Home / MAQOLALAR / PAYGʻAMBARIMIZ SUYGAN AMALLAR MOʻMINLARGA HAM SUYUKLIDIR

PAYGʻAMBARIMIZ SUYGAN AMALLAR MOʻMINLARGA HAM SUYUKLIDIR

Insonning biror amalni yaxshi koʻrib, unda bardavom boʻlishi goʻzal sifatlardandir. Hayotda har bir kishining oʻzi xohlab, sevib tanovul qiladigan taomi, yaxshi koʻrgan kishisi, kiyimi va boshqa narsalari boʻlib, vaqti-vaqti bilan oʻsha taomlardan yegisi, yaxshi koʻrgan kishisini koʻrgisi keladi.

Moʻmin bandani bu dunyoda yaxshi koʻrgani, avvalo, uning ota-onasi, oilasi, yaqin qarindoshlaridir. Lekin har bir moʻmin, avvalo, Alloh va Uning paygʻambarini hammadan va har bir narsadan ustun qoʻyishi kerak. Bu borada Paygʻambar alayhissalom ummatlariga goʻzal bir duoni oʻrgatganlar. Yaʼni: “Yo Alloh, sendan seni sevishni va seni sevadiganlarni hamda seni sevgingga yaqinlashtiruvchi amalni sevishni soʻrayman” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, inson Paygʻambar alayhissalomni yaxshi koʻrishining isboti oʻlaroq u zotning buyurganlariga amal qilishi va u zot yaxshi koʻrgan narsalarni yaxshi koʻrishi kerak ekan. U zot quyidagi amallarni yaxshi koʻrgan va ummatlarini ham unga daʼvat qilganlar:

  1. U zot halimlik va xotirjamlikni yaxshi koʻrganlar:

Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda u zot bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati). Xotirjamlik – insonga hayotda eng zarur boʻlgan neʼmatlardandir. Qayerda tinchlik, xotirjamlik boʻlsa, oʻsha yerda insonning barcha orzu-havaslari amalga oshadi. Inson qanday qilib xotirjamlik va pokiza hayotga erishishining yagona yoʻli – bu Qurʼon va sunnatning hanafiya mazhabi asosida asl mohiyatini anglashidadir.

Alloh taolo aytadi: “Kim Mening hidoyatimga ergashsa, yoʻldan ozmas va baxtsiz boʻlmas” (Toha, 123-oyat). Demak, haqiqiy baxtni izlagan inson shu oyatni oʻziga dasturul amal qilib olishi lozim.

  1. U zot hayo va goʻzal xulq sohibi boʻlganlar:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻta hayoli va goʻzal xulq sohibi edilar. Hattoki, u zotni shunday xulqlar bilan sifatlanganini Haq taolo madh etgan. Alloh taolo aytadi: “Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz”. (Qalam surasi 4-oyat). Hayoli insonda imon boʻladi. Imonli inson hayotdagi har bir gunoh ishlarni sodir etish imkoni boʻlganda ham, avvalo, Alloh taolodan hayo qilib, oʻsha amalni qilmaydi. Mabodo bilib-bilmasdan sodir etsa, darhol istigʻfor aytib, tavba qiladi. Hayosi yoʻq insondan esa barcha xunrezliklar va gunoh ishlarni kutish mumkin. Bunday odamlarda hayo boʻlmadimi, demak, imoni ham oʻta zaif, gunohga ragʻbatli, qilgan ishining oxirini oʻylamaydigan insonga aylanadi. Alal-oqibat bunday odamlar oxirida xoru zor boʻlib, Yaratganning gʻazabiga uchraydi.

  1. U zot doimo yetimlarning boshini silagan va beva-bechoralarga yordam berganlar:

Muqaddas dinimiz muhtojlar, nogironlar va ayniqsa, yetimlarga doimo eʼtibor qaratishni targʻib qiladi. Hattoki, bunday amallarni ibodat darajasiga ham koʻtargan. Agar bir inson beva-bechoralarga molidan infoq qilsa, yoki bunday xayrli ishlarga boshqalarni ham daʼvat qilsa, bu inson ham ehson qilganning savobini oladi.

Alloh taolo aytadi: “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga… yaxshilik qilinglar” (Niso surasi, 36-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar qalbing yumshashini xohlasang, miskinga taom ber va yetimning boshini sila!” dedilar (Imom Ahmad rivoyati). Demak, miskinga taom berish, yetimlarning boshini silash, ota-onaga yaxshilik qilish Paygʻambar alayhissalom suygan amallardan ekan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, qaysi bir insonda halimlik, hayolilik, goʻzal xulq sohibi va yetimlar boshini silash xislatlari boʻlsa, bunday kishilar ikki dunyoda koʻp yaxshilikka erishadi.

 Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAUDIYA ARABISTONI DELEGATSIYASI SAMARQANDDA BO‘LDI

Tas-ix: