22-dekabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan jamiyatimiz uchun dolzarb mavzularda nashr etilgan 18 turdagi risola va bukletlar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimligi vakillari, diniy soha xodimlari, oliy taʼlim muassasasi rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlar, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy tashkilotlar vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbir islomning asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, milliy va diniy qadriyatlarimizga asoslangan sogʻlom dunyoqarashni mustahkamlash, ayniqsa, yoshlar ongida vatanparvarlik, bagʻrikenglik, maʼrifat va axloqiy masʼuliyat tuygʻularini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir ochilishida Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev maʼnaviy-maʼrifiy nashrlarning jamiyatda maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, turli yot va zararli gʻoyalarga qarshi maʼrifat bilan kurashda muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, risola va bukletlarda koʻtarilgan mavzular zamonaviy ijtimoiy hayot talablariga mos holda, sodda va taʼsirchan uslubda yoritilgani, nashrlar keng kitobxonlar ommasi, ayniqsa, yoshlar uchun moʻljallangani qayd etildi.

Taʼlim muassasalarida bunday maʼrifiy manbalardan samarali foydalanish yoshlarni intellektual va maʼnaviy jihatdan kamol toptirishda muhim omil ekani taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir davomida maʼruzachilar tomonidan nashrlarda yoritilgan mavzular — vatanga muhabbat, tinchlik va bagʻrikenglik, jihod va hijrat tushunchalarining asl mohiyati, ota-onaga yaxshilik, farzand tarbiyasi, toʻy va marosim madaniyati kabi masalalarning jamiyat hayotidagi ahamiyati atroflicha tahlil qilindi.

Muhokamalarda ishtirokchilar ushbu nashrlar aholining turli qatlamlari orasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi, jamiyatda oʻzaro hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim manba ekanini eʼtirof etdi.
Taʼkidlash joizki, Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida nashr etilgan mazkur risola va bukletlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining jamiyatda maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarining yaqqol namunasidir.

Mazkur nashrlar taqdimoti maʼrifiy nashrlar orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarashni qaror toptirish, yoshlar ongida axloqiy masʼuliyat va maʼnaviy barqarorlikni kuchaytirishga xizmat qilgan ahamiyatli tadbir boʻldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz