Home / MAQOLA / FIQHIY MANBALARDA TINCHLIKNING TARGʻIB QILINISHI

FIQHIY MANBALARDA TINCHLIKNING TARGʻIB QILINISHI

Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi qadimdan xilma-xil madaniyat, urf-odat va turmush tarziga ega boʻlgan, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi, turli tillarda soʻzlashuvchi xalqlar yashab kelayotgan oʻlkadir. Bu zaminda tinchlik va barqarorlikni asrash, unga putur yetkazadigan illatlarni bartaraf etish har bir davrning dolzarb masalalaridan biri boʻlib kelgan. Bugungi kunda ham mamlakatimizda bagʻrikenglik va tinchlik-totuvlikni asrashga jamiyat rivojining ustuvor omillaridan biri deb qaraladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bunday degan edi: “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”[1].

Maʼnaviy merosimiz boʻlgan qadimiy ilmiy-badiiy asarlarda ham bagʻrikenglik, tinchlik va hamjihatlik masalalariga alohida eʼtibor berilgan. Bu jamiyatda millatlararo totuvlikni shakllantirishda asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan. Fatvo va hukmlarga oid fiqhiy asarlardagi bahsli masalalarning yechimlarida tinchlik-totuvlikni asrash tamoyillariga asoslangan holda chiqarilgan fatvolar fikrimiz dalilidir.

Mazhab peshvolari musulmonlar hayotidagi oʻzgarishlarni doim diqqat bilan kuzatib borgan, oʻzgarishlar bilan hamnafas boʻlgan, odamlarning fiqhiy masalalarga ehtiyojini anglay bilgan. Ular har bir masala boʻyicha beriladigan fatvoga Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislariga suyangan, hayotiy tajribaga asoslangan, uzoqni koʻra olgan holda, tanqidiy nazar bilan yondashgan. Shu bois qadimiy qoʻlyozmalar orasida fiqhiy meros alohida oʻrin tutadi.

Bugungi kunda ilmiy markazlar, islomshunos tadqiqotchi olimlar tomonidan sivilizatsiyamizning maʼrifatli ildizlaridan darak beruvchi, turli sohalarda nurli ilmlar bilan toʻldirilgan ushbu maʼnaviy merosni keng tadqiq etib, mohiyatini ommaga yetkazishi turli radikal fatvolar va buzuq mafkuralarga qarshi kurashishda eng ishonchli va maqbul yoʻl boʻlib qolyapti.

Ushbu maqola ijtimoiy tarmoqlarda diniy va ijtimoiy masalalarda berilayotgan fatvolardagi ziddiyatli manzarani kuzatgan holda, islomga yot “fatvolar” chiqaruvchi kimsalarga ular unutib qoʻygan qoida va talablarni eslatishga qaratilgan.

Yangi paydo boʻlayotgan (navozil) ijtimoiy-diniy masalalar yechim topishda eng yaxshi chora oʻtmishdagi mujtahid ulamolarimiz tutgan yoʻldir. Ular oʻz fatvolarida din va xalq manfaatini uygʻunlashtira olgan. Bu mujtahiddan yuksak aql-zakovat, chuqur bilim va katta mahorat talab qiladi, albatta.

Bugun yuzaga kelayotgan ijtimoiy-diniy masalalar atrof-muhit, urbanizatsiya, oila, moliyaviy bitimlar, dinlar, sivilizatsiyalar, qadriyatlar muloqoti kabi mavzularni qamrab oladi. Shu bois olimlarimizning bu mavzular boʻyicha aytayotgan soʻzlari dolzarblik nuqtai nazaridan doim diqqat markazida turishi zarur.

Oʻz fatvolarida birodarlik, tinchlik va osoyishtalikka putur yetkazmaydigan yoʻllarni topish har qanday faqihdan bilim, koʻnikma va mahorat, toʻgʻri xulosa chiqara olish qobiliyatini talab qiladi.

Sharʼiy masala yechimiga fatvo berayotgan olim fiqhiy tanlovining asosini oydinlashtirsa, buning qiymatini bilish katta qiyinchilik tugʻdirmaydi. Ijtimoiy tarmoqdan turib fatvo beruvchi aksar “olimlar”ning oqibati oʻylanmagan fatvolari esa turli ziddiyatlarga sabab boʻlib qolmoqda. Bunga nass[2], qiyos, urf-odat, maslahatul mursala[3], istehson[4] va mashhur mazhab peshvolarining javoblaridan chetga chiqish, shozz[5] javobni tanlash kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Jumladan, ulamolar jamoasi rad qilgan narsaga ruxsat berish, marjuhni[6] tasdiqlash, javoblardagi gʻayritabiiylik va takabburlik, ziddiyat va kelishmovchiliklarni hisobga olmagan holda fatvo berish va asrlar davomida amalda boʻlib kelgan hukmlarga zid hukmlarni amaliyotga joriy qilish harakatlari ham shular sirasiga kiradi.

Oʻtmishda sharʼiy masalalar yechimida bahs-munozara yuritishdan maqsad oʻrtaga qoʻyilgan masalaning yechimi borasida tortishayotgan tomonlar oʻrtasida muvofiqlik va ijtimoiy kelishuvga erishish boʻlib, bu fatvo beruvchilar oʻrtasida qadriyatlarga hurmat kuchli boʻlganidan dalolat beradi. Ularning eng asosiy maqsadi din, mazhab, ummat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishdan iborat boʻlib, barcha faqihlar ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazish, odamlar orasiga tafriqa solib qoʻyishdan nihoyatda ehtiyot boʻlgan. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda jamiyatda fitna chiqarishning zarar va gunohi odam oʻldirgannikidan ham ogʻirroq ekanini aytadi:

﴿وَالْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ﴾

“Fitna qotillikdan ham ashaddiyroq (yovuzlik)dir[7].

Jamiyatni birdamlashtirishga, oʻzaro ittifoqlikka chorlashga hamma masʼul ekanini marhamat qiladi:

﴿وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا﴾

“Barchangiz Allohning arqoni (Qurʼon)ga bogʻlaningiz va firqalarga boʻlinmangiz”[8].

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham jamiyatda fitna kelib chiqishiga, parokandalikka sabab boʻladigan ishlarni qiladiganlarni laʼnatlaganlar.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Fitna uyqudadir, uni uygʻotgan kishiga Alloh taoloning laʼnati boʻlsin”[9].

Maqola mavzusi boʻlgan tinchlik barcha qadriyatlarni oʻzida birlashtirgan oliy qadriyatdir. Agar adolat tilga olinsa, tinchlik uning maqsadi, bagʻrikenglik tilga olinadigan boʻlsa, tinchlik uning mohiyati, afv zikr qilinsa, tinchlik uning masdari, muloqot tilga olinsa, tinchlik uning asl oʻzagidir.

Hayotning turli jabhalarida ulamolarning fatvolari musulmonlar uchun eng muhim qoʻllanma boʻlgani uchun fitnalarga sabab boʻlmaydigan toʻgʻri fatvo jamiyat ravnaqi va farovonligining eng asosiy omillaridan sanaladi.

Oʻtmishda mujtahidlarning fatvo berish uslublari jamiyatda tinchlikni, oʻzaro birodarlikni asrashga qaratilganidan guvohlik beruvchi koʻplab misollarga duch kelamiz. Bu oʻrinda fatvo berish yuzasidan qabul qilingan eng muhim tamoyillarni tashkil etuvchi eng oliy qadriyatlarni eslatib oʻtamiz.

  1. Oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy tinchlikka erishish, birdamlik, oʻzaro bogʻliqlik va bagʻrikenglik madaniyatini singdirish.

Hijriy sakkizinchi asrda Andalusda Shayx Ibn Lubb Gʻarnotiy ijara masalasida fatvo chiqardi. Uning ijaraga ishchi yollash bilan bogʻliq masalada aytgan soʻzi molikiya mazhabidagi fatvo usullariga zid boʻlgan. Chunki bu mazhabda yollanma ishchining nomaʼlum toʻlov evaziga yerda ijarada ishlashi taqiqlangan. Bunday kelishuv ijarachiga ham, hosilga ham salbiy taʼsir koʻrsatadigan soxta shartnoma hisoblanadi. Shayx Gʻarnotiy Andalusdagi odamlarning urf-odatlarini hisobga olib, haqqi aniq kelishilmagan ijara mahalliy xalqning urf-odatlariga toʻgʻri kelsa, u holda mumkin, deb fatvoni bergan.

