Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Avstriya va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Mehrojiddin Amonov “Zarafshon vohasida tasavvuf taʼlimoti tarixi: naqshbandiya, yassaviya, kubroviya (XV-XIX asrlar)” mavzusida maʼruza qildi.
Olim Zarafshon vohasida faoliyat koʻrsatib, boshqalarga nisbatan kengroq qamrovga ega boʻlgan kubroviya, naqshbandiya va yassaviya tariqatlarining paydo boʻlishi va taraqqiy topishiga oid ilmiy maʼlumot va manbalar bilan oʻrtoqlashdi. Vohada toʻrt asr davomida yuzaga kelgan taʼlimotlarning islom olamida eng ulugʻ tariqatga aylanish jarayonlari, sabablari va bunga hissa qoʻshgan tarixiy shaxslarga batafsil toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, XV-XIX asrlarda faoliyat koʻrsatgan tasavvuf maktablari vohaning ijtimoiy-maʼnaviy muhitida muhim oʻrin tutgan. Hududda naqshbandiya, yassaviya, kubroviya, ishqiya kabi tasavvuf maktablari uzoq yillar mobaynida oʻzaro hamjihatlikda faoliyat koʻrsatgan. Samarqandda naqshbandiya va yassaviya tariqati namoyandalari koʻplikni tashkil etgani esa, bu hududda oʻsha maktablarning taʼsiri katta boʻlganidan dalolat beradi.
Naqshbandiylik xojalikni emas, mehnatkashlikni targʻib qilgani uchun ham oʻz davri uchun ulkan ijtimoiy hodisa boʻlgan. Bu tariqatda jahonning eng muhim ijtimoiy muammosi – mehnatga va u orqali erishiladigan mol-davlatga munosabat masalasiga jiddiy eʼtibor beriladi. “Dil ba yoru dast ba kor!” yaʼni “Koʻngling Allohda, qoʻling ishda boʻlsin!” shiori kishining mehnat qilib turib ham tasavvuf bilan mashgʻul boʻlishi mumkinligini isbotladi.
Tadqiqotchi vohaning tasavvuf tarixiga oid nodir manbalarni saqlash, taʼmirlash va tadqiq etish hamda ularning elektron nusxalaridan foydalanish bilan bogʻliq qimmatli takliflarni ilgari surdi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.