TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat)ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(7-qism)
TAOMLANISHDA:
- ovqatlanayotganda taomni odob bilan tanovul qilish;
- oʻng qoʻl bilan yeb-ichish;
- taomni oʻziga yaqin joydan, oʻz oldidan yeyiladi;
- ovqatlanishdan oldin tuz yalashlik;
- mevani qaysi tarafdan olsa ham, zarari yoʻq;
- dasturxonga tushgan non uvoqlarini, ushoq va guruch kabi narsalarni odob va ehtirom bilan terib yeyish;
- taomni sovitibroq isteʼmol etish, chunki issiq-qaynoq taomda baraka boʻlmaydi;
- taom uch barmoq – bosh, ishora va oʻrta barmoqlar yordamida yeyiladi. Ikki barmoqda taom yeyish takabburlik alomatidir;
- ikki kishi birga ovqatlanganda biri ikkinchisidan beruxsat dasturxondagi taom yoki mevalardan ikkitadan olib yeyishi maqbul emas;
- taomni ayblamaslik;
- ishtaha boʻlsa – yeyiladi, boʻlmasa – tark etiladi;
- taom suzilgan laganning oʻrtasidan emas, atrofidan yemoqlik, zero oʻrtasiga baraka yogʻilib turadi;
- “Ustida koʻp qoʻl boʻlgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir”;
- uzoq turib qolgan taomni yemaslik;
- ogʻizga ketma-ket luqma tashlanmaydi;
- koʻpchilik oldiga chiquvchi kishilarning xom piyoz, sarimsoq kabi badboʻy narsalarni isteʼmol qilishlari odobga toʻgʻri kelmaydi;
- luqmalar oʻrtacha kattalikda olinadi;
- ogʻizdagi taomni yutmay turib, idishga qoʻl uzatilmaydi;
- tishlangan taom idishga qaytarib qoʻyilmaydi;
- taomni hidlab koʻrilmaydi;
- taom ustida nafas olinmaydi;
- luqmani olib borayotganda ogʻiz katta ochilmaydi;
- taom yeyilayotgan qoʻl kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi;
- tik turgan holda taom yeyilmaydi;
- quyuq taomlarni chaynaganda tovush chiqarmasdan chaynashlik;
- suyak yoki paylarni qisirlatib chaynamaslik;
- ovqatdan chiqqan suyak yoki boshqa narsalarni dasturxonga qoʻymaslik;
- dasturxon atrofida tish kovlamaslik lozim;
- quyuq ovqatlarni qoʻlda yegan maʼqul;
- ovqatga ham hurmat koʻrsatiladi;
- yaxshi pishmagan ovqat yomonlanmaydi;
- qoshiq bilan taomlanishda ham toq songa rioya qilgan yaxshi;
- qoshiqni toʻldirib ovqat yeyilmaydi;
- qoshiqdagi shoʻrva yoki boshqa ovqatlar kiyimga tommasligi kerak;
- taomlanishda ogʻiz idishga yaqin olib borilmaydi;
- qoshiq ogʻizga butunlay solinmaydi;
- ovqatlanish vaqtida behuda gaplar aytilmaydi;
- ovqat umumiy idishdan yeyiladigan boʻlsa, hamma oʻz oldidan olib yeydi;
- ovqat issiq holda yeyilmaydi;
- suyuq ovqatni ovoz chiqarib, xoʻrillatib ichmaslik;
- ovqatni qoshiq bilan ichishda uni toʻldirib yuborilmaydi, juda kam ham olinmaydi;
- donalab sanab yeyiladigan narsalar toq yeyiladi;
- imkoni boricha qoshiq bilan emas, balki qoʻl bilan ovqatlanishlik;
- nonning barcha boʻlaklarini qoldirmasdan yeyishlik;
- nonning yuzini va chetlarini yeb, ichini esa yemaslik nonga hurmatsizlik hisoblanadi;
- luqmani kichik qilishlik;
- yaxshilab chaynab yeyishlik;
- bir luqmani to yaxshi chaynab yutmaguncha, aslo ikkinchi luqmani tishlamaslik;
- ovqat yer ekan, ogʻizni katta ochmaslik;
- taom yeyilayotganda qoʻlini (ng yogʻini) badaniga va yo kiyimiga artmaslik;
- birga ovqatlanayotganlarning yuzlariga, qoʻllariga va yo ogʻizlariga, luqmalariga zinhor-bazinhor qaramaslik;
- yon-atrofdagilarga aziyat qilmaslik, xalaqit-ozor bermaslik va bezovta qilmaslik;
- tirsaklarga tayanmaslik va keng qoʻymaslik;
- nonni ham, goʻshtni ham iloji boricha pichoqsiz boʻlishlik;
- taom yer ekan bir luqmani qoʻliga olganida tovoq ustiga engashmaslik;
- luqmani ogʻziga solgach, qoʻlini tovoq chetiga surtmaslik va yo ichiga qoqmaslik;
- sirkali ovqatdan bir luqmani yogʻli (boshqa) bir ovqatga aralashtirmaslik;
- taom ichidagi suyak va danaklarni ogʻziga tekkizgach, qayta tovoq yo kosa ichiga solmaslik, qoʻymaslik;
- tishlagan non va yo goʻsht parchasini shoʻrva yoki boshqa ovqatlarga solmaslik;
- qoshiqni tovoqqa qattiq tashlamaydi;
- ovqat qoldiqlari boʻlishi hamda bu qoldiqlar tovoqqa tomishi mumkinligini inobatga olinib, qoshiq tovoqqa toʻnkarib qoʻyiladi;
- qoʻlning moyini nonga, garchi uni yemoqchi boʻlsa-da, artmaslik zarur;
- yogʻli luqma va goʻsht parchasini sirkaga botirmasdan, balki non sirkaga botirilib, ustiga goʻsht qoʻyilib, keyin yeyiladi;
- ilikni zarb bilan non sirtiga yoki yuziga, tovoqqa va dasturxonga urmaslik kerak;
- ovqat mahali kishini nafratini qoʻzgʻaydigan chirkin, behayo, bemaʼni gap-soʻzlarni soʻzlamaslik;
- koʻpchilik boʻlib ovqatlanilayotganda, birodarlarining ahvolini tushunib, fikr qilgan holatda (kam) yeyishlik. Yolgʻiz oʻzi boʻlgan chogʻda ham gʻariblar, miskinlar holini koʻz oldiga keltirib, kam ovqatlanishlik va ortgan ovqatni gʻarib, ehtiyoji borlarga taqdim etmoqlik;
- nonxurushsiz nonning oʻzini yemoqlik;
- tik turib va yurib ovqat yemaslik;
- yonboshlab ovqatlanmaslik;
- haddan ziyod toʻyib ovqat yemaslik;
- qoʻl dasturxonga artilmaydi;
- ovqatlangandan soʻng dasturxondagi ushoqlar terib yeyiladi;
- ovqatlanishni tuz bilan tugatmoq;
- mezbon ovqatlanishni mehmonlardan soʻng tugatishi lozim;
- koʻpchilik boʻlgan (toʻy va shu kabi marosimlar)da esa mezbon mehmonlarni kuzatib boʻlgandan soʻng ovqatlanadi.
ICHIMLIK ICHISH:
- ovqat paytida suv, choy kabi ichimliklarni koʻp ichmaslik;
- taomga, ichimlikka zinhor puflanmaydi;
- taomni xoʻrillatib, shapillatib yo turli ovozlar bilan isteʼmol qilinmaydi;
- tik turgan holda imkon qadar ichimlik ichmagan maʼqul (faqat Zam-zam suvi yoki tahoratdan ortib qolgan suv tik turgan holda, Qiblaga yuzlanib ichiladi);
- ichimliklar oʻtirgan holda “Bismillohir rahmonir rahim” bilan ichiladi;
- ichib boʻlgach, “Alhamdulilloh! Xudoga shukr!” deyiladi;
- ichimlik idishi ogʻzi yopiladigan boʻlishi kerak;
- suv idishini ogʻizdan tashqari tutib ichiladi;
- suv ichayotganda birdaniga simirmay, bir nafasda emas, balki sekin-sekin, uch bora tanaffus bilan boʻlib ichish afzal;
- suv uch nafas bilan ichiladi. Har nafasda lab idishdan olinadi. Birinchi nafasda bir hoʻplam, ikkinchi nafasda uch hoʻplam, uchinchi nafasda besh hoʻplam ichiladi;
- ichilayotgan suvga tuflamaslik;
- mesh, paqir yoki boshqa idishlarning ogʻzidan ichilmaydi;
- soy-daryolarga yotib suv ichilmaydi;
- suvga nafas urilmaydi;
- suv ichishdan avval idishdagi suv obdon nazoratdan oʻtkaziladi. Uning ichida xas va boshqa narsalar boʻlmasligi kerak. Agar qorongʻi boʻlsa, idish labiga biror doka qoʻyib suv ichiladi;
- ogʻiz va qoʻl yogʻli boʻlsa, koʻza yoki obdastani moy qilmaslik kerak. Agar suv idishini ushlashga majbur boʻlsa, jimjiloq va uzuk barmoq bilan ushlagan maʼqul. Idishning dastasi boʻlmasa, avval yogʻli qoʻlni artib olish tavsiya etiladi;
- boshqalarni suv bilan siylagan kishi oʻzi oxirida ichadi;
- duch kelgan, tasodifiy kishidan suv soʻrash toʻgʻri emas;
- ichimlikka, issiq ovqatga puflanmaydi, balki kovlab sovitish yo sovishini kutib sabr qilinadi;
- suv beruvchini xayrli duo qilish kerak.
OVQATLANGANDAN KEYIN:
- taomlangandan keyin “Alhamdulilloh”, “Xudoga shukr!” deb, Allohga shukr qilish;
- ovqatlanib boʻlgandan soʻng, qoʻlni yalab, soʻng sochiqqa artiladi. Yuvib, keyin artish ham mumkin;
- yogʻli idishlar yalab qoʻyiladi;
- qoʻlni artishdan oldin barmoqlarni yaxshilab yalash;
- ovqatlanib boʻlingach, oldin ovqat idishlarini, taom yegan barmoqlarini yalab, keyin qoʻllar yuviladi va sochiqqa artiladi;
- taom yeyilgan tovoqni yalab tozalab qoʻyiladi;
- moʻmin kishidan qolgan taomni yemoqlik;
- ovqatlanib boʻlingach, dasturxon oldidan yoshlari yoshroqlar boshqalardan bir oz oldinroq turib, ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlarga xizmat qiladilar;
- ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar oʻrnilaridan turganlarida, dasturxon yonidan chetlanib, ular xonadan chiqib ketganlaridan keyingina yana qayta oʻz oʻrniga oʻtirish mumkin;
- bergan neʼmatlari uchun Yaratganga shukrona aytib, taom egalariga, tayyorlaganlarga minnatdorchilik izhor etib, haqlariga duo qilib, keyin dasturxon atrofidan turiladi;
- dasturxon oldidan turib ketar ekan, ochu nahor boʻlganlar, ovqat topolmay xor-zor, sarson-sargardon yurganlarni eslab, shunday holga solib qoʻymagani uchun Alloh taologa behisob shukrlar aytib, ehtiyojmandlarga ehson qilishlik;
- duo qilinmasdan turib ketilmaydi;
- taom yegandan soʻng tish tozalagich choʻp bilan tishlar orasini tozalashlik;
- dasturxon atrofida tishlar orasini tozalamaslik;
- mabodo bordi-yu dasturxon atrofida tishlar orasini tozalashga zarurat tugʻilib qolsa, qoʻllarini, tish tozalagich choʻpni dasturxonga yo sochiqqa artmaslik;
- tishlar orasini tozalar ekan, chiqqan (ovqat qoldiqlari)ni yemaslik;
- ovqatlangandan soʻng idishlar yuvib tozalanadi;
- ovqatlangandan keyin ikki qoʻlni boʻgʻimigacha uch marta yuvib, ogʻizni chayish lozim;
- Alloh taoloning zikri va neʼmatlari shukronasidan gʻofil boʻlmaslik;
- ovqat hazm boʻlmaguncha yotmaslik.
CHOYXONA (VA SHU KABI JOY)LARDA:
- koʻngli tortsa, moʻmin kishidan qolgan taomni yemoqlik;
- bir kishilik taomni ikki kishi yeydigan boʻlib qolsa, bunga mone boʻlmaslik;
- toʻlanib ovqatlanadigan joy (choyxona va shu kabi) larda “kim taklif qilsa, barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi” degan qoida qoʻllaniladi; lekin orada ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar boʻlishsa, toʻlovni oʻzini hurmat qilganlar oʻz zimmalariga oladilar va toʻlagan mablagʻ toʻgʻrisida mutlaqo ogʻiz ochmaydilar;
- agar “sizni taklif qilaman” yoki «men sizlarni taklif qilaman» degan ibora eshitilsa, demak shuni aytgan kishi toʻlaydi;
- agar «boraylik» deyilsa, unda hamma oʻz-oʻziga toʻlaydi; agar qandaydir tarzda moliyaviy ishtirok etishni istagan kishi oʻz hissasini ham qoʻshgani afzal;
- koʻpchilik boʻlgan joyda biror uzri boʻlmasa, taomga duo qilinmaguncha oʻrnidan qoʻzgʻalmagani maʼqul;
- ikki kishi bir tovoqda sherik boʻlsa, navbat bilan toq, yaʼni bir yoki uch qoshiqdan taomlanadi;
- mabodo turib ketish zarurati tugʻilib qolsa, holatga qarab, avvalo yonidagilardan, soʻng dasturxon atrofidagi ulugʻ (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odam) lardan hamda yigʻin egalaridan uzrini aytib, kechirim soʻrab, ijozat soʻrab turiladi.
- “Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz…
- Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, ogʻir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada masʼul sanaladi.
- Oila aʼzolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida oʻzaro yaxshi muloqotda boʻlish, oʻrni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qoʻyish – kattalarning burchidir.
- Xususan, non va oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni oʻrgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
- HAYOT nomli “Universitet”ning “tillo diplomi”ga ega boʻlgan,
TAJRIBA nomli “Oliy oʻquv yurt”ning “brilliant sertifikati”ni qoʻlga kiritgan va
AQL nomli “Institut”ning “gavhar hujjati”ni egallagan
oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFESSOR boʻlib qoladilar…
Mehribon Parvardigorimiz oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Oʻzi buyurgan, Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizning ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!