Home / MAQOLALAR / ISLOMDA IRIM QILISH VA SHUMLANISH YOʻQ (1-qism)

ISLOMDA IRIM QILISH VA SHUMLANISH YOʻQ (1-qism)

Sarvari koinot Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlar orqali bizga islom dini aqidalari, shariat hukmlarini bekamu koʻst oʻrgatib ketdilar. Sahobalardan tortib to bizning asrimizgacha oʻtgan ulamolar ummatga nafaqat shariat ahkomlarini tushuntirish, balki musulmonlar kirib qolgan bidʼat va xurofotlarga qarshi jiddiy kurashib kelgan. Lekin shunga qaramay, musulmon xalqi oʻrtasida dinga zarracha aloqasi boʻlmagan baʼzi bir urf-odatlar, asossiz aqidalar hanuz hukm surib kelayotganligi achinarli holdir. Ana shunday xurofotlardan biri irim qilish, shumlanishdir. Alloh va Rasuli bunday ishlardan, bunday eʼtiqoddan qaytaradi. Chunki irim-sirimlar va har xil narsalardan shumlanish insoniyatning aql mezoniga toʻgʻri kelmaydigan, uning imoniga zarar keltiradigan, haq yoʻldan botilga boshqaradigan amallardan biridir.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining muborak hadisi shariflarida bunday marhamat qilganlar:

عن النبي صلى الله عليه و سلم : » ثَلاَثٌ لَمْ تَسْلَمْ مِنْهَا هذِهِ الْأُمَّةُ أَلْحَسَدُ وَ الظَّنُّ وَ الطِّيَرَةُ أَلاَ أُنَبِّئُكُمْ بِالْمَخْرَجِ مِنْهَا إِذَا ظَنَنْتَ فَلاَ تُحَقِّقْ وَ إِذَا حَسَدْتَ فَلاَ تَبْغِ وَ إِذَا تَطَيَّرْتَ فَامْضِ » رواه ابو يعلى 

Yaʼni: “Uch narsadan mening ummatim hanuz qutula olmaydilar. Bu – hasad, badgumonlik va irimdir. Bunday narsalardan qutulish yoʻli shuki, hasad qilsangiz, zulmga oʻtmang. Gumonu shubha qilsangiz, uni haqiqat hisob qilib, unga asosan ish tutmang. Biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Alloh taologa tavakkal qilib, yoʻlingizda va ishingizda davom etib ketavering”.

Paygʻambarimiz bu uch narsaning ummat ichida mavjud boʻlishini alohida taʼkidlash bilan unga chorlamadilar, aksincha bunday illatlardan ogoh boʻlishga, uning botqogʻiga botib qolmaslikka chaqirdilar. Shu bilan birga, bu kabi holatlarda qanday yoʻl tutmoq kerakligini ham koʻrsatib berdilar.

Islom dini kelishidan oldin, johiliyat davrida odamlar xayoliga kelgan narsa bilan shumlanaverishgan. Hatto paygʻambarlar bilan ham shumlangan qavmlar boʻlgan. Alloh taolo bunga Muso alayhissalom bilan Firʼavn qavmini misol qilib keltiradi:

﴿فَإِذَا جَآءَتْهُمُ ٱلْحَسَنَةُ قَالُواْ لَنَا هَـٰذِهِۦ ۖ وَإِن تُصِبْهُمْ سَيِّئَةٌ يَطَّيَّرُواْ بِمُوسَىٰ وَمَن مَّعَهُۥٓ ۗ أَلَآ إِنَّمَا طَـٰآئِرُهُمْ عِندَ ٱللَّهِ وَلَـٰكِنَّ أَكْثَرَهُمْ لَا يَعْلَمُونَ ﴾

Ular oʻzlariga yaxshilik yetganda: Bunga biz haqdormiz, dedilar. Agar ularga yomonlik yetsa, Muso va u bilan birga boʻlganlardan shumlandilar. Ogoh boʻlsinlarkim, ularning shumliklari Allohning huzuridan boshqa joyda emas. Lekin koʻplari bilmaydilar”.[1]

Yaʼni, ularga biror neʼmatlar yetsa, bizlar shunga loyiqmiz, deydilar. Agar biror tijorat va ziroat ishlarida biror zarar yetsa, tavhiddan yiroqliklari, din-diyonatda johilliklari sabab Muso alayhissalom va unga ergashganlar bilan shumlanishdi. Holbuki, ularning shumlanishiga sabab boʻlgan narsa – rizqining koʻp yo kam boʻlishi oʻlchovi faqat Allohning huzuridadir. Ular dindan yuz oʻgirganlari sabab buni bilmaydilar.

Darhaqiqat, irim va shumlanishning turi koʻp boʻlib, unga “oldidan mushuk oʻtgani uchun yoʻldan qaytish” yoki “falonchi kelinning qadami ogʻir keldi”, “chorshanba va juma kuni kasal koʻrgani bormang”, “shanba kuni kir yuvmang”, “chorshanba kuni tirnoq olmang”, “janozadan keyin toʻyga bormang”, “marhumni eshikdan olib chiqmang” kabilarni misol qilish mumkin. Shuningdek, irim qilayotgan narsasidan saqlanish uchun turli-tuman tumorlar osib olishlar ham islom dini aqidasiga yot boʻlgan ishlardandir. Bu kabi irimlarga oʻralashib qolish insonni haq dindan uzoqlashtirib, turli xurofotlarga koʻmib tashlaydi.

