Home / MAQOLALAR / IMOM MOTURIDIY – INSON MOHIYATINING MANTIQIY ASOSLARI HIMOYACHISI

IMOM MOTURIDIY – INSON MOHIYATINING MANTIQIY ASOSLARI HIMOYACHISI

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori juda katta va beqiyos ilmiy meros qoldirib ketgan alloma ajdodimizning taʼlimotiga yana bir karra teran ilmiy nigoh tashlashga sabab boʻldi.

Abu Mansur Moturidiy hayoti davomida Samarqanddan chiqmay, shogirdlariga musulmon ilohiyotining sir-asrorlarini, xususan, hanafiy mazhabining asl mazmun-mohiyatini, yaʼni Abu Hanifa asʼhobi eʼtiqodini puxta mantiqiy asosda oʻrgatdi.

Abu Mansur Moturidiy dastlabki maʼlumotni oʻz otasi Muhammad ibn Mahmuddan, soʻngra oʻsha davrdagi boshlangʻich maktabdan oladi. Keyin u Samarqanddagi “Raboti gʻoziyon” masjidi qoshidagi madrasada tahsil olgan. U asosiy ilmini Samarqandda Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq, Abu Nosir Ahmad ibn Abbos (“Faqih Samarqandiy” nomi bilan mashhur), Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy singari oʻz davrining peshqadam ulamolaridan olgan va keyinchalik ular bilan bir qatorda turib fiqh va kalomdan dars bergan.

Moturidiy butun kuch-gʻayratini hanafiy mazhabining kalomiy taʼlimoti taraqqiyoti yoʻlida sarflagan. Uning taʼlimotida inson yaratilgan mavjudotlar ichida eng yuqori tabaqada turuvchi, Yaratguvchining mukarram bandasi sifatida talqin etilgan boʻlib, insonning aql-idroki imkoniyatlariga alohida urgʻu berilgan. Taniqli islomshunos olim Ubaydulla Uvatovning taʼrifiga binoan, kalom ilmi “diniy aqidalar va ularning asoslarini aqliy dalillar va isbotlar asosida talqin qilib, ulardagi har qanday shubhali, bir tomonlama qarashlarga barham beradigan ilm”dir. Shu nuqtayi nazardan, Imom Moturidiy ham naqliy, ham aqliy dalillarga tayanib, xolis va mantiqan toʻgʻri xulosalar chiqargan. Uning kalomiy yondashuvi mutakallimlar ichida eng “oqilona-sivilizatsion” yondashuvdir, deb taʼriflangan. Chunki Moturidiy masalaga har taraflama, yetarli asos va dalillar bilan yondashib, eʼtiqod qiluvchining qalbi va ishonchiga toʻgʻri yoʻl topadigan, singadigan fikrlarni ilgari surgan. Ungacha kalomda faqat naqliy dalillarga suyanib xulosa chiqarish rasmi hukm surgan. Bu usul turli ziddiyatlarni bartaraf qilishga toʻliq yetarli boʻlmagan. 

Ayni borada uning inson mohiyati xususidagi qarashlari eʼtiborga molik. Moturidiy oʻz taʼlimotida insonning aqlli mavjudot ekaniga qatʼiy urgʻu bergan holda, Qurʼoni karimning inson toʻgʻrisidagi oyatlariga muvofiq uning faoliyati ilohiy hikmatga doxilligi, chunki qayerda hikmat namoyon boʻlar ekan, oʻsha yerda insonning aqli uni anglovchi sifatida zohir boʻlishini qayd etgan. Bu konsepsiya hozirgi zamon kosmologiyasida ilgari surilgan “antrop tamoyili”ni eslatadi. Unga koʻra, insonning koinotdagi bugungi oʻrni, dastlabki singulyar holatdan portlash yoʻli bilan chiqayotgan paytidagi holati bilan chambarchas bogʻlangandir. Agar u paytda (yaʼni olamning yaratilish paytida) portlash jarayoni oʻzgacharoq boʻlganida edi, bugungi kunimiz roʻyobga chiqmas edi. Hammasi, dastlabki portlash lahzasida hisobga olingan. Koinot shunday vujudga kelganki (yaratilganki), taraqqiyotining muayyan bosqichida (10–15 mlrd. yil oʻtgach) koinotni kuzatuvchi, oʻrganuvchi inson yaratilgan. Yaʼni inson shu yaratilgan goʻzallikdan bahra oluvchi, aql-idrokka, axloqqa ega (yaratilgan) mavjudotdir. Bu mavjudotning missiyasida mazkur olamni asrash vazifasi ham bor, yaʼni inson yaratilgan olam muvozanatini saqlashga masʼuldir.

Imom Moturidiy konsepsiyasida inson imonga ega boʻlib turib xatoga yoʻl qoʻyishi, osiy boʻlishi ham mumkin. Lekin bu holatda u dindan chiqmaydi. Uning qilgan gunohini kechirish yoki kechirmaslik esa Allohning ixtiyorida. Shu sababli, Moturidiy insonlarni aql-idrokka ega boʻlib turib, yaʼni bilib turib, gunohkor boʻlmaslikka chaqiradi. Har bir xatti-harakatingiz, taqdiringiz ilohiy kitobda belgilangan, ammo aql-idrokka tayanib, toʻgʻri yoʻlni tanlash sizning ixtiyoringizda, deyilgan bu konsepsiyada.

Xullas, Moturidiy hanafiy mazhabi konsepsiyasiga mos keluvchi faol, aql-idrokli, islom taʼlimoti talablariga boʻysunuvchi, odob-axloqli, imon-eʼtiqodli, xatolarga ham yoʻl qoʻyuvchi, ammo ularni zinhor joiz demaydigan moʻmin inson konsepsiyasini ilgari surgan.

Bu konsepsiyaning asosiy tamoyillarini olimning “Kitob at-Tavhid” va “Taʼvilot al-Qurʼon” nomli asarlaridan topishingiz mumkin.

Imom Moturidiy hanafiy mazhabi doirasida islomiy moʻtadillik yoʻnalishini rivojlantirganligi uchun ham dunyo musulmonlarining koʻpchiligi kalomning moturidiylik maktabiga ergashadi. Bu talqin inson erkinligini himoya qiluvchi asosli konsepsiyadir. Moturidiy zamonasida klassik falsafiy mantiqqa oid mulohazalar tanqidiy tahlil qilingan boʻlib, ilmda mantiqiy amallarga rioya qilishning zarurligi taʼkidlab ketilgan edi. Shu sababli koʻpchilik olimlar oʻz ilmiy izlanishlarida mantiqiy amallarga jiddiy eʼtibor qilishgan.

Jumladan, Imom Moturidiy ham oʻz inson konsepsiyasini asoslashda mantiqning sillogistik qoidalariga amal qiladi. Uning fikricha, olamda faqat qatʼiy sabab-oqibat ketma-ketligi roʻy bermasdan, tasodiflar ham boʻlishini tan olish kerak. Insonning “tasodiflar tufayli sodir qilgan xatolari taftish qilinadi, ataylab sodir qilingan xato esa jazoga loyiqdir”. Allomaning keyingi davrlarda ijod qilgan shogirdlari uning mantiqiy salohiyatiga yuksak baho berishgan. Mantiqiy xulosa chiqarishda fikrning toʻgʻriligini tasdiqlovchi yetarli darajada asosli dalillar boʻlsagina xulosaning chinligiga ishonish mumkin, deb hisoblaydi alloma. Bunday mantiqiy xulosa chiqarish qoidasi logika fanida “yetarli asos qonuni”ning G.V.Leybnis (1646-1716) tomonidan asoslab berilishidan qariyb sakkiz asr ilgari Imom Moturidiy tomonidan ham ilgari surilgani hayratlanarli va alohida eʼtiborga loyiqdir. Bu mulohazalar Moturidiyning inson mohiyati haqidagi konsepsiyasi hozirgi zamon ilmiy metodologiyasi asosida yanada chuqurroq oʻrganilishi, tahlil etilishi lozimligini koʻrsatadi. Joriy yilda buyuk alloma Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Imom Moturidiy merosiga yana bir bor teran ilmiy nazar tashlash imkoniyati yuzaga keladi.

B.Turayev, falsafa fanlari doktori, professor, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Manba: OʻzA

Check Also

QORAXONIYLAR DAVRIDA AHOLINING IJTIMOIY QATLAMLARI (Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari asosida)

Qoraxoniylar davlati gʻarbda Qoraqum choʻlidan sharqda Lobnor koʻligacha, shimolda Balxash koʻlidan janubda Amudaryogacha boʻlgan ulkan …