Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Markazda “Yurakni madh etgan sado!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganiga 32 yil toʻlishi munosabati bilan shu mavzuda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov yigʻilganlarni ushbu sana bilan muborakbod etib, madhiyamizning yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximiz va milliy oʻzligimizga chuqur hurmatni shakllantirishdagi oʻrni xususida soʻz yuritdi. Shuningdek, madhiyamiz davlatimiz suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash esa har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekanini taʼkidladi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar ham madhiyamizda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangani, unda boy oʻtmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular tarannum etilganini qayd etdi.
Tadbir koʻtarinki ruhda, bayramona kayfiyatda oʻtdi.