Home / HADIS / HAYO XUSUSIYATI (bir hadis sharhi)

HAYO XUSUSIYATI (bir hadis sharhi)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Imon oltmish necha boʻlakdir. Hayo imondan bir boʻlakdir”, dedilar”.

* * *

Bu hadisda hayo alohida zikr qilinmoqda. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nima uchun hayoning zikri alohida keltirildi, axir u ham oltmishtaning ichiga kirar ediku?

Buning bir qancha asoslari bor: Shulardan biri – Nabiy alayhissalom bu hadisni aytgan vaqtlarida vaziyat hayoni zikr qilishni taqozo etar edi. Ana shu eʼtibordan hayoni alohida qoʻshib qoʻydilar.

Ikkinchisi – imonning shoʻbasi koʻp. Ana shu shoʻbalardan biri boʻlmish hayo eng qamrovlisidir.

Taʼrifida: “Hayo nafsning qabih ishlardan siqilishidir”, deyilgan.

Agar insonning qalbida mana shu holat, yaʼni qabih ishlardan siqilish paydo boʻlsa, gunoh-maʼsiyatlardan, qaytarilgan ishlardan oʻz-oʻzidan tiyilib qoladi. Nafs uni gunoh qilishga qoʻymaydi. Bu bilan insonda asosiy narsa – gunohdan saqlanish malakasi hosil boʻladi, yaʼni hayo insonni gunohdan toʻsadi. Mabodo, kishida hayo boʻlmasa, barcha gunohlar unga oson boʻlib qoladi.

Demak, hayo oʻta ahamiyatli boʻlgani sababli Nabiy alayhissalom uni alohida zikr qildilar.

“Sahihi Buxoriy” sharhi (2-jild) kitobi asosida tayyorlandi
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …