Home / FOTO LAVHALAR / Jonli efirda – Markaz faoliyati tahlili

Jonli efirda – Markaz faoliyati tahlili

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining joriy yil 6 oylik faoliyat yakunlari va yilning II yarmidagi rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi rahbariyati hamda respublika OAV xodimlari ishtirok etdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov Markazda 2024-yilning I yarmida ilmiy-tadqiqotlar yoʻnalishida va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasida qilingan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriy, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Umar Nasafiy, Ibrohim Saffor Buxoriy kabi allomalar qalamiga mansub 13 ta noyob qoʻlyozma asar tarjima qilindi, 4 ta kitob nashr etildi.

Buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va faoliyatiga oid «10 haqiqat» ruknida 10 ta plakat va 10 ta xalqchil risola tayyorlandi.

Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 100 ta ilmiy ish eʼlon qilindi. Shuningdek, Markaz ilmiy xodimlari xalqaro va mahalliy miqyosda oʻtkazilgan anjumanlarda 22 ta ilmiy maʼruza bilan qatnashdi.

Joriy yilda aholidan 10 ta qoʻlyozma kitob sotib olindi, 5 ta qoʻlyozma va 5 ta toshbosma kitob hadya sifatida qabul qilib olindi. Dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan Imom Buxoriy qalamiga mansub 3300 ta qoʻlyozma asarning reyestri lotin alifbosida tuzildi. Imom Buxoriy «Jomiʼ as-sahih» asarining xorijiy davlatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 200 ta qoʻlyozma nusxalarining elektron nusxalari jamlandi. «Sahihul Buxoriy» asarining 100 ta qoʻlyozma nusxasi annotatsiyasi tayyorlandi. Markaz fondida saqlanayotgan 125 ta qoʻlyozma kitob konservatsiya qilindi.

Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov hisobot davrida xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha olib borilgan ishlar tahlilini keltirdi. Unga koʻra 2024-yilning oʻtgan davri mobaynida Markaz jami 3 ta, yaʼni AQSH Tinchlik instituti, Turkiyaning «Diyonat» vaqfi huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Turkiya Qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikka oid Anglashuv memorandumlarini imzoladi. «Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya»si tanlovining 3 nafar xorijlik sovrindori markazda ilmiy stajirovka oʻtadi.

Xalqaro miqyosda 30 dan ortiq konferensiya, anjuman, seminar, davra suhbati, chet davlatlarda kitoblar taqdimoti oʻtkazildi. Markazga 10 dan ziyod xorijiy tashriflar va xorijga 4 ta ilmiy safar tashkil etilib, turdosh markaz va nufuzli universitetlar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Jonibek Jumayev maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyat natijalari bilan tanishtirdi. Taʼkidlanganidek, markaz ilmiy xodimlari tomonidan «Jaholatga qarshi – maʼrifat» ruknidagi mavzularda targʻibot hamda Markaz nashrlari taqdimoti yoʻnalishlarida jami 173 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Shuningdek, buyuk allomalarimiz ilmiy merosidagi ilm-maʼrifat, yuksak insonparvarlik gʻoyalarini xalqimizga yetkazish maqsadida turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikda Respublika boʻylab mahalliy hokimliklarda oʻtkazilgan 74 ta oʻquv seminarlarda maʼruzalar qilindi va nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti oʻtkazildi. Bundan tashqari «Hadis maʼrifati» ruknida va dolzarb mavzularda 77 ta videodars tayyorlandi.

«Youtube» videoxostingida Oʻzbekistonda faoliyati taʼqiqlangan diniy oqim vakillarining turli diniy maʼruzalariga oid 500 dan ortiq material koʻrib chiqildi va ularning har biri yuzasidan ilmiy-tahliliy maʼlumot tayyorlandi.

Anjumanda, shuningdek, 2024-yilning II yarmidagi istiqbolli reja va loyihalar ham tavsiflab berildi.

Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va uning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Bu bilan internet foydalanuvchilari tadbirda onlayn ishtirok etish va savol hamda takliflar bilan murojaat qilish imkoniga ega boʻldi.

Anjuman davomida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …