Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlikning huquqiy asosi istiqboldagi imkoniyatlar koʻlamini kengaytiradi

Hamkorlikning huquqiy asosi istiqboldagi imkoniyatlar koʻlamini kengaytiradi

Bugun, 15-mart kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Turkiya Qoʻlyozma asarlar Bosh boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolandi.

Istanbulda joylashgan Boshqarma yozma va bosma asarlarni toʻplash, saqlash, ularni ilmiy hamda madaniy sohalarga tatbiq etish bilan shugʻullanadigan davlat muassasasi boʻlib, qoʻlyozmalarga ixtisoslashgan kutubxona sifatida faoliyat yuritadi. Anqara, Istanbul va Konya shaharlarida mintaqaviy boʻlinmalariga ega mazkur muassasada kutubxona ishidan tashqari qoʻlyozmalarni tiklash va restavratsiya qilish amaliyoti ham olib boriladi.

 

Oʻzaro hamkorlik taklifi Markaz rahbarining 2021-yil noyabr oyida Boshqarma huzuridagi Sulaymoniya kutubxonasiga qilgan tashrifi (tashrifi soʻzi koʻk havolaga “DUNYODAGI ENG YIRIK QOʻLYOZMA KUTUBXONALARIDAN BIRIGA TASHRIF”, 5-noyabr, 21-yil) chogʻida bildirilgan boʻlib, erishilgan kelishuvlar natijasida Markaz xodimlari 2022-yildan buyon Boshqarmada qoʻlyozma va toshbosmalarni saqlash hamda restavratsiya qilish boʻyicha tashkil etilayotgan malaka oshirish oʻquv kurslarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

Onlayn tarzda oʻtkazilgan marosimda tomonlar imzolangan memorandum qoʻshma loyihalarning amaliy samarasini oshirishga, hamkorlikni yangi sifat bosqichiga koʻtarishga hamda istiqboldagi imkoniyatlar koʻlamini yanada kengaytirishga huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Hujjat qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, konferensiya, seminar, simpoziumlar, davra suhbatlari, mahorat darslarini tashkil etish, xodimlarning oʻzaro tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, kataloglashtirish hamda noshirlik sohasi va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda izchil hamkorlikni nazarda tutadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …