Home / MAQOLALAR / MUHTOJLIK va QASHSHOQLIKNING eng katta 62 ta SABABI yoxud biri ikki BOʻLMASLIK SABABLARI

MUHTOJLIK va QASHSHOQLIKNING eng katta 62 ta SABABI yoxud biri ikki BOʻLMASLIK SABABLARI

MUHTOJLIK va QASHSHOQLIKNING eng katta 62 ta SABABI yoxud biri ikki BOʻLMASLIK SABABLARIni

ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

 

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOYIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 “Alloh xohlagan kishilarga behisob rizq berur” (Baqara surasi 2/212 oyat);

“Qasamki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 14/7 oyat);

 “Isrof qilmangiz! Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (Anʼom surasi 6/141 oyat);

“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, tutgan yoʻllari buning oʻrtasida – moʻtadildir” (Furqon surasi 25/67 oyat); 

“Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar! Zero Alloh isrof qilguvchilarni sevmas!” (Aʼrof surasi 7/31 oyat).

Baʼzi ulamolar: “Alloh ushbu oyatda tabobat ilmining yarmini jamlagan” deyishgan.

 

JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM MEHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
 
¯     “Kim oʻziga tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga qashshoqlikning 70 ta eshigini ochib qoʻyadi”;
¯     Kim hayotda tejamli boʻlsa, qashshoqlik koʻrmaydi (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯     Odamlardan boʻlgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilolmagan odam – Xudoga ham shukr qilolmaydi;
¯     Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin!” – dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka boʻlishini bilmaysiz”, – dedilar (Imom Muslim rivoyatlari);
¯     Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va toʻsatdan koʻzlari toʻkilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. Soʻngra: “Alloh taolo bergan neʼmatlarni qadrlagin! Zero u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” – dedilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
¯     Imom Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Ey, Oisha, Allohning neʼmatlariga yaxshi munosabatda boʻlgin! Agar u neʼmatlar biron qavmdan olib qoʻyilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi”, deb keltirilgan;
¯     “Albatta banda qilgan gunohlari sababli rizqdan mahrum boʻladi”;
¯     “Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni oʻz hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yoʻl qoʻymang”;
¯     Taomdan oldin va keyin qoʻllarni yuvish – faqirlikni daf qiladi va u – paygʻambarlarning sunnatlaridandir (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
¯     Paygʻambarimiz sallallohu alayhi  vasallam sahobalardan Saʼad raziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida: Ey, Saʼad, bu isrof nimasi?” – dedilar. Saʼad raziyallohu anhu: Tahoratda ham isrof qilish bormi? – deb soʻradi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ha,  agarchi oqib turgan  daryoning boʻyida turgan boʻlsangiz ham! – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyatlari);
¯     “Taomning barakasi – taomlanishdan oldin va keyin qoʻlni yuvishdadir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯     “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlikka yoʻl qoʻymanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari);
¯      “Nafaqada oʻrtacha boʻlgan kishi hech ham kambagʻal boʻlmaydi” (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyatlari);
¯     Taom suzilgan laganning atrofidan yenglar, oʻrtasidan yemanglar! Zero oʻrtasiga baraka yogʻilib turadi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
¯     “Nafsning koʻzi toʻymaydi. Bir paqir oltini bor kishi “oh, yana shunday bir paqir oltinim boʻlsaydi”, deydi”;
¯      “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
¯     Iqtisod qilgan kimsa faqirlik koʻrmas, isrof qilish bilan koʻp mol ham qolmas” (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyatlari);
¯     “Nonni hurmat qilinglar, Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun boʻysundirib qoʻydi” (Imom Tabaroniy va Imom Bazzoz rivoyatlari);
¯     Har kimki taomdan oldin qoʻlini yuvsa, kambagʻallikdan emin boʻlgʻay;
¯     Anas ibn Molik raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir soʼdan besh muddgacha boʻlgan suv bilan gʻusl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Yaʼni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar;
¯     “Qaysi biringiz tongda uyqudan uygʻonganda oilasi tinch, tani sogʻ va uyida bir kunlik yegulik boʻlsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha neʼmatlar mujassam ekan”;
¯     “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir neʼmat bersa va banda uning shukronasi uchun “Xudoga shukr!” desa, shunda u oʻsha neʼmatlardan afzalroq narsaga erishgan boʻladi”;
¯     “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”;
¯     Bir kuni Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamning huzurlaridan bir tilanchi oʻtdi. Unga bir dona xurmo hadya qildilar. Tilanchining gʻazabi kelib, qabul qilmadi… Soʻngra boshqa bir tilanchi keldi… Unga ham bir dona xurmo hadya qildilar. U bir dona xurmoni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan deb, muhabbatu shukrona bilan qabul qildi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir joriyaga Ummu Salama raziyallohu anho huzuridagi qirq tangani shu tilanchiga berishlikni buyurdilar;
¯     “Isrofga yoʻl qoʻymay va takabburlik qilmagan holda yeng, iching, kiyining va sadaqa qiling!” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari);
¯     Alloh taolo: “Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingizda qorni och bechoralarni ham esingizda tuting! Shunda siz Allohning bergan neʼmatlariga shukr qilishingiz osonroq boʻladi” (muborak hadisi qudsiy);
¯     “Odamlarning eng yaxshisi – odamlarga koʻproq foyda keltiradiganidir”;
¯     “Birortangizning luqmasi yerga tushib ketsa, uni olib, yopishgan zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha, qoʻlini sochiqqa artmasin. Chunki u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari);
¯     Nonni eʼzozlanglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotlaridan biri qilib tushirgandir”;
¯     Kim yaxshiligini Alloh ziyoda qilishini istasa, taom tayyor boʻlganida va oxirida qoʻlini yuvsin!” (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

