Home / HADIS / SAXOVAT – OLIY FAZILAT (bir hadis sharhi)

SAXOVAT – OLIY FAZILAT (bir hadis sharhi)

عن بن عباس قال: “كانَ رَسولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ أجْوَدَ النَّاسِ، وكانَ أجوَدُ ما يَكونُ في رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ، وكانَ جِبْرِيلُ يَلْقَاهُ في كُلِّ لَيْلَةٍ مِن رَمَضَانَ، فيُدَارِسُهُ القُرْآنَ، فَلَرَسولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ أجْوَدُ بالخَيْرِ مِنَ الرِّيحِ الْمُرسَلَةِ”.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng joʻmardi (saxiysi) edilar. Saxovatlari ayniqsa Ramazonda – Jabroil alayhissalom U zot bilan uchrashganda avjlanardi. Ular Ramazonning har tunida uchrashib, Qurʼonni dars qilishardi. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda mayin shamoldan ham saxiy boʻlib ketardilar”.

* * *

U zotga yer yuzining xazinalari, mamlakatlarning kalitlari topshirilgan, oʻljalar halol qilingan edi. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Hijoz, Yaman, Shom va Iroqning bir qismi, Arabiston yarimoroli fath etilib, juda koʻp gʻanimat, xiroj, zakot mollari keltirilgan, yaqin-yiroqdagi podshohlar had-hisobsiz sovgʻasalomlar yuborgan edi. Lekin u zot bularni shaxsiy mulk sifatida oʻzlashtirmadilar. Birortasini oʻz ehtiyojlari uchun ishlatmadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uhud togʻidek tillam boʻlsa, undan Alloh yoʻlida sarflash uchun moʻljallanganidan tashqari bir dinorni ham olib qolish meni xushnud qilmaydi”, deganlar.

Ha, U zot shunday ulugʻ xayr-saxovat egasi boʻlganlar. “Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor boʻlganlar uchun va Allohni koʻp zikr qilganlar uchun Rasulullohda goʻzal oʻrnak bor edi” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Saxovat kishi obroʻ-eʼtiborining pokiza saqlanishiga, el orasida yaxshi nom chiqarishiga sabab boʻladi. Begona dillarni birlashtiradi, birodarlik rishtalarini mustahkamlaydi. Shuningdek, aybu nuqsonlarning yopilib ketishida katta ahamiyat kasb etadi.

Saxovat va oliyhimmatlik boshqa xil fazilatlar bilan ham chambarchas bogʻliq va tutashdir. Saxiy kishi koʻp holatlarda koʻngilchanlik va kechirimlilikni lozim tutadi. Muloyimlik va halimlik bilan ziynatlanadi. Xushmuomala boʻladi. Birovning haqqiga xiyonat qilmaydi, oʻzganing haqqini oʻz xohishi bilan chiroyli ado etadi. Darhaqiqat, saxiy kishini tavozeli holatda topasiz. Uning axloqlari orasiga kibr-havo degan narsa suqilib kirmaydi.

Mazkur hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning feʼllari bayon qilinyapti: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha insonlardan saxiyroq edilar. Bunga hech qanday shubha yoʻq. Lekin bu yerda eʼtibor beriladigan bir jihat mavjud, yaʼni “eng saxiy” degani boshqalardan koʻproq sarflaydiganni anglatmaydi. Inson saxovatining koʻp yoki ozligi qilayotgan ehsonining miqdori emas, nisbatiga qarab belgilanadi.

Masalan, moddiy tomonlama saxovat qiladigan kishiga toʻxtaladigan boʻlsak, bunda yaxshilik bergan puliga emas, balki mol-davlatining nisbatiga koʻra belgilanadi. Yaʼni, boy va kambagʻal bir ishga bir xil mablagʻ sarflasa, saxovatda ikkalasi teng boʻlib qolmaydi. Moliga nisbatan olganda, kambagʻal kishi saxovatliroq hisoblanadi. Xuddi shunday, badavlat kishilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan miqdor jihatdan ziyoda ehson qilgan boʻlishi mumkin. Lekin U zot sollallohu alayhi vasallam, qoʻllaridagi mol-davlatga nisbatan olganda, kishilarning eng saxovatlisi boʻlganlar.

Saxovat tushunchasi faqat molni nisor qilish bilan cheklanib qolmaydi, uning mazmun-mohiyati kengroq, shakllari ham koʻproqdir. Masalan, qarzni kechib yuborish, odamlarning hojatlarini ravo qilish, yaxshilikka chaqirish, xushmuomala boʻlish kabi ezgu ishlarning barchasi saxovat hisoblanadi.

Hadisda ishtiboh bilan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda mayin (qoʻyib yuborilgan) shamoldan ham saxiy

boʻlib ketar edilar”, yaʼni u zotning saxovatlari toʻlib toshardi, deyilayapti. Bu yerdagi “Qoʻyib yuborilgan shamol” iborasini quyidagicha tushunish kerak: agar shamol tezlik bilan esayotgan boʻlsa, oʻz ulushini hamma yoqqa tarqatadi, hamma burchakka kirib boradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundanda saxovatliroq boʻlar edilar. Ramazonda qoʻllarida turgan va kimgadir berish mumkin boʻlgan narsalarning hammasini

tarqatibyuborardilar.

Bu yerda eʼtibor qilinadigan yana bir jihat Jabroil alayhissalomning har yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Qurʼoni karimni dars qilishidir. Jumhur ulamolarning fikricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 23-yil davomida Ramazonda Jabroil alayhissalom kelgan chogʻlari oʻsha vaqtgacha nozil qilingan Qurʼonni oʻqib berardilar.

Shu tariqa barcha xayr-saxovatda Paygʻambarimizning sunnatlariga amal qilsa, jamiyat barqarorlikka erishadi.

“Sahihi Buxoriy” sharhi (1-jild) kitobi asosida tayyorlandi
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …