22-may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyadagi Marmara universiteti bilan hamkorlikda “Turk abrusi tarixi” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Markaz ilmiy xodimlari, Buxorodagi “Ustoz-shogird” amaliy sanʼat markazi, Samarqand viloyati madaniyat va sanʼat xodimlarining “Eʼzoz” assotsiatsiyasi rahbarlari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Hunarmandlar uyushmasi aʼzolari, Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi xodimlari, Samarqand davlat universiteti doktorant va magistrantlari, qoʻlyozma asarlar restavratsiyasi va abru sanʼati bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilar hamda sohaga qiziquvchi jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Marmara universitetining Ijtimoiy fanlar instituti Islom tarixi va sanʼati boʻlimi mudiri dr. Sumayra Oʻjak Ahmad mavzu yuzasidan maʼruza qildi.
Seminarning nazariy qismida olima yigʻilganlarga sanʼatning bu turi haqida batafsil maʼlumot berdi. Turkiyadagi abru ustalari va ularning ustozlariga alohida toʻxtalib, ayni damda mamlakatda klassik abru bilan uning zamonaviy turlari ham rivojlanayotganini taʼkidladi va bu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan mohir hunarmandlarning ijod namunalarini koʻrsatdi.
Abru sanʼati boʻyoqlar yordamida suv yuzida turli shakllar yasash orqali qogʻozda abstrakt yoki gulsifat bezaklarni aks ettirish, demakdir. Baʼzi manbalarda abruni hozirgi Turkiya hududiga buxorolik yo samarqandlik ustalar olib kelgani qayd etilgan.
Izmirlik rassom Nuri Pinar ham abru sanʼati dastlab Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan, degan fikrni ilgari surgan. Uning taʼkidlashicha, sanʼatning bu turi qogʻoz ishlab chiqarish rivoj topib, uni bezash urfga kirgan vaqtda Samarqanddan Eron orqali Onadoʻliga kelgan.
Tadbirning ikkinchi – tajriba-amaliyot qismida Oʻjak xonim ishtirokchilarga abru sanʼati boʻyicha mahorat darsini oʻtkazdi. Qatnashchilarga suvda abru sanʼati namunalarini yaratish texnikasi amalda namoyish etildi.
Bu yoʻnalishda asar yaratishning turli usullari mavjud. Istalgan tasvirni – gullar, insonlar, tabiat manzaralari, asbstrakt suratlar, xullas, oddiy qogʻozda oddiy moʻyqalam bilan nimani tasvir qilish mumkin boʻlsa, hammasini – yaratish mumkin.
Abru sanʼati 2014-yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritildi. Uning oʻziga xos jihati shuki, bir marta chizilgan suratni takrorlashning hech ham iloji yoʻq. Shu sababli bu sanʼatda hozirgacha individuallik saqlanib kelmoqda.
Darsda har bir qatnashchi oʻzi suvda rasm chizish imkoniyatiga ega boʻldi. Har bir ijod namunasi qogʻozga tushirilib, egasiga taqdim qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan tegishli sertifikatlar topshirildi.