Joriy yilning 13-dekabr kuni Ummon sultonligining Oʻzbekistondagi elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi. Mehmonga Markaz rahbari Sh.Ziyodov hamda Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov hamroh boʻldi.
Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy dastlab Markaz muzeyi va kutubxonasi faoliyati, jamoa erishgan ilmiy muvaffaqiyatlar bilan yaqindan tanishdi. Xodimlarning yuqori ilmiy salohiyati, nashr etilayotgan adabiyotlarning yuksak maʼrifiy qiymatini alohida eʼtirof etdi.
Shundan soʻng Markaz rahbari Sh.Ziyodov hamda Maktab rektori B. Amonov elchi xonim bilan Ummon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ilmiy aloqalar, hamkorlik loyihalari va ularning istiqboli masalasida muloqot qildi.
Vafo Jabr xonim Markazning Imom Buxoriy merosini asrash va avlodlarga yetkazish yoʻlida qilayotgan xizmatlarini yuqori baholadi. Kelgusida qoʻlyozmalar bilan ishlash boʻyicha Ummon tadqiqotchilari va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashga harakat qilishini taʼkidladi.