Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ajdodlarga munosib avlod boʻlaylik” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi. Unda institut rahbariyati, oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Maʼruzachilar ajdodlarimizning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi va jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berib, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning boy maʼnaviy merosida yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ilm olishning afzalliklari, ota-onaga hurmat mavzularining yoritilgani haqida maʼruza qildi.
Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ulugʻ alloma va mutafakkirlar ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va tadqiq etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berildi. Shuningdek, bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida urgʻu qaratildi. Notiqlar ishtirokchilarga buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning hayot yoʻli va ilm talabidagi sayohatlari haqida ham maʼlumotlar berib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytardi.