SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI (faqat ASOSIYLARI) (5 qismdan iborat)ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
KALOMULLOH – QURʼONI KARIMDA MEHRIBON PARVARDIGORIMIZ MARHAMAT QILADI:
“Qurʼon oʻqilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!” (Aʼrof surasi 7/204 oyat);
“Yurganingda oʻrtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi 31/19 oyat);
“Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dagʻal va toshbagʻir boʻlganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan boʻlur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim soʻrang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi 3/159 oyat);
“Ey, Muso! Siz oʻzingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Firʼavnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman”, deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq soʻz aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qoʻrqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);
“Ularning koʻp shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yoʻqdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar oʻrtasini isloh qilishga buyurgan boʻlsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz” (Niso surasi 4/114);
«Moʻminlar najot topdilar. Ular namozlarida oʻzlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda soʻz va ishlardan yuz oʻgiruvchidirlar» (Muʼminun surasi 23/1-3 oyatlar);
«Qasamki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);
“Faqat Allohgagina sigʻinasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinsoʻz boʻling…” (Baqara surasi 2/83 oyat);
“Zotan, oʻng va chap tomonda oʻtirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror soʻzni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (soʻzni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);
“Holbuki, sizlarning ustingizda barcha soʻzingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai aʼmolga yozuvchi ulugʻ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar” (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);
“Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va magʻfiratiga qaytgan boʻlur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolgʻon guvohlik bermaslar va behuda soʻz yo ish oldidan oʻtgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz oʻgirgan holda oʻtarlar” (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);
“Ey, moʻminlar! Allohdan qoʻrqingiz va toʻgʻri soʻzlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni oʻnglar va gunohlaringizni magʻfirat etar. Kimki Allohga va Uning paygʻambariga itoat etsa, bas, u ulugʻ yutuqqa erishibdi” (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).
JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM MEHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
¯ “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
¯ “Jim turgan najot topibdi” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ «Haq boʻla turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat yonidagi bir uyga kafilman!
Hazildan boʻlsa ham, yolgʻonni tark etgan kishiga — jannat oʻrtasidagi bir uyga kafilman!
Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
¯ “Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qoʻlidan ozor koʻrmagan odamdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
¯ “Kim sukut qilsa, najot topdi” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ “Kimning gap-soʻzi koʻp boʻlsa, koʻp gapirsa, koʻp xato qiladi. Koʻp xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi koʻp odamga doʻzax munosibroqdir”;
¯ “Bandaning musulmonligi goʻzal boʻlishining belgilaridan biri — uni oʻziga aloqasi yoʻq narsalardan sukut qilishi” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);
¯ “Odam bolasining har bir soʻzi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ “Moʻminlarning imoni eng mukammali — xulqi goʻzal boʻlganlaridir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ “Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi”;
¯ “Albatta, odamlarga goʻzal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
¯ «Uch toifa kishining qoʻlga kiritgan narsasida baraka boʻlmaydi va qayerda boʻlsa ham xorlanadi:
– Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
– Ramazon oyiga hurmat koʻrsatmagan;
– Ota-onasi tirik boʻla turib, ularni xursand qilmagan»;
¯ “Yarimta xurmo bilan boʻlsa ham oʻzingizni doʻzaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin soʻz bilan!”;
¯ “Oʻziga tegishli boʻlmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ «Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular:
– sihat-salomatlik
– va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
¯ “Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir”;
¯ “Bir kishiga tabassum bilan yaxshi soʻz aytish – sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);
¯ «Besh narsadan oldin besh narsani gʻanimat biling:
– keksaligingizdan oldin yoshligingizni,
– betobligingizdan oldin salomatligingizni,
– faqirligingizdan oldin boyligingizni,
– bandligingizdan oldin boʻsh vaqtingizni,
– oʻlimingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);
¯ “Qoʻshnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan boʻlsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan boʻlsa, demak, siz – yomon odamsiz”;
¯ “Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning oʻrtasini isloh qilishdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
¯ “Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga boʻlur”;
¯ “Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to oʻzi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi”;
¯ “Kimiki biror moʻmin kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, goʻyo tirigicha koʻmilgan goʻdakni tiriltirganchalik savobga ega boʻlur” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
¯ “Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi”;
¯ “Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur”;
¯ “Qaysi kishi oʻzganing aybini koʻrib, uni yashirsa, xuddi tiriklay koʻmilgan qizni qabridan qutqargan kabi boʻladi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
¯ «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor oʻldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan soʻragin, nima uchun meni behuda oʻldirdi ekan?” – deydi»;
¯ “Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi”;
¯ “Birodaringiz zolim boʻlsa ham, mazlum boʻlsa ham unga yordam bering!” (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
¯ “Maslahatni aql egalaridan soʻranglar – toʻgʻri yoʻl topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon boʻlasizlar”;
¯ “Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi”;
¯ “Kimniki Alloh Taolo doʻst tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qoʻyadi”;
¯ “Siz yaxshilikni unga munosib boʻlganga ham, boʻlmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz oʻzingiz ezgulik ahlidansiz”;
¯ “Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, soʻngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak”;
¯ “Butun umr ezgulikni tilanglar!”;
¯ “Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati koʻp tekkanidir”;
¯ “Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar”;
¯ “Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir boʻlsa ham. Chunki uning duosi toʻsiqsizdir”;
¯ “Odamlardan boʻlgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi”;
¯ “Sizlardan birortangiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodari uchun ham ravo koʻrmaguncha, moʻmin boʻla olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
¯ “Allohning neʼmatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;
¯ “Kimki yaxshilik koʻchatini qadasa, orzu qilgan hosilini yigʻib oladi va kimki yomonlik urugʻini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi”;
¯ “Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir”;
¯ “Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi” (Imom Muslim rivoyatlari);
¯ “Kim oʻzining haq ekanini bilib turib, tortishuvni toʻxtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan boʻladi”;
¯ “Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi”;
¯ «Kim haqsiz boʻla turib janjalni toʻxtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.
Kim haq boʻla turib janjalni toʻxtatsa, unga jannatning oʻrtasidan bir saroy beriladi»;
¯ “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni oʻz uyida ham sharmanda qiladi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:
o “Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qoʻrqqanimiz uchun koʻp sukut qilardik”.
o Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va goʻzal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
— “Men sizlarning ichingizda uni eng yaxshi biluvchiman”, — dedilar.
— “Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido boʻlsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.
Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).
Sharh: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari boʻlgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan koʻra afzal edilar.
Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yoʻqligi aytilmoqda.
ULUGʻLARDAN HIKMATLAR:
“Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz”.
“Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi koʻpdir”.
“Insonni yiqitadigan narsalarning eng koʻpisi — tilidir”.
“Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan oʻrnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi boʻlmasin!”.
«Sunnat ermish, kofir boʻlsa, berma ozor,
Koʻngli qottigʻ, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondogʻ qulgʻa sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu soʻz aydim mano»
(Hoja Ahmad Yassaviy).
“Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi”.
“Jannatda faqat pok soʻz. Shuning uchun dunyoda ham pok soʻz — yoxud sukut afzal”.
“Kishi sukut orqali oʻz yuragini, aqlini, vaqtini va obroʻyini saqlab qoladi”.
«Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay»
(Alisher Navoiy).
“Koʻp soʻz — koʻp xato. Sukut — qutqaruv”.
“Aqlli kishi avval oʻylaydi, keyin gapiradi”.
“Bilimning koʻpchiligi – soʻzda emas, sukutdadir”.
«Agar boʻlsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen boʻlsang, quling boʻlayin.
Qulogʻimga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq soʻz aytuvchi boʻlma»
(Maxtumquli).
“Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi”.
“Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut”.
“Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon boʻladi”.
«Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, ogʻritma zinhor!
Takabbur qilmagʻil, ey, bemaʼoniy,
Faloniy oʻgʻlidurman deb faloniy!»
(Soʻfi Ollohyor quddisa sirruhu).
Xudo maxluqidur, ogʻritma zinhor!
Takabbur qilmagʻil, ey, bemaʼoniy,
Faloniy oʻgʻlidurman deb faloniy!»
(Soʻfi Ollohyor quddisa sirruhu).
“Tilga ega boʻlgan inson — axloqiga ega boʻlgan inson”.
“Sukut – taqvo alomatlaridan”.
“Sukut — ibodat sifatida ham boʻlishi mumkin”.
«Burungʻi holigʻa qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otagʻa, qolma talabdin!
Qiyomatda soʻralmasdir nasabdin»
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otagʻa, qolma talabdin!
Qiyomatda soʻralmasdir nasabdin»
(Soʻfi Ollohyor quddisa sirruhu).
“Moʻminning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish”.
“Agar soʻz yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal”.
“Gapni faqat yaxshi va haq soʻz bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan soʻzdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq”.
«Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil koʻzni
Agar bir moʻminga yetkazsang ozor»
(Abdulla Oripov).
“Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til”.
“Soʻzda tejamkorlik — kamsoʻzlik va sukutga yaqin boʻlgan odob”.
“Agar soʻz rost va haq boʻlmasa, sukut afzal”.
“Qoʻpol soʻz — ilon gazagidek zararli”.
«Makkaga yetti qat borgancha boʻlur,
Boshini silasang oʻksik insonni»
(Abdulla Oripov).
“Bekorchi va behuda soʻzlarni gapirish ham nafs kasalligidir”.
“Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har soʻz qayd qilinadi”.
«Behuda soʻz ham “behuda ishlar”dan. Moʻmin bundaydan oʻzini olib qochadi».
“Qoʻpol soʻzdan sukut qilgan inson oʻzini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi”.
“Kamgap boʻling! Ogʻzi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham ogʻzingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan boʻladi. Siz xuddi mayin yomgʻir kabi boʻlingki, yomgʻir qayerga yogʻsa, oʻsha yerga manfaat yetkazadi”.
(Davomi bor…)
Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz