Home / MAQOLALAR / BAGʻRIKENGLIK – DINLAR VA MILLATLARNI BIRDAMLASHTIRUVCHI MUHIM OMIL

BAGʻRIKENGLIK – DINLAR VA MILLATLARNI BIRDAMLASHTIRUVCHI MUHIM OMIL

Insoniyatning ijtimoiy hayotida bagʻrikenglik, sabr-toqat va insoniy fazilatlar muhim oʻrin tutadi. Jahon dinlari, ayniqsa, islom dini mazkur fazilatlarni hayot mezoni sifatida talqin etib kelgan. Islom dinida zulmga qarshi turish, adolatni taʼminlash, insonlarning haq-huquqlarini himoya qilish bilan birga, oʻzaro bagʻrikenglik va sabr asosiy axloqiy qoidalardan hisoblanadi. Islom taʼlimotida bagʻrikenglik va sabrning mohiyati, Qurʼoni karim va hadislar asosida ularning ahamiyati hamda bu fazilatlarning inson va jamiyat hayotidagi zaruriy ahamiyati koʻp zikr etilgan.

Yurtimizda 38 milliondan ortiq 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Ularning 94 foizidan ziyodi islom diniga eʼtiqod qiladi. 3,5 foizga yaqini pravoslav, qolgan qismi boshqa diniy konfessiyalarga mansub.

Oʻzbekistonda vijdon erkinligi Konstitutsiyamizning 35-moddasida: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deb barcha din va millat vakillarining vijdon erkinligi qonuniy kafolatlangan[1].

Barcha diniy taʼlimotlar negizida ezgulik, solih amal va yaxshilik ulashish yotadi. Shu bilan birga, bagʻrikenglik masalalariga alohida ahamiyat beriladi. Islom xususida aytadigan boʻlsak, Alloh taolo “Mumtahana” surasida bunday marhamat qiladi: Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni suyadi”[2].

Buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy “Tafsiri Samarqandiy” asarida mazkur oyatni bunday tafsir qilgan: “Sizlar bilan dinda urush qilmagan oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomalada boʻling”.

Movarounnahrlik yana mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating, ularga soʻz va amalda yaxshilik qiling”, deb sharhlagan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari toʻgʻrisida shunday marhamat qilganlar: Kim gʻayridinni haqorat qilsa, qiyomat kuni oʻtdan yasalgan qamchi bilan uriladi”[3]. Bu hadisda boshqa din vakillari bilan chiroyli muomalada boʻlish va ularni haqorat qilmaslik, hatto kim bu amalni qilsa qiyomat kuni jazolanishi taʼkidlanmoqda.

Boshqa din vakillari bilan muloqotni Alloh taolo “Ankabut” surasida quyidagicha bayon etadi: Sizlar ahli kitoblar bilan faqat chiroyli uslubda munozara qilingiz”[4]. Bu kabi oyat hadislardan koʻrinib turibdiki islom dinining asosiy tamoyili insoniylik fazilatlariga rioya etish, insoniyat oʻrtasidagi munosabatlar ulugʻ darajada boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.

Bagʻrikenglik fazilati islom dinida imonning eng afzali darajasiga koʻtarilgani toʻgʻrisida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imonning afzali sabr va bagʻrikenglikdir”, – deb taʼkidlaganlar [5].

Tarixiy manbalarda bu zaminda islom dini kirib kelgunga qadar yashagan xalqlar oʻrtasida ham oʻzaro munosabatlar yaxshi boʻlgani bayon etilgan.

Buxoro yahudiylar jamoasi vakillaridan biri R.Beneman bu shaharda dastlabki sinagoga VIII asrda qurilganini taʼkidlab, bunday qoʻshimcha qiladi: “Oʻrta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvgʻin qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”.

XV asr boshlarida Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya elchisi: “Sohibqiron Temur Samarqandda turli din vakillarini yigʻib, ularga iltifot koʻrsatadi. Nasroniylikka eʼtiqod qiluvchi mehmonlar uchun alohida masʼul shaxs tayinlaydi. Maqsad – ular bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash”, deb yozgan.

Konfessiyalararo bagʻrikenglik nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini nazarda tutadi. Zero, bu tinchlik va barqarorlikning muhim shartidir. Yurtimizda noislomiy konfessiyalarga mansub tuzilmalar erkin faoliyat yuritadi. Hatto har xil dinlarga oid ibodatxonalarning yonma-yon barpo qilinganiga koʻzimiz tushadi, bu ham jamiyatimizdagi diniy bagʻrikenglikning amaliy tasdigʻidir. Ilohiy dinlarning hammasi barcha zamon va makonlarda kishilarni ezgu ish, ilm-maʼrifat, chiroyli xulq va odobga chaqirgan. Jaholat, buzuqlik va yomon ishlardan qaytargan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona oʻz farzandiga chiroyli xulqdan koʻra afzalroq narsa taqdim qilolmaydi”dedilar”[6].

 Bu ezgu chaqiriqlarni xristian dini manbasi boʻlgan Injil kitobida ham koʻrish mumkin. Paygʻambar Iso alayhissalom oʻz ergashuvchilariga shunday murojaat qilganligi taʼkidlanadi: “Dushmanlaringizni sevinglar… sizga jabr-zulm oʻtkazganlarning haqqiga ibodat qilinglar….” [7][6.5/44]yoki boshqa bir oʻrinda “Bir chakkangga urganga ikkinchisini ham tut”[8]. [5.6/29]

 Ilohiy kitoblarning hech qaysi yerida zulm va zoʻravonlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xristian dini Bibliya kitobida “… rahm qilganlar, rahm topadilar, … tinchlikparvarlar najot topadilar, … barcha insonlar bilan tinch-totuv boʻlinglar”[9] deb bayon qilinadi. Bu kabi ezgu amallarni Buddaviylik dinida ham koʻrish mumkin. Unda shunday jumlalar keltiriladi: “Barcha dinlar hamma erda yashashi darkor, ularning barchasi uchun yagona istak oʻz-oʻzini boshqarish va qalb sofligidir” [10]. Avestoda ham ezgu soʻz va amal haqida: “Haq soʻzdan oʻzga hech narsani oʻylama, haq soʻzdan oʻzga hech narsa toʻgʻrisida suhbatlashma, haqqoniy amaldan boshqa hech narsa bilan shugʻullanma” deb taʼkidlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining 10-bandida: “Dinlararo muloqot va oʻzaro tushunish prinsipi asosida turli dinlarga eʼtiqod qiladigan yoki biror-bir dinga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga oid tashkilotlar oʻzaro diniy bagʻrikenglik, murosa, hurmat va oʻzaro tushunish asosida muloqot oʻrnatadi”, deb taʼkidlangan[11].

Shuningdek, Oʻzbekiston Ryespublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlanib, bu yoʻnalish doirasida millatlararo va dinlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yoʻnalishlari ishlab chiqilib, bu borada juda katta ahamiyatga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkin-ki, barcha dinlar, ilohiy koʻrsatmalar insoniyatni faqat maʼrifat, ezgulik va yaxshilikka chaqirib kelgan. Ularni oxiratdan qoʻrqishga, Yaratganni oldida albatta javob berishdan, savob ishlar uchun mukofot va yomon amallar uchun jazo muqarrar ekanligidan ogohlantirib turgan. Yaxshi ishlarni bajarishda oʻzaro hamkorlikka chaqirgan hamda jaholat, razolat va qabohat ishlardan qaytargan. Dinlar taʼlimoti bagʻrikenglikka, chiroyli xulq-odobga, sabr-bardoshlikka chaqirib, insonlarni doimo shukrona keltirib hayot kechirishga daʼvat etib kelgan. Shuningdek, bu ezgu gʻoya va amallar bugungi kunda davlatimiz tomonidan asosiy eʼtibor qaratilgan sohaga aylangan.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi. 35-modda.
[2] Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. A.Mansur. TIU, 2005. – B. 548/8.
[3] Abd ibn Humayd Keshiy. Muntaxab min Musnad Abd ibn Humayd. Riyoz. Doru-l-balansiya. 2002. – B. 654.
[4] Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. A.Mansur. TIU, 2005. – B. 395/46
[5] Abd ibn Humayd Keshiy. Muntaxab min Musnad Abd ibn Humayd. Riyoz. Doru-l-balansiya. 2002. – B. 684.
[6] Abd ibn Humayd Keshiy. Muntaxab min Musnad Abd ibn Humayd. Riyoz. Doru-l-balansiya. 2002. – B. 700.
[7] www.bible.com.ua. Luqo bayon etgan Injil. 5/44.
[8]  www.katinkahesselink.net/tibet/asoka1.html. 6/29.
[9] Bibliya Evangeliya ot Matfeya. Kiev: 1997. 3/6.
[10] www.bible.com.ua. Matto bayon etgan Injil. – B. 48.
[11] Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi. Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2025-y., 03/25/1037/0187-son. 10-band.
Shukurillo UMAROV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi

Check Also

XALIFALIK NOMI BILAN QILINGAN FITNALAR

Maʼlumki, Islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida …