Home / FOTO LAVHALAR / Malayziyaning islom sanʼatiga oid nodir kolleksiyasi Oʻzbekistonda namoyish etiladi

Malayziyaning islom sanʼatiga oid nodir kolleksiyasi Oʻzbekistonda namoyish etiladi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi Malayziya Islom sanʼati muzeyi rahbariyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi. Markaz matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda ushbu muzeyning noyob eksponatlarini namoyish etishga bagʻishlangan maxsus koʻrgazmalari tashkil etiladi. Koʻrgazmada mamlakatimiz tarixi bilan bogʻliq noyob islom madaniyati asarlari namoyish etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi va muzeyga sayohati

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni rasmiy tashrifi doirasida Kuala-Lumpurdagi Malayziya Islom sanʼati muzeyiga tashrif buyurdi.

Ushbu muzey Janubi-Sharqiy Osiyo markazida joylashgan va islom sanʼati merosini oʻrganish hamda asrab-avaylashga yoʻnaltirilgan. Muzey 1998-yilda Malayziyaning “Al-Buxoriy” jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, uning umumiy maydoni 300 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu nafaqat mahalliy aholi, balki islom mamlakatlaridan kelgan koʻplab sayyohlarni ham oʻziga jalb qiladi.

Davlatimiz rahbarini ushbu madaniy muassasalardan biriga asos solgan shaxslardan biri – muzey direktori Said Muhammad Buxoriy hamrohlik qildi. Prezidentimiz uchun maxsus tashkil etilgan muzey boʻylab ekskursiya davomida Said Muhammad Buxoriy oʻzbek ustalari muzey binosidagi beshta gʻaroyib gumbazning ichki bezaklarini milliy uslubda yaratish va tiklash ishlarida faol ishtirok etganini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Malayziya Islom sanʼati muzeyida saqlanayotgan noyob artefaktlar, xususan, mamlakatimiz tarixi bilan bogʻliq madaniy meros namunalari, qadimiy qoʻlyozmalar, betakror miniatyuralar va tarixiy ashyolar bilan tanishdi.

Shuningdek, muzeyda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga chiqadi

Tashrif davomida Oʻzbekiston Prezidenti muzeyning noyob eksponatlarini Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etish boʻyicha taklif bildirdi. Bu taklif Said Muhammad Buxoriy tomonidan iliq qarshi olindi va katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Muzeyga tashrif yakunida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov Malayziya Islom sanʼati muzeyi direktori Said Muhammad Buxoriy bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy markazlari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Said Muhammad Buxoriy Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusini mamnuniyat bilan qabul qilishini taʼkidlab, bu vazifani bajarish uning va muzey jamoasi uchun sharaf ekanini bildirdi. Shuningdek, ushbu muhim tashabbusni amalga oshirish uchun ikki tomonlama yetakchi mutaxassislarni jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida eksponatlarni joylashtirish konsepsiyasini aniqlash boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, malayziyalik hamkorlarga Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida maʼlumot berildi.

Malayziya Islom sanʼati muzeyi direktori mazkur muzey koʻrgazmasining ikkinchi bosqichini Imom Buxoriy majmuasida tashkil etish taklifini ham qoʻllab-quvvatladi.

Ilmiy hamkorlik forumi va strategik kelishuvlar

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining tashkiliy koʻmagida 4-fevral kuni Malayziya Islom sanʼati muzeyida “Madaniy meros: Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻprik” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbir natijasida:
 • Oʻzbekiston va Malayziya olimlari jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi,
 • Ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida qoʻshma Deklaratsiya imzolandi,
 • Malayziya Islom tushunchasi va sivilizatsiyasi xalqaro instituti Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga 100 000 dan ortiq noyob qoʻlyozma va nashrlarning elektron nusxalariga kirish huquqini taqdim etuvchi sertifikatni topshirdi.

Bu sertifikat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va buyuk allomalar asarlarini chuqur oʻrganishga qaratilgan yuksak eʼtibori uchun bildirilgan samimiy hurmat va eʼtirof belgisi sifatida baholandi.

Shu bilan birga, tadbir doirasida Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasining ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim oʻrni va uning malayziyalik bir qator nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Said Muhammad Buxoriy quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Oʻzbekiston haqiqiy sivilizatsiya markazidir. Sizlarda madaniyatga oid koʻplab jihatlar borki, biz ulardan oʻrnak olishimiz mumkin. Oʻzbekiston Prezidentining Malayziyaga tashrifi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, muhtaram Prezidentingiz tarixni chuqur biladi va madaniyatni yuksak qadrlaydi. Oʻzbekistonda madaniy hayotda yuz berayotgan oʻzgarishlar va taraqqiyotdan shuni anglash mumkinki, davlat rahbari madaniyat hayotning ajralmas qismi ekanini yaxshi tushunadi. Shu bois u madaniyatni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Men Oʻzbekiston rahbarining tashabbus va fikrlariga toʻliq qoʻshilaman. Oʻzbekiston boshqa mamlakatlar uchun ham oʻrnak boʻlishi mumkin, chunki sizlarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak bahoga loyiqdir. Oʻzbekiston bilim va madaniyatni atrofdagilar bilan baham koʻrmoqda. Bu jarayonda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi katta rol oʻynamoqda. Biz markaz bilan nafaqat hozir, balki kelajakda ham doʻstona hamkorlik qilishga tayyormiz. Ishonamanki, Malayziya Islom sanʼati muzeyi va Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi.”

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov Prezidentning ushbu tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, quyidagicha izoh berdi:
Muhtaram Prezidentimiz tashrifi hamda ular tomonidan ilgari surilgan gʻoya va takliflar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziya Islom sanʼati muzeyi oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Davlatimiz rahbari oʻzaro hamkorlik albatta amaliy natijalar berishi kerakligini alohida taʼkidladilar. Shu bois olijanob Prezidentimizning takliflariga muvofiq, muzey koʻrgazmasi Oʻzbekistonda tashkil etiladi.

“Endilikda bizning asosiy vazifamiz – barcha kelishuvlarni ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirishdir.”— dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov.

Manba

Check Also

Oʻzbekiston-Malayziya: Ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar xodimlari 3-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida …