Home / MAQOLALAR / ALLOH TAOLONING TAKVIN SIFATI HODISMI?

ALLOH TAOLONING TAKVIN SIFATI HODISMI?

Alloh taolo butun olamni yaratgan, komillik sifatlari bilan sifatlangan, aybu nuqsonlardan pok va hech narsa Unga oʻxshamaydigan Zotdir. U xotini, farzandi, ota-onasi va sherigi boʻlmagan yakka-yu yagonadir. U ibtidosiz avval va intihosiz oxirdir. U bor edi. U bilan birga hech narsa yoʻq edi. Hozir ham shunday. Biror narsa u bilan birga emas. Olamni yaratgani Unda biror oʻzgarish paydo qilgani yoʻq. U zamon va makonni yaratgan, ularni boshqarib turadigan, vaqt va joy Uni oʻrab olmagan, boshlanishi va oxiri boʻlmagan cheksizdir. U biror jihatdan maxluqotlarga oʻxshamaydi. U tirikdir. Uning tirikligi ruh bilan emas, balki Oʻziga xos azaliy sifat bilandir. U hech qachon oʻlmaydi. U qodirdir. U keyinchalik paydo boʻlgan qudrat bilan emas, balki Oʻzidagi azaliy qudrat sifati bilan qodirdir. Uning qudrati Oʻzidan boshqa hamma narsaga taʼsir etadi. U butun olamni Oʻz qudrati bilan boshqarib turadi. Hamma Uning qudratidan istifoda etadi. Hamma Uning qodir qilishi bilan qodir boʻladi. Barcha quvvat Allohdandir. U olimdir. Uning olimligi oʻrganish va oʻzlashtirish yoʻlidan emas, balki Oʻzidagi azaliy ilm sifati (bilish xususiyati) bilandir. Unga hamma narsa maʼlum. U bilmagan narsa yoʻq. U kelajakda boʻladigan narsalarni oldindan biladi. U oshkor narsalarni ham, maxfiylarini ham birdek biladi. U qalblarda yashirilgan narsalarni ham biladi. U gapiruvchidir. U harf va tovushlar bilan emas, balki Oʻziga xos gapirish sifati bilan gapiradi. U til va lablar kabi aʼzolar bilan gapirmaydi. Chunki U jism (zarralardan tarkib topgan narsa) emasdir. Aʼzolar esa, jismda boʻladi. U Oʻz qudrati bilan soʻzlarini maxluqotlarga tushunarli qilib yetkazadi. Ular Allohning azaliy soʻzini emas, balki azaliy soʻziga dalolat etadigan, havoda yaratilgan harf va tovushlarni eshitadilar. U eshituvchidir. U aʼzolar bilan emas, balki Oʻziga xos azaliy sifat bilan eshitadi. U barcha soʻzlarni va tovushlarni birdek eshitadi. Maxluqotning soʻzlari va tovushlari unga aralashib ketmaydi. U bir vaqtning oʻzida gapirilgan barcha gaplarni bir-biridan ajratib eshitadi. U eng past tovushlarni ham eshita oladi. U koʻruvchidir. U aʼzolar bilan emas, balki Oʻziga xos azaliy sifat bilan koʻradi. U hamma narsani koʻradi. Uning osmonni koʻrishi bilan chumolini koʻrishi oʻrtasida farq yoʻq. U qorongʻi kechada qora toshni ustida oʻrmalab ketayotgan qora chumolini ham koʻra oladi. U iroda qiluvchidir. U Oʻzidagi azaliy sifat bilan iroda qiluvchidir. U xohlagan narsa albatta, boʻladi. U xohlamagan narsa hech qachon boʻlmaydi. Olamda boʻlayotgan hamma ishda Uning xohishi bor. Ammo U gunoh-maʼsiyatlarga rozi boʻlmaydi. Xohish va rozilik oʻrtasida nozik farq bor. Baʼzan inson oʻzi rozi boʻlmagan va yaxshi koʻrmagan ishni qilishni xohlashi bunga ochiq dalil. Mazkur yetti sifat aqiyda olimlari orasida zotiy sifatlar (Allohning zotiga oid sifatlar) deb yuritiladi. U yaratuvchidir. Yaratish yoʻqdan bor qilishdir. U Oʻziga xos tarzda aytgan “Boʻl!” degan soʻz bilan butun olamni yoʻqdan bor qildi. Mana shu “takvin sifati (yaratish xususiyati)” deb yuritiladi. Ahli sunna val jamoaga mansub moturidiy va ashʼariylar oʻrtasida feʼliy sifat (Allohning ishiga oid sifat) boʻlmish takvin borasida ikki xil qarash mavjud. Moturidiylar: “Alloh taoloning  barcha sifatlari azaliydir”, deydi. Ashʼariylar: “Alloh taoloning zotiy sifatlari azaliy. Ammo feʼliy sifatlari hodisdir”, deydi.

Mullo Ali Qoriy “Sharhul fiqhil akbar” asarida bu masalani quyidagicha bayon etadi: “Feʼliy sifatlar shunday sifatlarki, ularning yuzaga chiqishi yaratiluvchi narsalarning mavjud boʻlishiga bogʻliqdir. Zotiy va feʼliy sifatlar orasidagi farqni yuzaga chiqarish borasida har xil taʼriflar aytilgan:

– Moʻtazila toifasining fikricha, “Alloh falon kishi uchun farzand yaratdi, falon kishi uchun yaratmadi”, “Zaydni molu davlat bilan rizqlantirdi, Amrni rizqlantirmadi” deyilganidek, uni inkor va isbot maʼnosida talqin qilish mumkin boʻlganlari feʼliy sifatlar, ammo “Falon narsani bilmadi”, “Falon narsaga qodir boʻlmadi” deyilmaganidek, ilm (bilish) va qudrat (qodir boʻlish) kabi ularni inkor maʼnosida talqin qilish mumkin boʻlmaganlari zotiy sifatlar hisoblanadi. Demak, ularning fikricha, iroda (xohlash) va kalom (gapirish) feʼliy sifatlar turkumiga kiradi. Chunki bu sifatlarni inkor va isbot maʼnosida talqin qilish mumkin. Ular oʻz soʻziga quyidagi oyatlarni misol qilib keltiradi: “Alloh sizlarga yengillikni iroda qiladi. Qiyinchilikni iroda qilmaydi” (Baqara:185). “Alloh Musoga haqiqatan gapirdi” (Baqara: 174).“Alloh qiyomat kunida ularga (kofirlarga) gapirmaydi” (Niso: 164). Moʻtazila toifasi ushbu ikki sifatni feʼliy sifatlar qatoriga qoʻshib, ularni hodis (keyinchalik paydo boʻlgan) deydi.

– Ashʼariylar fikricha, Undan tiriklik sifati inkor etilsa, Unda oʻlim borligi, qudrat sifati inkor etilsa, ojizlik borligi, ilm sifati inkor etilsa, johillik borligi kelib chiqishi kabi uni inkor etilganda teskarisi sobit boʻladigan sifatlar zotiy sifatlar, ammo tiriltirish, oʻldirish, yaratish, rizqlantirish kabi inkor etilganda teskarisi sobit boʻlmaydigani (masalan, “Alloh falon kishini tiriltirmaydi”, deyilsa, “Uni oʻldiradi” degan gap kelib chiqmaydi) feʼliy sifatlar hisoblanadi. Ushbu taʼrifga koʻra, agar iroda sifati inkor etilsa, Unda majburlik va ixtiyorsizlik borligi kelib chiqadi. Agar kalom sifati inkor etilsa, Unda gunglik va sukut qilish borligi kelib chiqadi. Demak, ashʼariylarning ushbu taʼrifidan ular zotiy sifatlar ekani maʼlum boʻladi.

Bizning nazdimizda, qudrat, ilm, izzat (azizlik), azamat (buyuklik) kabi U zotni ularning teskarisi bilan sifatlash joiz boʻlmagani zotiy sifatlar, ammo mehribonlik qilish, rahm qilish va gʻazab qilish, yomon koʻrish kabi ularning teskarisi bilan sifatlash joiz boʻlganlari feʼliy sifatlar hisoblanadi.