Shayxdan asalarichilikda ijaraga ishlaydigan odam va unga beriladigan haq asalning bir qismi boʻlishi haqida ham soʻralgan. Unga shunday yoʻl bilan haq toʻlasa boʻladimi, yoʻqmi? Alloma bu savolga quyidagicha javob beradi: “Olingan asalning bir qismini berish sharti bilan ishga yollashning hukmi ishchiga beriladigan haqqa oid masaladir. Molikiy mazhabidagi hukmlarga koʻra, bunday haq toʻlash sharti bilan ishchi yollash man etiladi. Buning sababi “miqdori nomaʼlum haq evaziga ishchining ijarada ishlashi” deb koʻrsatilgan”.

Shunday qilib, alloma jamiyatning urf-odatlari va holatini hisobga olgan holda ijaraga narxi aniq qilinmagan savdo bilan ishga yollashda ikki xil fatvo bermoqda.

Hanafiy mazhabida temir quyish pechlari va karvonsaroy (dam olish uylari)da ham ijaraga bunday savdo bilan odam yollash taqiqlanadi. Chunki, bu turdagi kelishuv oqibatida oʻrtada ziddiyatlar paydo boʻlishi ehtimoli mavjud. Bunday ijaraga ruxsat temir qirindisi va idishda ortib qolgan suv bilan haq toʻlasa boʻlaveradi, deydigan kimsaning nazdida mumkin boʻladi, deyiladi. Yuqoridagi fatvolarga koʻra, musulmonlar ijaraga odam yollash narxini aniq kelishuvlar asosida belgilashga harakat qilgan, natijada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli kelishmovchiliklarning oldi olingan.

  1. Mahalla va qoʻshnilik qadriyatlarini mustahkamlovchi fatvolar.

Bugun ijtimoiy osoyishtalik va mintaqa aholisining birdamligiga putur yetkazadigan nizolar nuqtai nazaridan qaraganda, suv isteʼmoli va sugʻorish muammolari tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Oʻtmishda ulamolar bunday muammolarni oqilona hal qilgan. Tarixda koʻplab musulmon xalqlarining hayoti asosan qishloq xoʻjaligi resurslariga bogʻliq boʻlgan. Shuning uchun ular oʻrtasida suv taqsimlash va undan foydalanishni tartibga solish sohasi juda rivojlangan. Bu mushtarak taqsimotni boshqarishga toʻsqinlik qiladigan biror narsa paydo boʻlsa, faqih va muftiylarga murojaat qilingan.

Shayx Abu Qosim Ibn Lubbdan togʻdagi yuqori qishloqdan pastdagi qishloq tekisligiga oqib tushayotgan anhor suvi haqida soʻrashdi. Oʻsha vaqtgacha yuqori qishloq aholisining daryodan suvni yuqoriga koʻtarib yetkazib beradigan suv gʻildiragiga (charxpalakka) ehtiyoji boʻlmagan, yaʼni suv tashib ichilgan. Endi aholi koʻpayib, suvga ehtiyoj ortgani sababli yuqori qishloq odamlari daryodan suvni yuqoriga chiqarish maqsadida charxpalak qurish uchun past qishloqqa tegishli yerdan joy ajratib berish haqida fatvo chiqarishni soʻrab iltimos qilgan.

Shayx Abu Qosim ikki qishloq aholisini tinchlikni qadrlashga, birodarlik va jamoat manfaatlariga, eski odatlarga qarab hukm chiqarishga chaqirib, bunday javob beradi: “Suvdan kelishilgan holda foydalanish kerak. Oʻtmishda asli boʻlmagan narsani yaratib, urf boʻlib turgan ishga qarshi chiqish joiz emas. Bir-biringiz bilan kelishgan holda qishloq ahlining oqsoqollari roziligi bilan shunday qilsangiz yaxshiroq boʻladi”.

  1. Ixtilof ortidan keladigan fasodni daf qilish, tafriqaga yoʻl qoʻymaslik.

Aqidaviy masalalar yechimiga oid asarlarda keltirilgan fatvolar ayrim holatlarda oʻziga xos urf-odatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda berilgan. Faqih ixtilof chiqarmaslik uchun jamiyat urf-odatlari, manfaati yoki zaruratini hisobga olib, eng rojih va mashhur ulamolarning soʻzlaridan ham voz kechib, zaif yoki shozz boʻlgan gaplarga amal qilgan holda fatvo bergan.

Sakkizinchi asrda bidʼat masalasi ulamolar orasida kuchli bahs-munozaralar va fiqhiy sharhlarga sabab boʻlgan. Ibn Lubbning shogirdi Abu Isʼhoq Shotibiy boshchiligidagi ulamolar bidʼatni qoralashga katta eʼtibor qaratib, “Iʼtisom” kitobiga shunga oid fatvolarni qoʻshgan.

Biz bu yerda taqdim etayotgan masala Ibn Lubbning bidʼat tushunchasiga oydinlik kiritganidir. Unga imom (rahbar)ning darvesh va soʻfiylar majlisida ishtirok etib, zikrlarni tinglashi bilan bogʻliq savol beriladi. “Imomning bu ishi uning odillik sifatiga putur yetkazadimi, yoʻqmi?” U: “Siz sifatlagan narsalar bidʼat emas, soʻfiy va darveshlar qilayotgan ishni koʻpchilik ulamolar mumkin deb biladi. Shuning uchun darvesh va soʻfiylar majlisida ishtirok etib, ularning zikrlarini tinglashi imom (rahbar)ning imomati (rahbarlik qilishi)ga toʻsqinlik qilmaydi va odillik sifatiga putur yetkazmaydi”, deb javob beradi.

Qurʼoni karim oyatlari ham tafriqaga yoʻl qoʻymaslikka, ijtimoiy hayotda doʻst-birodar boʻlib, tinchlik-totuvlikda umrguzaronlik qilishga chorlaydi:

﴿وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ﴾

“Hammangiz Allohning arqoni (Qurʼon)ni mahkam tuting va firqalarga boʻlinmang hamda oʻzaro adovatda boʻlgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qoʻygan Allohning neʼmatini yodda tuting. Uning neʼmati tufayli birodarlarga aylandingiz. Doʻzax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yoʻlni topgaysizlar, deb, Alloh Oʻz oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”[10].

Ushbu oyatda koʻplab maʼnolar mujassam boʻlgan. Unda insonlarning jamoa boʻlib yashashi ham Alloh taoloning ulkan neʼmati ekani taʼkidlanmoqda va jamiyatni turli firqalarga boʻlinish balosidan saqlash buyurilmoqda. Bu oʻz-oʻzidan jamoaviy va individual ravishda tinchlikning qadrini mustahkamlaydi.

Shuningdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulugʻ neʼmatdirki, bundan koʻp odamlar mahrumdir”, “Kimki bizga qarshi tigʻ koʻtarsa, u islom ahlidan emas” deb, insonlarni tinchlikning qadriga yetishga, oʻzaro ahil-inoq yashashga chaqiradilar.

Odamlarning tinchlik-xotirjamlikda yashab, Parvardigoriga itoat etishda hamkorlik qilishiga qarshi qaratilgan buzgʻunchilikdan ham fosidroq gʻoya bormi dunyoda?

  1. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, nuqsonlarini tuzatish va daxlsizligini saqlash.

Mazhab peshvolari soʻzlarida oila bilan bogʻliq yangi muammoli jihatlar va er-xotin oʻrtasidagi ziddiyatlarga qiyos talab qiladigan masalalar muqobilida istehson tamoyiliga asoslangan koʻplab fatvolar topildi.

Er-xotinning ajrashishi ichki va tashqi taʼsirlarga bogʻliq boʻlib, oilalarning buzilib ketishi, bolalarning yetim qolishi va jamiyatning parokanda boʻlishiga olib keladi. Shu sababli islomda oilaning butunligini saqlash eng muhim ishlardan sanalgan.

Istehson mazhab peshvolarining fatvo berishdagi tamoyillaridan biri boʻlib, u orqali mujtahidlar fasodni daf qilish maqsadida aniq hukmdan boshqalarga maʼlum boʻlmagan hukmga oʻtishni niyat qiladi. Istehson bir masala boʻyicha faqat ikkita yechim mavjud boʻlgandagina qoʻllanadi. Faqih bir masala yechimida ataylab ikki dalilning birini undagi fatvo jamiyatga manfaatliroq boʻlgani uchun ikkinchisidan ustun qoʻyadi. Bu urf-odatlarni va beriladigan fatvoning ulamolar tomonidan maʼqullanishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Faqih birinchi boʻlib ishdagi hukmni qiyosiy nuqtai nazardan keltirgandan soʻng undagi manfaatning ustunligi sababli istehsonga oʻtadi. Shuning uchun istehson dalili kuchliroq, toʻgʻrilik ehtimoli yaqinroq va shariatda koʻzlangan niyatga erishish uchun kafolati koʻproq boʻladi.

Shu sababli hanafiy mazhabida oila qurishda istehsonni muqaddam qoʻyish tamoyiliga alohida eʼtibor beriladi. Bunga misol qilib hanafiy mazhabida nikoh uchun qiz bolaga valiyning shart qilinishini keltirish mumkin. Bunda valiy deb qiz bolaning – garchi u turmushga chiqib ketsa-da – haq-huquqlarini himoya qiluvchi kishi tushuniladi. Shuningdek, ajrashish masalalarida qozining hukmi shart qilingan boʻlib, bunda oilani saqlab qolish uchun doim bir imkoniyat axtaradigan ilmli kishining fatvosi topilib qolishi umid qilingan.

Shuningdek, bunga misol tariqasida sharʼiy yechimga muhtoj voqea-hodisalarga berilgan fatvoni keltirish mumkin. Bunda xotiniga bir yil oʻtmaguncha uyi eshigidan chiqmasligi, chiqsa, taloq qilishi haqida qasam ichgan bir kishi aytilgan. Mujtahid ulamolarimiz oʻsha kimsani bunday torlikdan xalos qiladigan va oilasini buzilib ketishdan saqlaydigan fatvoni bergan. Yaʼni, u qasamini buzadi va buning uchun kafforat beradi. Alaloqibat xotiniga taloq tushmay, oila saqlanib qoladi.

Ushbu maqolada yoritilgan tinchlik va oʻzaro birodarlikni mustahkamlash, jamiyat manfaatlarini eng birinchi oʻringa qoʻyish zamirida chiqarilgan fatvolar mujtahid faqihlarning fatvolari dengizidan bir tomchi, xolos.

Bugungi kunda musulmonlar orasiga fitna va tafriqalar tushishiga sabab boʻlayotgan, ijtimoiy tarmoq orqali oqibati oʻylanmay berilayotgan fatvolarning koʻpaygani tinchlik va osoyishtalikni saqlashda muhim omil boʻlgan salaf mujtahidlarning fatvolarini keng miqyosda qayta oʻrganib chiqish vaqti kelganidan darak beradi.

Mujtahid faqihlar jamiyatga beqarorlik emas, tinchlik, farovonlik va manfaat keltirishga alohida eʼtibor bergan. Har bir fatvo shariat hukmlari asosida insoniy fazilatlar nizomini asrashga xizmat qilishi lozim. Ular doimo shu nuqtai nazardan fatvo chiqarishga harakat qilgan. Shu sababli faqihlarning qadr-qimmati doim baland boʻlgan, fatvolari asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Salaf mujtahid allomalarimizning fatvolarini mushohada qilar ekanmiz, bugungi kunda islom dini shiorlari boʻlgan hijrat, jihod kabi soʻzlarni niqob qilib, notinchlik, beqarorlik va boshboshdoqlikka olib boradigan fatvolar berayotgan ijtimoiy tarmoq “ulamolari”ning tutgan yoʻli va maqsadlari qanchalar razil ekani kunday ravshan boʻladi.

[1] Mirziyoyev Sh.M. Mamlakat rivojidagi istiqbolli vazifalar (Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnoma). /https://kun.uz/99444746.
[2] Qurʼoni karim va sunnati mutahhara.
[3] Inson ixtiyorida boʻlgan erkin masalalar.
[4] Bir hukmni ikkinchisidan yaxshi deb hisoblash.
[5] Shozz lugʻatda – jumhurdan ajrab, yakka oʻzi qolganga aytiladi. Istilohda esa – oʻzidan sonda yoki rostgoʻylikda yoki adolatda kuchliroqlarni rivoyatiga muxolif chiqqan ishonchli kishining rivoyatiga aytiladi.
[6] Masalaning javobida oʻziga maʼqul boʻlgani uchun zaif boʻlsa-da, dalili yengil javobni tanlash.
[7] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Baqara surasi, 191-oyat.
[8] Oli Imron surasi, 103-oyat.
[9] Jaloliddin Suyutiy. “Al-Jomiʼ as-sagʻiyr”. “Dorul fikr”, Bayrut. 5975-hadis. 3-juz. –B. 229. Jaloliddin Suyutiy. “Al-Fath al-kabiyr”. “Dorul fikr”, Bayrut 2003. 8272-hadis. 2-juz. –B. 265. Ali ibn Hisom Hindiy. “Kanzul aʼmol”. “Muassatur risola”. Bayrut 1989. 30891-hadis. 11-juz. – B. 186.
[10] Oli Imron surasi, 103-oyat.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning  ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا …