Home / MAQOLALAR / OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Oʼrta Osiyo xalqlari orasida milliy mansublik tushunchasi yaxlit boʼlmagan. Mintaqa aholisining bir qismi geografik omildan kelib chiqqan holda “toshkentlik”, “chimkentlik”, “fargʼonalik” singari nomlar bilan atalsa, boshqa bir guruh aholini esa urugʼ-aymoq nomi bilan atash anʼanasi keng yoyilgan edi. Bu holat koʻproq Oʻrta Osiyoning ichki hududlarida ustuvorlik qilgan. Mintaqa xalqlari orasida “musulmon”, “turkiy, “forsiy” kabi birmuncha keng qamrovli atamalarni qoʻllash bilan birga “turkman”, “qozoq”, “qirgʻiz”, “uygʻur”, “tojik”, “qoraqalpoq” kabi nomlar bilan atash hollari ham mavjud edi. Mintaqa turkiy xalqlarning deyarli barchasida ichki boʻlinishlarda biror etnonim ustuvorlik qilsa, forsiy tilli tojiklarda esa koʻpincha ichki boʻlinishda geografik omil yetakchilik qilardi. Shunga oʻxshash holat oʻzbeklar orasida ham birmuncha keng tarqalgani kuzatiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, “oʻzbek” atamasi mintaqaning barcha turk tilli xalqlariga emas, balki Muhammad Shayboniyxon bilan keyinroq kirib kelgan kichik guruh – Dashti qipchoq turk-moʻgʻul xalqlariga nisbatan ishlatilgan. Oʻzbeklarning 92 urugʻi tarkibiga kirmagan va oʻzini oʻzbek hisoblamagan “turk”, “chigʻatoy” va “xoʻja” deb nomlangan urugʻlar guruhi ham mavjud edi. Ular moʻgʻul istilosidan ancha avval mintaqaga kirib kelgan turk xalqlari edi [4:66].   

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, oʻz urugʻi nomini “turk” deb ataydigan urugʻlar Oʻrta Osiyoning bir qancha hududlarida tarqalgan boʻlsa-da, ularning oʻzbeklardan tashqari mintaqaning yana qaysi xalqlari tarkibida mavjudligi masalasi yetarlicha oʻrganilmagan. Shuningdek, “turk” guruhi yashaydigan hududlar, ularning oʻziga xos etnografik xususiyatlari, urf-odatlari, soʻzlashuv tili, moddiy va maʼnaviy madaniyati borasida olib borilgan ilmiy izlanishlarning koʻlami keng emas. XX asrda olib borilgan tadqiqotlar natijasida ularning “92 oʻzbek urugʻi”dan biri sifatida shajaralarda tilga olinmasa-da asosan oʻzbekcha soʻzlashishi,  yashash joylari  mintaqaning markaziy hududlaridagi togʻ va togʻoldi hududlarga toʻgʻri kelishi aytib oʻtilgan. Biroq “turk” guruhi vakillari qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, turkman, uygʻur kabi turkiy xalqlar yashaydigan hududlarda uchramasdan aynan oʻzbeklar orasida saqlanib qolgani masalasi deyarli oʻrganilmagan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, tojiklar orasida ham kichik-kichik etnik guruhlar shaklida “turk” degan etnonim uchrashi, biroq ular soʻnggi oʻrta asrlarda oʻz ona tilini unutib, “tojiklashib” ketgani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchraydi. Oʻrta Osiyoning boshqa turkiy xalqlar urugʻchilik tizimida “turk” nomining uchramasligi koʻzga tashlanadi. “Turk” etnik guruhini aynan oʻzbeklar bilan yonma-yon yashashi, madaniyati va urf-odatidagi yaqinlik kabi jihatlar oʻzbek xalqi doirasida oʻrganishni taqozo qiladi. 1926-yil Sobiq Ittifoqda oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish qaydlarida Oʻzbekiston aholisi tarkibida “turk”, “samarqand turki” alohida tilga olingan[2:5].

“Turk” guruhi boʻyicha maxsus izlanishlar olib borgan taniqli etnograf B.Karmisheva XX asr boshlarida ushbu guruh vakillari yashaydigan hududlarni tahlil qilib, ularning asosan togʻ va togʻoldi hududlarida yashashiga urgʻu bergan holda, quyidagicha hududlarga ajratgan:

  1. Oʻsh – Jalolobod (Qirgʻiziston);
  2. Fargʻona viloyati;
  3. Oʻratepa (Tojikiston);
  4. Samarqand;
  5. Surxondaryo;
  6. Qashqadaryo;
  7. Hisor – Badaxshon (Tojikiston);
  8. Shimoliy Afgʻoniston.

B.Karmisheva ushbu guruh vakillari yashaydigan hududlarning xaritasini ham tuzgan [3:6]. Shuningdek, olima “turk” guruhiga kiruvchi “barlos”, “musobozori”, “kaltatoy”, “qarluq” kabi urugʻlar yashaydigan hududlarga ham toʻxtalib oʻtgan.

B.Karmisheva keltirgan maʼlumotlarida “turk” guruhi bilan bogʻliq hududlarni birmuncha toʻgʻri aks ettirgan. Biroq u ushbu guruh vakillari ancha koʻp sonli aholi guruhi hisoblanadigan Jizzax vohasidagi “Zomin turklari”, “Baxmal turklari” (yoki “Oʻsmat turklari”) haqida toʻxtalib oʻtmagan. Shuningdek, Zarafshon vohasining oʻrta havzasidagi “turk” guruhi bilan bogʻliq oʻnlab aholi maskanlari uning tadqiqotlaridan oʻrin olmagan.

N.I.Vasilevskiy va P.I.Lexlar tadqiqotlarida Oʻrta Zarafshon vohasi aholisi haqida maʼlumotlar keltirilgan. Ular voha aholisini ikki guruhga boʻladi: 1. Tojiklar; 2. Turklar (oʻzbeklar). Oʻz navbatida turklarni ham quyidagi guruhlarga boʻladi:

  1. Oʻzbek; 2. Qoraqalpoq; 3. Turkman.

U oʻzbeklarning 92 urugʻidan quyidagi 13 tasini qayd etib oʻtadi: 1) Xitoy-qipchoq; 2) Qirq-ming-yuz; 3) Qangʻli; 4) Nayman; 5) Ming; 6) Kenegas; 7) Mangʻit; 8) Mesit, Yaboʻ (yobu), Tama; 9) Saroy; 10) Burkut; 11) Arlot; 12) Baxrin; 13) Batash [1:61-68]. 

Shuningdek, qoraqalpoq va turkmanlarning ham urugʻ va elatlari roʻyxatini keltirib oʻtgan. Ushbu guruhlarni til jihatdan 4 guruhga boʻladi: 1) qirgʻizcha; 2) qoraqalpoqcha; 3) turkmancha; 4) oʻzbek yoki chigʻatoy tili. Oʻzbek yoki chigʻatoy tilini qolgan 3 tildan keskin farqlanadi deb taʼkidlaydi. Ularning maʼlumotlarida ham Jizzax vohasidagi alohida “turk” guruhi haqida maʼlumotlar yoʻq.

Oʻzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi ustida koʻplab tadqiqotlar olib borgan K.Shoniyozov, A.Asqarov va X.Doniyarov tadqiqotlarida ham Jizzax vohasidagi alohida “turk” guruhi haqida maʼlumotlarni uchratmaymiz. Ularni ayrimlarida “turk” guruhi oʻzbeklarning 92 urugʻi tarkibiga kiritilgan. Xususan, “Туркестанские ведомости” gazetasining 1871-yil 5-apreldagi 10-sonida chop etilgan maqolada ham 92 urugʻ tarkibiga kiritilgan va yashagan hududi sifatida Zarafshon vohasi koʻrsatilgan. K.Shoniyozov ilmiy izlanishlarida B.Karmisheva tadqiqotlarida alohida “turk” guruhi sifatida qayd etib oʻtgan qarluqlarni hozirgi oʻzbek millatining shakllanishida eng koʻp va asosiy oʻrinni egallagan urugʻ sifatida qayd etadi [5].

Keltirilgan maʼlumotlar va tadqiqotlarni tahlil qilib aytishimiz mumkinki, Jizzax vohasidagi “turk” guruhini alohida tadqiq etish zarur. Ayniqsa ular yashaydigan hududlar, ularning urf-odati, anʼana va qadriyatlari, madaniyatidagi oʻziga xos jihatlarga eʼtibor qaratish talab etiladi. Zero oila va nikoh, kundalik turmush-tarzidagi ayrim jihatlar borki, bu jihatlar ularni mintaqaning boshqa turkiy xalqlaridan farqlab turadi. Shu kungacha Jizzax vohasi Ustrushonaning tarkibiy qismi sifatida B.Toʻychiboyevning, Turk xoqonligi davri esa Q.Almanovning dissertatsiyasi (PhD)da oʻrganilgan. Biz ushbu masalada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Podsho Rossiyasi istilosi, Sobiq Ittifoqning qaror topishi va milliy chegaralanish oʻtkazilgan davrni tadqiq etishni maqsad qildik. Zero, “turk” guruhi mamlakatimizning Surxondaryo, Zarafshon vohalari va Fargʻona vodiysi aholisi kabi Jizzax vohasi aholisining ham koʻpchilik qismini tashkil etadi. Oʻz navbatida ular ham hozirgi oʻzbek millatining shakllanishida muhim oʻrin egallagan.  

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Василевский Н.И., Лех П.И. Записки императорского. Русского географического обшества. По отделению географии. Том 6. – Санк-Петербург: 1880.
  2. Всесоюзная перепис населения., Том 32., Узбекская ССР. – М.: 1929.
  3. Кармышева Б. Советская этнография. – М.: 1960. .
  4. Кармышева Б. Очерки этнической истории южных районов Таджикистана и Узбекистана. – М.: Наука, 1976.
  5. Шаниязов К. Узбеки-карлуки. – Т.: 1964.
MUZAFFAR SUVONKULOV,
Guliston davlat universiteti tayanch doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …