Home / YANGILIKLAR / Jakartada «Imom Buxoriy: O’zbekiston islom san’ati» nomli ko’rgazma ochildi

Jakartada «Imom Buxoriy: O’zbekiston islom san’ati» nomli ko’rgazma ochildi

Indoneziya poytaxtidagi «Istiqlol» masjidida «Imom Buxoriy: O’zbekiston islom san’ati» nomli ko’rgazma ochildi.

Ko’rgazma O’zbekistonning boy madaniy merosini aks ettiruvchi, Imom Buxoriy hayoti va ijodiga bag’ishlangan noyob hamda zamonaviy texnologiyalar ko’magida yaratilgan san’at asarlari to’plamidan iborat. Eksponatlar orasida O’zbekiston hunarmandlari tomonidan yaratilgan xattotlik asarlari, kulolchilik buyumlari, kashtado’zlik va zargarlik san’ati namunalari, milliy liboslar va miniatyuralar o’rin olgan.

Ko’rgazmaning tantanali ochilish marosimida Indoneziya madaniyat vaziri Fadli Zon, din ishlari vaziri – «Istiqlol» masjidi bosh imomi Nasaruddin Umar, Tashqi ishlar vazirligi madaniy-gumanitar aloqalar departamenti boshlig’i Yuliana Bahor, shuningdek, mamlakat Ulamolar kengashi rahbariyati, siyosiy doira vakillari, jamoat tashkilotlari namoyondalari va boshqalar ishtirok etdi.

Indoneziya din ishlari vaziri – «Istiqlol» masjidi bosh imomi Nasaruddin Umar o’z nutqida, O’zbekiston haqli ravishda islom sivilizatsiyasi markazi sifatida e’tirof etilishini ta’kidladi. «Arabiston yarim orolida dunyoga kelgan muqaddas dinimiz aynan O’zbekiston hududida yashab ijod qilgan ulamo va donishmandlarning sa’y-harakatlari bilan rivoj topib, yuksak cho’qqilarga ko’tarildi. O’zbekiston o’zining boy tarixi va betakror madaniyati bilan xalqlarni birlashtirish, dunyo mamlakatlari o’rtasida do’stlik ko’prigini yaratish salohiyatiga ega bo’lgan mamlakatdir. Shubhasiz, «Imom Buxoriy» kreativ guruhi tomonidan tashkil etilgan bugungi ko’rgazma Indoneziyada yilning eng muhim va yorqin madaniy voqeasi bo’lib qoladi hamda ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixidan munosib o’rin egallaydi. Fursatdan foydalanib, O’zbekiston hukumatiga ushbu loyihani qo’llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman», dedi u.

Indoneziya madaniyat vaziri Fadli Zon o’z chiqishida, Imom Buxoriy islom olamining buyuk shaxslaridan biri ekanini qayd etdi. «Donishmand O’zbekiston hududida tavallud topgan. Ul zotning qadimiy Samarqand yonida joylashgan maqbarasi bugungi kunda dunyo musulmonlarining muqaddas ziyoratgohi hisoblanadi. Ushbu ziyorat amalini bajarish har bir indoneziyalikning orzusi. Ishonchim komilki, bugun ochilayotgan O’zbekiston islom san’ati ko’rgazmasi xalqimizda katta qiziqish uyg’otib, mamlakatlarimiz o’rtasidagi xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish uchun turtki bo’ladi va madaniy-gumanitar aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», dedi madaniyat vaziri. 

«Imom Buxoriy: O’zbekiston islom san’ati» ko’rgazmasi 2025-yil fevral oyiga qadar davom etadi.

Check Also

UMMON SULTONLIGINING OʻZBEKISTONDAGI ELCHISI IMOM BUXORIY XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZIDA BOʻLDI

Joriy yilning 13-dekabr kuni Ummon sultonligining Oʻzbekistondagi elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy Imom Buxoriy xalqaro …