Home / MAQOLALAR / TAOMLANISH SIRLARI (3-qism)

TAOMLANISH SIRLARI (3-qism)

TAOMLANISH  SIRLARIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

ULAMOLAR  AYTADILAR-KI

  • Taomlanish – har bir moʻmin-musulmonni qiziqtiradigan muhim mavzulardan biri. 
  • Ovqatlanish – nafaqat jismoniy jarayon, balki qadriyatlarimiz va eʼtiqodlarimizni aks ettiruvchi ibodat hamdir. 
  • Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonlaridan qanday ovqatlanishimiz kerakligi toʻgʻrisida kerakli va yetarli tavsiyalar berilgan. Ushbu tamoyillarga amal qilgan holda, biz nafaqat dinimiz koʻrsatmalariga amal qilamiz, balki sogʻligimiz va farovonligimiz haqida ham gʻamxoʻrlik qilamiz.
     

Ovqatlanishning  asosiy  tamoyillari: 

  1. Minnatdorchilik: ovqatlanishni boshlashdan oldin, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam har doim Allohga minnatdorchilik soʻzlarini aytganlar. Shuni yodda tutishimiz kerakki, har bir taom – Allohning marhamatidir. 
  2. Moderatsiya: Islom ovqatlanishda meʼyorni talab qiladi. Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam: “Qorningizning uchdan bir qismini ovqat bilan, uchdan bir qismini suv bilan toʻldiring va uchdan birini nafas olish uchun qoldiring!”, deb marhamat qilganlar. Bu ortiqcha ovqatlanishdan qochish va salomatlikni saqlashga yordam beradi. 
  3. Tozalik: oziq-ovqat halol (ruxsat etilgan) va toza boʻlishi kerak. Bu nafaqat din masalasi, balki tanamizga gʻamxoʻrlik qilishdir. Sogʻligimizga zarar yetkazadigan hamda man etilgan narsalardan qochishimiz kerak. 
  4. Birgalikda ovqatlanish: Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam birgalikda ovqatlanishni ragʻbatlantirdilar. Chunki bu odamlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi hamda doʻstlik va oʻzaro tushunish muhitini yaratadi. 
  5. Turli xillik: tanani barcha kerakli oziq moddalar bilan taʼminlash uchun turli xil ovqatlarni isteʼmol qilish muhimdir.
     
  • Shariatimiz koʻrsatmalariga rioya qilish – nafaqat diniy meʼyorlarga rioya qilish, balki sogʻlom turmush tarziga ham yoʻldir. 
  • Keling, nima yeyayotganimizga diqqatli boʻlaylik va kundalik taomlanishimizda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan oʻrnak olishga harakat qilaylik!.. 
  • Taomlanish avvalo yashash va zikr uchun boʻlishi lozim. 
  • Taomlanish paytida sharoitga qarab, imkon qadar Qiblaga yuzlanib oʻtirishlik maqsadga muvofiqdir. 
  • Agar ovqat ilm oʻrganmoq, unga amal qilmoq va xayrli ishlarni bajarmoq niyati ila yeyilsa, ibodat oʻrniga oʻtadi. 
  • Taom yer ekan, Alloh taoloning: “Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalarning eng pokiza boʻlganlarini yenglar!” amriga uygʻun xatti-harakat qilmoqlikka niyatlanmoq. 
  • Taomning halol va pok boʻlishi shart hisoblanadi. 
  • Halol narsalarni yeyish. 
  • Rizqni Yaratgandan deb bilish. 
  • Uning taqsimotiga rozi boʻlish. 
  • Taom quvvati bilan Unga gunoh qilmaslik. 
  • Dasturxon yozib ovqatlanish – mustahabdir. 
  • Taomdan oldin qoʻl yuvish insonga fayz-baraka keltiradi va kishidan faqirlikni uzoq etadi. 
  • Dasturxon atrofida jam boʻlgan paytda taomilga koʻra duo qilinadi va nonlar ikki qoʻl bilan sindiriladi. Duo qilish, non sindirish – ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib kelgan eng ulugʻ qadriyatlarimizdandir.
     
  • “Bismillahir rohmanir rahim” demoqlik bilan taomlanishni boshlaymiz. 
  • Ulugʻ ulamolarimiz: “Bismillahir rohmanir rahim”ni toʻliq aytmoqlik afzaldir, deganlar. 
  • Dasturxonga qoʻyilgan non va ovqatlarni ayblamaslik yoki past sanamaslik ham chiroyli odoblardan biridir. 
  • Nonni eʼzozlash, uni hurmatini joyiga qoʻyish – fazilati ulugʻ va xislati beqiyos savobli amal. 
  • Adab manbalarida nonni ehtirom qilgan kishi faqirlikdan uzoq boʻlishi hamda nonning ushoqlarini ham isrof qilmaslikning xosiyatlari toʻgʻrisida yetarlicha bayon qilingan. 
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ham nonga boʻlgan muhabbatlari boshqacha edi. U Zot: “Ey, Parvardigorim! Bizni imon va nonning lazzati ila rohatlantir!” derdilar. 
  • Xalqimiz nonni azaldan hurmat qiladi, rizq-nasibalar orasida afzal, aziz va muqaddas deb biladi. Ota-bobolardan oʻtib kelayotgan udum, anʼanaga binoan, hatto non dasturxonga teskari qoʻyilmaydi, ustiga boshqa narsalarni qoʻyishdan qaytaradilar, nondan hatlab oʻtilmaydi, agar non qoʻldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta oʻpib, peshonalariga suradilar. Non ushogʻi dasturxonga tushganda, ulugʻlar bizga barmoqni hoʻllab, ushoq ustiga bosib olib, ogʻizga solishni oʻrgatishgan.
     
  • Dasturxon atrofiga oʻtirishdan oldin sof suv bilan tahoratda hiloli bilan yuvilgani kabi ikki qoʻl boʻgʻimigacha qoʻshib yuvish – dinimizdagi sunnat amallardandir. 
  •   Odobimizda oltin, kumush idishlarda taom yeyish va ichimlik ichishdan qaytarilgan. 
  • Taom suziladigan idish sopol yoki yogʻochdan boʻlmogʻi, zero bunday ovqatlanish ham lazzatli, ham salomatlikka juda foydali boʻlib, insonni kibr va manmanlikdan uzoqlashtiradi. 
  • Taom bilan birga dasturxonga sirka va koʻkat keltirmoq, chunki sirka keltirilgan dasturxonda baraka koʻp boʻlib, faqirlikni ketkazadi. 
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Ali, taomni tuz bilan boshlab, tuz bilan tugating, zero tuz yetmish ikkita dardga davodir. Jumladan, junun (devonalik), juzom, baras (teri kasalligi), qorin va tish ogʻrigʻi va boshqa dardlarga”, – deganlar. Shu bilan birga, tuz ochlik shiddatini pasaytirib, kam yeyishga ham sabab boʻladi.
     
  • Hanafiy mazhabi olimlari taomni tik turib yoki yoʻlda yurib isteʼmol qilishni makruh hisoblaydilar. Bu tarzda taomlanish odob-axloq qoidalariga zid ekanligini aytadilar. 
  • Kimki tik turib va yo yurib ovqat yeyishga odatlansa, unga muhtojlik va faqirlik eshigi ochib qoʻyiladi, umri xor-zorlikda oʻtadi, deb rivoyat qilingan. 
  • Oʻtirgan holda ichish va yeyish – mustahabdir. 
  • Bir luqmaning 360 xizmatchisi bordir. Bu xizmatchilarning birinchisi – Mikoil alayhissalom boʻlsalar, oxirgisi – oʻsha nonni pishirgan odamdir. 
  • Bir burda non uchun Alloh taoloning 360 ta maxluqotlari farmonbardor boʻlar ekan. Avval Alloh taoloning Rahmat konidan Mikoil alayhissalom suv olib chiqar, soʻngra bulutlar, Quyosh va Oy, osmondagi boshqa farishtalar, yerda esa dehqonlar, oxiri nonvoylar xizmatda boʻlar ekan.
     
  • Dasturxonga toʻkilgan non ushoqlarini odob va ehtirom bilan terib yemoq kerak. 
  • Hadisi shariflarda kelishicha, dasturxondagi non va taom ushoqlarini terib yegan kishining rizqi keng boʻlib, avvalo oʻzidan, farzand va nabiralaridan jahl va nodonlik koʻtariladi. 
  • Boshqa bir xabarda ushoqni tergan kishining ayshi farogʻ boʻlib, farzandi salomat va aybsiz boʻladi, deb marhamat qilingan. 
  • Taomni yoqtirmaslik ham – nodonlik alomati. 
  • Ovqatlanishda tez va shitob bilan yeyish qalbni qotiradi va koʻrlikka sabab boʻlishi mumkin. 
  • Taomlanish paytida soʻzlashish – mustahabdir. 
  • Nonning betini va ichini yeb, qolgan joyini qoldirishlik odobdan boʻlmay, u neʼmatni past sanashlik boʻladi. Bu holat esa inson va uning oilasida rizqini tang boʻlishiga sabab boʻladi. 
  • Halol taom va noz-neʼmatlarni, chiroyli dasturxonni maʼsiyat, gunoh narsaga aylantiradigan nojoʻya va nopok narsalardan uzoq boʻlishlik, zero unday dasturxonlar befayz, barakasiz boʻlur. Bunday joylardan farishtalar uzoqlashurlar. 
  • Nonni qoshiq, kosa, tovoq oʻrnida ishlatmaslik toʻgʻrisida azaliy ibratli anʼanalarga egamiz. 
  • Idishlarning eng yaxshisi – loy-sopoldan yasalganidir. 
  • Idishlarning labi uchmagan, darz ketmagan yoki sinmaganiga eʼtibor berish lozim. 
  • Ayrim narsalar borki, ularni birga isteʼmol qilish sogʻliqqa zarar va sunnatga xilofdir. Ular: baliq bilan sutni, sut bilan nordon narsani, sut bilan tuxumni, sut bilan goʻshtni, qovurilgan goʻsht bilan qaynatilgan goʻshtni,  qotgan goʻsht bilan yangi goʻshtni qoʻshib yeyish mumkin emas. 
  • Juda issiq va juda sovuq taomni tanovul qilish sunnatga xilofdir. Odamlar bilan koʻrishadigan odam piyoz va sarimsoqni xomligicha yeyishi durust emas. 
  • Sanaladigan taomlar tanovul qilmoqchi boʻlsa, toq sonni tanlagan maʼqul. Misol uchun, taomdan somsa, chuchvara, manti, mevalardan olma, xurmo, anjir kabi. 
  • Barmoqlarni yalashning ham oʻziga yarasha tartibi bor. Avval oʻrta barmoq, keyin bosh barmoq, keyin koʻrsatkich barmoq yalanadi. 
  • Til bilan tishlar orasidan chiqarilgan taom qoldigʻini yeyish makruh emas. Ammo tish kovlagich bilan chiqarilgan qoldiqni yeyish chiroyli emas. 
  • Tishni koʻp kovlamaslik kerak. Milkka salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tishni kavlayotib, ogʻizni barmoqlar bilan bekitib olish kerak. 
  • Idishning ogʻzidan va kosaning singan yeridan suv ichmagayki, anda chirklar jam boʻladi. Va ariqdan va hovuzdan boshini tuban qilib, ogʻzi birlan suv ichmagayki, makruhdir. Va yana suv ichidan zarar qiluvchi narsa ichiga ketishi ehtimoli bordir. 
  • Siniq kosada ovqat yemang, suv ham ichmang! 
  • Sharbat yoki sovuq suvning barchasini oʻzi ichmasdan, balki yonidagi kishilarga ham qoldirish kerak. Bu – sunnatdir. 
  • Hanafiy mashoyixlaridan birlari aytadilar: “Oilada dasturxonga zarurdan ziyoda nonlarni qoʻyib tashlash isrof amallardan hisoblanadi. Taom solingan idishni toʻgʻrilash uchun idish ostiga non qoʻyish yoki nonlar ustiga idishlarni qoʻyish ham mumkin emas. Xususan, ovqatlangandan soʻng barmoqlarni hamda ishlatilgan pichoq, qoshiq va idishlarni non bilan artish ham islom dinida makruh, yaʼni yomon amallardan sanalgan”.
     
  • Nonni eʼzozlash, xor qilmaslik, nonga tahqir nazari bilan boqmaslik, nonning ustiga goʻsht, nonxurush va pishiriqlarni qoʻymaslik, isrof etmaslik odobini dono ota-onalarimiz farzandlari ongiga singdirganlar.
     
  • Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni eʼzozlanglar!” deb marhamat qilganlar. Bu hadisi sharifga binoan, ulamolarimiz nonni qadrlab oʻpish, izzat-ikromini ijro etish lozim deb sanashgan.
     
  • Bizning kitoblarimizda nonning isteʼmoli, saqlanishi, dasturxon uzra turishi yuzasidan koʻrsatmalar koʻp. Aynan shunday koʻrsatmalardan birida uning ustiga tuzdan boshqa narsalarni qoʻyishdan qaytarilgan. Ammo qora dona boʻlmish sedanani non ustiga qoʻyilishining sababi, sedananing shifobaxsh xosiyatini bayon qiluvchi hadisi sharif borligidandir. Zero hadisi shariflarda “Qora dona sedana oʻlimdan boshqa barcha dardlarga davodir” deyilgan. Nonga bunday ehtiromning boisi – u yer-osmon barakoti hamda insonlarning sevimli ozuqasidir. Uni isteʼmol qilgan odam darrov toʻqlikni his etadi, nafsi orom oladi. “Non – jasadning ozuqasidir. Ozuqa – ruhning quvvatidir. Alloh taolo nonni rizqlarning sharofatlirogʻi qilib yaratdi”.
     
  • “Doim toza, pokiza ovqatlar yeng!” 
  • “Asal yeb turing, chunki u – ming dardga davo”. 
  • “Behi yeyish yurak xastaligini ketkazadi”. 
  • “Sigir suti – shifo, yogʻi – davo”. 
  • “Sigir sutini koʻproq isteʼmol qiling, chunki u turli dorivor giyohlarni terib yeydi”. 
  • “Tishlaringiz orasini tozalashlik bilan ularni toza-ozoda tuting! Chunki bu – bir poklikdir. Poklik, ozodalik – imonga, imon esa oʻz egasini jannatga boshlab borur”. Shu boisdan tishlarni toza-ozoda tutishlik rizqning barakali, moʻl-koʻl boʻlishiga sabab boʻlur.
     
  • Mezbonni duo qilish – mustahabdir.
     
  • Adab kitoblarida nonlar qaysi shaklda pishirilgan boʻlmasin, isteʼmol qiluvchi undan oʻziga maqbul joyi (oʻrtasi yoki atrofi)ni yeb, qolganini tashlashi mumkin emasligi taʼkidlanadi.
     
  • Toʻy va ziyofatlarda dasturxonga tortilgan noz-neʼmatlar ichida non mahsulotini yetarlidan ziyoda qilish isrof deyilgan. Aytish joizki, non neʼmatini qaysi holatda boʻlsa ham isteʼmol qilish mumkinligi isrofning oldini oladi.
     
  • Inson olamiga qut-baraka boʻlgan non neʼmatining yana ham barakotli boʻlishi uchun izzat-ikrom qilish – odam farzandi zimmasidagi burchdir. Zero uni izzat qilish mohiyatida mavjud rizqqa rozi boʻlish ifodasi yotadi.
     
  • Hadisi shariflarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi” deganlar. Bu hadisi sharif sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, neʼmatlarni inkor qilib, oʻziga jafo qilganlardan boʻladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar neʼmatga jafo qilsa, katta neʼmatlar nafratga aylanadi. Neʼmat ketgandan soʻng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, deyilgan.
     
  • Boshqa fiqhiy kitoblarda ham nonga oyoq bosish, uni asbob qilib ishlatish, xamir va nondan har xil shakllarni yasash, non ustida oʻtirish, uni nopok joylarga tashlash, xususan, chiqindi hisobida uloqtirish mumkin emasligi toʻgʻrisida aniq va batafsil taʼkidlanadi.
     
  • Alloh taolo insonlarni isrofning barcha koʻrinishidan qaytarib, uning yomon oqibatlarini ham bayon qilib berdi. Neʼmatga xiyonat qilish va notoʻgʻri joylarga ishlatishni “gunoh” deb baholadi.
     
  • Aql-idroklari bilan boshqa ayollarga ham namuna boʻla olgan, tarbiya va zakovati bilan, oʻz nasihati bilan oila, roʻzgʻor odob-axloqini tarqata oladigan dono ayollar roʻzgʻorlarini juda ustalik bilan, mohirona, tejamkorlik ila olib boradilar. Bunday ajoyib fazilat har bir oilaga yoqadi.
     
  • Aslida tejamli boʻlish va isrofdan saqlanish – har bir ayolning kundalik vazifasidir.
     
  • Ishbilarmon uy bekasi kundalik hayotda sabzavot-mevalarning aynib, chirishiga yoʻl qoʻymaydi, oziq-ovqatlarni isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolishdan saqlaydi, ovqatlarni pazandalik mahorati bilan mazali, totli qilib tayyorlaydi, oila dasturxonidan ortgan nonlarni tashlab yubormasdan, ulardan pishiriq va taomlar tayyorlab, isteʼmol qilish chorasini koʻradi.
     
  • Agar nazar solsangiz, oila va roʻzgʻor yuritishda har bir xonadonning dinimiz hamda milliy udumlarimizga mos boʻlgan oʻz nizom va tizimi boʻladi. Bu tartiblarning bajarilishi asosan oiladagi kattalar tomonidan nazorat qilib turiladi. Xususan, bu tartib-qoidalar uy-joyni ozoda va pokiza saqlash, anjomlar, libos va kiyimlarni asrab-avaylash, isrof qilishdan saqlanishga ham taalluqlidir. Roʻzgʻorga kelgan oziq-ovqat, xom ashyo, meva-sabzavot, shirinlik va non mahsulotlarini toʻgʻri saqlay bilish ham – oila bekasining zimmasida. Sifati tez oʻzgaruvchi oziq-ovqatlar ichida non mahsuloti ham suvi qochib, qattiq nonga aylanishi tez-tez uchrab turadigan voqealardan. Uy bekasi avvalo bunga yoʻl qoʻymasligi, kundalik isteʼmolga yetadigan non olinishini nazorat qilishi, agar ortib qoladigan boʻlsa, uni qotirib qoʻyishi zarur.
     
  • Baʼzi oilalarda oʻynab yurgan bolalarning qoʻllariga ham non berishadi. U bolalarcha ish tutadi, yosh bolaligiga borib, nonni u yer-bu yerga qoʻyadi yoki ushogʻini toʻkadi. Natijada kattalar “yoshlarni non qadrini bilmaslikda” ayblaydilar. Shunda savol tugʻiladi: “Ota-onasi bolaga nonning qadr-qimmatini, uni hurmat qilish kerakligini yoshligida tushuntirganmikan?”, “Bola nonning ushogʻini ham isrof qilmaslik kerakligini bilarmikan?”, “Non qadrini anglamagan, isrofning zararlarini his qilmagan odam oʻz farzandiga bu borada qanday nasihat qilishi mumkin?”
     
  • Gohida “Non isrofi noshukrlikdan kelib chiqayotgan emasmikan?” degan savol tugʻiladi. Sababi – shukronalik doimo insonni itoatga, mehnatsevarlikka, bor neʼmatni qadrlashga undaydi.
     
  • Yerdagi non ushoqlarini terib yeyishlik – berilgan neʼmatga shukronaning ifodasi boʻladi. Hadisi shariflarda: “Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi” deya marhamat qilingan.
     
  • Kitoblarimizda “isrof” – (garchi infoq moddiy xarajatda mashhurroq boʻlsa-da), u “inson qiladigan har bir amal va har bir soʻzida haddan oshishdir” deyilgan.
     
  • Alloh taolo bergan ulugʻ neʼmatlarni uzrsiz, sababsiz isrof qilganlar – Alloh taoloning buyrugʻi va Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarmagan kishilar hisoblanadi. 
  • Isrof” soʻzi asli arabcha boʻlib, lugʻatda “hisobsiz tarzda ishlatish”, “meʼyordan oshib ketish”, “haddidan oshish”, “chegaradan chiqish” kabi maʼnolarni bildiradi. 
  • Istilohda esa moddiy va maʼnaviy maʼnoda ishlatilsa-da, koʻproq moddiy sarf xarajatlarda oʻz ifodasini topadi. 
  • Har qanday ishda chegaradan chiqish – isrofdir. 
  • Inson qiladigan har bir amal va har bir soʻzida haddan oshish – isrofdir. 
  • Isrofga yoʻl qoʻygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning neʼmatlarini oʻrniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan boʻladi. Tilimizda ushbu soʻz “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “neʼmatni qadrlamaslik” kabi maʼnolarni anglatadi. 
  • Har bir narsa zaruratdan tashqari yoki notoʻgʻri maqsadga ishlatilsa, buning natijasi parokandalikka olib borishi – isbot talab qilmaydigan  haqiqatdir. Shuning uchun ham Qurʼoni karim oyatlarida alohida eʼtibor qaratilib, Alloh taolo bergan neʼmatlarni isrof qilmaslik lozimligi toʻgʻrisida koʻp aytib oʻtilgan. 
  • Isrof – pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan neʼmatlarni nojoʻya sarflashdir.
     
