عَنْ عن أَنَس رَضي الله عَنْه، عَنِ النَّبِي صَلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: ثلاثٌ مَنْ كُنَّ فيه وجَدَ حَلَاوَةَ الْإيمانِ: أنْ يكونَ اللهُ وَرَسُولُهُ أَحَبَّ إلَيْه مِمَّا سِوَاهُما، وَأنْ يُحِبَّ المرْءَ لا يُحبُّهُ إلَّا للهِ، وَأنْ يَكْرَهَ أنْ يَعُودَ في الكُفرِ كَمَا يَكرَهُ أنْ يُقذَفَ في النَّارِ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa bor. Kimda ular boʻlsa, imonning halovatini topibdi: Alloh va uning Rasuli unga boshqalardan koʻra suyukliroq boʻlishi; Inson (birovni) yaxshi koʻrsa faqat Alloh uchun yaxshi koʻrishi; Kufrga qaytishni esa xuddi olovga tashlanishni yomon koʻrgandek yomon koʻrishi”, dedilar”.
* * *
“Halovat” soʻzi lugʻatda “shirinlik” degan maʼnoda keladi. Shakar yoki asalning shirin chiqishiga “halovat” deyiladi.
Hadisi sharifda shirinlik va maza nazarda tutilmagan. Balki imonning taqozosiga va talabiga amal qilgani sababidan, undagi oʻziga xos mashaqqatlarga sabr qilish natijasida ana shu mashaqqatlarning musulmon kimsaga totli va mazali tuyulishi nazarda tutilgan.
Alloh yoʻlida mashaqqatlarga sabr-bardosh berish oqibatida insonda lutf paydo boʻladi, qanaqadir lazzat seziladi. Bu lazzat Allohga boʻlgan muhabbat sababli insonga boshqa har qanday lazzat va halovatlardan koʻra totliroq tuyuladi. Biroq bu darajani Alloh taolo hammaga ham beravermaydi. Balki oʻzining xos bandalariga ato qiladi. Ana shu narsa imonning lazzati boʻladi va uni “imon halovati” deb ataladi.
Mazkur hadisda uch narsa kimda boʻlsa, imonning halovatini totadi, deb marhamat qilingan.
Ulardan birinchisi, Alloh va uning Rasuli unga boshqalardan koʻra sevimliroq boʻlishidir. Yaʼni, Alloh va uning Rasuli haqiqiy moʻminga hamma narsadan va hamma kimsadan koʻra mahbubroq boʻladi. Bu yerdagi muhabbatdan murod tabiiy muhabbatdir. Kimda ana shu tabiiy muhabbat paydo boʻlsa, unga imonning halovati nasib etadi. Chunki muhabbat bor boʻlsa, mashaqqatlar unga halovat boʻlib tuyuladi. Bu yoʻlda u oʻzining barcha orzu-istaklarini Alloh va uning Rasuli xohishiga bogʻlab qoʻyadi. Dunyoda boʻlayotgan barcha narsalar, hamma hodisalar, mudhish voqealar Alloh taoloning xohish-irodasi bilan boʻlayotganini chin dildan his qiladigan boʻlib qoladi. Bu musibatlar qarshisida qalbi siqilsa ham, aslo tushkunlikka tushmaydi. Hammasini Allohga havola qilib qoʻyadi.
Imonning halovatini topishda ikkinchi narsa – inson kimni sevsa, faqat Alloh uchun sevishi, Alloh uchun yaxshi koʻrishi ekan. Birovga muhabbat qoʻysa, Allohning rizoligi uchun muhabbat qilsin. Bu ham oldingi shartga bogʻliq tabiiy muhabbatdir. Inson dunyodagi narsalarga – ota-onaga, bola-chaqaga, qarindosh-urugʻlarga, Vatanga muhabbat qoʻyishi Alloh uchun boʻlishi kerak. Allohdan boshqaga muhabbat qoʻyayotganining sababi – Allohning oʻzi shunga buyurgani uchundir. Alloh va uning Rasuliga muhabbat boʻlishi boshqalarga umuman muhabbat qilmaslikni taqozo etmaydi. Ularga nisbatan muhabbat ham Alloh va uning Rasuli buyurgani sababidan, sunnatga ergashish sababidan boʻlishi lozim. Demak, Allohning roziligi uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻz ayollari va farzandlariga muhabbat koʻrsatganlariga ergashgani uchun inson ota-onasiga yoki farzandlariga muhabbat qoʻyishi sunnatga ergashish sanaladi. Demak, bu muhabbat ham Allohga muhabbat sababidan boʻladi. Bu maqom aslida Paygʻambarlarning maqomidir. Soʻng Allohning doʻstlariga meros boʻladi. Bu muhabbat tabiiy boʻlgani bilan, u harakat va intilish sababidan yuzaga keladi. Bunday muhabbat faqat unga intilgan kimsaga beriladi, xolos.
Imon halovatini topishning uchinchi sharti – xuddi olovga tashlanishni yomon koʻrgani kabi kufrga qaytishni yomon koʻrishi. Yaʼni, inson tiriklayin oʻtga tashlanishni yomon koʻrgani kabi, kufrga qaytishni ham shunday yomon koʻrishi lozim. Mana shu oxirgi holat yuqoridagi ikkita shartning natijasi hisoblanadi. Alloh va Uning Rasulini yaxshi koʻrsa, u kufrni aslo yoqtirmaydi. Uning qalbida kufrga qaytishga istak ham, xohish ham qolmaydi.