtiyot qilish, uni isrof qilmaslik, bolalarga ham shu odatni oʻrgatish.
Bolalarimiz nonni qanday qadrlashni bizdan oʻrganadi. Agar biz unga befarq boʻlsak, ular ham shunday boʻlib ulgʻayadi. Agar biz har bir burdani eʼzozlasak, ular ham nonni muqaddas deb biladi. Bu esa kelajak avlodning maʼnaviyatini belgilaydi.
Shunday ekan, bir lahza toʻxtab oʻylab koʻraylik: dasturxonimizdagi har bir burda nonga munosib munosabatdamizmi? Uni qadrlayapmizmi yoki beeʼtiborlik bilan isrof qilyapmizmi?..
Ming-ming shukrlarki, yurtimizda davlatimizning gʻamxoʻrligi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar tufayli qornimiz toʻq, ustimiz but. Tinch-xotirjam, oʻzimiz ham, farzandlarimiz ham istagan yegulikni tanovul qilyapmiz. Ammo bunday sharoitlarning qadriga yetib, shukrona aytish oʻrniga isrofgarchilikka ham yoʻl qoʻyayotganimiz achinarlidir.
Aslida, qornimiz bir burda nonga toʻyadi. Lekin dasturxonda non boʻlaklari boʻlsa-da, biror kishi kelib oʻtirsa, yana yangisini sindirish odat tusiga kirgan. Xullas, yesak-yemasak, sindiraveramiz. Ovqatlangach esa, baʼzan ortgan nonlar tashlab yuboriladi. Restoran, oshxona, toʻyxonalardan ortgan qop-qop non boʻlaklarini koʻrib, yuragingiz uvishadi. Chiqindi shoxobchalarida ham axlat va poʻchoqqa aralash tashlanayotgan non qoldiqlarini koʻrib taajjublanasiz, “Buning uvoli tegmasmikin?” deya oʻyga tolasiz.
Atrofimizga nazar tashlasak, nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham non qadrini unutayotganlar, uni isrof qilayotganlarni uchratamiz. Afsus, bunday kishilar bugun kimlardir bir burda nonga, hatto ushoqqa zor ekanini anglamaydi. Ular nonni qadrlamayotganining sababi dasturxoni toʻkinligi, “Doim shunday hayot kechiraman” degan ishonch haddan ziyodaligidir. Bu esa toʻqlikka shoʻxlikdan boshqa narsa emas.
Bugungi toʻylar va turli marosimlarda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotgani, non qadrini his qilmay qoʻyganimiz, achinarlisi, farzandlarimiz ham aynan shu yoʻldan ketayotgani ogʻriqlidir. Bu qanchalik farovon, dasturxonimiz toʻkin boʻlgani sari maʼnaviy qashshoqlashib borayotganimizdan dalolat emasmi?
Uzoqqa bormaylik, mustaqillikning ilk yillarida non qadri qanchalar baland boʻlgani, odamlar soatlab, kunlab nonga, unga navbatda turgani, qishloqlarda aholi boshoq tergani chiqqanlari hali koʻz oʻngimizda turibdi… Ikkinchi jahon urushi davrida ham ota-bobolarimiz bir burda nonga qanchalar zor boʻlishgan…
Otalarimiz, onalarimiz bizni hozirgi farahli kunlarga yetkazish uchun och-nahor ter toʻkib, mehnat qilganlar. Bugungi omon-omon toʻkinlik zamoni ajdodlarimizning orzusi emasmidi?!? Ularning duolari, niyatlari amalga oshib, farovon hayot kechiryapmiz. Bunga shukr qilish oʻrniga isrofgarchilikka yoʻl qoʻyishimiz qanchalar toʻgʻri boʻladi?!!
Muqaddas dinimizda isrof juda qattiq qoralanadi. Alloh taolo Oʻz kalomida: “Yeb-ichingiz, lekin isrof qilmangiz. Zero, Alloh isrof qiluvchilarni sevmagay”, degan (Aʼrof surasi 7/31-oyat). Bundan kelib chiqadiki, Alloh bergan neʼmatlarni isrof qilish, ularning qadriga yetmaslik – katta gunohdir. Shu bois jonimiz sogʻ, yeyishga bir burda nonimiz bormi, shukrona aytaylik. Chunki bugungi tahlikali zamonda dunyoda millionlab kishilar tinchlikning, nonning naqadar qadrli neʼmat ekanini oʻz koʻzlari bilan, jonlari bilan his etishmoqda.
Hadisi qudsiyda bunday deyiladi: “Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingda qorni och bechoralar ham esingda boʻlsin! Shunda Allohning neʼmatlariga shukr qilishing osonroq boʻladi”.
“Birni koʻrib shukr qil, birni koʻrib – fikr qil” deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, hozir dunyoda million-million odamlar bir burda nonga zor boʻlib yashayapti. Internet tarmoqlari, televideniye orqali hammamiz oʻz koʻzimiz bilan guvohmiz. Xudo dasturxonimizni toʻkin qildi, neʼmatlarni isteʼmol qilishimiz uchun salomatlik berdi. Bunga shukr qilish oʻrniga nima uchun bu neʼmatlarni isrof qilishimiz kerak?!!
Yoshligimizda, “Non ushogʻini bossang, koʻr boʻlasan”, deya taʼkidlashardi. Bu gaplarni ota-onamizdan tashqari mahalladagilar ham aytishardi. Koʻchada ushoqni koʻrsak, olib, changini puflab, koʻzga surtib, chetga qoʻyardik. Hozir koʻplab xonadonlarda dasturxondan bir boʻlak non pastga tushib ketsa, olib yeyilmaydi, aksincha, poʻchoqqa yoki axlat chelakka tashlanmoqda. Nonga shu zaylda munosabatda boʻlsak, Xudo koʻrsatmasin, ertaga afsuslanib qolmaylik. Axir, “Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan”, degan hikmat bejiz aytilmagan-ku!
Shunday ekan, qattiq mehnat evaziga yetishtirilayotgan nonning va boshqa nozu neʼmatlarning qadriga yetish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik sizu bizning asosiy vazifamiz boʻlishi zarur.
Nonni asraylik! Uni ehtiyot qilaylik! Chunki non – bu hayotning oʻzi. Va uning ham, albatta, uvoli bor…
“Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz…
Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “Hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, ogʻir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada masʼul sanaladi.
Oila aʼzolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida oʻzaro yaxshi muloqotda boʻlish, oʻrni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qoʻyish – kattalarning burchidir.
XUDONING OLDIDA HAM, BANDASINING OLDIDA HAM!!!
“Yana Rabbingiz eʼlon qilgan bu soʻzlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir” (Qurʼoni karim / 14 sura 7 oyat).
Xususan, non va oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni oʻrgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
HAYOT nomli “Universitet”ning “tillo diplomi”ga ega boʻlgan, TAJRIBA nomli “Oliy oʻquv yurt”ning “brilliant sertifikati”ni qoʻlga kiritgan va AQL nomli “Institut”ning “gavhar hujjati”ni egallagan
oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFESSOR boʻlib qoladilar…
Mehribon Parvardigorimiz oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Oʻzi buyurgan,Janobi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizning ruhlari shod boʻladigan,xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





