(Bir hadis sharhi)
Ezgulikka ishtiyoqmand boʻlish va saʼy-harakat qilish yaxshi xislatlardan hisoblanadi. Xayru barakaga erishish odamlarning eng koʻp kutadigan maqsadlaridan biridir. Baraka Yaratganning eng buyuk inʼomi boʻlib, unga itoat qilish bilan erishiladi.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْبَرَكَةُ مَعَ أَكَابِركُمْ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Baraka kattalaringiz bilan birgadir”, dedilar (Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilgan).
Nabiy solallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida xayru barakani hayotda tajribasi bor, yoshi ulugʻlarga murojaat etishga bogʻlamoqdalar. Baraka – bu yaxshilikning oʻsib borishi va koʻpayishi boʻlib, kattalardan hosil boʻladi.
Kattalar ikki turli boʻlib, birinchisi, keksa yoshdagi kishilardir. Chunki ularga oʻtgan hayoti taʼlim bergan, yomonlik qilishdan soʻngan, bosiqlikni lozim tutgan, yaxshilik oʻrinlarini biladigan va har bir ishda tajribali kishiga aylanib boʻlgan. Qolaversa, savob ishlarni koʻpaytirishga bel bogʻlagan. Shu bois ular bilan oʻtirish va maslahatlarini olish xayr-barakaga sabab boʻlar ekan. Ikkinchisi, ilmli kishilar boʻlib, barakalari koʻproqdir. Baʼzi allomalar yoshi kichik boʻlsa ham, ilmli kishi boʻlsa, kattalardan hisoblanishini aytgan. Yoshi ham ulugʻ, ilmi ham koʻp boʻlsa, albatta, baraka ham juda koʻp boʻladi. Shunga koʻra, kichiklar deganda, ilmi yoʻq, bidʼatchilar nazarda tutiladi.
Ibn Muborakdan rivoyat qilingan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Qiyomatning alomatlaridan biri ilmni kichiklardan talab qilinishidir” deganlar. Ibn Muborak va boshqa muhaddis-allomalar “kichiklardan” deyishdan murod ilmsiz, notoʻgʻri boʻlsa-da oʻz fikrida qatʼiy turib oladigan va bidʼat ahli ekanini bayon etgan.
Ibn Masʼud roziyallohu anhu aytadi: “Odamlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan va kattalaridan kelgan ilmni tutadigan boʻlsa, solih boʻlib qoladi. Agar kichiklaridan (yaʼni, bidʼat ahlidan) olsa, halokatga uchraydi”.
Umar roziyallohu anhu aytadi: “Ilm kichiklar tomondan chiqib, kattalar unga norozilik bildirgani odamlarning buzilganidir. Ilm kattalar tomonidan chiqib, kichiklarning unga ergashishi odamlarning solihligidir”. Bu xabarlardagi kattalardan yoshning ulugʻligi emas, ilmli kishilar nazarda tutilgan.
Yoshi ulugʻ va ilmli kishilarni lozim tutsak, xayru barakaga erishar ekanmiz. Barakali inson qayerda boʻlmasin, undan odamlar foyda oladi va xotirjam boʻladi.