Doktor Faysal AMINUDDIN – Indoneziyaning “Nahdlatul ulamo” tashkiloti huzuridagi Oliy taʼlim kengashi (Lembaga Pendidikan Tinggi Nahdlatul Ulama – LPTNU) Bosh kotibi, professor
– Imom Buxoriy majmuasi soʻnggi yillarda ham bunyodkorlik, ham ilmiy-akademik nuqtayi nazardan jadal bilan rivojlanib bormoqda. Uni takomillashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar mazmunan oʻta puxta va boy boʻlib, har jihatdan tahsinga loyiqdir.
Ayniqsa, “katta mavsumlar” va “ziyorat davrlari”da majmua 10 ming nafardan ortiq ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlayotgani gʻoyat muhim yutuq hisoblanadi. Bu yuksak natija majmuaning infratuzilmasi va xizmatlar sifatining mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Shuningdek, majmuaga tutash boʻlgan, zotan va ilman uning ajralmas boʻgʻini sanaladigan mana bu Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati alohida ahamiyatga ega. Indoneziyada Nahdlatul Ulama Oliy taʼlim muassasalari kengashi tasarrufida 200 dan ortiq universitet va islomiy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi. Yaʼni, Markazingiz bilan aloqalar ikki tomonlama professor-oʻqituvchilar va talabalar almashuvi, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Bunday hamkorlik hadis ilmi, tafsir, qurʼonshunoslik va boshqa islomiy fanlarni chuqur oʻrganish va targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Nahdlatul Ulama Oliy taʼlim muassasalari kengashi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida ilmiy va akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni biz istiqbolli va dolzarb vazifa, deb bilamiz.
Delegatsiyamiz aʼzolari uchun yaratilgan shart-sharoit, koʻrsatilgan eʼtibor, hamkorlik masalalariga bildirilgan ochiq xayrixohlik munosabati va mushtarak manfaatdorlik ruhiyati uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Tas-ix:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





