Home / MAQOLALAR / ETNOANʼANA VA ETNOQADRIYATLARNING OILA TARBIYASIDAGI AYRIM XUSUSIYATLARI

ETNOANʼANA VA ETNOQADRIYATLARNING OILA TARBIYASIDAGI AYRIM XUSUSIYATLARI

Butun jahonda roʻy berayotgan globallashuv jarayonlari yosh avlod tarbiyasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Har bir ijtimoiy hodisaning ijobiy va salbiy tomoni boʻlgani singari, globallashuv jarayoni ham bundan mustasno emas. Shu nuqtai-nazardan, har bir fuqaroning oldiga Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, turli zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, mustaqil fikrga ega, barkamol shaxs qilib tarbiyalash vazifasi qoʻyilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistan – kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam koʻmak va yordam berish, mehr-oqibat koʻrsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makondir. [1:27].

Taʼkidlash joizki, etnoanʼana va etnoqadriyatlarning ijtimoiy taraqqiyotga taʼsiri keng qamrovli universal hodisa boʻlib, shaxs shakllanishi, oila mustahkamligi va davlat barqarorligini taʼminlashda katta ahamiyatga egadir. Zero, oila jamiyat va davlat asosi boʻlib, etnoanʼana va etnoqadriyatlarni asrab-avaylash hamda kelajak avlodlarga yetkazish funksiyasini ham bajaradi. Oila milliy davlatimiz asosini tashkil etib, etnos madaniy birligini mustahkamlab boradi. Milliy urf-odatlar etnik guruhning, shuningdek, davlatning barqaror rivojlanish asosidir [2:6-7].

Oilaviy anʼanalar birlik va etnik guruhga taalluqli boʻlgan yagona yaxlitlik tuygʻusini taʼminlaydi. Oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro yordam, mehr-muhabbat, bir-birini qoʻllab-quvvatlash kabi fazilatlar odatiy holga aylanib, oilaviy rishtalarni yanada mustahkamlaydi.

Bunday anʼanalar diniy yoki madaniy tadbirlar bilan uygʻunlashganda yoshlarda ishonch va gʻurur tuygʻusini uygʻotib, ularni turli xil yot, zararli ijtimoiy taʼsirlar domiga tushib qolishdan himoya qildai. Milliy anʼanalar farzandlarga nafaqat oʻziga xoslik va gʻurur tuygʻusini beradi, balki kelajak avlodlarda vorisiylik hissini ham shakllantirishga xizmat qiladi.

Etnoanʼanalar va qadriyatlarning eng muhim jihati shundan iborat-ki, ular yosh avlodda oʻzini-oʻzi identifikatsiya qilishning eng kuchli xissini shakllantiradi. Shuningdek, oila aʼzolarini yanada ishonchli va mustahkam rishtalar bilan birlashtirib, oʻzining etnik va oilaviy guruhga mansubligini toʻla his qilish imkoniyatini yaratadi.

Oilaviy etnoanʼanalarning afzalliklaridan yana biri xavfsizlik va osoyishtalikni taʼminlashdir. Bu, ayniqsa, zamonaviy axborotlashgan jamiyatda, globallashuv va kosmopolitizm taraqqiy etayotgan bir davrda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Oilaviy anʼanalar buzgʻunchi va zararli tashqi taʼsirlarga qarshi oʻziga xos “immunitet” vazifasini bajaradi. Asrlardan beri ajdodlarimizdan qolib kelayotgan oilaviy marosim va urf-odatlar farzandlar hayotida muhim jarayon boʻlib, ular yoshlarni tashqi tahdidlar, turli gʻarazli kuchlar va virtual voqelikning salbiy taʼsirlaridan maʼlum darajada yiroqlashtiradi. Shuningdek, yoshlarni real hayotning mohiyatini yanada teranroq anglab yetishida ham gʻoyat ahamiyatlidir. Shu sabab oilaviy anʼanalar tezkor oʻzgarayotgan dunyo tahlikalari va xurujlaridan maʼlum darajada himoya vositasini ham bajaradi.

Bu jarayonlarning barchasi etnoanʼanalar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, avval mavjud boʻlgan normalar, urf-odatlar, qoidalar va boshqa shu kabi hodisalarni qayta baholash zaruriyatini anglatadi. Anʼanalar ijtimoiy-madaniy merosning asosiy elementi sifatida avloddan avlodga oʻtadi va muayyan jamiyatlar, sinflar va ijtimoiy guruhlarda uzoq vaqt saqlanib qoladi. “Vorisiylik ananalari buzilsa, har qanday jamiyat ham ichdan nuray boshlaydi”. [3:29]

Oilaning etnik yoʻnaltirilgan ijtimoiy-madaniy tavsifi shaxsni shakllantirishga, uning madaniy rivojlanishi va maʼnaviy qiyofasiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatadi. Bu taʼsirlashuv jarayonlari turli omil va vositalar orqali, masalan, shaxsning shaxsiy hayotiga tegishli nikoh munosabatlarida, shaxsning ota-onasi bilan shaxsiy munosabatida, farzandlar va qarindoshlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarida, shuningdek, ruhiy va individual kechinmalarida amalga oshadi.

Oilaning etnomadaniy qadriyatlari ijtimoiy taraqqiyotni oʻziga xos tarzda aks ettiradi va voqea-hodislarning oʻzga qirralarini ham namoyon qilishga yordam beradi. Oila madaniyat, etnoanʼana va urf-odatlarning barqaror amal qilishi va rivojlanishiga bevosita taʼsir qiladi va umumlashtiradi. Shu tariqa xalq va jamiyat oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib, goʻzallik, ulugʻvorlik qonuniyatlariga va tamoyillariga amal qilgan holda, nafaqat milliy urf-odat va anʼanalarni, balki oʻrnatilgan oilaviy marosim va urf-odatlarni ham yarata boradi. Oilaviy marosimlar barqaror va mustahkam boʻlishiga qaramay, ular vaqt oʻtishi bilan maʼlum darajada oʻzgaradi, yangi sharoit va ehtiyojlar tizimiga moslasha boradi. Shunday qilib, milliy urf-odatlar va marosimlar, oilaviy anʼanalar uygʻunlashuvi halq maʼnaviy hayotining ajralmas qismiga aylanadi. Oʻz mazmuni va mohiyati ila ular zamonaviy davrga moslashadi va yoshlar tarbiyasiga juda katta taʼsirni oʻtkazadi.

Oilaviy etnoanʼanalarni asrab-avvaylash milliy oʻz-oʻzini anglashni shakllantirish va milliy oʻzlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Oilaviy marosimlar va munosabatlar, oʻzaro aloqalar, shajara va qon-qarindoshlikni kelib chiqishi, ajdodlarimiz kim boʻlgan va biz kimning avlodlarimiz kabi tushunchalarni shakllantirishga yordam beradi. Bu esa oila tarixini bilishga va unga hurmat bilan munosabatda boʻlishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, madaniyat oʻzining barcha umuminsoniy koʻrsatkichlari bilan maʼlum bir xalqning, etnik guruhlar manfaatlarini ham aks ettiradi. Bu jarayon oilaviy tarbiya vositasida samarali amalga oshiriladi.[4:104-105] Oila turmush tarzi shaxsning shakllanish jarayoniga bevosita taʼsir etadi. Oilaning milliy madaniyat va shaxs oʻrtasidagi vositachilik vazifasini qay darajada amalga oshirilishi shaxsga ham, etnik guruhning darajasiga ham bevosita bogʻliqdir. Oila va milliy madaniyat tushunchalari ajralmas tushunchalar boʻlib, ular doimo bir-birini toʻldirib keladi. Oilaviy turmush tarzi milliy madaniyat xarakterini belgilaydi. Shu bilan birga, milliy madaniyat hamisha oilaviy anʼanalar posboni vazifasini bajarib kelgan.

Milliy madaniyat koʻp jihatdan oilaviy milliy qadriyatlarga, ertaklar, hikoyalar, turli xil asori-atiqalar, urf-odatlar, marosimlar, anʼanalar kabi koʻplab vositalar yordamida asrab-avaylanadigan va avloddan-avlodga oʻtadigan birlamchi muhitga asoslanadi. Aynan mana shu tushunchalar asosida millat mentaliteti mustahkamlanadi va rivojlanadi, uning maʼnaviy birligi va davomiyligi saqlana boradi.

Markaziy Osiyo xalqlarining milliy madaniyati ilm-fanga tashnaligi, bilimga intilishi, mehnatevarligi, burch va masʼuliyatni xis eta olishi, oilasevarligi, mehmondoʻstligi, vatanparvarligi, ota-ona va kattalarni hurmat qilishi, yetim-yesir va nogironlarni qoʻllab-quvvatlash kabi goʻzal fazilatlari bilan alohida ajralib turadi.

Etnoanʼana va etnomadaniyatni asrab-avaylash oilada milliy tilga boʻlgan eʼtibor bilan bevosita bogʻliqdir. Bola dastlab til koʻnikmalarini oila davrasida egallaydi. Agar ushbu jarayonlar milliy tilda sodir boʻlsa, demak, bu omil oilaning milliy madaniyatini saqlash va vorisiylikni amalga oshirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Agar xalq oʻtmishning boy tajribasi, mehr-oqibat, tinchlik-osoyishtalik, rahm-shavqat, bagʻrikenglik kabi qadriyatlarini hisobga olgan holda zamonaviy voqelikni yaxshiroq aks ettirishga qaratilgan milliy gʻoyaning yangi konsepsiyasini izlayotgan boʻlsa, oilaviy tarbiya vazifalari yanada murakkablashadi. [5:84]

Etnomadaniyatning keyingi taqdiri, etnik guruhning zamonaviy dunyoda tutgan oʻrni, oilada paydo boʻlgan muammolarni qanchalik muvaffaqiyatli hal qila olishiga bogʻliq. Bunday paytda madaniy hayot oʻziga xos xususiyatga ega boʻlishi mumkin. Avvallo, albatta tarixiy meros, diniy anʼanalar va marosimlarga eʼtibor qaratish kerak boʻladi.

Shunday qilib, har bir etnos oʻz xalqining anʼanalari, oʻziga xos xususiyatlari, madaniyati va etnoqadriyatlarini himoya etishi etnik guruhlar shakllanishiga bevosita bogʻliqdir. Shuningdek, etnoanʼanalar va etnoqadriyatlar, maʼlum bir davlatda millatning shakllanishi, uning mustahkamlana borishi, rivojlanishi mamlakat mustaqilligi va suverenitetini saqlab qolishda ham juda muhimdir. Zero, oila doimo davlatning diqqat markazida va himoyasida boʻlgan. Oilani asrab-avaylash, uni qoʻllab-quvvatlash milliy madaniyatni saqlash va rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor vazifasidir.

Yuqorida bayon etilgan fikrlar oilaviy tarbiyada etnoanʼana va etnoqadriyatlarning roli qanchalik muhim ekanligini yana bir bora isbotlaydi. Zero, globallashuv davrida, koʻp madaniyatli jamiyatda oilaviy tarbiya orqali etnomadaniy anʼanalarni saqlab qolish, madaniy xilma-xillikni saqlashning asosiy omiliga aylanmoqda.

Etnoanʼana va urf-odatlar yosh avlod tarbiyasida ulkan ahamiyat kasb etib, ularda maʼlum bir ijtimoiy-madaniyat va etnik guruhga mansubligini, oʻz xalqi madaniyatiga hurmat ruhini shakllantirish hissini shakllantirishga yordam beradi. Etnik anʼanalar oilaviy rishtalarni mustahkamlashda samarali vosita boʻlib, u oila aʼzolarida oʻzaro tushunish va totuvlik muhitini yaratadi.

Oilaviy tarbiyada etnoanʼanalarni saqlash bugungi kunda tobora tarqalib borayotgan assimilyatsiya jarayonlariga qarshi tura olish va har bir etnik guruh madaniyatining oʻziga xosligini saqlab qolishga yordam beradi. Etnomadaniy qadriyatlar faol boʻlgan oilalarda tarbiyalangan bolalar koʻpincha ruhan kuchli, oʻziga ishongan boʻlib voyaga yetadi.

Xulosa qilib aytganda, oilada yosh avlodni etnoanʼana hamda etnoqadriyatlar asosida tarbiyalash bugungi kunda yanada dolzarb va barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Mirziyoyev Sh.M. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi [Matn] / Sh.M. Mirziyoyev. – T.: Oʻzbekiston, 2021. – B. 464.
  2. Alimasov V. Madaniyat falsafasi. – T.: Donishmand ziyosi, 2023. – B. 6-7.
  3. Zohirov R. Oila institutini mustaxkamlashda maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning ahamiyati. – Qarshi. Nasaf, 2022. – B. 188.
  4. Urazaliyeva G. Nekotorыye aspektы izmeneniya sotsialnыx sennostey v sovremennoy uzbekskoy semye. Tom. 4 № 2 (2024): Mejdunarodnыy jurnal filosofskix issledovaniy i sotsialnыx nauk. / https://ijpsss.iscience.uz/index.php/ijpsss. – S. 103-106
  5. Filosofskiy ensiklopedicheskiy slovar / Gl. red.: L.F.Ilichyov, P.N.Fedoseyev, S.M.Kovalyov, V.G.Panov – M., 1983. – S.840.
GULSHADA OʻRAZALIYEVA,
OʻzMU doktoranti, sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

MAʼNAVIY HAYOT VA SIYOSIY FAOLIYAT

Jamiyat maʼnaviy hayoti tushunchasi muayyan davr va jamiyatga xos belgilar, davlat siyosati bilan bogʻliq xilma-xil …