TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat) ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
ALLOH TAOLO MARHAMAT QILADI:
- «Bas, ey, moʻminlar! Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yeng hamda, agar Allohga ibodat etuvchi boʻlsangiz, Uning neʼmatlariga shukr qilingiz!» (Nahl surasi 16/114 oyat);
- «Sizlar oʻzlaringiz ichayotgan suvni oʻylab koʻrdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yogʻdirdingizmi yoki Biz yogʻdiruvchimizmi?! Agar Biz xohlasak, uni shoʻr va achchiq qilib qoʻygan boʻlur edik. Bas, shu obi hayot uchun ham shukr qilmaysizmi?» (Voqea surasi 56/68-70 oyatlar);
- «Biz osmondan aniq oʻlchov bilan suv yomgʻir, qor yogʻdirib, uni yerga joylab qoʻydik va Biz uni ketkazishga ham, albatta, qodirdirmiz» (Moʻminun surasi 23/18 oyat);
- «Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar! Zero U isrof qilguvchilarni sevmas!» (Aʼrof surasi 7/31 oyat);
- «Yana Rabbingiz eʼlon qilgan bu soʻzlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat).
JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
- “Taomdan oldin va keyin qoʻllarni yuvish faqirlikni daf qiladi va bu – oʻtgan paygʻambarlarning sunnatlaridandir” (Imom Tabaroniy rivoyati);
- “Kim yaxshiligini Alloh ziyoda qilishini istasa, taom tayyor boʻlganida va oxirida qoʻlini yuvsin!” (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyati);
- “Har kimki taomdan oldin qoʻlini yuvsa, kambagʻallikdan emin boʻlgʻay”;
- “Haq boʻla turib, janjalni tark etgan kishiga Jannat yonidagi bir uyga kafilman!
Hazildan boʻlsa ham, yolgʻonni tark etgan kishiga Jannat oʻrtasidagi bir uyga kafilman!
Goʻzal xulqli kishiga Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!” (Imom Abu Dovud rivoyati);
- Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va toʻsatdan koʻzlari toʻkilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. Soʻngra: “Alloh taolo bergan neʼmatlarni qadrlagin! Zero u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” – dedilar»;
- “Nonni eʼzozlanglar, chunki Alloh taolo uni ulugʻlagan. Kim nonni ulugʻlasa, Alloh taolo u kishini ulugʻlaydi” (Imom Tabaroniy rivoyati);
- “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”;
- “Inson qornidan yomonroq idishni toʻldirmaydi. Odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri – taom, uchdan biri – suv va qolgan uchdan biri – nafas uchundir” (Imom Termiziy rivoyati);
- “Odamlarni suv bilan siylagan kishi oʻzi oxirgi boʻlib ichadi” (Imom Termiziy rivoyati);
- “Taom suzilgan laganning atrofidan yenglar, oʻrtasidan yemanglar! Zero oʻrtasiga baraka yogʻilib turadi” (Imom Ibn Moja rivoyati);
- “Nonni eʼzozlanglar, unga qoʻshib yeyiladigan nonxurush yoki taomni kutmaslik uni eʼzozlashdandir” (Imom Bayhaqiy rivoyati);
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa – yerdilar. Koʻngillari tusamasa – tark qilar edilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati);
- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Saʼad raziyallohu anhu tahorat qilayotganida: “Ey, Saʼad, bu isrof nimasi?” – dedilar. Saʼad raziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?” – deb soʻradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning boʻyida turgan boʻlsangiz ham!” – dedilar (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati);
- “Isrofga yoʻl qoʻymay va takabburlik qilmagan holda yeng, iching, kiyining va sadaqa qiling!” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati);
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin!” – dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka boʻlishini bilmaysiz”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyati);
- “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qoʻllarini artishdan oldin ularni yalar edilar” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
- Imom Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Ey, Oisha, Allohning neʼmatlariga yaxshi munosabatda boʻlgin! Agar u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi”, deb keltirilgan;
- “Alloh taologa taomlarning yoqimlirogʻi – uning ustida qoʻllarning koʻp boʻlganidir” (Imom Bayhaqiy va Imom Ibn Hibbon rivoyati);
- “Kim hayotda tejamli boʻlsa, qashshoqlik koʻrmaydi” (Imom Termiziy rivoyati);
- “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlikka yoʻl qoʻymanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati);
- “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir” (Imom Ibn Moja rivoyati);
- “Nonni eʼzozlanglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotlaridan biri qilib tushirgandir”;
- “Taomning barakasi – taomlanishdan oldin va keyin qoʻlni yuvishdadir” (Imom Termiziy rivoyati);
- “Ustida koʻp qoʻl boʻlgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir”;
- “Oltin va kumush idishlarda taom va suv ichmanglar!”;
- “Tejamkor kishi nochor boʻlmas”;
- “Agar birortangiz ziyofatga chaqirilsa, chaqiriqqa albatta javob bersin. Agar roʻzador boʻlsa, ziyofat egasi haqqiga duo qiladi. Roʻzador boʻlmasa, taomlanadi” (Imom Muslim rivoyati);
- “Nonni ehtirom qilinglar!”;
- “Tejamkor kishi aslo faqir boʻlmaydi”;
- “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlik ichganlarida uch marta nafas olar edilar va: “Mana shu qondiruvchiroq, bezararroq va singuvchiroq”, – der edi”;
- “Taomning oʻrtasiga baraka yogʻilib turadi. Bas uning atrofidan yenglar, oʻrtasidan yemanglar!”;
- “Kechki taom tayyorlanganda namozga takbir aytilsa, kechki taomdan boshlanglar!”;
- “Kechki taom hozirlansa, shom namozini oʻqishdan oldin kechki taomdan boshlanglar!”;
- “Birortangizning luqmasi yerga tushib ketsa, uni olib, yopishgan zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha qoʻlini sochiqqa artmasin. Chunki, u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi” (Imom Muslim rivoyati);
- “Kim bir birodarini to toʻygunicha non bilan siylasa, to qongunicha suv bilan sugʻorsa, Alloh taolo uni doʻzaxdan yetti xandaq uzoq qiladi. Har bir xandaq yetti yuz yillik yoʻldir” (Imom Nasoiy va Imom Hokim rivoyati);
- «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Ul Zotga aytdilar: “Biz ovqatlanamiz, lekin toʻymaymiz». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar yakka-yakka ovqatlanasizlarmi?” – dedilar. Ular: “Ha, shunday”, – deyishdi. U Zot sollallohu alayhi vasallam: “Ovqatning ustida jam boʻlinglar va Allohning ismini aytinglar, sizlarga baraka beradi”, – dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati);
- “Tishlaringiz orasini tozalashlik bilan ularni toza-ozoda tuting! Chunki bu bir poklikdir. Poklik, ozodalik – imonga, imon esa oʻz egasini jannatga boshlab borur” (Imom Tabaroniy rivoyati);
- “Kim tilla yoki kumush idishda ichsa, albatta, jahannam olovi uning qornida qaynaydi” (Imom Muslim rivoyati);
- “Taomlarning eng yomoni – boylar xoslab chaqirilib, faqirlar taklif qilinmay qolganidir” (Imom Buxoriy rivoyati);
- “Bir kishining taomi ikki kishiga yetgaydir” (Imom Tabaroniy rivoyati);
- “Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati koʻp tekkanidir”;
- “Dasturxonga toʻkilgan taom va ushoqlarni terib yeydigan odamning gunohlari toʻkiladi”;
- “Qoʻllarida ovqatdan qolgan yogʻ qoldiqlari bilan yotib uxlagan odamga biror kasallik yopishsa, oʻzidan koʻrsin;
- “Moʻminlarning imoni eng mukammali — xulqi goʻzal boʻlganlaridir” (Imom Termiziy rivoyati);
- “Albatta, odamlarga goʻzal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyati);
- “Allohning neʼmatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;
- “Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingda qorni och bechoralarni ham esingda tut! Shunda sen Allohning bergan neʼmatlariga shukr qilishing osonroq boʻladi” (hadisi qudsiy);
- “Albatta, men – Allohning quliman. Qullardek oʻtiraman va qullardek ovqatlanaman”.
Davomi bor…
Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz