Home / FOTO LAVHALAR / Eng moʻtabar mazhab

Eng moʻtabar mazhab

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 4-iyun kuni Turkiyaning “Diyanet” jamgʻarmasi huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) bilan hamkorlikda tashkil qilingan Hanafiy mazhabi boʻyicha IV yillik xalqaro konferensiya boshlandi. Unda Turkiya, AQSH, Avstriya, Germaniya va mamlakatimizning yetakchi islomshunos olimlari ishtirok etmoqda.

Movarounnahr va Iroqda hanafiy mazhabining shakllanishi hamda fiqhiy manbalar va matnlarga oid tadqiqotlarni qiyosiy oʻrganish, “Al-Adabul qoziy” va “Ad-Daʼvo” kitoblarida qozilik qoidalarining yoritilishini tahlil qilish, Markaziy Osiyodagi faqihlari (huquqshunoslari)ning mazhab rivojiga qoʻshgan hissasini, shuningdek, Mamluklar (Misr) va Usmoniylar (Turkiya) davlatlari ijtimoiy hayotida hanafiylikning oʻrni va ahamiyatini ochib berish maqsadida oʻtkazilayotgan konferensiya onlayn va oflayn tarzda jami olti shoʻbada tashkil etilgan.

Anjumanning asosan xorijlik mutaxassislar maʼruzalariga bagʻishlangan birinchi kunida islom huquqiga tarixshunoslik, tanqidiy tadqiqotlar va meʼyoriy amaliyot nuqtai nazaridan yondashuvlar muhokama etildi. Bu borada fiqhiy nazariyaning ilohiyotdan xoli holda shakllanishi, hanafiy huquq taʼlimotida Iroq va Markaziy Osiyo anʼanalari, Abu Zayd Dabusiy va uning hanafiy jinoyat huquqi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, “Tafsiri Nasafiy”da qiroat masalalari koʻrib chiqildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, qasam, vaʼda elementlarining Hanafiy fiqhida tutgan oʻrni hamda turli mintaqalardagi hanafiy nuqtai nazar va qarashlarni imomatning qonuniyatlari boʻyicha xaritalash yuzasidan fikr-mulohazalar yuritdi.

Konferensiya uch kun davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …