Home / MOTURIDIYLIK / Islomda moʻtadillik timsoli – moturidiylik ruhining xalqaro tarannumi

Islomda moʻtadillik timsoli – moturidiylik ruhining xalqaro tarannumi

Misrning «Aqidati» (Mening aqidam) nomli axborot saytida 22-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyevning «Moturidiylik — moʻtadillik mezoni» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Yurtimizda islom ma’rifatini chuqur o‘rganish va buyuk ajdodlarimizning merosini keng targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar doirasida e’lon qilingan maqolada Imom Abu Mansur Moturidiyning hayoti, ilmiy faoliyati va u asos solgan moturidiylik ta’limotining mazmun-mohiyati keng yoritilgan. Xususan, unda moturidiylik ta’limoti islomdagi moʻtadillik, bag‘rikenglik va ma’rifat asosi ekani ta’kidlanadi.

Maqolada Imom Moturidiy “Kitob at-tavhid” va “Ta’vilot al-Qur’on” kabi asarlari orqali aql va naql o‘rtasidagi muvozanatni asoslab bergani, uning ta’limoti radikalizm va ekstremizmga qarshi ma’rifiy kurashda muhim dastak ekani alohida qayd etilgan.

Matnda shuningdek, Imomning shogirdlari va mazhabning keyingi rivojlanishida katta hissa qo‘shgan ulamolar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash bo‘yicha qabul qilingan qaror va bu tadbir doirasida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya haqida ham ma’lumot berilgan.

Maqolada Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosiga yanada chuqur nazar tashlash, ular asos solgan ma’rifatparvarlik yo‘lini hayotga tatbiq etish orqali bugungi kundagi turli g‘oyaviy xatarlarga qarshi ma’naviy immunitet yaratish zarurligi alohida uqtiriladi. Shu ma’noda, mazkur maqola nafaqat ilm ahli, balki keng jamoatchilik uchun ham muhim ma’rifiy ahamiyatga ega.

Ma’lumot o‘rnida:
«Aqidati» – Misrning nufuzli «Al-Jumhuriya» nashriyotiga qarashli, islomiy va ijtimoiy mavzularga ixtisoslashgan veb-platforma hisoblanadi. Uning rasmiy manzili: aqidati.gomhuriaonline.com.

Saytning asosiy maqsadi — xalqqa islom aqidasini to‘g‘ri va moʻtadil tarzda yetkazish, diniy bilimlarni ommalashtirish hamda zamonaviy hayotda dinning o‘rni va ahamiyatini tushuntirishdan iborat. Turli ruknlardagi qiziqarli va dolzarb mavzularda mazmunli materiallari va xolis yondashuvi uchun keng omma orasida e’tibor qozongan «Aqidati» islomiy ilmlarni mustahkamlash, ekstremizm va tafritdan uzoq turish yo‘lida muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom sivilizatsiyasi markazida izlanish va yangiliklar

Ayni kunlarda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirish ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda. Markazda …