Sami AYYUB – Texas universiteti professori (AQSH):
– Samarqandga ilk bor kelishim. Markazingiz faoliyati bilan tanisha turib, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi eʼtiborimni koʻproq tortdi. Uning sovrindorlari bilan tanishdim, hammasiga havasim keldi. Bizda ham oʻzbek olimlaridan iborat hayʼat bor. Ular bilan oʻzaro hamkorlik doim manfaatli kechgan. Ilm odamlari uchun bu juda muhim, chunki tadqiqotlar yuzasidan boshqa davlat olimlari bilan yuzma-yuz ilmiy muloqot imkoniyati har doim ham berilavermaydi.
Ayni paytda Oʻzbekiston ilm-fan sohasini yanada taraqqiy toptirish orqali dunyoga boshqa jihatdan ham yuz ochyapti. Tashkil etilayotgan koʻplab xalqaro anjumanlarning oʻzi buning yorqin tasdigʻidir. Markazingizda bunday nufuzli tadbirlarni samarali tashkil etish va uyushqoqlik bilan oʻtkazishda oʻziga xos tajriba shakllangani bizni quvontiradi. Maqsad bitta – Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosini oʻrganish yoʻlida olib borilayotgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish. Shu maqsadda qilinayotgan har bir ish muhim va xayrlidir. Bu borada Markaz jamoasi bilan bir yoʻlda ekanimizdan mamnunmiz va oʻzaro izchil hamkorlik uchun asoslar yetarli, deb hisoblaymiz.