Tasavvuf tarixiga oid silsilalar muayyan kategoriyalar asosida bir necha tarmoqlarda shakllangan. Tariqat murshidi oʻzidan keyin irshod masnadiga munosib shogirdini yillar davomida tayyorlab, uning nazariy va amaliy faoliyatini doimiy nazoratda ushlab turgan. Bu anʼana boshqa tariqatlarga nisbatan naqshbandiyada yaqqol koʻzga tashlanadi. Murshid shogirdlariga tariqat sir-asrorlarini sabr-bardosh bilan oʻrgatib, ularni muayyan hududga borishini buyurgan. Shuningdek, vafotidan oldin ishonchini oqlagan, tariqat ilmini puxta oʻzlashtirgan shogirdini oʻz oʻrniga pir etib tayin qilgan.
“Irshodnoma”larni tadqiq etish boʻyicha xorijiy va oʻzbekistonlik olimlar tomonidan bir qator izlanishlar olib borilgan.
Xorijlik olimlardan Anke fon Kyugelgen [8], A.D.Knish [9], Devin Di Uis [4], Nejdat Tosun [13] kabi olimlar tasavvuf tarixiga oid nodir manbalarni tahlil qilgan.
Oʻzbekistonlik olimlardan B.Aminov [2], N.Abdulahatov [1], O.Joʻraboyev [5], K.Kattayev [6, 7] kabi olimlar tadqiqotlarida bir qator irshodnomalar tarjima qilingan. Ular tadqiqot doirasida nashr qilingan maqola va kitoblarda oʻz aksini topgan.
Murshidlar shogirdlari kamolga yetgach, ularga “Irshod” xati bergan. Baʼzi irshodlar oddiy matn koʻrinishida boʻlsa, ayrimlari muhr bilan tasdiqlangan. Baʼzi irshodnomalar kitoblarda matn orasida berilgan.
Maxdumi Aʼzam Dahbediy tomonidan shogirdi Mavlono Muhammad Lutfullohga berilgan irshod xatining bir qismi “Mavlono Lutfulloh manoqibi” kitobida [10: 45] berilgan. “Jannatmaob va kamolot iqtisob toshkandlik, parkatlik, piskatlik, axsikatlik va boshqa yerlik birodarlar! Oʻz qadrlari va tavfiqlari bilan bilib qoʻysinlarkim, shu paytlarda janobi diniy birodar va yaqin doʻst, shariat va tariqat yoʻlidagi solik, haqiqat oshiyonining balandparvoz lochini Mavlono Lutfulloh hisoblanadi. Chunki u peshqadam yoronlardandir. Yoronlardan tobe boʻlish soʻraladi, ul zot oldida odob saqlansin! Chunonki debdurlar: “Adab peshi yori peshqadam az jumlai lavozim ast”, yaʼni peshqadam yorlarning qoshida odob saqlash lozim narsalar jumlasidandir. Bas, barcha yoronlar, birodarlarga vojibdurkim, u kishi oldida, adabni oʻrniga qoʻysinlar, yaxshi suhbatlar oʻtkazsinlarki, tariqatda boʻlmagan odam eshitsa taʼsirlansin va tariqatga kirsin! Barcha ins va jin shaytonlari ustidan, Alloh ulardan asrasin, gʻalaba qilsinlar, xuddi avliyolarning azimi (Muhammad) sollallohu alayhi vasallam ittifoq qilib, kofirlar ustidan gʻalaba qozongandek”, degan jumlalar bitilgan va oxirida “Al-faqir al-xaqir Ahmad Kosoniy” deb yozilgan.
Mavlono Lutfullohga tegishli bu irshod 1542-yili [10:11] Ahmad Kosoniy –Maxdumi Aʼzam Dahbediy tomonidan berilgan. Ahmad Kosoniy irshod xatining boshida “toshkandlik, parkatlik, piskatlik, axsikatlik va boshqa yerlik”, deb oʻz shogirdining irshodga yetgani, pirlik qilishga ijozat berganini tushuntirgan. Shogirdini shariat va tariqatning balandparvoz lochini, deb eʼtirof etgan. Odobni mahkam ushlab, suhbat tashkil etish uqtirilgan. Bunda, oʻz navbatida, tariqat ixlosmandlari va tariqatga kiruvchilar soni ortishini taʼkidlagan. Bu nodir manba Zarafshon vohasining Dahbed mavzesida yozilgani va oʻrganilayotgan davr boʻyicha qoʻlga kiritilgan ilk irshod xati ekani ahamiyatlidir.
Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondida Mullo Qozi [11] va Mulla Muhyiddin xoja [12] ga tegishli irshodnoma saqlanayotgani aniqlandi. Irshodnoma 1275/1859-yili ramazon oyida yozilgan. Hujjatning ikki yon hoshiyasida “Xoja Abdulkarim Ahmadi”, deb yozilgan muhr (ikki marta) urilgan. Fors tilidagi matn 23 qator va oʻlchami 45X24,5 sm.dan iborat. Irshodnomada Basmala bilan oriflar qalbini munavvar etgan Allohga hamdu sano va Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durud va salаvotlar keltirilgan. Unda Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Abu Bakr Siddiqqa, undan Salmon Forsiyga, undan Qosim ibn Muhammadga, undan Jaʼfar Sodiqqa, undan Boyazid Bastomiyga, undan Abulhasan Xaraqoniyga, undan Abu Ali Farmadiyga, undan Xoja Yusuf Hamadoniyga, undan Abduxoliq Gʻijduvoniyga, undan Xoja Orif Revgariyga, undan Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy va Xoja Ali Romitaniyga, undan Bobo Sammosiy va Amir Kulolga, undan Xoja Buzurg Shoh Naqshbandga, undan Mavlono Yaʼqub Charxiyga, undan Xoja Ubaydulloh Ahrorga, undan Mavlono Zohidga, undan Mavlono Darveshga, undan Mavlono Xoja Imkanagiyga (undan Xoja Boqibillohga), undan Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniyga, undan Xoja Muhammad Saʼid va Shayx Abduahadga, undan Mirzo Jon Jononga, undan Gʻulom Ali Shohga, undan Shoh Ahmad Saʼidga, undan tariqat masnadiga Mulla Qozi musharraf boʻldi. Naqshbandiylikda shariat va tariqatga qatʼiy amal qilgan holda istiqomat qilish taʼkidlangan.
Mulla Muhyiddin xojaga tegishli irshod xati ham naqshbandiyaga oid manba boʻlib, yuqorida berilgan irshod matniga yaqin. Abu Yazid (Boyazid), Xoja Muhammad (Bobo Sammosiy), Bahoul haq vad din (Bahouddin), Ahmad Foruqiy Sirhindiy (Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniy) ismlari shu shaklda berilgan. Shayx Abduahaddan Mavlono Obidga, undan Xoja Muhammad Musoxonga, undan Siddiqqa, undan Husaynga, undan Abdusattor Maxdumga, matnning ushbu joyiga kelgach, ism oʻrniga muhr urilgan, muhrda: “Mulla Muhammad Solih xalifa ibn Muhammad Rasul Sufi”, deb yozilgan. Undan Mulla Muhyiddin xojaga tariqat ijozati yetib kelgan. Fors tilida 1302/1884-yili yozilgan hujjat matni 21 qator va oʻlchami 60X43 sm.dan iborat.
Shajara.com saytidan olingan irshodnoma fors tilida bitilgan. Basmala bilan boshlangan matn 18 qatordan iborat. Xoja Muhammad Musoxon xojadan shogirdi Muhammad Aminga, u Abdurasul xojaga, u Mavlono Sayid Abduxoliq xojaga, u (oʻgʻli va shogirdi) Hasan xojaga yozgan irshod xatida toʻrt tariqat (naqshbandiya, qodiriya, suhravardiya, chishtiya)ga ijozat berilgani bayon qilingan. Hujjat oxirida 1285/1868-yil sanasi qayd etilgan va uchta muhr urilgan (yozuvini oʻqish imkoni boʻlmadi). Irshodnoma [elektron nusxasi] matni fors tilida 21 qator boʻlib, uning oʻng hoshiyasida (chap tomoniga nisbatan) kengroq joy qoldirilgan va bir xil tartibda yozilgan. Hujjatda ikkita muhr bosilgan.
Umar xoja Dahbediy shogirdlariga berilgan irshod xatida [7:65] gi matn asosida Ahmad Xojagi Kosoniy, uning shogirdi Xoja Muhammad Amin, uning shogirdi Xoja Muhammad Yusuf, uning shogirdi Xoja Hidoyatulloh, uning shogirdi Bobo Hokiy, uning shogirdi Odinaboy Sidqiy, uning shogirdi Xoja Podshoh, uning shogirdi Sayid Umarxon xoji, uning shogirdi Sayid Ahmadxon xoji, uning shogirdi Mulla Abdulkarim, uning shogirdi Kattaxon xoja Dahbediyga naqshbandiya tariqatiga ijozat yetib kelgan. Bu irshod xatida Maxdum Aʼzam Dahbediyning ham shogirdlari, ham avlodlari nomi ketma-ketligini koʻrish mumkin. Albatta, XX asr 60-yillariga qadar yetib kelgan mazkur silsila tarmogʻi Movarounnahr va Xurosonda yoyilgan.
Muhammad Husayn shogirdi Sufi Badalga, u (oʻgʻli va shogirdi) Abu Saʼid Sufiga, u Mulla Hasanboy domlaga tariqat yuritishga ijozat bergani maʼlum qilingan. Abu Saʼid otasi va ustozi Muhammad Badal Sufidan tariqat ijozatini olgani ahamiyatlidir. XIX asr oʻrtalari va XX asr boshlariga kelib, tariqat silsilasi otadan oʻgʻilga oʻtganini kuzatish mumkin. Irshodnomalar qiyosiy tahlil qilinganda, XIX asr oxiri va XX asr boshlariga tegishli hujjat matnlarining bir-biriga oʻxshashligi, qori Ubaydulloh va uning shogirdlariga mansub ijozatnomalar matni shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
Ichanqalʼa muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondidagi irshod xati Hoji Habibulloh Buxoriy orqali Shayx Xudoyquliga, undan Shayx Mulla Iyd Muhammadga, undan Shayx Mulla Idris Muhammadga, undan Oxunda Muhammad Niyozquliga, undan Jonmuhammad Sayidga, undan Muhammad Matlab Sayidga yetgan [3], oʻlchami 31X53 sm.
Domla Kamoliddin ibn Olimboy shogirdi Mullo Joʻra ibn Muhammadyorga bergan irshodnomasi 1371/1951-yilda yozilgan. Asosiy matn 25 qator va oʻng hoshiyada ham 2 qator (jami 27 qator) yozilgan.
(“Bismillah…”, Allohga hamd va Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotdan keyin), “Ammo baʼd”dan soʻng: “Bilgil, ey tolibi sodiqkim, onchi eng avvalo, bu zikr asrorlari Hazrati Paygʻambar alayhissalotu vasallamning koʻngul zaminlariga yetkazildi; ushbu barakali fayz suvining tomchisi On Hazratdan Hazrati Siddiqi Akbar roziyallohu taolo anhuning fayzli musaffo koʻngil zaminiga yetkazildi. Ushbu fayz tomchi undan Hazrat Salmon Forsiyga, undan Hazrat Imom Muhammad Qosimga yetkazildi. Undan Hazrat Imom Jaʼfari Sodiqqa, undan Hazrat Sulton Boyazid Bastomiyga, undan Hazrati Shayx Abul Hasan Xaraqoniyga, undan Hazrati Shayx Abu Ali Farmadiyga yetkazildi. Undan Hazrati Xoja Yusuf Hamadoniyga, undan Hazrati Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniyga, undan Hazrati Xoja Orif Revgariyga, undan Hazrati Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviyga, undan Hazrati Xoja Ali Romitaniyga, undan Hazrati Xoja Muhammad Bobo Sammosiyga, undan Hazrati Sayid Amir Kulolga, undan Hazrati Xojai Buzurg Naqshbandiyga, undan Hazrati Mavlono Yaʼqubi Charxiyga, undan Hazrati Xoja Ahrori Valiga, undan Hazrati Mavlono Muhammad Zohidga, undan Hazrati Mavlono Muhammad Darvishga, undan Hazrati Mavlono Xojagiy Imkanagiyga, undan Hazrati Xoja Muhammad Boqibillohga, undan Hazrati Imom Rabboniyga, undan Hazrati Xoja Muhammad Saidga, undan Hazrati Xoja Abdulahadga, undan Hazrati Mavlono Obidga, undan Hazrati Musoxon xoja Dahbediyga, undan Hazrati Xalifa Muhammad Siddiq koʻngliga tomizilib, undan bu maʼrifat dengizi va haqiqat daryosidan bu fayzli tomchi haqiqat malagining qutbi va tariqat doirasining markazi va musulmonlar peshvosi va soliklar yoʻlining yaqini, yaʼni katta bobom Hazrati xalifa Husaynga yetkazildi. Va ul zotdan murshidi komil va ofoqlar peshvosi, maʼrifat orifi, yaʼni oʻz oʻgʻillari – Hazrati xalifa Abdusattor koʻnglining munavvar zaminiga yetkaziladi. Va ushbu munavvar tomchi ul zotdan oʻz oʻgʻillari Hazrati xalifa Eshmuhammadning koʻngil zaminiga tomizildi. Va ul zotdan oʻz oʻgʻillari Qori Ubaydullohning koʻngil zaminiga yetkazildi. Va ul zotdan ushbu faqirul-haqir hamda Allohning afv etishidan umidvor kamina Mulla Kamoliddin ibn Olimboyning koʻngil zaminiga tomchiladi hamda ahli tariqatga xizmatkorlik va xodimlik darajasiga sarafrozlikka bagʻishladilar. Biz ham (oʻz navbatida) ushbu munavvar tomchini fazilat maob va kamolot iqtisob Mullo Joʻra bin Muhammadyorga tariqat zikrining taʼlimiga ijozat berdik va shu shart bilankim, toliblarga tariqat taʼlimini oʻrgatsinlar hamda Nabaviy shariati (sunnati)da istiqomat etib, muqtado-peshvo pirlarga payrovlik etsinlar.” Hujjat “Mulla Kamoliddin ibn Olimboy. 1326 (1907) yil” deb yozilgan, tuxumsimon shakldagi muhr bilan tasdiqlangan. Hajmi 1,5 x 2 sm.
Domla Kamoliddin shogirdi Abdurahmon Maxdum ibn Abdulaziz xoja (bergan irshod xati matni 39 qatordan iborat) va Sherxon ibn Ubaydullohga (irshod matni 29 qatordan iborat) berilgan irshod xati Qori Ubaydulloh tomonidan Domla Kamoliddinga berilgan irshodnoma matni bilan bir xil. Ikki hujjatning pastki qismida Domla Kamoliddin muhri har biriga besh martadan urilgan.
Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi Nusratulloh hoji bobo xonadonida saqlanayotgan “Irshodnoma”, xonadon egasining aytishicha, u bobokaloniga tegishli “Diplom”, deb ota-bobolaridan meros tarzida Qurʼoni karimning orasida saqlab kelinar ekan. Irshodnoma sariq shiqildoq qogʻozga yozilgan boʻlib, arab va fors tillarida nastaʼliq xatida bitilgan. Oʻlchami 52X31,5 sm boʻlib, undagi matn 27 qatorni tashkil qiladi. Murshidlar nomi yozilgan matn usti qizil chiziq bilan belgilangan. Irshodnoma naqshbandiya tariqatining Musoxon xoja Dahbediy tarmogʻiga oid boʻlib, basmala bilan boshlangan. Allohga hamdu sano va Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salovotlar aytilgan. Keyin tariqat nuri Paygʻambar alayhissalom va Abu Bakr Siddiqdan to Musoxon xoja Dahbediy, Mavlono Ibrohim Samarqandiy, xalifa Abduroziqning ustozi (va otasi) va oʻzigacha oʻtib kelgan maʼnaviy ruxsat keltirilgan.
Abduroziq xalifaga ustozi (va otasi)dan naqshbandiya tariqatini yuritishda ijozat berilgan. Shariatga amal qilgan holda tariqat murshidlari yoʻlini uzviy davom ettirishi va tariqat vazifalarini bekam-koʻst ado etishi lozimligi taʼkidlanib, hujjat oxirida “Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U rahmlilardan koʻra rahmlidir”, degan duo keltirilgan. Hujjat oxirida “Muhyiddin xoja ibn shayxush shuyux Abduvaliy xoja” deb yozilgan oval shakl (2X2 sm oʻlcham)dagi muhr urilgan.