Bunday fosid eʼtiqodga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz munosabatlarini bildirib:

عن أنس: عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: «لا عدوى ولا طيرة ويعجبني الفأل الصالح الكلمة الحسنة».  

 “Kasalning yuqishi yoʻq, shumlanish ham yoʻq, solih faʼl[2] va goʻzal soʻz meni ajablantiradi,” dedilar.”[3]

Shuningdek, ayrim hayvon qushlardan va baʼzi raqam va oylardan irim qilish, asossiz ravishda yomon gumonda  boʻlish ham botil aqida ekanligini uqtirib:

قال عمير بن سعد: سمعت النبي صلى الله عليه وسلم يقول: لا عدوى ولا طيرة ولا هامة

“Kasallik yuqishi yoʻq, qush uchirib, fol ochish ham va “homma” – ruhning hayvon yoki qush tanasiga yoki boshqa bir inson tanasiga koʻchishi[4] ham yoʻq,” dedilar.[5]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

عن النبي صلى الله عليه وسلم قال : » لاَ عَدْوى وَلاَ طِيَرَةَ وَلاَ هَامَةَ وَلاَ بُومَ وَلاَ صَفَرَ» (متفق عليه(

Yaʼni: (Islom dinida) bir kasallik bir kishidan ikkinchi bir kishiga yuqish sababli oʻtmaydi[6], qush uchirib, fol ochish yoʻq[7], vafot etgan odamning ruhi boshqa odam yoki hayvon jasadiga oʻtmaydi, boyqush (boyoʻgʻli) va safar oyidan shumlanish yoʻq”, deb marhamat qilganlar.

Islom dini aqidasiga koʻra bir kasallikni bir kishidan ikkinchi bir kishiga yuqish sababli oʻtishi qatʼiy qilinmaydi, yaʼni hamma kasalliklar ham yuqavermaydi va hammaga ham yuqavermaydi, faqat Alloh xohlaganga dard yetadi.

Bir ishni boshlashdan oldin yoki safarga chiqishdan oldin qush uchirib, fol ochilmaydi. Shuningdek, “vafot etgan odamning ruhi turli jonivorlar jismiga koʻchishi va xonadoniga kelib chirqillab turishligi” ham muqaddas dinimiz taʼlimotiga ziddir[8]. Boyoʻgʻlining sayrashidan yoki bir joyni makon tutishidan hech kimga zarar yoʻq. Baʼzilar oʻylaganidek, boyoʻgʻli sayraganda yoki in qurganda, daraxtlar qurib, uylar vayronaga aylanmaydi. Aksincha, boyoʻgʻli qurigan daraxtlar va vayronalarni qidirib, topib, oʻsha joylargagina in quradi. Chunki uning yemishi boʻlmish sichqon va kalamushlar, odatda, xuddi ana shunday yerlarda boʻladi.

[1] Aʼrof surasi, 131-oyat.
[2] Faʼl (tafaʼul ham deyiladi)  – yaxshilikka taʼvil qilish, har narsadan yomon xayolga bormaslik, yaxshi gapni gapirib insonning koʻnglini koʻtarib qoʻyish. Masalan: bemorning koʻnglini koʻtarib qoʻyish.
[3] Imom Buxoriy. “Al-Adab al-mufrad”. Faʼl bobi, 913-hadis.
[4]  Baʼzi manbalarda “homma” soʻzi (1) boyqush (boyoʻgʻli), (2) qabr qurti, (3) zaharli hasharot, (4) chaqqanda insonni oʻldiradigan har qanday zaharli zararkunanda, deb keltirilgan. Yaʼni, mazkur hasharot va hayvonlardan shumlanish mumkin emas. Ammo ehtiyot yuzasidan bu kabi narsalardan oʻzini saqlash mumkin.
[5] Sulaymon ibn Ahmad at-Tabaroniy. “Al-Muʼjamu al-kabiyr”. “Maktabatul ulum”. Mosul – 1983. 12-juz. – B 46.
[6] Boshqa hadislarda “moxovdan sherdan qochgandek qochgin”, “vabo tarqalgan joyga kirmanglar”, deb baʼzi kasalliklardan ehtiyot boʻlishga chaqirilgan.
[7] Qushga qarab fol ochishga bogʻliq, bizda koʻp tarqalgan irimlardan biri, olaqargʻa – hakka qushning eshik oldiga kelib sayrashi mehmon kelish alomati, deb eʼtiqod qilinishidir.
[8] Baʼzilar aytganidek, arvoh kapalak, arvoh ilon soʻzlari islomiy eʼtiqodimizga mutlaqo yot soʻzlardir.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAMARQANDDAGI BOGʻI SHAMOL JANGI

Maʼlumki, Shayboniylar sulolasining qudratli vakili Abdullaxon II ning 1598-yilda toʻsatdan vafot etishi [3:6] ushbu sulola …