Moʻtazila va Ashʼariylar feʼliy sifatlarni hodis deyishiga quyidagilar sabab boʻlgan: Agar takvin (bor qilish) azaliy boʻlsa, bu sifat mukavvan (bor qilinuvchi)ning mavjud boʻlishiga azalda aloqador boʻlar edi. Agar takvin mukavvanning mavjud boʻlishiga azalda aloqador boʻlsa, mukavvan azalda mavjud boʻlishi lozim boʻlardi. Chunki mukavvan boʻlmay turib, takvin haqida gapirish xuddi uriluvchi narsa boʻlmay turib, urish haqida gapirishga oʻxshaydi. Albatta, mukavvan azaliy boʻlishi muhol. Demak, takvin hodis (yangi paydo boʻluvchi) boʻlishi lozim.

Bunga quyidagicha javob berish mumkin: Agar takvin boshqa bir takvin bilan hodis (yangi paydo boʻluvchi) boʻlsa, har bir takvindan oldin yana bir takvin boʻlishi lozim. Bu tasalsul[1]ga olib boradi.Tasalsul esa, botildir. Demak, mukavvan qadim takvin (Alloh taoloning azaliy yaratish xususiyati) bilan mavjud boʻladi. Bu biz aytayotgan soʻzdir. Agar mukavvan hech kimning takvinisiz oʻz-oʻzidan paydo boʻladi deyilsa, bu gapni aytgan kishi yaratuvchini yoʻqqa chiqargan hisoblanadi.

Xulosa shuki, biz: “Takvin sifati (bor qilish xususiyati) azaliy, ammo unga aloqador boʻlgan mukavvan (bor qilinuvchi) hodisdir”, deymiz. Bu “Ilm sifati azaliy, ammo baʼzi maʼlumotlar (bilinuvchi narsalar) hodis (yangi paydo boʻlgan)” deganga oʻxshaydi. Chunki azaldagi takvin (bor qilish) olam azalda mavjud boʻlishi uchun emas, balki vaqti kelganda mavjud boʻlishi uchundir. Demak, Uning takvini azaliy va abadiy boqiy qoluvchidir. Kelajakda boʻladigan narsalarning mavjud boʻlishi Uning oʻsha azaliy takviniga bogʻliqdir. Ammo urish bunga oʻxshamaydi. Chunki u boqiy qolmaydigan sifatdir. Shunday ekan, urish uriluvchining mavjud boʻlishigacha boqiy qolishi tasavvurga sigʻmaydi. Yana ularga: “Olamning mavjud boʻlishi Uning zotiga yoki sifatlaridan biriga bogʻliqmi yoki yoʻqmi?” deymiz. Agar ular: “Yoʻq (Uning zotiga ham, sifatiga ham bogʻliq emas)”, desa, Uni (yaratuvchini) yoʻqqa chiqargan boʻladi. Agar ular: “Ha (Uning zotiga yoki sifatlaridan biriga bogʻliq)”, desa, biz ularga: “Olamning mavjudligi unga bogʻliq boʻlgan narsa azaliymi yoki hodismi?” deymiz. Agar ular: “Hodis”, desa, “u ham olamdan hisoblanadi va olamning paydo boʻlishi Alloh taologa emas, balki oʻzining bir qismiga bogʻliq” degan boʻladi. Bu ham Uni (yaratuvchini) yoʻqqa chiqarish hisoblanadi. Agar ular: “U azaliydir”, desa, biz ularga: “Bu olamning azaliy boʻlishini taqozo etadimi yoki yoʻqmi?” deymiz. Agar ular: “Ha (olamning azaliyligini taqozo etadi)”, desa, kofir boʻladi. Agar ular: “Yoʻq (olamning azaliyligini taqozo etmaydi)”, desa, ularning shubhasi botil boʻladi (yaʼni, bizga ergashgan boʻladi). Chunki Ashʼariylar nazdida olam “Boʻl” degan xitob bilan mavjud boʻlgan. Demak, ushbu soʻz takvindir. Uning azaliy ekani esa, yuqoridagi dalillar bilan isbotlandi” [5:62].

Imom Moturidiy “Kitabut tavhid” asarida ushbu masalada uzoq bahs yuritgandan soʻng xulosa qilib bunday deydi: “Takvinning haqiqatini bilishga bashariyatning ongi yetmasa-da, Alloh taolo hamma narsani kelajakda boʻlishini bilganiga koʻra “Boʻl!” degan soʻzdan ham yengilroq (harf va tovushlardan iborat boʻlmagan Oʻziga xos azaliy) bitta soʻz bilan takvinni ado etishi va har bir narsa mavjud boʻlish vaqti kelganda oʻsha takvin bilan mavjud boʻlishi mumkin ishlar jumlasidandir. Bunda har bir narsaning mavjud boʻlish vaqti yetganda takvinga tegishli soʻz boshqatdan takrorlanmaydi. Barcha amru nahiy va vaʼdayu vaʼidlar oʻsha soʻzning ichiga doxil boʻladi. Bas, u kelajakda mavjud boʻluvchi narsalarning vaqti va makoni har xil boʻlishiga koʻra, boʻlib oʻtgan va endi boʻladigan narsalar haqida xabar berish hisoblanadi. Lekin inson mashgʻul qilmaydigan va mashaqqat tugʻdirmaydigan (Allohni urintirib qoʻymaydigan) takvinning haqiqatini idrok etishdan ojizdir. Barcha quvvat Allohdandir” [3:113].

Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, Ashʼariy va uning izdoshlari Alloh taoloning: “Agar U biror narsani iroda qilsa, Uning ishi shundan iboratki, unga “Boʻl!” deydi, bas, u boʻladi”, (Yasin: 82) degan soʻzini zohiriga koʻra tushunib, takvinni qudrat sifatining maxluqotga taʼsirini ifodalaydigan izofiy sifat (nisbiy sifat) deb hisoblagan. Shuning uchun ular qudrat sifatini azaliy, takvin sifatini esa, hodis deb hukm qilgan. Hanafiylar esa, takvin sifatini qudrat sifatidan alohida haqiqiy sifat deb eʼtibor qilgan va uning azaliy ekanini taʼkidlagan. Darhaqiqat, Alloh taoloning barcha sifatlari azaliy va hamisha Uning Zoti bilan birga boʻluvchi haqiqiy sifatlardir. Chunki sifat zot bilan qoim boʻluvchi maʼno (xususiyat)dir. Alloh taoloning sifatlari doimo Uning zoti bilan birga boʻlib, Undan hech qachon ajralmaydi. Uning zotida hodis (yangi paydo boʻluvchi) narsa boʻlishi mumkin emas. Chunki hodis narsalardan ajrala olmaydiganning oʻzi ham hodis boʻladi. Demak, Uning barcha sifatlari shu jumladan takvin sifati ham azaliydir. Moturidiylar Alloh taoloning: “Hech narsa Unga oʻxshash emas”, (Shuro: 11) degan soʻzini asos qilib, yuqoridagi oyatda zikr qilingan “Boʻl” degan soʻzni bandalarniki kabi harf va tovushlardan iborat hodislik alomatlari boʻlgan oddiy soʻz emas, balki Allohning Oʻziga xos soʻz deb tafsir qilgan. Albatta, harf va tovushlardan tarkib topgan soʻzda hodislik alomatlari boʻladi. Chunki unda harf va tovushlar ketma-ket keladi hamda ularning boshlanishi va tugashi boʻladi. Allohning soʻzi maxluqot soʻzining jinsidan boʻlmagach, uni hodis deyish uchun dalil yoʻq. Demak, Allohning soʻzini azaliy deb hukm qilish lozim. Albatta, Alloh gapirganda oʻsha azaliy soʻz bilan gapiradi. Ammo uning haqiqatini bilishdan inson aqli ojizdir. Alloh bor edi. U bilan birga hech narsa yoʻq edi. Hozir ham oʻshanday. Yaʼni Alloh Oʻz sifatlari bilan birga azaliydir. Allohdan boshqalar esa, hodisdir. Hodis narsalardan birortasi azaliy boʻla olmaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. – T.: TIU, 2004.
  2. Abu Lays Samarqandiy. Tafsiri Samarqandiy. J.1. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1993.
  3. Abu Mansur Moturidiy. Kitobut tavhid. – Istanbul: Maktabatul irshod, 2005.
  4. Mulla Ali Qoriy. Zavʼul maoliy. – Istanbul: Yilanli ayazma yolu, 2015.
  5. Mulla Ali Qoriy. Sharhul fiqhil akbar. –T.: Movarounnahr, 2017.
  6. Saʼduddin Taftazoniy. Sharhi aqoidi Nasafiy. – Pokiston: Maktabatul Madina, 2001.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2018.
[1] Tasalsul har bir narsaning mavjudligi undan oldingi oʻziga oʻxshagan narsaning mavjudligiga bogʻliq boʻlishi.
Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …