Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari 6 mart kuni targʻibot tadbirini Xiva tumanida oʻtkazdi.
Unda tuman hokimi oʻrinbosarlari, ijtimoiy soha vakillari, davlat tashkilotlarining joylardagi boʻlimlari mutasaddilari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, maktabgacha taʼlim muassasalari mudirlari, umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Movarounnahr, xususan, koʻhna Xorazm zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon fani va madaniyati ravnaqiga qoʻshgan benazir hissasi, ular asarlarining milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirishdagi beqiyos ahamiyati haqida soʻz bordi.
Tuman hokimining oʻrinbosari Anvar Xudoyorov oʻz buyuk ajdodlarini eʼzozlagan, ularning ilmiy merosi, bunyodkorlik gʻoyalarini maʼnaviy taraqqiyot asosi deb bilgan xalq hech qachon kam boʻlmasligi, buning uchun har bir kasb va mansab egasi axloq va tarbiya masalasiga vazifasidan kelib chiqib, masʼuliyat bilan yondashishi lozimligini taʼkidladi.
Targʻibot guruhi aʼzolari “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruza qildi.
Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.