Joriy yilning 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk muhaddis olim, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Markaz olimlari tomonidan ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan «At-Tarixu-s-sagʻir» asari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, Hadis ilmi maktabi ustoz va talabalari, mustaqil tadqiqotchilar hamda Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy merosini oʻrganishning ahamiyati, taqdim etilayotgan kitobning bugungi kundagi ilmiy qiymati, boshqa mutafakkirlar asarlarini tadqiq etishning istiqboli xususida toʻxtalib, bularning barchasi Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi sifatida eʼtirof etildi.
Imom Buxoriyning «At-tarixul-kabir» («Katta tarix»), «At-tarixul avsat» («Oʻrta tarix») va «At-tarixu-s-sagʻir» («Kichik tarix») nomli 3 ta kitobi mavjud. Tarjima qilinib, taqdim etilayotgan asar hadis rivoyat qilgan mashhur sahobalar va ularning izdoshlari haqida yozilgan ilk kitoblardan biri hisoblanadi. Imom Buxoriy kitobning dastlabki nusxasini 18 yoshida yozib tugatgan va butun umri davomida toʻldirib borgan. Muallif mazkur asari orqali hadislarning bizgacha yetib kelish yoʻllarini aniqlab, ularning darajalari boʻyicha tartibga solishning ilmiy uslublarini yaratib bergan.
Asar 42 bobdan iborat boʻlib, 2997 nafar hadis rivoyat qiluvchilar haqida maʼlumot beradi. Unda oʻquvchiga tushunish oson boʻlishi uchun 305 ta izoh va sharh, 145 ta tushuntirish yozilgan, 150 ga yaqin geografik joy nomlari keltirilgan. Kitob hadis ilmi va hadis rivoyat qiluvchilar tarixi bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilar uchun moʻljallangan qimmatli ilmiy manba hisoblanadi.
Tarjima ishlari Misr, Turkiya va Rossiyadagi taniqli islomshunos olimlar bilan muntazam ilmiy maslahatlashuvlar asosida amalga oshirildi.
Markaz ilmiy xodimlari asarning yaratilish tarixi, boshqa asarlardan farqli va afzal jihatlari, tarjima jarayonlarida eʼtibor qaratilgan jihatlar, kitobga mahalliy va xorijiy ulamolar tomonidan berilgan ijobiy taqriz va eʼtiroflar xususida batafsil toʻxtaldi.
Tadbir ishtirokchilari sahobalar tarixiga oid ilk asar hisoblangan va ilmiy jihatdan yuqori ahamiyatga ega boʻlgan ushbu kitob Imom Buxoriy toʻplagan hadislarni tanqid qilayotgan baʼzi johil shaxslarga ilmiy asoslangan raddiya vazifasini bajarishini taʼkidlab, Buxoriyning ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim oʻrin tutib kelayotgani, bir soʻz bilan aytganda, yurtimizdan chiqqan allomalarning islom ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida qayd etdi.
Taqdimotda markaz xodimlari mehnati yirik ilmiy natija sifatida baholanib, nashrga tayyorlangan yangi kitobning xalqimiz maʼrifatini yanada oshirish hamda Imom Buxoriy qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, xususan, islomning asl qadriyatlarini keng targʻib qilishdagi munosib oʻrni yuzasidan ijobiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Imom Buxoriyning oʻzbek tilida taqdim qilingan «At-tarixu-s-sagʻir» asari muallif qoldirgan boy ilmiy meros mohiyatini teranroq anglashga, hadislarni darajasiga koʻra ilmiy jihatdan chuqurroq asoslashga xizmat qiladi.