Irshodnoma XIX asr oxiri va XX asr boshiga tegishli. Hujjatda sana berilmagan. Hujjat xalifa Abduroziqning naqshbandiya tariqati ijozatnomasi boʻlib, unga bosilgan muhr urgutlik naqshbandiya tariqati murshidi Muhyiddin xojaga tegishli ekani maʼlum boʻldi. Bundan hujjat murshid vafotidan keyin yozilgani ayon boʻladi. Shu asnoda keyingi davrlarda hujjatlarning soxtalashtirilmasligi uchun boʻlsa kerak irshodnomalar murshid tomonidan tasdiqlab berilgan. Yoki murshid shogirdiga tariqat ijozatini bergach, murshid vafotidan keyin irshodnoma matni yozilib, uni hudud qozilari yoki muftiylari tasdiqlagan. Ushbu irshodnomani tasdiqlash zarurati zamon talabi boʻlganidan dalolat beradi. Bu yerda naqshbandiya tariqatida faoliyat olib borayotgan boshqa murshid muhri bosilgan. Bunda hujjatning asl ekanini isbotlash maqsad qilingan koʻrinadi.
Muhyiddin shayx urgutlik Eshon Abduvalixonning oʻgʻli boʻlib, Eshon Abduvalixon Mavlono Ibrohim xoja Samarqandiyning shogirdi boʻlgan. Demak, muhr egasi ham Abduroziq kabi naqshbandiya taʼlimotini otasidan olgan va aynan bir ustoz bilan Mavlono Ibrohim xoja Samarqandiy silsilasiga ulangan.
Silsila tartibi yanglish keltirilgan irshodnoma [Shajara.com sayti] matniga qaraydigan boʻlsak, 25 qatordan iborat matn arab, fors va turkiy tilda yozilgan. Abu Bakr Siddiqdan Xoja Ahror Valiga qadar yetib kelgan ruxsat, undan Maxdum Aʼzam Xojagiy Kosoniyga tariqat ruxsati yetadi. U Xoja Kalon Muhammad Islom Juyboriyga, u Xoja Kalon Maxdum Aʼzam Dahbediyga, u Xoja Hoshimga, u Xoja Moʻminga, u Xoja Avliyoga, u xalifa Ismoilga, u Mavlono Muhammadi (Imlo) Buxoriyga, u Eshon Nazr xojaga, u Ashur Shibirgʻoniyga, u xalifa Haqberdiga, u Muhammad Sobir xojaga, u Eshon Rahmat xojaga, u Eshon Yaʼqub xojaga, u Eshon Ayub xojaga, u Hoji Noʻmon xojaga, u Toʻraqul xalifaga maʼnaviy ruxsat yetib kelgan. Amr qilindiki, har tobiki haqiqat va tariqat yoʻliga doxil boʻladi. Oʻtganlar haqqiga duoyi fotiha oʻqib, yoʻqlasin va suhbatni tark etmasin, deb hujjat oxirida “Noʻmon xoja”ga tegishli muhr ikki marta urilgan. Mazkur irshodnomada Xoja Ahror Valiy Muhammad Qoziga ruxsat bergan. Muhammad Qozi esa Maxdum Aʼzam Kosoniyga tariqat ijozatini bergan. Xattot aybi bilan boʻlsa kerak, silsiladan “Muhammad Qozi” ismi tushib qolgan. Silsilada Imlo Buxoriy ustozi Podshoh Salim Balxiy, uning ustozi Xoja Avliyo, uning ustozi Xoja Majnun, Muhammad Moʻmin, Xoja Hoshim, Muhammad Amin, Xoja (Nosiriddin) Kalon, uning ustozi Muhammad Islom Juyboriy va uning ustozi Maxdumi Aʼzam Dahbediy ekani maʼlum boʻlgandi. Shunga koʻra, Imlo Buxoriy Xoja Avliyoning ikki shogirdidan ijozat olgani maʼlum boʻldi. Yana Xoja Avliyoning ustozi Xoja Majnun deb berilgan, yuqorida kelgan irshodnomada bu ism tushib qolgan.
Ushbu irshodnoma boshqa hujjatlarda uchramaydigan holat, yaʼni naqshbandiya-kosoniya tariqatiga oid hujjat uch tilda yozilgani bilan ahamiyatlidir.
Hujjatlar matni Domlo Kamolga piru murshidi Qori Ubaydullohdan berilgan irshodnomadan olingan. Toʻrt hujjat matni, yozilish xarakteri bir xil, Qori Ubaydullohdan keyingi farzandi va shogirdlari irshodnoma yozishda uning ilk irshodnomasini etalon sifatida qabul qilgan. Qori Ubaydullohdan keyingi barcha shogirdlar irshodnoma yozishda uning birlamchi irshodnomasidan foydalangan. Unga tegishli irshodnoma matni chiroyli, murakkab soʻzlar bilan boyitib yozilgani va uslubi mukammalligi sababli uni shogirdlari qonuniy yozish tartibi sifatida qabul qilgan.
Irshodnomalar bevosita murshidning shogirdiga bergan tariqat ijozatining yozma tasdigʻidir. Hujjatda kelgan baʼzi (masalan: silsila ketma-ketligida uzilish, murshidlar oʻrni almashib qolishi, tushib qoldirilishi yoki yanglish keltirilishi kabi) kamchiliklar, biror bir xattot tomonidan yozil (koʻchiril)ganini anglatadi. Murshid vafotidan keyin yozilgan irshodnomalar ham uchragani, tariqatda ruxsat, avvalo, ogʻzaki, keyinchalik yozma tasdiq boʻlganini bildiradi.
Tasavvufda keyingi davrlarda yozma irshod xatlarning koʻpayishi – soxta tariqat faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik, ustoz-shogird, yaʼni pir-muridlik anʼanalarini davom ettirish, imkon qadar mumtoz tariqat asoschi (yetakchi)larining ilmiy-nazariy va amaliy qarashlarini saqlab qolishda muhim oʻrin tutgan.
Naqshbandiyaga oid irshodnomalar ishqiya, kubroviya, mavlaviya, suhravardiya, yassaviya, qodiriya va chishtiya kabi tariqatlarga nisbatan koʻp ekani uning taʼsir doirasi kengligini bildiradi. Shuningdek, ushbu tariqatda yozma merosga yuqori darajada eʼtibor berilganidan dalolat beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Abdulahatov N., Toʻxtaboyev I. Toshloq tarixidan lavhalar. – T.: Yangi asr avlodi, 2011. – B.220-226.
- Aminov B., Mahmudov F. XIX asr kubraviya-naqshbandiya tariqatiga oid “al-ijoza” – ijozatnoma // Oʻtmishga nazar. 3 jild, 9-son. – Toshkent, 2020. – B.4-10.
- Bayon nisbat tariq Hazrat Xojagon Naqshbandiya. Qoʻlyozma. Xorazm Ichanqalʼa muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv №2130. – 1 varaq.
- Девин Ди Уис. Машаʼихи турк и Хваджаган: переосмысление связей между сўфийскими традициями Ясавия и Накшбандия // Суфизм в Центральной Азии (зарубежные исследования). – СПб: Филологический факультет СПбГУ, 2001.
- Joʻraboyev O. Haziniy toʻra (hayoti va ijodi). – T.: Fan, 2007. – B. 121-122.
- Kattayev K. Domla Kamolning aʼliya tariqatida tutgan oʻrni hamda yurtimizning oxirgi mashhur murshidlari. – Toshkent: “Qamar-media” nashriyoti, 2020. – B.204.
- Kattayev K. Dahbed va Maxdumi Aʼzam. – Samarqand: Soʻgʻdiyona, 1993.
- Кюгельген А. Расцвет Накшбандия-Мужаддидия // Суфизм в Центральной Азии. – СПб, 2001. – С.275-330.
- Кныш А.Д. Мусульманский мистицизм: краткая история. – СПб: ДИЛЯ, 2004. – С.464.
- Muhammad Muftiy Ohangaroniy. Mavlono Lutfulloh manoqibi // Fors tilidan Abdullohxoʻja Maʼrufxoʻja oʻgʻli va Shuhrat Sirojiddinov. – Toshkent: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi, 2002. – B.45.
- Silsilai Naqshbandiya. Qoʻlyozma. 1275/1859. Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv № 11475/ 1-varaq.
- Silsilai naqshbandiya. Qoʻlyozma. 1302/1884. Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv № 13101/II. 1-varaq.
- Tosun N. Türkitan dervişlerinden yadigar. Orta Asya Türkçesiyle Yazılmış Tasavvufi Eserlar. – Istanbul: İnsan yayınları, 2011. – S.198.