Home / FOTO LAVHALAR / Murojaatnomani oʻrganishga qaratilgan oʻquv kurslarining yakuniy xulosalari

Murojaatnomani oʻrganishga qaratilgan oʻquv kurslarining yakuniy xulosalari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarning ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyatini oʻrganishga bagʻishlangan keng qamrovli tahliliy tadbir boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Hadis ilmi maktabi talabalari uchun oʻtkazilgan maxsus oʻquv kurslarining mantiqiy yakuni sifatida tashkil etildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov hamda direktor oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyevning tizimli tahlilga asoslangan maʼruzalari tinglandi. Maʼruzachilar Murojaatnomada ilgari surilgan konseptual gʻoyalarni milliy davlatchilikni mustahkamlash va zamonaviy taraqqiyot tamoyillari nuqtayi nazaridan atroflicha muhokama qildi.

Sh.Ziyodov Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini davlat boshqaruvi va maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning uzviy bogʻliqligi misolida ochib berdi. Olimning taʼkidlashicha, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan strategiya — inson qadrini ulugʻlash, ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish orqali Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga qaratilgan yaxlit va izchil tizimdir. Bu jarayonda ilmiy xodimlar zimmasiga islohotlarning intellektual asoslarini jamiyatga yetkazishdek masʼuliyatli vazifa yuklanishi alohida qayd etildi.

O.Muhammadiyev Murojaatnomada bayon etilgan keng koʻlamli islohotlarning strategik yoʻnalishlariga toʻxtalib, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini oʻzgartirishga qaratilgan tashabbuslar, jumladan, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish masalalarini chuqur tahlil qildi. Taʼkidlandiki, Murojaatnomadagi har bir band milliy yuksalishni yangi bosqichga olib chiquvchi aniq mexanizmlarga ega.

Ilmiy bahs-munozara va teran xulosalarga boy boʻlgan ushbu anjuman oʻquv mashgʻulotlarini umumlashtirgan holda, davlat siyosatining strategik maqsadlarini oʻrganish va keng targʻib qilishning muhim platformasiga aylandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Murojaatnomani oʻrganish jarayonida navbatdagi mavzu

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Hadis ilmi maktabida tashkil etilgan maxsus oʻquv kursi doirasida …