Joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida oʻtkazilayotgan galdagi tadbirlar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Tinchlik” MFYda tashkil etildi.
Dastlab mahalla faollari bilan suhbat oʻtkazilib, xalq anʼanalari va urf-odatlarini saqlash, avaylash va ulardan yosh avlodni tarbiyalashda foydalanish imkonini beradigan, jamiyat ichra jamiyat sanalgan mahallada oʻzaro yelkadosh boʻlib, hamjihatlikda, turli yot gʻoya va unsurlardan xoli holda, mehr qurshovida yashash zavqi haqida iliq fikrlar bildirildi. Mahalla xalqning birdamligi, hamjihatligi va maʼnaviy kamoloti uchun muhim asos ekani taʼkidlandi.
Mahalla ahli bilan oʻtkazilgan yakka suhbatlarda esa, yoshlar vakillari, nuroniylar va uy bekalari bilan ijtimoiy muammolar, oiladagi tarbiya va axloqiy qoidalar, huquq va majburiyatlar toʻgʻrisida muloqot qilindi. Yoshlarga maʼnaviy-axloqiy tarbiya berish, ularni vatanparvarlik ruhida kamolga yetkazish, ijtimoiy faolligini oshirish va turmushdagi kerakli koʻnikmalarni hosil qilish muhimligi taʼkidlandi.
Nuroniylar bilan suhbatlarda kelajak avlod qalbiga qadriyatlarni singdirish, yoshlarni mehnatsevarlik va halollikka oʻrgatishda ularning hayot yoʻlidagi saboqlari, tajribasi va bilimlaridan foydalanishning amaliy ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.
Uy bekalari bilan uchrashuvlarda esa, roʻzgʻor ishlari, farzandlar tarbiyasi, xonadonda madaniy muhit va axloqiy qadriyatlarni saqlashning ahamiyati haqida soʻz yuritildi.
Har bir suhbatdosh bilan muloqotda muhim hayotiy masalalarga urgʻu berilib, hamjihatlik va birdamlik orqali mahallalar va butun jamiyatni rivojlantirishda ularning alohida oʻrni borligiga ahamiyat qaratildi.