Islomda peshvolikni daʼvo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va soʻzlarni gʻarazli maqsadlari yoʻlida buzib, notoʻgʻri talqin qilishi hammaga maʼlum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, oʻzlariga tobelarni koʻpaytirish, dindor va ilmli boʻlib koʻrinishga harakat qiladi. “Togʻut” soʻzi ular koʻp ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qoʻllaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday maʼnolarda ishlatiladi? Kimlar togʻut boʻlishi mumkin?
“Togʻut” lafzi “tugʻyon” soʻzi bilan oʻzakdosh boʻlib, Alloh belgilab qoʻygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yoʻlidan boshqa yoʻl “togʻut” deyiladi. Togʻutning kattasi Shaytondir.
“Togʻut” kalimasi Qurʼoni karimning sakkiz joyida zikr qilingan boʻlib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Shaʼbiy, Imom Zahhok “Togʻutdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin togʻut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da togʻut soʻzi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim togʻutga kufr keltirib, Allohga imon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan boʻladi”[1] va “Kufr keltirganlarning doʻstlari togʻutlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar”[2] oyatlarida togʻutlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador boʻlganlarning “Jibt” va “Togʻut”ga sigʻinishlarini va kofirlarga “Shular moʻminlardan koʻra toʻgʻriroq yoʻldadir” deyishlarini koʻrmadingizmi?!”[3] oyatida – Jibt va Togʻut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “Oʻzlarini, Sizga nozil qilingan (Qurʼon) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga imon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm soʻrab, Togʻut huzuriga borishni xohlayotganlarini koʻrmadingizmi?[4] oyatidagi togʻut kufrda haddan oshgan, tugʻyonga ketgan Kaʼb ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Togʻut yoʻlida jang qiladilar”[5] va “Kim Allohning laʼnatiga uchragan, gʻazabiga duchor boʻlgan, maymun va choʻchqaga aylantirilgan va togʻutga ibodat qilgan boʻlsa, ana oʻshalar yomon martabadagi va toʻgʻri yoʻldan butunlay adashgan kimsalardir[6] oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va togʻutdan chetlaning” deb paygʻambar yuborganmiz”[7] va “Togʻutdan, unga ibodat qilishdan chetda boʻlganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor”[8] oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Baʼzi olimlar: “Allohdan oʻzga ibodat qilinadigan har qanday narsa togʻutdir”, degan”. Firʼavn, Namrud va oʻzini iloh deb eʼlon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar togʻut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning doʻstlari togʻutlardir” oyatidagi togʻutni Kaʼb ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga koʻp aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda koʻp daʼvat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va koʻpchilik tilshunoslar: “Togʻut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan oʻzga ibodat qilinadigan har qanday narsa togʻut, eng katta togʻut esa Shaytondir”, deydi.
Togʻut soʻzining maʼnosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomiʼul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, togʻut haqida toʻgʻri gap shuki, togʻut Allohga tugʻyon qilib, Uni tark etib, Undan oʻzgaga ibodat qilingan narsadir. Oʻsha maʼbud inson, shayton, but va boshqa narsalar boʻlishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli togʻut soʻzini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man qiladigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning soʻzlaridan togʻut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani maʼlum boʻlmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda baʼzi toifalar musulmon rahbarlarni togʻut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga oʻxshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli imonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin boʻlmoqda, islomning pok nomiga dogʻ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzgʻunchi gʻoyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qoʻymoqda.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi