Bu mashhur ibora xalqimizning asrlar davomida shakllangan hayotiy, milliy va diniy qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan. Ammo uning bevosita sadaqai joriya (toʻxtamaydigan, davomli savob) tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq ekanini hamma ham bilavermasa kerak.
Sadaqai joriya – insonga uning hayotligida ham, vafotidan keyin ham uzluksiz ajr yetkazib turadigan ezgu amal. Boshqacha aytganda, kishi bu dunyoni tark etganidan soʻng ham nomai aʼmoliga savob yozilib turishiga sabab boʻladigan maʼnaviy sarmoya.
Sadaqai joriyaning fazilati va ahamiyati koʻplab hadislarda zikr qilingan. Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa, uning uch narsadan boshqa amallari toʻxtaydi. Ular: sadaqai joriya, manfaat olinadigan ilm, haqqiga duoi xayr qiluvchi solih farzand”, deganlar.
Sadaqai joriya faqat moddiy yordam bilan cheklanmaydi. Insonga uzluksiz ravishda uzoq muddatli foyda keltiradigan har qanday xayrli ish sadaqai joriya hisoblanadi. Ilm tarqatish, kitob yozish, yoʻl, koʻprik, maktab, kutubxona, masjid, shifoxona qurish, kam taʼminlangan oilalarga uy-joy barpo etish, quduq va ariqlar qazish, suv va gaz tarmoqlarini oʻtkazish, bogʻ-rogʻ barpo qilish shular jumlasidandir.
Sadaqai joriya qilish uchun boy boʻlish shart emas. Har kim oʻz imkoniyatidan kelib chiqqan holda bunga qoʻl urishi mumkin. Hatto bir qultum suv yo bir dona xurmo berish ham savobli amaldir. Bunday xayrli ishlarning ayrimlari zamon va makon bilan cheklanmaydi, ayrimlari muayyan hududga xos boʻladi. Yana boshqalari esa maʼlum bir mavsumda ado etiladi. Shulardan biri – koʻchat oʻtqazish, yaʼni bogʻ barpo qilishdir.
Inson bu dunyodan hech narsa olib ketmaydi. Ammo nima qoldirishi muhim masaladir. Yaxshi amal, ezgu nom va albatta, undirilgan bogʻ insondan qoladigan moddiy va maʼnaviy merosdir.
Shunday qilib, “Yaxshidan bogʻ qoladi” degan hikmatli naqlga yetib keldik. Bir qarashda, koʻchat oʻtqazish oddiy bir oʻtkinchi ishdek tuyulishi mumkin. Ammo uning zamirida chuqur maʼno mujassam. Bir tup daraxt nafaqat soya, balki neʼmat, toza havo, daromad va baraka manbaidir.
Ajdodlarimiz qadimdan bahor faslini yangilanish va obodonlik mavsumi sifatida alohida mehr bilan kutib olgan. Shu kunlarga sogʻ-omon yetgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, ezgu niyatlar bilan yerga urugʻ qadagan, mevali va manzarali daraxtlar ekkan. Albatta, bu ishlarni ularning fazilati nechogʻli ulugʻ ekanini anglagan holda, qalb amri – ixlos bilan savob umidida amalga oshirgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmon biror koʻchat (daraxt) yoxud biror ekin eksa-yu uning hosili – mevasidan inson, qush yo hayvon yesa, bu uning (ekkan kishi) uchun sadaqa boʻladi”, dedilar”.
Bugun oʻtqazilgan koʻchat ertaga soya beradi, meva hadya etadi, havoni musaffo qiladi. Ayniqsa, yurtimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxtlar ekilayotgani ezgu anʼanalarning izchil davomidir.
Bir tupgina daraxt yillar davomida oʻnlab, yuzlab va undan ham koʻp insonlarga naf keltiradi. Demak, bu bir marta qilingan yaxshilikning uzoq yillik samarasidir.
Ajdodlarimiz doim tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlgan. Xususan, Bahouddin Naqshband “Dil ba yoru dast ba kor” (“Koʻngil Allohda, qoʻl mehnatda boʻlsin”) shiorini ilgari surgan. Bu shior insonning ruhiy kamoloti amaliy mehnat bilan uygʻun boʻlishi lozimligini anglatadi.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni odamlar keksayib, qoshlari koʻzini toʻsgan bir kishining mashaqqat bilan koʻchat ekayotganini koʻrib: “Otaxon, yoshingiz ancha ulugʻ ekan, shunga qaramay daraxt ekish bilan ovorasiz-a! Dam olsangiz boʻlmaydimi?!” debdi. U kishi mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu ekan. “Habibim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga aytganlarki…” deb, mana bu hadisni rivoyat qilibdi: “Qiyomat qoim boʻlib qolsa-yu qaysi biringizning qoʻlida ekaman deb turgan koʻchat niholi boʻlsa, uni ekib qoʻysin”.
Demak, daraxt, ekin ekish, umuman, yaxshilik qilishning fazilati shunchalar ulugʻ ekanki, hatto “qiyomat qoʻpti” degan paytda ham inson undan toʻxtamasligi kerak ekan.
Dovud ibn Abu Dovud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kun Abdulloh ibn Salom menga: “Xurmo koʻchatini oʻtqazayotgan boʻlsang, Dajjol chiqqanini eshitsang ham toʻxtama. Shoshilmay, uni isloh qil (ekib ol). Hali undan (Dajjoldan) keyin ham odamlar yashaydi”, dedi”.
Maʼlumki, xurmo daraxti sekin oʻsadi va uzoq yillardan keyin hosilga kiradi. Hadisda aynan xurmo misol qilib keltirilishi insonning uzoqni koʻzlab, sabr va matonat bilan amal qilishi kerakligini anglatadi.
Rivoyat qilishlaricha, Amirul moʻminin Horun Ar-Rashid bir kuni navkarlari bilan ovga otlanib, shahardan chiqib ketayotganida, dalada bir moʻysafidning koʻchat ekayotganiga koʻzi tushibdi. Yaqinlashib: “Ey otaxon, oʻzingiz keksayib qolgan boʻlsangiz-da, koʻchat oʻtqazishingizni qanday tushunish mumkin?! Axir, bu navnihollar meva bergunga qadar yashaysizmi-yoʻqmi, bilmaysiz-ku?!” debdi. Moʻysafid: “Gapingiz toʻgʻri, lekin shu yoshimgacha mendan oldin koʻchat oʻtqazib ketgan insonlar daraxtlarining mevasini yeb keldim. Bu koʻchatlarimning mevasidan oʻzim yemasam-da, keyingi avlod yeydi, deb ekayapman”, deb javob beribdi. Amirul moʻminin bu javobdan zavqlanib, xazinabonga dehqonga bir hamyon tilla berishni buyuribdi. Shunda moʻysafid: “Mana, koʻrdingizmi, ekayotgan koʻchatim hozirdan meva berishni boshladi”, debdi. Amirul moʻmininga uning bu soʻzlari ham yoqib ketib, xazinabonga: “Yana bir hamyon berib yubor”, deb buyuribdi. Shunda moʻysafid: “Ana, koʻrdingizmi, boshqalarning ekkan daraxti bir yilda bir marta hosil bersa, mening koʻchatim bir yilda ikki marta hosil berdi”, debdi. Bu gapdan soʻng amir vaziriga: “Bu yerdan tezroq keta qolaylik, yoʻqsa, bu qariya xazinamizni quritadiganga oʻxshaydi”, deb yoʻlida davom etgan ekan.
Qissadan-hissa shuki, chin insoniylik va afzallik kelajak uchun ishlashda, faqat oʻz nafsini oʻylamay, keyingi avlodlar manfaati uchun harakat qilishda namoyon boʻladi. Moʻysafidning koʻchat ekishi – bu fidoyilik va kelajakni oʻylash ramzidir. Hatto yoshligimizda qilgan ishlarimizning mevasini koʻrmasak ham, ular boshqalarga foyda keltirishi mumkin. Bu qissa sabr, donolik va iroda qadriyatlarini targʻib qiladi.
Dehqon va bogʻbonlar bunday ezgu amallar orqali nafaqat oʻz manfaatini, balki keyingi avlodlar foydasi va jamiyat farovonligini ham koʻzlaydi. Ular tabiatni obod etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va kelajak avlodga munosib sharoit yaratishga hissa qoʻshmoqda.
Yurtimizning qay hududiga bormaylik, rang-barang bogʻlar va manzarali daraxtlar koʻzga tashlanadi. Yoʻlovchilar daraxtlar soyasida dam oladi, bolalar mevalardan bahramand boʻladi. Shunda beixtiyor ularni ekkan insonlar haqqiga duo qilinadi. Eng oddiy, oson va yengil, hammaning qoʻlidan keladigan, katta mablagʻ va mashaqqat talab qilmaydigan sadaqai joriyalardan biri shu.
Bahor – yangilanish va bunyodkorlik fasli. Keling, shu muborak mavsumda hovlilarimiz, mahalla va koʻchalarimizni mevali va manzarali daraxtlar bilan bezab, yurtimizning yanada koʻrkam va obod boʻlishiga oʻz hissamizni qoʻshaylik. Zero, oʻtqazilgan har bir koʻchat kelajakka qaratilgan xayrli qadamdir.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





