Home / MAQOLALAR / MASHRAB SHEʼRIYATIDA ALLOH TAOLO VA QURʼONI KARIMDA ZIKR ETILGAN PAYGʻAMBARLAR TAVSIFI

MASHRAB SHEʼRIYATIDA ALLOH TAOLO VA QURʼONI KARIMDA ZIKR ETILGAN PAYGʻAMBARLAR TAVSIFI

Alloh (arabcha “al-Iloh” – Ilohiy  kuch, turkiy xalqlarda, xususan, oʻzbeklarda-Tangri, fors-tojik tilida Xudo, Yazid), Alloh-islom dinida butun mavjudotni yaratgan oliy Ilohiy kuch, Xudoning nomi. Odatda Allohga taolo (ulugʻ, oliy), Taboraka va taolo, Jalla jalalahu, karim, buzurg, parvardigori olam kabi sifatlar qoʻshib aytiladi. Islom diniga binoan Alloh-yakkayu-yagona Xudo, olamning yaratuvchisi va qiyomat kunining egasi. U Muhammad (s.a.v.)ni paygʻambar sifatida insoniyatga oʻzining soʻnggi elchisi sifatida yuborgan. Islomning eng asosiy talabi hisoblangan kalimai shahodat “La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh” (“Allohdan boshqa Iloh yoʻq, Muhammad-Allohning paygʻambari”), deb uqtiradi.

Mashrab “Noumidlik kufr erur, doʻstlar umid qilmoq kerak”, degan va doim Alloh umidi bilan yashagan:

Jumlai ummatni  ul Sarvarga  yetkur, ey Xudo!
Osiy ummatlarni Paygʻambarga yetkur, ey Xudo!

Allohning  ilohiy sifatlari  Qurʼoni karimda tilga olingan 99 ismida yaqqol koʻrinadi (Q. Al – asmo al – husno).

Qurʼoni karimda ismlari va hayot qissalari tilga olingan paygʻambarlar yigirma beshta:

1.Odam (a.s.). 2.Idris (a.s.). 3.Nuh (a.s.). 4.Hud (a.s.). 5.Solih (a.s.). 6.Ibrohim (a.s.). 7.Ismoil (a.s.). 8.Isʼhoq (a.s.). 9.Lut (a.s.). 10.Yaʼqub (a.s.). 11.Yusuf (a.s.). 12.Ayyub (a.s.). 13.Zul-qifl (a.s.). 14.Shuayb (a.s.). 15.Muso (a.s.). 16.Horun (a.s.). 17.Ilyos (a.s.). 18.Alyasaʼ (a.s.). 19.Yunus (a.s.). 20.Dovud (a.s.). 21.Sulaymon (a.s.). 22.Zakariyo (a.s.). 23.Yahyo (a.s.). 24.Iso (a.s.). 25.Muhammad (s.a.v.).

Paygʻambarlarning afzallari va eng afzali. “Oʻsha paygʻambarlarning baʼzilaridan baʼzilarini afzal qildik. Ular ichida (Muso kabi) Alloh (u bilan) gaplashgani va (Muhammad kabi) darajasini (boshqa paygʻambarlardan) yuqori qilgani bor…” [6:42].

Paygʻambarlarning ulugʻlari va ularning sayyidi

Paygʻambarlarning ulugʻlari rivoyatlarga koʻra: 1. Nuh. 2. Ibrohim. 3. Muso. 4. Iso. 5. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir.

Sahih hadisga koʻra: “Paygʻambarlarning sayyidlari beshtadir: Nuh (a.s.), Ibrohim (a.s.), Muso (a.s.), Iso (a.s.), Muhammad (s.a.v.). Muhammad (s.a.v.)  esa bu beshtaning sayyididir” [3:54]. Qiyomat kunida ham Odam oʻgʻillarining sayyidi Udir. Avvalgilar va keyingilarning eng qadrlisi U boʻlgani bois, Qiyomat kuni hamd tugʻi Unga berilur. Bu kunda paygʻambarlarning imomi, xatibi va shafoat sohibi U boʻlur. Barcha paygʻambarlar U zotning tugʻi ostida birlashurlar [5:14].

Avvalo, Odam alayhissalomning yaratilishi, keyin hazrati Havvoning yaratilishi, ularning jannatdan quvilishi va yer yuziga tushirilishini Mashrab shunday yoritadi: Odam alayhissalom yaratilgan va jannatga kiritilgan kun Juma kunidir.

Odam (a.s.) jannatda soʻzlashadigan suhbatdoshi va oʻzi bilan birga sukunat topadigan biror yaqini boʻlmay yolgʻiz oʻzi yurganida Alloh taolo unga uyqu berdi. U uxladi. Soʻngra unga azob bermasdan chap  qovurgʻasidan birini olib oʻrniga et toʻldirdi. Odam alayhissalom uyqudan uygʻonmasidan momo Havvoni undan yaratdi.

Farishtalar: “U nima uchun yaratildi?” – deb soʻrashdi. Odam (a.s.): “U men sukunat topishim, men bilan uning sukunat topishi uchun yaratildi”, – deb javob qildi. Shu tariqa Alloh taolo momo Havvoni Odam (a.s.)ga yoʻldosh qildi. Xuddi shu nuqtani Mashrab Odam (a.s.)ga ishq tushganini, Havvoga muhabbatini tasvirlagan:

Ishq topdi hazrati Odamga joy,

Zoru zor yigʻlab, Havvo urdi voy [1:449].

Alloh taolo Odam (a.s.) hamda momo Havvoning jannatda yashashlari va uning neʼmatlaridan bemalol tanovul qilishlariga izn berdi. Faqat bir daraxtga yaqinlashmasliklarini tayinladi [7:6]. Shuningdek, iblisning ularga dushman ekanini aytib: “Bas, u ikkovingizni jannatdan zinhor chiqarmasin!”, [8:320] deb ogohlantirdi.

Odam (a.s.) juma kuni jannatdan chiqarilib, yerga tushirildi. Odam alayhissalom Hindistondagi Navz yoki Bavz Togʻiga, momo Havvo esa Jiddaga Arofat togʻiga tushirildi.

Odam (a.s.) tushirilgan togʻ Hindistonning Sarandib hududidagi Bavz (Navz) togʻi ekani aytiladi [11:36-60].

Alloh taolo  Odam (a.s.)ni jannatdan chiqargach, unga jannat ozuqalaridan ehson qildi va yashashi uchun barcha narsani oʻrgatdi. Alloh taolo inson ona qornida  91- kuni, bu toʻrtinchi oyning birinchi kuni odamga jon tuhfa qildi. Odam (a.s.)ni behishtdan Yer sayyorasiga taʼqiqlangan mevani yegani uchun badargʻa qildi.

Odam (a.s)ning jannatdan yerga badargʻa qilinishining boisi momo Havvo bilan Alloh taqiqlagan mevani yeyishlari boʻldi. Bu toʻgʻrida hatto ulamolar oʻrtasida turlicha qarashlar mavjud. Baʼzilar anjir, baʼzilar olma, baʼzilar xurmo, Mashrab esa bugʻdoy deb atagan:

Alifni dilga jo qilmoqni “Bismilloh”din  oʻrgandim,
Shohid qonini toʻkmakni Kalomullohdin oʻrgandim.
Oʻshal kuni hasht dari Jannatni bir bugʻdoyga sotmoqni,
Tariqi bandalikni Odamu Havvodin oʻrgandim [9:52].

Odamzod zalolat va razolatga berilib, qilgan gunohlari haddan tashqari oshib ketdi. Alloh Nuh (a.s.)ga odamlarni ogohlantirishni buyurdi. Ammo odamlar qavmi Nuhga boʻysunmadi va Alloh ularni toʻfon bilan jazolashni amr etdi.

Mashrab imon keltirmaganlarni, Nuhga ergashmaganlarni halokatga yoʻliqqanlarni, ular kufr yoʻlidan ketganini nadomat bilan soʻzlagan:

Hazrati Nuh kettilar, man ayrilib qoldim, darigʻ,

Kishti koʻrmabmanki, toʻfondin nechuk aylay suxan?

Nuh (a.s.) kemaga oʻgʻillari Som, Xom, Yofas va ularning juftlari bilan unga imon keltirganlarni oldi. Oʻgʻli Yom kemaga chiqmadi. Chunki u kofir edi. Nuh (a.s.)ning xotini Voila ham kofir edi. Xalqqa erining majnun (jinni) ekanini aytardi. Ular kofirlardan boʻlib, suvga gʻarq boʻldi.

Kemaga chiqqanlarning Nuh (a.s.) bilan uch oʻgʻli va ularning juftlari, jami sakkiz kishi ekani (shuningdek, oʻn besh erkak bilan besh ayol yoki oʻn erkak bilan oʻn ayol) aytiladi.

Hatto sakson kishi ekani haqida rivoyat bor [4:41].

Osmondan yoqqan yomgʻirning, yerdan pishqirib chiqayotgan sellarning suvi butun yer yuzini qopladi va  togʻlarning choʻqqisidan yana oʻn besh ziroʻ koʻtarildi. Quyosh nuri va oy shuʼlasi xiralashdi. Dunyoni zulmat qopladi. Kecha-kunduz bir boʻldi. Yogʻingarchilik qirq kun davom etdi. Yer yuzida sel bosmagan, suv toʻlib-toshmagan joy qolmadi.

Nuh  (a.s.) kemasi butun dunyoni  kezdi. Avvaliga oʻng tomonga qarab suzib Habashistonga yetib bordi. Soʻng Jidda tomonga yoʻl oldi. Keyin Rum oʻlkasi tomon suzdi. Rum oʻlkasidan oʻtgach, qaytib Muqaddas Arzga yoʻnaldi. Makkaga bordi. Harami Sharif atrofida yetti marta aylandi. Soʻngra Yamanga yoʻl oldi. U yerdan qaytib Juvdiy togʻiga yetib bordi.

Mashrab paygʻambarlar Odam (a.s.) Ibrohim Halilulloh, ­Ismoil Safiyulloh, Muso, Nuh( a.s.)ni axtarib yurganini, ular insoniyat va qavmlarning paygʻambari ekanlarini taʼkidlab boradi:

Misli ruhmankim, miyoni jonda yurdum axtarib,
Hamchu Odam jannatu rizvonda yurdum axtarib,
Navha qildim Nuhdek, toʻfonda yurdum axtarib,
Chun Xalildek otashi soʻzonda yurdum axtarib,
Misli Ismoil kabi qurbonda yurdum axtarib.

Xojarning Safo va Marva  tepaliklari orasida borib kelishi – biror kishini uchratish, ochlik, suvsizlik va vodiyda jon berayotgan jigarporasining oʻlimini koʻzlari bilan koʻrmaslik sababli edi. Shu bilan birga, u oʻgʻlining oldiga ikki marta kelib ketgan va har safar uni jon berayotgan holatda koʻrib, umidsizligi ortgan edi.

Xojar Safo va Marva tepaliklariga yetti marta borib keldi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “ Shu sababli insonlar Safo va Marva orasida saʼy etarlar” , – deb marhamat qilar edilar [4:154].

Mashrab Ismoilning itoatgoʻyligini, qurbonlikka tayyorligini shunday bayon etgan:

Ishqi Ismoilni ozmoish uchun,

Jonidin kechurdi qurbonlash uchun [1:431].

Bu voqeadan soʻng Ibrohim (a.s.) uzoq muddat oʻz farzandidan yiroqlarda yurdi. Kunlardan birida yana Makkai Mukarramaga kelib, Ismoil bilan diydor koʻrishgach, unga Alloh taolo yana bir muhim vazifa yuklaganini, u ham boʻlsa, insonlar Allohga ibodat qilishi uchun bir uy qurishga buyurgani, bu boʻlajak Baytulloh ekani, uning oʻrni shu yerdaligini aytdi. Ismoil otasiga: “Parvardigor amriga biz doim hozirmiz. Albatta, qurajakmiz”, deb javob berdi. Ota-bola Baytulloh poydevorini qoʻyishga kirishdilar. Kaʼba devori maʼlum miqdorda koʻtarilgach, Ibrohim  (a.s.) Ismoilga: – Shu yerga tuzukroq tosh topgin, odamlar uchun bir nishona qilib qoʻyib ketaylik, – dedi. Farishta Jabroil (a.s.) hozirgi turgan “Hajar ul-asvad”ga ishora qildilar. Shu tariqa “Hajar ul-asvad” Kaʼba burchagiga qoʻyildi. Ota-bola Allohdan qilayotgan xolisona ishlarini qabul etishini soʻrab duo qilib, Kaʼba qurilishini davom ettirdilar. Kaʼba devori odam boʻyidan yuqori boʻlgach, Ibrohim (a.s.) kattaroq toshni oyogʻi ostiga qoʻyib, devor qurishni davom ettirdilar. Bu toshga Allohning amri bilan Ibrohim (a.s.)ning oyoq izlari tushib qoldi. Bu tosh Kaʼba yonida turar edi. Hazrati Umar davrida u Kaʼba devoridan sal beriga surib qoʻyildi. Hozirda bu tosh “maqomi Ibrohim” deb ataladi. [9:52].

Mashrab Kaʼbani Ibrohim Xalilulloh qurganini, kimki, u qoʻygan toshni tavof qilsa, gunohlardan poklanishini, shohu gado Alloh uyida gunohlardan mosuvo boʻlishini, Ismoilni oʻlimdan saqlaganini, boshiga yuz ming balo kelsa-da, Alloh u joyda najot berishini taʼkidlaydi:

Kaʼba qurib bitkazilganda, Jabroil alayhissalom keldi. Ibrohim alayhissalomga: “Uni tavof qil!”, dedi. Ibrohim (a.s.) bilan Ismoil (a.s.) Kaʼbani yetti marta tavof qildi. Maqomi Ibrohim orqasida namoz oʻqidilar. Jabroil alayhissalom Safo, Marva va Mino, Muzdalifa va Arofatda qilinishi lozim boʻlgan amallarning barchasini koʻrsatdi va oʻrgatdi [9:175].

Mashrab Qurʼoni karimda zikr etilgan va zikr etilmagan paygʻambarlarni “Mabdai nur” axloqiy – taʼlimiy, tasavvufiy – diniy, falsafiy – siyosiy asarida bir necha joyda hurmat-ehtirom bilan tilga oladi. Ularning oʻz qavmlarini Allohni tanishga chaqirganlarini, insoniy sifatlarga ega boʻlganlarini eslatib boradi.

Odam (a.s.)ni yaratishdan maqsad uni yerga badargʻa etib, oʻzligini, oʻzini bandalariga tanitish ekanini eslatib boradi. Iso, Muso, Maryam, Xizr, Nuh, Ibrohim, Ismoil, Dovud, Sulaymon, Yahyo, Ayyub, Solih, Zakariyo, Shuayb, Yunus, Idris, Jurjis, Somiriy, Isʼhoq, Yaqub, Yusuf alayhissalomlarning  bashariyatga xizmatlarini taʼkidlab boradi.

Iso (a.s.) Imron (a.s.)ning ibodatxonaga nazr qilgan qizi bokira Maryamdan tugʻildi. Alloh Jabroil farishta orqali Maryamning pok vujudiga “puf” deyishi bilan oʻsha vujudda homila sifatida paydo boʻldi va dunyoga keldi. Iso (a.s.) oʻzidan  avvalgi kitob – Tavrotni tasdiqlovchi sifatida yuborilgan va oʻziga Injil kitobi nozil boʻlgan. Injil esa Tavrot shariatiga ayrim oʻzgartirishlar kiritgan xolos. Eng muhimi Iso (a.s.)ning: men Tavrotni tasdiqlash uchun va “Mendan keyin keluvchi Ahmad ismli rasulning bashoratini berish uchun” kelganman, deganidir (Saf surasi).

Iso alayhissalomning yoshlari oʻttizga yetganda Alloh taolo Injil kitobini nozil qildi. Iso alayhissalom yahudiylarni Allohning birligiga daʼvat qila boshladi.

Alloh taolo unga “Xalqni Allohga imon keltirish va ibodatga daʼvat qilishga, bemorlar, moxov, tugʻma koʻr, aqli zaif, telba va turli xastalarni Allohning duosi bilan davolash”ga amr qildi.

Xalq paygʻambarini yaxshi koʻra boshladi, uning shuhrati, hurmati oshdi. Unga ergashganlar safi koʻpaydi [10:380].

Iso alayhissalomning xastalarni tuzatuvchi va oʻliklarni tiriltiruvchi duosi: “Ey Allohim! Samodagi va yerdagi barcha jonzotlarning Ilohi  Sensan! Yer va osmonni Sendan boshqa Ilohi yoʻq. Koʻkka Jabbor boʻlgan oʻzingsan! Yer – u osmon hukmdori  tanho oʻzingsan! Ikkisini ham Sendan oʻzga hukmdori yoʻq. Yer yuzidagi Qudrating samodagi qudrating kabidir. Seni yer yuzidagi saltanating samodagi saltanatingdekdir! Men Sening moʻtabar ismlaring bilan Senga iltijo qilaman! Shubhasiz Sen hamma narsaga qodirsan!”.

Iso alayhissalom oʻliklarni ushbu duo bilan tiriltirar edilar. Iso alayhissalom davrida tibbiyot yaxshi rivojlangan edi. Ammo tabiblar tugʻma koʻr, moxov, aqli zaiflik kabi xastaliklarni davolashda ojiz edi. Iso alayhissalom esa bunday xastaliklarni Alloh qudrati bilan davolay olar edilar. Alloh taolo Iso alayhissalomga shunday imkoniyat va qudrat berdiki, mutlaqo davosiz hisoblangan shabkoʻrlik, pes, tugʻma koʻr kabi kasalliklar ul zotning bir nazarlari bilan yoki qoʻl bilan silashlari natijasida tuzalib ketardi [4:380]. Mashrab Iso haqida:

Jahon mulkida hargiz toru soʻzon saqlamay oʻtti,
Maqomati tajarrudni oʻshal Isodan oʻrgandim.
Haqiqat minbari vasliga Isoni shafiʼ etdi,
Tariqi imtihonni ruhi Armiyodan oʻrgandim [1:112].

30 yoshida paygʻambar qilib yuborilgan Iso (a.s.)ga Xudo juda koʻp moʻjizalar, shu jumladan, oʻz nafasi bilan oʻlikni tiriltirish moʻjizasi ham bergan. Bu adashgan qavmni Haq yoʻlga ishontirish uchun kerak edi. Paygʻambar 33 yoshga yetganda yahudiylar dushmanligi haddidan oshdi, suiqasd uyushtirildi. Suiqasd qilganlar biz Isoni oʻldirdik deb hammani ishontirdi. Lekin Isoni Alloh Oʻziga koʻtargan edi. Islom aqidasi boʻyicha, qiyomat yaqin qolganda Iso yer yuziga qayta tushadi. Mashrab:

Maqsud na edi, bilsang agar, ey bani Odam,
Dunyoga yubormak gʻarazi Iysou Maryam,
Musou hozir birla malak barchalari ham – Xizr
Pur boʻldi daru dasht – muattar hama olam,
Gesulari yozgʻonda  sabo shonani koʻrdi [1:304].

Al-Hofiz ibn Asokir aytadi: “Xizr alayhissalom Odam alayhissalomning pushti kamaridan boʻlgan oʻgʻillaridir”. Yana bir rivoyatga koʻra, “Odam avlodlarining ichida eng uzun umr koʻradigani Xizr alayhissalomdirlar. U zotning ismlari Xizrun ibn Qobil ibn Odamdir. Odam alayhissalomning vafotlari yaqinlashganda avlodlariga xabar berib, shunday deganlar:

“Yaqinda toʻfon boʻladi. Toʻfon boshlanganda mening jasadimni kemaga olinglar va toʻfon tinganidan keyin falon (muayyan joyni koʻrsatganlar) joyga dafn etinglar. Kim mening vasiyatimni bajarsa, uning umri uzun boʻladi. “Toʻfon tinganidan keyin kemadan tushib, Nuh alayhissalom oʻgʻillariga: “Odamni vasiyat qilgan yeriga dafn qilib keling”, deb buyurdilar. Yerning hamma joyini topish mushkul edi. Xizr alayhissalom sabot va matonat bilan Odam alayhissalomni oʻsha yerga dafn etdilar. Shundan soʻng Odam alayhissalomning duolariga noil boʻlib, uzoq umr koʻradigan boʻldilar [10:328].

Ibn Jarir at-Tabariyning yozishicha, Xizr Afridun ibn Isfiy zamonida yashagan ilm sohiblaridan boʻlib, Muso alayhissalom oʻz zamonlarida u bilan uchrashganlar. Abu Hurayra (r.a.) aytardilar: “Paygʻambarimiz (s.a.v.) dedilar: Xizrning shu nom bilan atalishiga sabab shuki, u oppoq (shoʻr) yerga oʻtirsa ham, oʻrnidan turishi bilan u yerdan yashil maysa unib chiqardi”. Mashrab Xizr (a.s.)ni shunday tasvirlagan:

Qarae kim obi rahmat manga noʻsh aylar Xizr,

Xoli Musoyi kalimga man aso kelturmisham.

Al-Xitobiy aytadi: Xizrning shu nom bilan atalishiga sabab, uning yuzi nurli va goʻzal boʻlgani uchundir”.

Mashrab Qurʼoni karimdagi hamma paygʻambarlarni madh etgan:

 

Yigʻlagin, shoʻrida boʻl monandi Nuh,
Yigʻlagin to zindasan, abdulamin.
Misli odamdek bu yoʻlda yigʻlagin.
Yigʻla Ibrohimdek Xalildek behudi,
Nurga aylanganmu nori Namrudi,
Yigʻlagin to sanga kelgay maʼrifat,
Hamchunon qon yigʻla Ismoil sifat.
Yigʻla Dovuddek, jahon boʻlgʻay xarob,
Tuhfai dargohida chashmi purob.
Yigʻla Musodek bu yoʻlda hoziri,
Dinni barbod etti sehri Somiriy.
Yigʻla Isodekki, jon boʻldi giroʻ,
Bandi har soʻzan boʻlub ul nekroʻ.
Yigʻla monandi Sulaymondek sanam,
Oxiri san ham ketarsan, ham manam.
Yigʻla Yahyodekki, umr boʻldi axir,
Yoʻlimizni ustida noru saʼir.
Yigʻla Ayyubdek jigarlar boʻldi resh,
Jumla roʻgardon boʻldi qavmu xesh.
Yigʻla Solihdek bukun shomu sahar,
Noqatulloh aylanib keldi magar.
Yigʻlagin bu yoʻlda misli Zakariyo,
Toki jon Haq yoʻlida topgay baho.
Yigʻlagin har soate misli Shuʼayb,
Digal bergaymu Xudo asrori gʻayb.
Yigʻla Yunusdekki, to vaqti duo,
Haq nahangi nafsdin bergay fano.
Yigʻla Idrisdekki, to davlatga yet,
Rahravonlar kettilar, jannatga yet.
Yigʻla Jurjisdekki, ey shoʻrida baxt,
Qilsalar boshingni munda saxt – saxt,
Yigʻlagin Isʼhoqdek rahmat talab,
Rahmatidin dilni uzma roʻzu shab.
Yigʻlagin monandi Yaʼqubi nabiy,
Sad giribon pora qilgin har shabe .
Yigʻlagin Yusuf sifat to zinda boʻl,
Bandi chohi guldin barkanda boʻl [ 2:147-148].

 

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Boborahim Mashrab. Kulliyot. Mirzo Kenjabek soʻzboshisi. – T.: Muharrir, 2017.
  2. Boborahim Mashrab. Mabdai nur. Tadqiq qiluvchi, eski oʻzbek yozuvidan nashrga tayyorlagan, lugʻat va izohlarni tuzuvchi: Hoji Ismatulloh Abdulloh. – T.: Noshir, 2023.
  3. Hakim. Mustadrak. 2-jild.
  4. Ibn Saʼd Tabaqot, 1-jild.
  5. Paygʻambarlar tarixi / Nashrga tayyorlovchilar: Ahmad A., Nurulloh I., Atamurodov Sh. –T.: Movarounnahr, 2020.
  6. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Baqara surasi, 253-oyat. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2001.
  7. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Baqara surasi, 35-oyat; Aʼrof surasi, 52-oyat. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2001.
  8. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Toho surasi, 117-oyat. –T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2001.
  9. Shayx Zohidxon Qodir Otaxon oʻgʻli. Paygʻambarlar qissasi. –T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2019.
  10. Soʻzboshi muallifi va masʼul muharrir Anvar qori Tursunov. Paygʻambarlar tarixi. Islomiyat tarixi. – T.: Movarounnahr, 2020.
  11. Tabariy. Tarix. 1-jild. –B. 60; Ibn Asr. Komil. 1-jild.

 

MOʻMIN HOSHIMXONOV,
JDPU professori v.b,
Falsafa fanlari doktori

Check Also

SAUDIYA ARABISTONI DELEGATSIYASI SAMARQANDDA BO‘LDI

Tas-ix: