Home / FOTO LAVHALAR / Allomalar ilmiy merosi chin mohiyatni anglatadi

Allomalar ilmiy merosi chin mohiyatni anglatadi

Ayni kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi rahbar va xodimlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Malayziyada ilmiy-amaliy safarda boʻlib turibdi.

Safar dasturi doirasida delegatsiya aʼzolari 22-oktyabr kuni Malayziyaning Islom madaniyati institutida “Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganishda zamonaviy yondashuvlar” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Anjuman ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov davlatlar rahbarlarining ikki tomonlama saʼy-harakatlari va islohotlari samarasi oʻlaroq qaror topgan oʻzaro amaliy hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

Notiq, shuningdek, joriy yil may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning Markazga tashrifidan ilmiy jamoa benihoya mamnun boʻlganini bildirib, 2020-yildan buyon Malayziyaning Islomni anglash instituti, Islom sivilizatsiyasi instituti, Islom ilmlari universiteti kabi qator ilmiy muassasalari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari katta samara berayotganini taʼkidladi.

Sh.Ziyodov konferensiyada “Imom Buxoriy merosida “Birrul volidayn” (Ota-onaga yaxshilik qilish) asarining oʻrni” mavzusida maʼruza ham qildi.

Islom dinida ota-onaga yaxshilik qilish buyuk ibodatlardan biri hisoblanadi. Imom Buxoriy oʻzining “Birrul volidayn” asarida ota-onaga har tomonlama yaxshi munosabatda boʻlish muhimligini keng yoritgan. Ushbu risolada hadislar orqali ota-onani hurmat qilish, ularga yaxshilik qilish har bir musulmon uchun muqaddas vazifa ekani bot-bot taʼkidlanadi.

Maʼruzachi muallif asari Markaz tomonidan ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingani, bunda kitobni oʻzida asrab, shogirdlariga oʻqitgan keyingi ulamolardan biri imom, hofiz Muhammad Abdulhay Kattoniy tomonidan saqlangan nusxa asos qilib olinganini maʼlumot oʻrnida keltirdi.

Konferensiya ishtirokchilari “Birrul volidayn” kabi islom ummati uchun yuksak qadr-qiymat va ulkan tarbiyaviy ahamiyatga molik asarlar tadqiqi allomalar ilmiy merosini chuqur oʻrganib, chin mohiyatini teran idrok etish va jamoatchilikka asl holatida targʻib qilishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Londonda “Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy koʻprik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi

Mamlakatimiz elchixonasida  Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Imom …