Home / FOTO LAVHALAR / Mamlakatimiz ilmiy hamjamiyati yutugʻi

Mamlakatimiz ilmiy hamjamiyati yutugʻi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ulugʻ alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub noyob yozma manbalarni tadqiq etish va ular mohiyatini dunyo jamoatchiligi eʼtiboriga yetkazish orqali bashariyatni ilm, eʼtiqod va taraqqiyotga chorlashda jahon maʼrifat maskanlarining yuragi boʻlib xizmat qilmoqda, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Shu kungacha ellikka yaqin turdosh markaz va nufuzli ilm dargohlari bilan memorandumlar imzolanib, keng miqyosda hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Xorijiy hamkorlar bilan manbashunoslik va tarixshunoslikning dolzarb mavzularida ilmiy konferensiya va seminarlar oʻtkazib kelinmoqda. Bu oʻz navbatida Markaz faoliyati va olimlarining ilmiy salohiyati nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet ellardagi ilmiy doiralar vakillari tomonidan eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.

Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Fuzuliy nomidagi Qoʻlyozmalar instituti tadqiqotchisi Rena Mamedovaning tarixshunoslik, manbashunoslik va tadqiqot usullari ixtisosligi boʻyicha tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun “Nodir Shoh Afsharning harbiy-siyosiy faoliyati va islohotlari (fors manbalari asosida)” mavzusida yozgan dissertatsiya ishiga rasmiy opponent sifatida taklif etilgani ham fikrimiz dalilidir.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Dissertatsiya kengashining 13-iyun kuni oʻtkazilgan majlisida Markaz olimi sohaning tajribali mutaxassisi sifatida ozarbayjonlik tadqiqotchiga mazkur dissertatsiya yuzasidan  zarur tavsiyalarini berdi.

Sh.Ziyodovning nufuzli xorijiy Ilmiy kengash tomonidan rasmiy opponent sifatida tanlanishini nafaqat Markaz jamoasining, balki yurtimiz olimlarining umumiy yutugʻi sifatida baholash mumkin.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …