Home / YANGILIKLAR / «Sinergetika-3: maʼnaviy meros» nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi

«Sinergetika-3: maʼnaviy meros» nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari hammuallifligida nashr etilgan «Sinergetika-3: maʼnaviy meros» nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi.

Bu kitob markaz direktori bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev ilmiy rahbarligida tayyorlangan uchinchi kitob boʻlib, kitob mualliflari asosan olimning shogirdlaridir.

Birinchi kitob «Sinergetika: mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon boʻlishi» deb atalib, 2017-yili nashrdan chiqqan. Ikkinchi kitob «Sinergetika-2: nazariya va amaliyot» deb nomlanib, 2022-yili nashr etilgan. Kelajakda «Sinergetika: sunʼiy aql» nomli kitobni nashr qilish rejalashtirilmoqda.

Taqdimot tadbirida Markaz ilmiy xodimlari, mamlakatimizdagi bir qator oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilaridan iborat faylasuf olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda maʼruzachilar «Sinergetika» turkumidagi nashrlarning uzviy davomi sifatida chop etilgan ushbu kitobda zamonaviy ilmiy metodologiya boʻlgan sinergetikaning asosiy tamoyillari, milliy maʼnaviy merosni oʻrganishdagi ustuvor jihatlari va istiqbollari kabi masalalarga alohida toʻxtaldi. Shuningdek, sinergetikaga xos keng – nochiziqli tafakkur sohiblari boʻlgan ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini obyektiv tarzda ochib berishda sinergetik metodologiyaning imkoniyatlari alohida eʼtirof etildi.

Kitobda maʼnaviy merosni sinergetik metodologiya sifatida oʻrganish tadqiqotchilarga uning yangi qirralarini ochish imkoniyatini berishi bayon qilingan. Maʼnaviy merosning mohiyati va uni tadqiq etishdagi ilmiy yondashuvlar, moddiy va maʼnaviy merosning oʻzaro aloqadorligi, tuzilmaviy farqlari, sinergetik tamoyillar, zamonaviy texnologiyada maʼnaviy omillar kabi muhim masalalar kitob sahifalaridan oʻrin olgan.

Mazkur jamoaviy monografiya sinergetik metodologiya imkoniyatlari va maʼnaviy meros fenomeni xususiyatlari bilan tanishish istagida boʻlgan tadqiqotchilar, doktorantlar, izlanuvchilar, talabalar va zamonaviy falsafa fani muammolariga qiziquvchi kitobxonlar uchun moʻljallangan.

Tadbirda inson qadrini yanada yuksaltirishga, uning axloqiy qadriyatlarini tobora sogʻlomlashtirishga, dunyoda tenglik va adolatni, insof va diyonatni tiklashga qodir milliy maʼnaviy qadriyatlarning bunyodkorlik salohiyatini teranroq anglashda sinergetika qonuniyatlari muhim metodologik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Mazkur kitob sinergetika metodologiyasining umumfalsafiy mazmunini asoslashga hamda uning maʼnaviy merosni tadqiq etishdagi amaliy mohiyatini ochib berishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Н.Усмонова
OʻzA

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …