Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida buyuk faqih va mutafakkir olim Burhoniddin Margʻinoniy qabrini tadqiq qilish boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari muhokama etildi.

Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, diniy-maʼrifiy soha muassasalari va tarixchi olimlar ishtirok etdi. Muhokamada, xususan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassislari, Hadis ilmi maktabi ustoz va talabalari, Samarqand arxeologiya instituti rahbariyati hamda Madaniy meros agentligi vakillari soʻnggi uch yil davomida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, Chokardiza qabristonidagi izlanishlar davomida Burhoniddin Margʻinoniyning ehtimoliy dafn joyi boʻyicha arxeologik, epigrafik va manbashunoslik tahlillari olib borilgan. Ushbu jarayonda tarixiy manbalar, yozma hujjatlar va ilmiy mulohazalar chuqur solishtirma tahlil qilindi.
Muhokama yakunida tadqiqotchilar mavjud dalil va ilmiy xulosalarni oʻzaro taqqoslab, Burhoniddin Margʻinoniyga mansub qabr joylashuvi borasida ilmiy jihatdan asoslangan oxirgi toʻxtamga keldi. Bu natija mamlakatimizdagi diniy va ilmiy merosni tiklash yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Tadbirda, shuningdek, Chokardiza qabristonidagi arxeologik ishlar va tarixiy obidalarni muhofaza qilish, ularni ilmiy asosda oʻrganish hamda kelgusida jamoatchilikka keng tarzda tanitish masalalari muhokama etildi.

Qatnashchilar bu jarayonni Oʻzbekistonning maʼnaviy hayotidagi muhim voqea sifatida baholab, tadqiqot natijalarini xalqaro ilmiy jamoatchilikka yetkazish boʻyicha takliflar ham bildirdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