  

ULUGʻLAR  HIKMATLARI:
 Rivoyat qilishlaricha, Muso paygʻambar davrlarida ikki kishi qaysi ishga qoʻl urmasinlar, ishlari orqaga ketar ekan. Oxiri na yeyishga ovqatlari, na kiyishga kiyimlari qolmadi…
Kunlarning birida Muso alayhissalom Alloh taolo bilan roz aytish uchun Tur togʻiga chiqib ketayotganlarida, haligi kishilar u kishidan: “Bizlar qachongacha shunday yurar ekanmiz, Alloh bizlarga ham biror narsa berarmikin, yoʻqmikin, soʻrab bering…” – deyishibdi.
Muso alayhissalom Alloh taolo bilan gaplashib, ularning aytgan gaplari eslaridan chiqibdi.
Shunda Alloh taolo: Ey, Muso, yoʻldagi ikki bandam sizga nima degan edi? – deb soʻrabdi.
Muso alayhissalom: “Oʻsha bandalar sendan biror narsa soʻrashyapti…” – dedilar.
Shu yurishlariga ham shukr qilishsin!” – dedi Alloh.
Bu gapdan ularning jahli chiqib: “Nimamizga shukr qilar ekanmiz? Yeyishga ovqatimiz, kiyishga kiyimimiz boʻlmasa?..” – deyishibdi.
Shundan soʻng bir-birlariga suyanib oʻtirishganda, bir-biriga yopishib qolishibdi…
Borib aytsalar, Xudoi taolo: Shu yurishlariga ham shukr qilishsin!” – debdi.
Qaytayotib boyagi kishilarga bu gapni aytganlarida, ular jahl bilan “E… Shukr-e…”, deyishgan ekan, bir-birlaridan ajralishibdi…
  Mazhabboshimiz Imom Aʼzam rahmatullohi alayh: “Yaxshilik va ehsonda isrof boʻlmaganidek, isrofda ham hech qanday yaxshilik yoʻq!” – deganlar.
  Ota-onasidan chiroyli tarbiya koʻrgan insonlar non qoʻldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta oʻpib, peshonalariga suradilar. Non ushogʻi dasturxonga tushganda, ulugʻ ustozlar barmoqni hoʻllab, ushoq ustiga bosib olib, ogʻizga solishni oʻrgatishgan.
 Ulugʻ mutafakkir, falakiyot olimi, odil maʼrifatparvar, sulton Mirzo Ulugʻbek mulozimlari bilan ketayotganida, yoʻl yoqasida yotgan bir burda nonni koʻrib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qoʻyniga soladi. Mulozim­lardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb soʻraganida: “Nonni birinchi boʻlib men koʻrdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim boʻlar edi. Nonning ulugʻligi oldida mening podshohligim nima boʻlibdi?!” deb javob qaytargan ekan.
 “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, neʼmatlarni inkor qilib, oʻziga jafo qilganlardan boʻladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar neʼmatga jafo qilsa, katta neʼmatlar nafratga aylanadi. Neʼmat ketgandan soʻng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”– deyilgan.
 Asarlarda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan boʻlgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non boʻlagiga koʻzlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. Soʻngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib boʻlganimdan soʻng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non boʻlagini soʻradilar. U esa: “Men uni yeb qoʻydim…” – dedi. “Unday boʻlsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini soʻradi. Javobiga Hasan ibn Ali: “Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Kim nopok yerda yotgan bir boʻlak nonni olib, tozalab yesa, non hazm boʻlib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli boʻlgan kishini xizmat qildira olmayman…” – dedilar (Imom Abu Yaʼlo rivoyatlari).
  “Kimki dasturxondan  toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi”.
  Ulugʻ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid oʻz boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: “Bir kuni men Amirul moʻminin Maʼmunning majlislaridan birida hozir boʻlgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi. Ziyofat tugaganidan soʻng dasturxon yigʻib olindi. Ayni shu paytda mening koʻzim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim. Shunda Maʼmun menga qarata: “Toʻymadingizmi?” – deb savol qildi. Men: “Toʻydim, lekin dasturxondan toʻkilgan non burdasini koʻrib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif koʻnglimdan oʻtdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda boʻladi”, degan ekanlar, – dedim. Shunda mening hadisi sharifga boʻlgan eʼtiborim yoki odob-axloqqa amal qilganimdan xursand boʻlib, Maʼmun menga ming dinor sovgʻa qildi”.
 Moʻmin kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir moʻmin uchun aniq shifodirChunki undan ortib qolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir.
   Aytishlaricha, bir hukamo nonning boʻyidan rohat olib, uni qoʻli bilan boshidan yuqoriga koʻtarar, atrofdagilar unga savol nazari bilan qarashganda: “Men dunyodagi eng lazzatli neʼmat bilan suhbat qurmoqdaman. Neʼmatlarning sarasi, ozuqalarning toʻyimligi, xonadonning barakoti boʻlgan nonning qadr-qimmati cheksizdir”, – der ekan.
  “Tejamkorlik bilan oz narsa koʻpayadi, isrof esa koʻpni ham ozaytiradi”.
  “Ilm – har doim hokim, mol-dunyo – unga tobedir. Mol-dunyo bilimdonlik bilan sarflansa, insonga sharaf keltiradi”.
   “Agar oilaning moddiy jamgʻarmasi yaxshi boʻlsa, uni kibru havoga berilmasdan, isrof qilmasdan sarflash ayolga ham bogʻliq”.
   “Erkak mehnati evaziga kelgan mablagʻni oilaga oqilona sarf qilish – uy bekalari zimmasidagi ishdir”.
  Oʻtgan zamonda bir kishi ming mashaqqat bilan togʻdan terib kelgan oʻtinini xotini qoʻni-qoʻshnilarga tarqatib yuborarkan. Biri ikki boʻlmagan erning toqati toq boʻlibdi. Bir safar oʻtin terishga xotinini ham olib boribdi, bir amallab ikki bogʻlam oʻtin toʻplashibdi. Koʻtarib, qishloqqa kelishibdi. Ayol mashaqqatdan qora terga botibdi. Rosa charchabdi. Oʻtin terib kelish qanchalar mashaqqat ekanini shundagina anglabdi. Ertasi kuni qoʻshnilar yana oʻtin soʻrab kelishganda, ayol: “Ey, qoʻshnilar, oʻzim olib kelgan oʻtindan bitta ham bermayman. Erim terganiga esa qoʻl ham tekkizmayman! Agar oʻtin kerak boʻlsa, oʻzlaring terib kelinglar!” – debdi.
“Xalq maqolida “Beli ogʻrimaganning non yeyishini koʻr”, deb bejiz aytilmagan. Kishi mehnat bilan topgan mol-dunyosi barakali boʻlishini istaydi, shuning uchun uni hisob-kitob bilan oʻrni-oʻrniga ishlatishga harakat qiladi. Shu maʼnoda yaxshi uy bekasi sabzavot-mevalarning aynib, chirishiga yoʻl qoʻymaydi, oziq-ovqatlar isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qolishining oldini oladi, taomlarni mazali tayyorlaydi, qotgan nonlarni tashlab yubormasdan, isteʼmol qilish yoʻllarini topadi”.
 Oqila, zukko, dono, uzoqni koʻzlagan onalar  oʻz qizlariga: “Qanoatli boʻl! Chunki qanoat qalbga huzur-halovat bagʻishlaydi. Uyingdagi mol-mulk va jihozlarni ehtiyot qil!” – deydilar. Onai mehribon bu bilan qiziga ochkoʻzlik, manmanlik, kibru havo, hoy-havasga berilmaslikni, qanoatni oʻrgatadi. Sabr insonning kerakli narsalardan yetarli miqdoriga rozi boʻlishini, ochkoʻzlik qilmasligini anglatadi. Qanoat barchaga tegishli goʻzal axloq ekani hamma zamonda eʼtirof etilgan.
  Bu xususda Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Goʻzal tadbir va goʻzal idora – yarim foydadir. Oʻz oʻrniga ishlatilgan ozgina pul – isrof qilib ishlatilgan koʻp pulga qaraganda foydalidir”, – deganlar.
“Pulni tadbir bilan, isrof qilmay xarjlash – aqllilikning boshidir” (Aflotun).
“Hayotda kishining halokatga borayotgani qaysi narsalarda koʻrinadi?” – deb hukamo Jolinusdan soʻrashibdi. U kishi: “Johil boʻlib, oʻziga nima foyda-yu, nima zarar ekanini ajratmay qolganida”, – deb javob qilibdi.
Hikoya qilinishicha, yaxshi turmushni orzu qilgan yigit uylanibdi. Yigit uyiga ogʻzi bogʻlangan qogʻoz xaltada narsalar olib kelibdi. Xotini qogʻoz xaltani avaylab ochib, boʻshatibdi. Qogʻozni taxlab, tokchaga olib qoʻyibdi. Ipini ham tashlab yubormabdi. Buni koʻrgan yigit soʻrabdi:
– Xonim! Shu bir qarich ip bilan qogʻoz xaltani asrab qoʻyishning nima keragi bor?
Roʻzgʻorda har xil holat boʻladi, shu ip biror hojatimizga yarar, qogʻoz ham kerak boʻlishi mumkin… Axir kerakli toshning ogʻiri yoʻq-ku, – deb javob qilibdi xotini.
Erining dilidan: “Izlaganim xuddi shu!” degan oʻy oʻtibdi. Shunday qilib, er-xotin baxtli-taxtli hayot kechirishibdi…

 

ULAMOI KIROMLAR AYTADILARki…:
    Qurʼoni karimda “isrof” va unga bogʻliq soʻzlar 23-marta zikr qilinib, isrof illati oqibatlari haqida soʻz yuritiladi. Demak, har bir moʻmin-musulmon bu illatdan Qurʼoni karimda bayon etilgani kabi qaytishi lozim.
   Odatda inson muhtoj va xor boʻlmay, hech narsaga zoriqmay, oilaviy qiyinchilikka duch kelmay umr kechirishga intiladi.
Aql-idrokli kishi barcha ishda oʻrtahollik, moʻtadillik va meʼyorni maʼqullaydi.
Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq boʻlishga harakat qiladi.
    Moliyaviy mablagʻlar isrofidan tashqari har bir sohada ham isroflar boʻladi.
    Isrof” soʻzi asli arabcha boʻlib, lugʻatda “hisobsiz tarzda ishlatish”, “meʼyordan oshib ketish, “haddidan oshish, “chegaradan chiqish” kabi maʼnolarni bildiradi.
Istilohda esa moddiy va maʼnaviy maʼnoda ishlatilsa-da, koʻproq moddiy sarf xarajatlarda oʻz ifodasini topadi.
Har qanday ishda chegaradan chiqish – isrofdir.
Inson qiladigan har bir amal va har bir soʻzida haddan oshish – isrofdir.
  Isrofga yoʻl qoʻygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning neʼmatlarini oʻrniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan boʻladi. Tilimizda ushbu soʻz “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “neʼmatni qadrlamaslik” kabi maʼnolarni anglatadi.
 Har bir narsa zaruratdan tashqari yoki notoʻgʻri maqsadga ishlatilsa, buning natijasi parokandalikka olib borishi – isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Shuning uchun ham Qurʼoni karim oyatlarida alohida eʼtibor qaratilib, Alloh taolo bergan neʼmatlarni isrof qilmaslik lozimligi toʻgʻrisida koʻp aytib oʻtilgan.
  Isrof – pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan neʼmatlarni nojoʻya sarflashdir.
   Ulamolarning aytishlaricha, ISROF:
  • faqirlikka yetaklaydi,
  • jannatdan uzoqlashtirib,
  • doʻzaxga yaqinlashtiradi,
  • Alloh taoloning gʻazabiga sabab boʻladi.
  Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni eʼzozlanglar!” deb marhamat qilganlar. Bu hadisi sharifga binoan, Imom Shofeiy ulamolari nonni qadrlab oʻpish, izzat-ikromini ijro etishni joiz amallardan sanashgan.
  Yoshlari kattalar darrov oʻtgan kunlarni eslashadi va isrofli toʻy toʻgʻrisida “toʻqlikka shoʻxlik” degan xalq maqolini beixtiyor tilga olishadi.
   Ulamolar yangi kelgan har bir mehmon uchun non neʼmatining “issiq non” bahonasida ushatilishini ham isrofdan deb baholaydilar.
   Toʻylarda xursandchilik sifatida pul sochish, ularning oyoq ostilarida qolishi – nooʻrindir. Zero pul birligi davlat ramzi boʻlishi bilan birga, milliy qadriyat hamdir.
  Islom dinida mol-dunyo (tilla, kumush, pul birliklari)ni oyoqosti qilishlik, chiqindi joylarga tashlashlik, pulga tuflashlik, aqli noqislarga berishlik kabi nojoʻya amallardan qaytarilgan.
   Adab manbalarida nonni ehtirom qilgan kishi faqirlikdan uzoq boʻlishi hamda nonning ushoqlarini ham isrof qilmaslikning xosiyatlari toʻgʻrisida rivoyat va hikoyatlar yetarlicha bayon qilingan.
   Fayzul Qadir” kitobida hukamolar “Non oʻpiladi, bosilmaydi!” degan masalani taʼkidlab keltirganlar.
 Koʻplab fiqhiy kitoblarimizda nonga oyoq bosish, uni asbob sifatida ishlatish, xamir va nondan har xil shakllarni yasash, non ustida oʻtirish, uni nopok joylarga tashlash, xususan, chiqindi hisobida uloqtirish mumkin emasligi toʻgʻrisida aniq va batafsil taʼkidlanadi.
  Darhaqiqat, har bir zamon dahosi, donosi, olimi, fozili, hoziqu hakimi yoki faqiru fuqarosi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, nonni eʼzoz etishga undaydi va bunga avvalo oʻzi amal qilishga intiladi. Hech bir zamon ahli qiyinchilik, qimmatchilik, qahatchilik, qurgʻoqchilik kabi inson uchun ogʻir va zararli boʻlgan kun kelishini xohlamaydi. Balki kundalik hayotida doimo rizq-nasibasi keng, umri uzoq, hayoti farovon boʻlishini istab Yaratganga iltijo qiladi.
  Isrof illati oilada paydo boʻladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada masʼul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni oʻz oʻrniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat boʻlishlari zarur.
   Qanoatning ikkinchi sharti – neʼmatlarni rejali xarjlash. Hayotda tadbirli kimsalar birovlarga xushomad qilmaydi, yolgʻon gapirmaydi, hirs va tama balosiga duchor boʻlmaydi.
  Hukamolardan biri: “Pulingga achin, uni isrof qilma! Zero, koʻz – qorachiq bilan, inson – hayoti mablagʻ bilan quvvatli boʻladi”, – deb tejamli boʻlishga goʻzal shaklda undagan ekan. Ammo tejamkor boʻlaman deb, keragicha yeb-ichishdan qisilib, mablagʻ toʻplash yoʻliga kirib ketish ham toʻgʻri emas. Bunday qilish tejamkorlik emas, balki xasislik deyiladi. Xasislik esa – yomon xulqdir.
 Oilaning maʼnaviy muhitida oʻzaro ittifoqlik, mehr-oqibat, bir-biriga ishonch katta baxt hisoblanadi. Bu muhit barqaror boʻlishida oilaviy mol-mulk, jihozlarga toʻgʻri munosabatning ahamiyati katta.
Ayrim oilalarda ota topib kelgan mol-mulk va jihozlar isrof qilinadi. Bu achinarli hol jamlangan mablagʻni otadan soʻramay sarf qilishda, roʻzgʻor uchun xarid qilib kelingan oziq-ovqatni yoki uning xom ashyosini oʻzboshimchalik bilan kimlargadir berib yuborishda, tayyorlangan taomlarning yeyilmasdan qolib ketishida, kelin va qizlarning oziq-ovqat mahsulotlarini toʻgʻri saqlamasligida, obi-taomlarni uvol qilishda, uydagi bor noz-neʼmatlarni isrof qilishda koʻrinadi.
Yana achinarlisi – isrofchi oilaning farzandlari moʻtadil oilalarga kelin boʻlib borganda, oddiy holga koʻnika olmaydilar. Epli-uquvli, yaxshi uy bekasi boʻlish oʻrniga, mol-dunyoni oʻrinsiz sovuradilar, isrof qiladilar. Oqibatda bir-birini tushunmaslik, bir-biridan koʻngil qolishlik, turli noroziliklar kelib chiqadi.
Har tomonlama barkamol ayol bekalik qilgan uyni esa jannatga oʻxshatish mumkin. U oilaning erkagi ham bu dunyo saodatiga erishadi. Bu esa – har bir erkakning eng katta orzusi, hayotining baxt-saodatidir!
Agar beka isrof qiladigan, ehtiyojdan ortiqcha sarflaydigan, erini ham ming xil xarajatlarga undaydigan ayol boʻlsa, bunday oilaning toʻrt-besh tanga orttirishi qiyin boʻladi.
Maʼnaviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim boʻlsa, moddiy ehtiyojlarning meʼyor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.

 DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 
“Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan!”
 
“Tejam bilan ishlatsang – uy-roʻzgʻoring but. 
Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut!” 
 
 “Boylik ushoqdan yigʻilar”.
 
“Yaxshiga qilsang yaxshilik,
Ham aytadi, ham qaytadi.
Yomonga qilsang yaxshilik,
Na aytadi, na qaytadi”.
 
“Bugun yedim – yetdim.
Erta yedim – oʻtdim.
Hamma hayitga chiqqanda,
Xumga kirib yotdim”.
 
“Don ayagan donga yetar,
Non ayagan – nonga”.
 
Non ham – non, ushogʻi ham – non.
 
Non bolasi – nonushoq.
 
“Yaxshi oʻgʻil ota molini biylar,
Yomon oʻgʻil ota molini sochar”.
 
 “Beli ogʻrimaganning non yeyishini koʻr”.
 
 “Donni yiqqan – donodir”.
 
 “Yeyishing – kepak,
Kiyishing – ipak”.
 
“Toʻqlikda ochlikni oʻyla,
Boyiganda – muhtojlikni!”
 
“Yigʻsang – yetasan,
Sovursang – ketasan”.
 
“Kam-kam yesang – doim yersan.
Koʻp-koʻp yesang – neni yersan?”
 
“Olaversang – yengil boʻlar,
Solaversang – ogʻir”.
 
Tejamkorlik – yarim rizq.

 

INSONNING KAMBAGʻAL BOʻLISHIGA SABAB BOʻLUVCHI OMILLAR:
1)       Qurʼoni karimni betahorat ushlashlik.
2)       Ota-onaning haqlariga duo qilmaslik.
3)       Ota-onani behurmat qilishlik.
4)       Ota-onaning xizmatlarini qilmaslik.
5)       Ota-onaning duolarini olmaslik.
6)       Ota-onaga oq boʻlishlik.
7)       Ota-onaning nomini aytib chaqirish.
8)       Ota-onani bepisand qilishlik.
9)       Ulugʻlar (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) ni hurmatlarini joyiga qoʻymaslik.
10)      Ulugʻlar (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) ga nisbatan beodoblik qilishlik.
11)      Ulugʻlar (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)  oldidan kesib oʻtishlik.
12)      Ulugʻlar (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)  ning oldiga tushib yurishlik.
13)      Aka-uka, opa-singillar bilan bemehr boʻlishlik.
14)      Qavm-qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda boʻlmaslik.
15)      Qoʻni-qoʻshnilar bilan chiroyli muomala qilmaslik.
16)      Oʻtganlarning haqlariga duo qilmaslik.
17)      Ustozning duolarini olmaslik.
18)      Olim-ulamolarni xoʻrlashlik.
19)      Tong vaqtida uxlashlik.
20)      Bebismilloh taom yeyishlik.
21)      Mehmonga haqorat ila qarashlik.
22)      Non ushoqlarini oyoq ostiga tashlashlik.
23)      Turar joy (yashaydigan uy, ishxona) larni ozoda tutmaslik.
24)      Kiyim kechak (libos, bosh kiyim, oyoq kiyim) larni pokiza tutmaslik.
25)      Faqirni kamsitishlik.
26)      Oʻzgalarni mensimaslik.
27)      Uyni supurmay qoʻyishlik.
28)      Bemor, nochor, qiynalgan insonlarning ustidan kulishlik.
29)      Dinimiz shiorlari (Qurʼoni karim, hadisi-shariflar, Qibla, masjid, ulamolar, joynamoz, tasbeh, Ramazon oyi, fazilatlari bisyor ulugʻ ayyom kunlari, azon, namoz, tahorat, Haj, Umra va boshqalar)ga nisbatan haqoratomuz munosabat qilishlik.
30)      Idish tovoqni toza tutmaslik.
31)      Qoʻlni yuvmasdan taom yeyishlik.
32)      Tik turib taom yeyishlik.
33)      Xudo bergan neʼmatlarni uvol-isrof qilishlik.
34)      Har qanday qabriston va qabristondagilarga nisbatan behurmatsizlik qilishlik.
35)      Namozni qazo qilishlik.
36)      Ostonada oʻtirishlikni odat qilishlik.
37)      Bomdod namozidan keyin kun chiqmasdan uxlashlik.
38)      Yalangbosh hojatxonaga kirishlik.
39)      Hojatxonada gaplashishlik.
40)      Noshukrlik.
41)      Masjidda dunyoviy gaplarni gaplashishlik.
42)      Shomdan keyin uxlashlik.
43)      Hovuz yoki gʻuslxonaga peshob qilishlik.
44)      Besabrlik.
45)      Idish-tovoqni yuvmay qoldirish.
46)      Boshqalarni ayblashlik.
47)      Toʻmtoq qalam bilan yozishlik.
48)      Siniq taroq bilan soch tarashlik.
49)      Hayosizlikdan uzoq boʻlmaslik.
50)      Yuzni etak bilan artish.
51)      Nomahram ayollarga shahvat nazari ila qarashlik.
52)      Ahli ayoli bilan janjallashishlik.
53)      Yolgʻon gapirishlik.
54)      Hayvon, parranda, hasharot va nabotot olamiga zulm qilishlik.
55)      Dangasalik.
56)      Gunoh amallar.
57)      Zinoga aralashishlik.
58)      Hayosiz soʻzlarni isteʼmol qilishlik.
59)      Tish bilan tirnoq olishlik.
60)      Loqaydlik.
61)      Tilanchilik.
62)      Ribo (sudxoʻrlik).

INSONNING ISHI YURISHMASLIGI HAMDA BARAKASI BOʻLMASLIGIDA HAM ENG KATTA SABABLARI HAM AYNAN SHULAR.

Ibrohimjon domla Inomov
Manba: muslim.uz

Check Also

SAUDIYA ARABISTONI DELEGATSIYASI SAMARQANDDA BO‘LDI

Tas-ix: