INSON MAʼDAN, XOLOS…
Bu maʼdandan foydali modda olinadimi yo zararlimi – buni axloqi va tarbiyasi belgilaydi
Odamlarning tabiati turlicha. Bu – har qanday kishi kuzatadigan, deyarli oʻz-oʻzidan ravshan boʻlgan haqiqat. Odamlar aql-zakovatda turlicha boʻlganidek, jismoniy jihatdan ham kuchli va zaif, baland va past, semiz va ozgʻin, sogʻlom va kasalmand boʻladi, chiroy, tarovat, ozodalik va boshqa sifatlari bilan farq qiladi. Shuningdek, nafsga oid axloqiy va gʻayriaxloqiy nasiba ham har kimda har xil.
Masalan, baʼzi odamlarda qoʻrquv hissi boshqalarga nisbatan kuchliroq boʻladi. Ayrimlarda esa ochkoʻzlik ustun turadi. Yana baʼzilarning gʻazabi tez boʻlsa, boshqalarda halimlik, sabr-toqatni koʻramiz. Albatta, ayrim odamlarda mol-mulkka muhabbat boshqalarga nisbatan kuchliroq boʻladi.
Bunday tafovutlarni ruhiy shakllanishiga hali muhit taʼsir qilishga ulgurmagan yosh bolalarda ham kuzatish mumkin.
Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu farqlanishlarni isbotlaydigan soʻzlari keltirilgan. Jumladan, Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ogoh boʻling, albatta, odam bolalari turli tabaqalarda yaratilgandir… Ogoh boʻling, ular orasida sekin gʻazablanadigan va (gʻazabdan) tez qaytadiganlari bor. Ular orasida gʻazabi tez boʻlib, tez qaytadiganlari bor. Unisi bunisi bilandir (yaʼni, ikkisi ham teng, birini boshqasidan yaxshi va yomon deb ajratilmaydi). Ogoh boʻling, ular orasida gʻazabi tez chiqadigan va sekin qaytadiganlari bor. Ogoh boʻling! Ularning yaxshilari sekin gʻazablanadigan va (gʻazabdan) tez qaytadiganlaridir. Ogoh boʻling! Ularning yomonlari gʻazabi tez chiqadigan va sekin qaytadiganlaridir”.
Bu xususda Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni uch sinfga boʻlganlarini koʻrmoqdamiz.
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar kumush va oltin maʼdanlari kabi maʼdanlardir. Johiliyatdagi yaxshilari islomda ham yaxshilaridir, agar dinni chuqur anglab yetsalar”, dedilar” (Muslim rivoyati).
Nabiy solallohu alayhi vasallam odamlarning holatini, nafosat, tubanlik va xasislik jihatlarini yaxshi bilar va ajrata olardilar. Shu sababli bizga dunyo va oxiratda foyda beradigan narsalarni oʻrgatganlar. Toki odamlarni tanishda, kim aslida kim ekanini bilishda, kim bilan qanday muomala qilish kerakligini anglashda har birining holiga yarasha yoʻl tutaylik.
Odamlarni maʼdanlarga oʻxshatganlari – u yer qaʼrida joylashgan boʻlib, ichidan biror modda ajratib olinadi. Xuddi shunday, hayot davomida har bir insonda uning aslidagi sharaf yo xasislik zohir boʻladi.
Bu hadisda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam insonlar ichida yaratilishi jihatidan eng yaxshilari axloqi eng goʻzal boʻlganlar ekanini bayon qilyaptilar. Bu axloqiy tabiat inson bilan umr boʻyi birga boʻlib, uning barcha holatlarida hamroh boʻladi. Afsuski, salbiy jihatlar ham deyarli shunday.
Abu Musodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Albatta, Alloh Odamni yer yuzining barcha qismlaridan olingan bir hovuch (tuproq)dan yaratdi. Shuning uchun Odam farzandlari yer tabiatiga muvofiq boʻlib keldi: ular (sirasi)da qizili ham, oqi ham, qorasi ham va shularning orasidagilar ham bor. Shuningdek, (xulq jihatidan) yumshogʻi ham, qaygʻulisi ham, yomoni ham, yaxshisi ham bor” (Ahmad, Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan).
Hadisda baʼzilar yumshoq, muloyim va mehribon inson yoki tabiatan qoʻpol, dagʻal, qattiq va zoʻravon boʻlishi taʼkidlanyapti. Yomon insonning tabiati va sifatlari shoʻrlagan, jonsiz tuproqqa oʻxshaydi – undan faqat zarar chiqadi. Yaxshi tabiatli va goʻzal xulqli insonni esa, unumdor yerga qiyoslash mumkin – undan faqat foyda chiqadi. Alloh taolo Aʼrof surasining 58-oyatida: “Pok yurtning nabototi Rabbining izni ila chiqadir. Nopok boʻlgani esa, faqat qiyinchilik ila chiqadir”, deb tashbeh qilganidek, har kim oʻz yerining tabiati bilan fitratlangan boʻladi.
Shuningdek, baʼzi odamlarda yaxshi va yomon sifatlar aralash boʻladi. Baʼzilarda yomonligi yaxshi tomonidan koʻproq, ayrimlarda esa yaxshi sifatlar yomonligidan ustun boʻladi. Insonlar xuddi yer kabi – kimdir unumdor (yaxshi xulqli), kimdir yomon, kimdir esa aralash tabiatlidir.
Taʼlim koʻrmagan, tarbiya olmagan yoki johiliyat muhitida yashagan odamlar guruhiga nazar solsak, ular orasida ham axloqi eng goʻzal boʻlganlari topiladi va yaqqol ajralib turadi. Ular oʻz tabiatida yaxshiroq “maʼdan”ga ega, jamiyatdagi xulq-atvori ham eng munosib boʻlgan kishilardir.
Keyinchalik shu guruhning barchasini tarbiyalasak va johiliyatdan qutqarsak, soʻng yana umumiy nazar tashlab, kim eng yaxshi ekaniga boqsak, albatta, avvaldan ajralib turganlar yana peshqadam boʻlib chiqadi. Chunki ilm, tarbiya va imon axloqi goʻzal boʻlgan kishini yanada quvvatlaydi, xulqini chiroyliroq qiladi, mustahkamlaydi va fazilatini oshiradi.
Bunga yana dinning mazmun-mohiyatini anglash va rioya etish ham qoʻshilsa, unday insonning martabasi yanada yuksaladi va bu uning boshqalardan mutlaqo ilgarilab ketganini koʻrsatadi. Shu tariqa fazilat va hurmat-eʼtibordagi farqlar ham aynan uning foydasiga boʻladi.
Demak, tabiatimiz qanday boʻlmasin, chiroyli xulqli boʻlishga harakat qilishimiz zarur ekan. Shundagina haqiqiy inson martabasiga erisha olamiz va dunyo-yu oxiratda saodatga muyassar boʻlamiz. Zero, inson faqat tabiati bilan emas, oʻzini qanday tarbiyalashi bilan baholanadi. Maʼdan tarkibidagi modda qanchalik qimmat boʻlsa, uni qazib olish va tozalab ajratish shunchalik koʻp mehnat talab qilganidek, yaxshi xulq ham saʼy-harakat va tinimsiz tarbiya bilan shakllanadi.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





