Malayziya xalqaro islom universiteti tomonidan “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda madaniy integratsiya: milliy birdamlik va ijtimoiy hamjihatlik” mavzusida xalqaro vebinar o‘tkazildi.
Tadbirda Malayziya, Bruney, Maldiv, Somali, Ozarbayjon va O‘zbekistondan soha mutaxassislari, ekspert va ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, millatlararo totuvlik insoniyatning oliy maqsadi bo‘lib, millati, tili, irqi va e’tiqodidan qat’i nazar, odamlarga teng va adolatli sharoit yaratilgan jamiyatlarda tinchlik, osoyishtalik va farovon hayot hukmron bo‘lishi tarixiy tajribada ko‘p bora sinovdan o‘tgan.
Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosdagi nizo va ziddiyatlar, turli qarama-qarshiliklar kuzatilayotgan bir sharoitda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotir.
Xalqaro vebinarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida milliy-madaniy hamkorlikni kuchaytirish, turli millat va din vakillari o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash, jamiyatlarda tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov ma’ruza qilib, Yangi O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizda turli millat va konfessiya vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ishtirokchilarda jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta’kidlanganidek, etnokonfessional birdamlik va hamjihatlikni ta’minlashdagi ilg‘or tajribalar ommalashtiriladi va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar uchun namuna sifatida taqdim etiladi.
Manba: uza.uz