  • Ulamolarning aytishlaricha, ISROF:
    • faqirlikka yetaklaydi,
    • jannatdan uzoqlashtirib,
    • doʻzaxga yaqinlashtiradi,
    • Alloh taoloning gʻazabiga sabab boʻladi.
       
  • Yoshlari kattalar darrov oʻtgan kunlarni eslashadi va isrofli toʻy toʻgʻrisida “toʻqlikka shoʻxlik” degan xalq maqolini beixtiyor tilga olishadi. 
  • Ulamolar yangi kelgan har bir mehmon uchun non neʼmatining “issiq non” bahonasida ushatilishini ham isrofdan deb baholaydilar. 
  • Toʻylarda xursandchilik sifatida pul sochish, ularning oyoq ostilarida qolishi – nooʻrindir. Zero pul birligi davlat ramzi boʻlishi bilan birga, milliy qadriyat hamdir. 
  • Islom dinida mol-dunyo (tilla, kumush, pul birliklari)ni oyoqosti qilishlik, chiqindi joylarga tashlashlik, pulga tuflashlik, aqli noqislarga berishlik kabi nojoʻya amallardan qaytarilgan.
     
  • “Fayzul Qadir” kitobida hukamolar “Non oʻpiladi, bosilmaydi!” degan masalani taʼkidlab keltirganlar. 
  • Darhaqiqat, har bir zamon dahosi, donosi, olimi, fozili, hoziqu hakimi yoki faqiru fuqarosi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, nonni eʼzoz etishga undaydi va bunga avvalo oʻzi amal qilishga intiladi. Hech bir zamon ahli qiyinchilik, qimmatchilik, qahatchilik, qurgʻoqchilik kabi inson uchun ogʻir va zararli boʻlgan kun kelishini xohlamaydi. Balki kundalik hayotida doimo rizq-nasibasi keng, umri uzoq, hayoti farovon boʻlishini istab Yaratganga iltijo qiladi. 
  • Qanoatning ikkinchi sharti – neʼmatlarni rejali xarjlash. Hayotda tadbirli kimsalar birovlarga xushomad qilmaydi, yolgʻon gapirmaydi, hirs va tama balosiga duchor boʻlmaydi. 
  • Roʻzadorning oldida taomlanish hurmatsizlik va beodoblik hisoblanadi. 
  • Roʻzador ham taomlanayotganlar huzurlarida boʻlmagani maʼqul. 
  • Roʻza tutmayotgan kishi Ramazon oylarida odamlarning oldilarida taomlanmagani hurmat-ehtirom hisoblanadi. 
  • Iftor paytida sharoitga qarab, azondan soʻng avval ogʻizni ochib, yengilroq taomlanib, shom namozi ado etilishi afzalroqdir. 
  • Bemor huzuriga kelgan kishi, agar biror uzri boʻlmasa, bemor taklif etgan taomdan isteʼmol qilgani maʼqul boʻladi. 
  • “Non ham non, uvogʻi ham non” – xalqona hikmat. Uning mazmunida gunoh, zoye, isrof xavfi bor. Qayerdaki, kimdaki bu xususga andisha boʻlmasa, bir jazosi bor. Bu oʻgit shu sababdan koʻp takror boʻlgan. 
  • Taomdan soʻng berilgan neʼmatlarga shukrona keltirish, hamd-sano aytib, taom tayyorlagan va taqdim etganlarga duo qilish – dinimizning asosiy taʼlimotlaridan biridir. 
  • Ovqat hazm boʻlmaguncha yotmaslik. Chunki hazmdan oldin yotishlik qalbni qoraytiradi. 
  • Shuning uchun taomdan keyin loaqal 4 rakaat namoz oʻqish lozim, yoki 100-marta «Subhanalloh!» demoqlik va yo 1 juz Qurʼon oʻqimoq darkor. 
  • Xayr va ehsonda isrof boʻlmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yoʻqdir” (Imom Aʼzam rahmatullohi alayh).
Davomi bor…
Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz

Check Also

XUROSON MAVOLIYLARI VA ULARNING HADIS ILMI RIVOJIDAGI OʻRNI

Islomni yetkazish va bayon qilish vazifasi yuklatilgan Paygʻambarimiz (s.a.v) va birinchi navbatda xitob qilingan qavm …